Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 20-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 7-oktabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2022-yil 7-oktabrda maʼqullangan
Oʻzbekiston Respublikasida aholining, ayniqsa nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga, ularning huquq va erkinliklarini taʼminlashga, ijtimoiy adolat tamoyillaridan kelib chiqib moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga, turmush darajasini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga “Inson qadri uchun” tamoyili asosida nogironligi boʻlgan shaxslarning farovonligini yanada oshirish hamda ijtimoiy himoya qilish dasturlarining samaradorligini qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolarning pensiya taʼminoti sohasidagi qonunchilikni amaliyotda qoʻllashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olishga va korrupsiyani yuzaga keltiruvchi holatlarga barham berishga, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi boʻlgan shaxslarning daromadlarini oshirishga, ularning mehnatini munosib baholashga, shuningdek pensiya miqdorini koʻpaytirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi 938-XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 338-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 4-5, 126-modda; 1998-yil, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 5, 112-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2002-yil, № 4-5, 74-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda; 2007-yil, № 12, 590, 608-moddalar; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2010-yil, № 5, 178-modda, № 9, 334-modda, № 12, 472-modda; 2012-yil, № 1, 4-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 12, 341-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 12, 383, 384-moddalar; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 10, 676-modda, № 12, 783-modda; 2019-yil, № 5, 265-modda, № 8, 469-modda, № 9, 592-modda, № 11, 792-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 11, 652-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 973-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 5, 464-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 12-moddaning “l” bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“l) ixtisoslashgan tibbiy muassasalarning shifokorlari va oʻrta tibbiy xodimlari — maxsus ish staji shaharchalar, qishloqlar hamda ovullarda kamida 25 yil va shaharlarda kamida 30 yil boʻlgan taqdirda (3-sonli roʻyxat, VIII qism)”;
2) 19-moddaning yettinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Oʻgay ota va oʻgay onaning vafot etgan oʻgay oʻgʻilni (qizni) tarbiyalaganligi yoki boqqanligini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
3) 27-modda birinchi qismining “g” bandi “boquvchining” degan soʻzdan keyin “pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
4) 28-moddaning “k” bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“k) Oʻzbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari boʻlgan shaxslarga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizidan 150 foizigacha. Oʻzbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari boʻlgan shaxslarning pensiyasiga ustama toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
5) 30-moddaning:
ikkinchi qismidagi “hisoblanishi mumkin” degan soʻzlar “hisoblanadi” degan soʻz bilan almashtirilsin;
uchinchi qismidagi “hisoblanishi mumkin” degan soʻzlar “hisoblanadi” degan soʻz bilan almashtirilsin;
6) 37-modda:
quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qoʻshib hisoblanadi”;
beshinchi va oltinchi qismlari tegishincha oltinchi va yettinchi qismlar deb hisoblansin;
7) 41-moddaning oʻzbekcha matnidagi “ancha imtiyozli” degan soʻzlar “nisbatan imtiyozliroq” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
8) 49-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega boʻlsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. Bunda pensiyani qayta hisoblash fuqaro pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilgan sanadagi ushbu Qonunning 17-moddasida koʻrsatilgan yoshga nisbatan talab qilingan ish stajidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasining 6 va 8-bandlari 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-oktabr,
OʻRQ-795-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 03/22/795/0963-son)