Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Nodavlat sport-taʼlim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlash va ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni tayyorlashda davlat va nodavlat sport-taʼlim muassasalari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, xususiy taʼlim xizmatlari koʻrsatish sohasida zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-5280-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. 2022-yil 1-iyuldan boshlab jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatayotgan maktabdan tashqari nodavlat sport-taʼlim muassasasini (keyingi oʻrinlarda — nodavlat sport-taʼlim muassasasi) davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etilsin:
yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida gʻolib hamda sovrindor boʻlgan sportchilar tomonidan tashkil etilgan nodavlat sport-taʼlim muassasasi faoliyatini olib borish uchun davlat tasarrufida boʻlgan zarur bino va inshootlarni 2024-yil 1-yanvarga qadar ijara toʻlovlarisiz (kommunal toʻlovlar bundan mustasno) ularga taqdim etish;
2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar nodavlat sport-taʼlim muassasasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini koʻrsatish uchun foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarini 50 foizga kamaytirish.
2. Nodavlat sport-taʼlim muassasalari Soliq kodeksiga asosan ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar uchun belgilangan soliq imtiyozlaridan foydalanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi (M. Ismailov) hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) nodavlat sport-taʼlim muassasalari uchun Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari boʻyicha keng tushuntirish ishlarini hududlar kesimida amalga oshirsin.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
3. Sportni rivojlantirish vazirligi Davlat bojxona qoʻmitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda nodavlat sport-taʼlim muassasasini bojxona bojini toʻlashdan ozod qilishni (qisman ozod qilishni) nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 30-oktabrdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan Oʻzbekiston sportchilari va ularning trenerlarini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 878-son qaroriga muvofiq nufuzli xalqaro sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarni tayyorlagan davlat sport-taʼlim muassasalari trenerlariga toʻlanadigan bir martalik pul mukofotlari nodavlat sport-taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan trenerlar uchun ham tatbiq etiladi.
5. Sportni rivojlantirish vazirligi (A. Ikramov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (R. Irmatov) va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M. Tashxodjayev) bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasini inobatga olgan holda nodavlat sport-taʼlim muassasalarining iqtidorli sportchilarini aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya), shuningdek, ularni Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoalarining asosiy va zaxira tarkiblariga taklif etishning tartibini tasdiqlasin va amaliyotga joriy qilsin.
6. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilish maqsadida:
Sportni rivojlantirish vazirligi (A. Ikramov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (R. Irmatov) va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M. Tashxodjayev) bilan birgalikda bir oy muddatda yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida gʻolib hamda sovrindor boʻlgan sportchilar bilan uchrashib, nodavlat sport-taʼlim muassasasini tashkil qilish niyatini bildirgan sportchilarning aniq roʻyxatini shakllantirsin hamda ushbu roʻyxatni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yetkazsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov) bilan birgalikda bir oy muddatda davlat tasarrufidagi bino va inshootlarning manzilli roʻyxatini shakllantirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (R. Irmatov), Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M. Tashxodjayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda shakllantirilgan roʻyxatga binoan davlat tasarrufidagi bino va inshootlarning nodavlat sport-taʼlim muassasasini tashkil qilish niyatini bildirgan sportchilarga ijara shartnomasi asosida belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Kuchimov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida maxsus koʻrsatuvlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Nodavlat sport-taʼlim muassasasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
9. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari R.S. Irmatov, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M.M. Tashxodjayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev zimmasiga yuklansin.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-iyul,
PQ-302-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2022-y., 07/22/302/0587-son; 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)