BITIM
Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilikni taʼsis etuvchi ShERIKChILIK VA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi (keyingi oʻrinlarda “Birlashgan Qirollik”), ikkinchi tomondan, keyingi oʻrinlarda “Tomon” yoki birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik oʻrtasidagi aloqalarni va ular uchun umumiy boʻlgan qadriyatlarni hisobga olgan holda,
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollikning ushbu aloqalarni mustahkamlash va oʻtmishda oʻrnatilgan munosabatlarni mustahkamlaydigan va kengaytiradigan sherikchilik va hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish istaklarini eʼtirof etgan holda,
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik sherikchilikning muhim asosini tashkil etuvchi siyosiy va iqtisodiy erkinliklarni mustahkamlashga sodiqligini eʼtiborga olib,
shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlash Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga hissa qoʻshishini anglab,
Tomonlarning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish va bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (EXHT) doirasida hamkorlik qilish tarafdori ekanligini eʼtiborga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollikning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha kengashning (EXHK) Yakuniy aktida, undan keyingi Madrid va Vena uchrashuvlarining yakuniy hujjatlarida, EXHKning Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Bonn konferensiyasi hujjatida, Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasida va EXHKning 1992-yildagi “Oʻzgarishlar davri muammolari” nomli Xelsinki hujjatida va EXHTning boshqa asosiy hujjatlarida bayon qilingan barcha tamoyillar va qoidalarni toʻliq amalga oshirishga qatʼiy sodiqliklarini hisobga olib,
qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, xususan, ozchilikni tashkil etuvchi millatga mansub shaxslar huquqlarini hurmat qilish, erkin va demokratik saylovlar va bozor iqtisodiyotini oʻrnatishga qaratilgan iqtisodiy liberallashtirishga asoslangan koʻppartiyaviy tizimni barpo etish birinchi darajali ahamiyatga ega ekanligiga qatʼiy ishonib,
mazkur Sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning toʻla-toʻkis bajarilishi Oʻzbekiston Respublikasidagi siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlarni davom ettirish va amalga oshirishga, shuningdek, hamkorlik uchun, ayniqsa EXHKning Bonn konferensiyasi xulosalari nuqtai nazaridan, zarur boʻlgan omillarni qoʻllashga bogʻliq ekanligi va bunga hissa qoʻshishiga ishonib,
mintaqaning faravonligi va barqarorligini taʼminlash maqsadida qoʻshni davlatlar bilan mazkur Bitimda qamrab olingan sohalarda mintaqaviy hamkorlik jarayonini ragʻbatlantirish istagini bildirib,
oʻzaro manfaatli boʻlgan ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro muammolar boʻyicha muntazam siyosiy muloqotni oʻrnatish va rivojlantirishni istab,
Oʻzbekiston Respublikasiga, shu jumladan, energetika sohasiga investitsiyalarni jalb qilish zarurligini va shu nuqtai nazardan Birlashgan Qirollik tomonidan energetika mahsulotlarini eksport qilishda tranzit uchun teng sharoitlar yaratish muhim deb eʼtirof etilishini hisobga olib; Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik Yevropa Energetika xartiyasiga hamda Energetika xartiyasi Shartnomasi va Energetika samaradorligi va turdosh ekologik jihatlar masalalari boʻyicha Energetika Xartiyasiga doir Bayonnomaning toʻliq bajarilishiga sodiq ekanliklarini hisobga olib,
Birlashgan Qirollikning zarur hollarda iqtisodiy hamkorlikni amalga oshirish va texnik yordam koʻrsatish istagini inobatga olgan holda,
mazkur Bitimning Oʻzbekiston Respublikasini Yevropa bilan tobora yaqinlashtirish hamda uning Yevropa va qoʻshni mintaqalar bilan hamkorligini yanada kengaytirish va ochiq xalqaro tizim bilan izchil ravishda integratsiyalashuviga yordam berishini yodda tutib,
Tomonlar Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalariga muvofiq savdoni liberallashtirishga sodiq ekanliklarini hisobga olgan holda va Oʻzbekiston Respublikasining JSTga aʼzo boʻlishi ular oʻrtasidagi savdo munosabatlarini yanada faollashishiga imkon berishiga ishonch bildirib,
biznes va investitsiyalarga taʼsir koʻrsatadigan sharoitlarni hamda kompaniyalar tashkil etish, mehnat faoliyati, xizmat koʻrsatish va kapital harakati kabi sohalarda shart-sharoitlarni yaxshilash zarurligini anglab,
mazkur Bitim Tomonlar oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlar uchun va xususan, iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish va texnologik modernizatsiya qilishda oʻta muhim hisoblangan savdo va investitsiyalarni rivojlantirish uchun yangi muhit yaratishiga ishonch bildirib,
atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida Tomonlar oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik mavjudligini hisobga olgan holda mazkur sohada yaqin hamkorlikni oʻrnatish istagini bildirib,
noqonuniy immigratsiyaning oldini olish va uni nazorat qilish boʻyicha hamkorlik ushbu Bitimning asosiy maqsadlaridan biri ekanligini eʼtirof etgan holda,
madaniy hamkorlik oʻrnatish va axborot oqimini yaxshilash istagida,
1996-yil 21-iyunda Florensiyada imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan va Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga Aʼzo-davlatlar, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilik taʼsis etuvchi Sherikchilik va Hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim (“Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi Bitimi”) Birlashgan Qirollikka nisbatan uning Yevropa Ittifoqiga aʼzoligi tugatilgan vaqtda yoki Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi Bitimi doirasida huquq va majburiyatlar Birlashgan Qirollikka nisbatan amal qiladigan har qanday vaqtinchalik kelishuv muddati tugagandan keyin qoʻllanilmasligini eʼtirof etgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu bilan bir tomondan Oʻzbekiston Respublikasi va ikkinchi tomondan Birlashgan Qirollik oʻrtasida sherikchilik taʼsis etiladi. Mazkur sherikchilikning maqsadlari quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligi va suverenitetini qoʻllab-quvvatlash;
Oʻzbekiston Respublikasining demokratiyani mustahkamlash va iqtisodiyotni rivojlantirish hamda bozor iqtisodiyotiga oʻtishga erishish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash;
Tomonlar oʻrtasidagi siyosiy munosabatlarni rivojlantirishga imkon beradigan siyosiy muloqot uchun tegishli asosni taʼminlash;
Tomonlar oʻrtasida savdo va investitsiyalar hamda oʻzaro uygʻun iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va shu orqali ularning barqaror iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash;
qonunchilik, iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, fuqaroviy ilmiy, texnologik va madaniy hamkorlik uchun asoslarni taʼminlash;
Oʻzbekistonda qonun ustuvorligiga asoslangan fuqarolik jamiyati barpo etishga koʻmaklashish.
I Boʻlim
Umumiy prinsiplar
Umumiy prinsiplar
2-modda
Demokratiyani hurmat qilish, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida, Xelsinki Yakuniy aktida va Yangi Yevropa uchun Parij Xartiyasida belgilangan xalqaro huquq va inson huquqlari prinsiplari, shuningdek, bozor iqtisodiyoti prinsiplari, shu jumladan, EXHKning Bonn konferensiyasida imzolangan hujjatlarda bayon qilingan prinsiplar Tomonlarning ichki va tashqi siyosatining asosi hisoblanadi va sherikchilikning hamda mazkur Bitimning muhim elementini tashkil etadi.
3-modda
Tomonlar Xelsinki Yakuniy aktining prinsiplari va xalqaro huquqqa muvofiq hamda yaxshi munosabatlar ruhida oʻzaro hamkorlikni saqlash va rivojlantirish oʻzlarining kelgusidagi farovonligi va barqarorligi uchun zarur deb hisoblaydilar.
II Boʻlim
Siyosiy muloqot
Siyosiy muloqot
4-modda
Tomonlar oʻrtasida muntazam siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyiladi hamda Tomonlar uni rivojlantirib borish va jadallashtirishga intiladilar. U Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollikning yaqinlashuviga koʻmaklashadi va uni mustahkamlashga, Oʻzbekiston Respublikasida roʻy berayotgan siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi hamda hamkorlikning yangi shakllarini oʻrnatishga hissa qoʻshadi.
Siyosiy muloqot:
Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Qirollik va umuman butun demokratik davlatlar hamjamiyati bilan aloqalarini mustahkamlaydi. Ushbu Bitim orqali erishilgan iqtisodiy hamkorlik yanada faol siyosiy munosabatlar oʻrnatilishiga xizmat qiladi;
oʻzaro ahamiyatga molik xalqaro masalalar boʻyicha hamkorlikning faollashishiga, shu bilan birga mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikning oshishiga hissa qoʻshadi;
Tomonlar demokratiya prinsiplariga rioya qilish, inson huquqlarini, ayniqsa ozchilikni tashkil etadigan millatlarga mansub shaxslarning huquqlarini hurmat qilish, himoya qilish va ilgari surish bilan bogʻliq masalalarda hamkorlik qilishga intilishlarini va zarur boʻlganda tegishli masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazishlarini nazarda tutadi.
5-modda
Tomonlar mazkur Bitimning XI boʻlimiga muvofiq, ikki tomonlama hamkorlikning barcha jihatlari boʻyicha, shuningdek, oʻzaro qiziqish uygʻotadigan xalqaro va mintaqaviy masalalar boʻyicha tegishli darajada va tegishli forumda muntazam siyosiy muloqot oʻtkazadilar.
III Boʻlim
Tovarlar savdosi
Tovarlar savdosi
6-modda
1. Tomonlar bir-birlariga quyidagilarga nisbatan barcha sohalarda eng qulay rejimni taqdim etadilar:
import va eksportga nisbatan qoʻllaniladigan bojxona bojlari va yigʻimlari, shu jumladan, bunday boj va yigʻimlarni undirish usuli;
bojxona rasmiylashtiruvi, tranzit, tovar omborlari va yuklarni tushirib-ortish bilan bogʻliq qoidalar;
import qilinadigan tovarlarga bevosita yoki bilvosita qoʻllaniladigan soliq va har qanday turdagi boshqa ichki yigʻimlar;
toʻlovlarni amalga oshirish usullari va shunday toʻlovlarni oʻtkazish;
ichki bozorda tovarlarni sotish, sotib olish, tashish, tarqatish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq qoidalar.
1-band qoidalari quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
(a) bojxona ittifoqi yoki erkin savdo hududini tashkil etish maqsadida berilgan yoki shunday ittifoq yoxud hududni tashkil etish munosabati bilan berilgan afzalliklar;
(b) muayyan mamlakatlarga JST qoidalariga va boshqa xalqaro kelishuvlarga muvofiq rivojlanayotgan mamlakatlar foydasini koʻzlab beriladigan afzalliklar;
(c) chegara oldi savdosini yengillashtirish uchun qoʻshni mamlakatlarga beriladigan afzalliklar.
7-modda
1. Tomonlar erkin tranzit prinsipi mazkur Bitim maqsadlariga erishishning muhim sharti ekanligini tasdiqlaydilar.
Shu munosabat bilan, har bir Tomon boshqa Tomon hududida ishlab chiqarilgan yoki boshqa Tomon bojxona hududi uchun moʻljallangan tovarlarning oʻz hududi orqali cheklovsiz tranzitini taʼminlaydi.
2. GATTning V moddasi, 2, 3, 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan qoidalar ikki Tomon oʻrtasida qoʻllaniladi.
3. Ushbu moddada keltirilgan qoidalar Tomonlar oʻrtasida kelishib olingan muayyan sohalar, xususan, transport yoki mahsulotlarga taalluqli har qanday maxsus qoidalarga daxl qilmagan holda qoʻllaniladi.
8-modda
Ikkala Tomon uchun ham majburiy boʻlgan tovarlarni vaqtincha olib kirishga oid xalqaro konvensiyalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmagan holda, har bir Tomon vaqtincha olib kiriladigan tovarlarga oid ikki Tomon uchun majburiy boʻlgan xalqaro konvensiyalarda belgilangan holatlarda va shunday konvetsiyalarda belgilangan tartib-taomillarga, shuningdek, oʻz qonunchiligiga muvofiq, ikkinchi Tomonni vaqtincha olib kirilgan tovarlarga nisbatan undiriladigan import bojlari va yigʻimlaridan ozod qiladi. Bunday konvensiyadan kelib chiqadigan majburiyatlarni tegishli Tomon qanday shartlarda qabul qilganligi hisobga olinadi.
9-modda
1. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlar Birlashgan Qirollikka mazkur Bitimning 11 va 14-moddalari qoidalariga daxl qilmagan holda miqdoriy cheklovlarsiz va ekvivalent taʼsir choralarisiz import qilinadi.
2. Birlashgan Qirollikda ishlab chiqarilgan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasiga mazkur Bitimning 11 va 14-moddalari qoidalariga daxl qilmagan holda barcha miqdoriy cheklovlarsiz va ekvivalent taʼsir choralarisiz import qilinadi.
10-modda
Tomonlar oʻrtasida tovarlar oldi-sotdisi bozor narxlarida amalga oshiriladi.
11-modda
1. Tomonlardan birining hududiga biror mahsulot shu kabi mahsulotni yoki toʻgʻridan toʻgʻri raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazishi yoki zarar yetkazish xavfini tugʻdirishi mumkin boʻlgan miqdorda va sharoitda olib kirilayotgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Birlashgan Qirollik, kimning manfaatlariga daxl qilinayotganligidan kelib chiqib, quyidagi protseduralar va shartlarga muvofiq tegishli choralarni koʻrishi mumkin.
2. Har qanday choralarni koʻrishdan oldin yoki 4-bandda qoʻllaniladigan holatlarda, vaziyatga qarab, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Birlashgan Qirollik, Sherikchilik va hamkorlik muloqotiga imkon qadar qisqa vaqt ichida, XI boʻlimda keltirilganidek, har ikki Tomon uchun ham maqbul boʻlgan yechimni izlab topish maqsadida barcha zarur maʼlumotlarni taqdim etadi.
3. Agar maslahatlashuvlar natijasida, Sherikchilik va hamkorlik muloqotiga murojaat qilingandan soʻng 30 kun ichida Tomonlar vaziyatni bartaraf etish uchun tegishli harakatlarni olib borish boʻyicha kelishuvga erisha olmasalar, maslahatlashuvlarni soʻragan Tomon ziyonning oldini olish yoki uni qoplash uchun zarur boʻlgan miqdorda va muddat davomida mahsulotlar importini erkin cheklashi yoxud boshqa tegishli choralarni koʻrishi mumkin.
4. Kechikish zararni bartaraf etishning qiyinlashishiga sabab boʻladigan qaltis vaziyatlarda, Tomonlar bunday choralar koʻrilganidan soʻng darhol maslahatlashuvlar oʻtkazishni taklif etish sharti bilan maslahatlashuvlardan oldin choralarni koʻrishlari mumkin.
5. Mazkur moddaga muvofiq choralarni tanlayotganda, Tomonlar mazkur Bitim maqsadlariga erishishda eng kam toʻsqinlik qiladigan choralarga ustuvor ahamiyat beradilar.
6. Mazkur moddadagi hech bir qoida biror-bir Tomonning GATTning VI moddasiga, GATTning VI moddasini qoʻllash toʻgʻrisidagi Bitimga, Subsidiyalar va kompensatsiya choralari toʻgʻrisidagi Bitimga yoki tegishli ichki qonunchilikka muvofiq, antidemping yoki kompensatsiya choralari koʻrishiga daxl qilmaydi yoki unga har qanday holatda taʼsir oʻtkazmaydi.
12-modda
Tomonlar mazkur Bitimda tovarlar savdosi toʻgʻrisidagi qoidalarni ishlab chiqish imkoniyatlarini, vaziyatga qarab, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining JSTga kirishi bilan bogʻliq vaziyatni ham hisobga olgan holda koʻrib chiqish majburiyatini oladilar. Sherikchilik va hamkorlik muloqoti ushbu ishlab chiqish jarayonlarida Tomonlar oʻrtasidagi kelishuvga binoan, ularning tegishli protseduralariga muvofiq qabul qilinishi va amalga oshirilishi mumkin boʻlgan tavsiyalar berishi mumkin.
13-modda
Mazkur Bitim ijtimoiy axloq, davlat siyosati yoki jamoat xavfsizligi; insonlar, hayvonlar yoki oʻsimliklarning salomatligi va hayotini muhofaza qilish; tabiiy resurslarni himoya qilish; sanʼat, tarixiy yoki arxeologik qiymatga ega milliy boyliklarni himoya qilish yoki intellektual, sanoat va tijorat mulkini asrash yoxud oltin va kumush bilan bogʻliq qoidalar negizida asoslantirilgan tovarlar importi, eksporti yoki tranzitiga qoʻyiladigan taqiqlar yoxud cheklovlarga toʻsqinlik qilmaydi. Ammo bunday taqiqlar yoki cheklovlar oʻzboshimchalik bilan kamsitish yoki Tomonlar oʻrtasida savdoni yashirincha cheklash vositasi boʻlmasligi kerak.
14-modda
1. Yevropa koʻmir va poʻlat birlashmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi Shartnomaning bevosita amal qilish muddati tugashidan oldin u tatbiq etiladigan mahsulotlar savdosi mazkur boʻlimning qoidalari bilan tartibga solinadi, 9-modda bundan mustasno.
2. Bir tomondan Oʻzbekiston Respublikasi vakillari va ikkinchi tomondan Birlashgan Qirollik vakillaridan iborat Koʻmir va poʻlat masalalari boʻyicha muloqot guruhi taʼsis etilishi mumkin.
Muloqot guruhi muntazam ravishda Tomonlarni qiziqtirgan barcha koʻmir va poʻlat masalalari bilan bogʻliq maʼlumotlarni oʻzaro almashishi mumkin.
IV Boʻlim
Tadbirkorlik faoliyati va investitsiyalarga oid qoidalar
Tadbirkorlik faoliyati va investitsiyalarga oid qoidalar
I Bob Mehnat faoliyatiga oid shartlar
15-modda
1. Birlashgan Qirollikda amal qiladigan qonunlar, shartlar va protseduralarga muvofiq, Birlashgan Qirollik qonuniy ravishda Birlashgan Qirollikda mehnat qilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga taqdim qilinadigan rejim ularning fuqaroligi boʻyicha mehnat shart-sharoitlari, taqdirlash va ishdan boʻshatish borasida oʻz fuqarolariga qaraganda noqonuniy kamsitishlar boʻlmasligini taʼminlaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasida amal qiladigan qonunlar, shartlar va protseduralarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi qonuniy ravishda Oʻzbekiston Respublikasida mehnat qilayotgan Birlashgan Qirollik fuqarolariga taqdim qilinadigan rejim ularning fuqaroligi boʻyicha mehnat shart-sharoitlari, taqdirlash va ishdan boʻshatish borasida oʻz fuqarolariga qaraganda noqonuniy kamsitishlar boʻlmasligini taʼminlaydi.
16-modda
Tomonlarning xalqaro majburiyatlariga, shu jumladan, EXHKning Bonn konferensiyasi hujjatida belgilangan majburiyatlarga muvofiq Tomonlar ishbilarmonlar uchun mavjud sharoitlarni qay tarzda yaxshilash mumkinligini koʻrib chiqadilar.
17-modda
Tomonlar, zarur hollarda, 15 va 16-moddalarni amalga oshirish borasida oʻzaro maslahatlashib oladilar.
II Bob
Kompaniyalar taʼsis etish va ularning faoliyatiga oid shartlar
Kompaniyalar taʼsis etish va ularning faoliyatiga oid shartlar
18-modda
1. Birlashgan Qirollik, 20-moddaning (d) bandida belgilanganidek, Oʻzbekiston kompaniyalarining taʼsis etilishi uchun har qanday uchinchi mamlakat kompaniyalariga nisbatan berilganidan kam boʻlmagan qulay rejimni taqdim etadi.
2. Birlashgan Qirollik II ilovada sanab oʻtilgan qoʻshimcha shartlarga daxl qilmagan holda, Birlashgan Qirollikda taʼsis etilgan Oʻzbekiston kompaniyalarining shoʻba korxonalariga ularning faoliyatiga nisbatan har qanday Birlashgan Qirollik kompaniyalariga berilganidan kam boʻlmagan qulay rejimni taqdim etadi.
3. Birlashgan Qirollik oʻz hududlarida taʼsis etilgan Oʻzbekiston kompaniyalarining filiallariga ularning faoliyatiga nisbatan oʻz kompaniyalari filiallari yoki har qanday uchinchi mamlakat kompaniyalarining filiallari uchun berilganidan qaysi biri yaxshiroq boʻlsa, undan kam boʻlmagan qulay rejimni taqdim etadi.
4. III ilovada sanab oʻtilgan qoʻshimcha shartlarga daxl qilmagan holda, Oʻzbekiston Respublikasi, 20-moddaning (d) bandida belgilanganidek, Birlashgan Qirollik kompaniyalarining taʼsis etilishi uchun Oʻzbekiston kompaniyalariga yoki har qanday uchinchi mamlakat kompaniyalariga nisbatan berilganidan qaysi biri yaxshiroq boʻlsa, undan kam boʻlmagan qulay rejimni taqdim etadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida taʼsis etilgan Birlashgan Qirollik kompaniyalarining shoʻba kompaniyalari yoki filiallariga ularning faoliyatiga nisbatan oʻz kompaniyalari yoki filiallari yoxud har qanday uchinchi mamlakat kompaniyalari yoki filiallari uchun berilganidan qaysi biri yaxshiroq boʻlsa, undan kam boʻlmagan qulay rejimni taqdim etadi.
19-modda
1. 18-moddaning qoidalari havo transporti, ichki suv transporti va dengiz transportiga nisbatan qoʻllanilmaydi.
2. Ammo xalqaro dengiz transporti, jumladan, dengiz uchastkasini oʻz ichiga olgan aralash (intermodal) tashuvlar xizmatlarini koʻrsatuvchi kemachilik agentliklari tomonidan amalga oshiriladigan quyida koʻrsatib oʻtilgan faoliyat turlariga nisbatan, har bir Tomon ikkinchi Tomon kompaniyalariga oʻz kompaniyalari yoxud uchinchi mamlakat kompaniyalarining shoʻba kompaniyalari yoki filiallariga berilgan qulay shart-sharoitlarning qaysi biri yaxshiroq boʻlsa, ulardan kam boʻlmagan taʼsis etish va faoliyat yuritish shartlari asosida shoʻba kompaniyalar yoki filiallar shaklida tijoriy faoliyat olib borishlariga ruxsat beradi.
3. Bunday faoliyat turlariga quyidagilar kiradi, ammo bu bilan cheklanib qolmaydi:
(a) mijozlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatish orqali dengiz transporti va u bilan bogʻliq xizmatlar marketingi va sotuvi, narx taklifini berishdan to hisob-fakturagacha, bu xizmatlar xizmat koʻrsatuvchining oʻzi tomonidan yoxud xizmatlarni sotuvchi kompaniya bilan doimiy hamkorlik kelishuvini tuzgan xizmat koʻrsatuvchilari tomonidan bajarilishi yoki taklif etilishidan qatʼi nazar;
(b) har qanday transport va u bilan bogʻliq xizmatlarni, jumladan, integratsiyalashgan xizmatlarni koʻrsatish uchun zarur boʻlgan har qanday usullarda, xususan ichki suv transporti, avtomobil va temir yoʻl transporti orqali amalga oshiriladigan ichki transport xizmatlarini oʻz hisobidan yoki oʻz mijozlari nomidan xarid qilish (va oʻz mijozlariga qayta sotish) va ulardan foydalanish;
(c) transport hujjatlari, bojxona hujjatlari yoki tashilayotgan tovarlarning kelib chiqishi va xususiyatiga oid boshqa hujjatlarni tayyorlash;
(d) biznesga oid maʼlumotlarni har qanday vositalar yordamida, shu jumladan, kompyuterlashtirilgan axborot tizimlari va maʼlumotlarni elektron shaklda almashish (telekommunikatsiyalarga taalluqli har qanday kamsitmaydigan cheklovlarga muvofiq) vositalari yordamida taʼminlash;
(e) istalgan mahalliy kemachilik agentligi bilan, jumladan, kompaniya aksiyalar paketida ishtirok etish va ishga yollanadigan mahalliy xodimlarni (yoki agar xodimlar chet ellik boʻladigan boʻlsa, mazkur Bitimning tegishli qoidalariga muvofiq) tayinlash boʻyicha har qanday hamkorlik kelishuvlarini tuzish;
(f) kompaniyalar nomidan, jumladan, zarur boʻlganda kemalar kirishini tashkil etish yoki yuklarni qabul qilishda ish yuritish.
20-modda
Mazkur Bitimning maqsadlari uchun:
(a) “Birlashgan Qirollik kompaniyasi” yoki “Oʻzbekiston kompaniyasi” tegishlicha Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq taʼsis etilgan hamda roʻyxatga olingan idorasi yoki markaziy maʼmuriyati yoxud asosiy faoliyat yuritish joyi mos ravishda Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan kompaniyani anglatadi. Biroq, agar Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq taʼsis etilgan kompaniyaning roʻyxatga olingan idorasi faqatgina mos ravishda Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan boʻlsa, uning faoliyati tegishlicha Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyoti bilan haqiqiy va davomiy bogʻliqlikka ega boʻlgan taqdirda, kompaniya mos ravishda Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston kompaniyasi hisoblanadi.
(b) Kompaniyaning “shoʻba kompaniyasi” birinchi kompaniyaning samarali boshqaruvida boʻlgan kompaniyani anglatadi.
(c) Kompaniyaning “filiali” yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan, yuqori turuvchi bosh idoraning kengaytmasi kabi doimiylik xususiyatiga ega boʻlgan, uchinchi tomonlar bilan muzokaralar olib borish uchun oʻz boshqaruviga ega boʻlgan va moddiy jihatdan jihozlangan, zarurat boʻlganda, bosh ofisi xorijda joylashgan yuqori turuvchi bosh idora bilan qonuniy bogʻliqlik boʻlsa ham, yuqori turuvchi bosh idora bilan bevosita birga ish yuritishi shart boʻlmasdan, balki kengaytmani tashkil etuvchi faoliyat olib boriladigan joyda biznes amaliyotini yuritishi mumkin boʻlgan faoliyat joyini anglatadi.
(d) “Taʼsis etish” (a) kichik bandda taʼrifi keltirilgan Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston kompaniyalarining tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasida yoki Birlashgan Qirollikda shoʻba kompaniyalar va filiallar ochish orqali iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish huquqini anglatadi.
(e) “Faoliyat” iqtisodiy faoliyat olib borishni anglatadi.
(f) “Iqtisodiy faoliyat” sanoat, tijorat va mutaxassislik xususiyatidagi faoliyatlarni anglatadi.
Xalqaro dengiz transporti, shu jumladan, dengiz uchastkasini ham oʻz ichiga olgan aralash (intermodal) faoliyatlarga nisbatan, tegishlicha Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida taʼsis etilgan Birlashgan Qirollik yoxud Oʻzbekiston Respublikasi shaxslari hamda Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida taʼsis etilgan va mos ravishda Birlashgan Qirollik shaxslari yoki Oʻzbekiston Respublikasi shaxslari tomonidan boshqariladigan kemachilik kompaniyalari ham, agar ularning kemalari mos ravishda Birlashgan Qirollikda yoki Oʻzbekiston Respublikasida ularning tegishli qonunchiligiga muvofiq roʻyxatga olingan boʻlsa, ushbu bob va III bob qoidalarining benefitsiarlari hisoblanadi.
21-modda
1. Mazkur Bitimning har qanday boshqa qoidalaridan qatʼi nazar, bir Tomonga asosli sabablarga koʻra, shu jumladan, investorlarni, omonatchilarni, polis egalarini yoki moliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi unga nisbatan fidutsiar majburiyatni olgan shaxslarni himoya qilish yoki moliyaviy tizim yaxlitligi va barqarorligini taʼminlash maqsadida tegishli choralarni koʻrishga toʻsqinlik qilinmaydi. Agar bunday choralar mazkur Bitim qoidalariga mos kelmasa, ulardan bir Tomonning mazkur Bitim doirasida olgan majburiyatlarini bajarishdan qochish vositasi sifatida foydalanilmaydi.
2. Mazkur Bitimdagi hech bir qoida biron-bir Tomonga nisbatan alohida mijozlarning ishlari va hisobvaraqlari bilan bogʻliq maʼlumotlarni yoki davlat tashkilotlarida saqlanadigan har qanday maxfiy yoxud mulkka oid maʼlumotlarni oshkor qilish talabini qoʻyish vositasi sifatida talqin qilinmasligi lozim.
3. Mazkur Bitimning maqsadlari uchun, “moliyaviy xizmatlar” tushunchasi III ilovada bayon qilingan faoliyat turlarini bildiradi.
22-modda
Mazkur Bitim qoidalari har bir Tomonning mazkur Bitim qoidalari vositasida ushbu Tomon bozoriga uchinchi mamlakatning kirishiga taalluqli oʻz choralarini chetlab oʻtishning oldini olish uchun zarur boʻlgan har qanday choralarni koʻrishiga toʻsqinlik qilmaydi.
23-modda
1. Mazkur boʻlimning I bobi qoidalaridan qatʼi nazar, tegishlicha Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida taʼsis etilgan Birlashgan Qirollik kompaniyasi yoxud Oʻzbekiston kompaniyasi yoki uning shoʻba kompaniyalaridan yoxud filiallaridan biri tomonidan hududida kompaniya taʼsis etilgan qabul qiluvchi mamlakatda, mos ravishda Birlashgan Qirollik va Oʻzbekiston Respublikasida, amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq, tegishlicha Birlashgan Qirollik va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan xodimlarni ishga yollash huquqiga ega, ammo bunday xodimlar 2-bandda nazarda tutilgan muhim xodimlar sirasiga kirishi lozim va ular faqat ushbu kompaniyalar yoki filiallar tomonidan ishga yollanishi lozim. Bunday xodimlarga beriladigan yashash va ishlash uchun ruxsatnomalar faqatgina ishga yollanish muddatini qamrab oladi.
2. Keyingi oʻrinlarda “tashkilotlar” deb nomlanuvchi yuqorida qayd etilgan kompaniyalarning muhim xodimlari (s) bandda belgilanganidek quyidagi toifalarga mansub “kompaniya doirasida bir ishdan boshqa ishga oʻtuvchi xodimlar” hisoblanadi, ammo bunda tashkilot yuridik shaxs boʻlishi va boshqa ishga oʻtuvchi shaxs bevosita oʻtishdan oldin tashkilotda kamida bir yil ishlagan yoki tashkilot bilan sherikchilik munosabatlarida (aksiyalarning nazorat paketi egalari bundan mustasno) boʻlgan boʻlishi lozim:
(a) Tashkilotda rahbarlik lavozimlarida ishlovchi va asosan muassasani boshqarishga rahbarlik qiladigan, birinchi navbatda direktorlar kengashi yoki aksiyadorlar yigʻilishi yoxud ularga ekvivalent tuzilmalarning umumiy nazoratida boʻladigan yoki ulardan boshqaruv koʻrsatmalarini oladigan shaxslar, jumladan:
muassasa yoki uning tarkibiy tuzilmasi yoxud boʻlimiga rahbarlik qilayotgan shaxslar,
boshqa rahbar, mutaxassis yoki boshqaruvchi xodimlar ishini kuzatib boruvchi va nazorat qiluvchi shaxslar,
shaxsan ishga yollash va ishdan boʻshatish vakolatiga yoki ishga yollash, ishdan boʻshatish yoxud kadrlar bilan bogʻliq boshqa harakatlarni tavsiya qilish vakolatiga ega boʻlgan shaxslar;
(b) Tashkilotda mehnat qiladigan, muassasaga xizmat koʻrsatish, tadqiqot uskunalari, texnikalar yoki menejment uchun zarur boʻlgan noyob bilimlarga ega boʻlgan shaxslar. Bunday bilimlarga beriladigan baho muassasa uchun talab etiladigan maxsus bilimlardan tashqari, maxsus texnik bilimlarni, shu jumladan, akkreditatsiyadan oʻtgan mutaxassislikni talab etadigan ish yoki kasb turini nazarda tutadigan yuqori darajali malakani oʻzida aks etadi;
(c) “Kompaniya doirasida bir ishdan boshqa ishga oʻtuvchi xodim” Tomonlardan birining hududida joylashgan tashkilotda mehnat qiladigan va boshqa Tomon hududida iqtisodiy faoliyat olib borish uchun vaqtincha oʻtkazilgan jismoniy shaxsni anglatadi, bunda tegishli tashkilotning asosiy faoliyat joyi Tomonlardan birining hududi joylashgan boʻlishi va xodim ushbu tashkilotning ikkinchi Tomon hududida shu kabi iqtisodiy faoliyatni samarali olib borayotgan muassasasiga (filiali, shoʻba kompaniyasi) oʻtkazilishi lozim.
24-modda
1. Tomonlar quyidagilar uchun eng maqbul saʼy-harakatlarni amalga oshiradilar:
(a) bir-birlarining kompaniyalarini taʼsis etish va ularning faoliyati uchun yaratilgan sharoitlarni mazkur Bitim imzolangan sanadan oldingi kunda mavjud boʻlgan vaziyatga qaraganda yanada cheklaydigan choralar yoki harakatlarni amalga oshirishdan tiyilish;
(b) tegishli davlatlari hududida boshqa Tomon kompaniyalarining shoʻba korxonalari va filiallarini taʼsis etish hamda ularning faoliyati uchun yaratilgan sharoitlarni mazkur Bitim imzolangan sanadan oldingi kunda mavjud boʻlgan vaziyatga qaraganda yanada cheklashi mumkin boʻlgan yangi qonun yoki qoidalarni qabul qilish niyatida ekanligi haqida bir-birlarini xabardor qilish. Tomonlar bir-birlaridan bunday qonun yoki qoidalarning loyihalarini taqdim etishni va ushbu loyihalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashlari mumkin.
2. Mazkur moddaning qoidalari 32-moddaning qoidalariga daxl qilmaydi: 32-modda bilan qamrab olingan vaziyatlar, boshqa har qanday qoidalarni istisno qilgan holda, faqat uning qoidalari bilan tartibga solinadi.
3. Basharti boshqacha kelishilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida joriy qilingan yangi qonun yoki qoidalar Oʻzbekiston Respublikasida taʼsis etilgan Birlashgan Qirollik kompaniyalarining shoʻba kompaniyalari va filiallarining faoliyati uchun sharoitlarni mazkur Bitim imzolangan kundagi vaziyatga qaraganda yanada cheklaydigan boʻlsa hamda Birlashgan Qirollikda joriy qilingan yangi qonun yoki qoidalar Birlashgan Qirollikda taʼsis etilgan Oʻzbekiston kompaniyalarining shoʻba kompaniyalari va filiallarining faoliyati uchun sharoitlarni mazkur Bitim imzolangan kundagi vaziyatga qaraganda yanada cheklaydigan boʻlsa, bunday qonun yoki qoidalar, mos ravishda, Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollikning milliy qonunchiligida koʻzda tutilgan kafolatlarga rioya qilingan holda qoʻllaniladi.
III Bob
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik oʻrtasida transchegaraviy xizmatlarni koʻrsatish
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik oʻrtasida transchegaraviy xizmatlarni koʻrsatish
25-modda
1. Tomonlar bir Tomonda taʼsis etilib, boshqa Tomonning shaxsi uchun moʻljallangan xizmatlarni koʻrsatuvchi Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston kompaniyalari tomonidan xizmatlar koʻrsatilishiga izchil ruxsat berish uchun zarur chora-tadbirlarni ushbu bob qoidalariga muvofiq, Tomonlar hududida xizmatlar sohasining rivojlanishini hisobga olgan holda amalga oshirish majburiyatini oladilar.
2. Zarurat boʻlgan taqdirda, Tomonlar 1-bandni amalga oshirish borasida oʻzaro maslahatlashib oladilar.
26-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida bozorga yoʻnaltirilgan xizmatlar sektorini rivojlantirish maqsadida hamkorlik qiladilar.
27-modda
1. Tomonlar tijorat asosida cheklovlarsiz xalqaro dengiz bozoriga chiqish va dengiz orqali qatnovdan foydalanish prinsipini samarali qoʻllash majburiyatini oladilar:
(a) yuqorida keltirilgan qoida mazkur Bitimning u yoki bu Tomoniga taalluqli boʻlgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yoʻnalishli konferensiyalar uchun axloq kodeksi toʻgʻrisidagi Konvensiyasidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi. Konferensiyasiz yoʻnalish operatorlari, basharti tijorat asosidagi adolatli raqobat prinsipiga qatʼiy amal qilsalar, konferensiya bilan raqobatlashishda erkin boʻladilar;
(b) Tomonlar quruq va suyuq holatdagi yuklar savdosining muhim xususiyati sifatida erkin raqobat muhitiga sodiq ekanliklarini tasdiqlaydilar.
2. 1-band prinsiplarini qoʻllashda Tomonlar:
(a) Mazkur Bitimning u yoki bu Tomonidagi boʻlgan yoʻnalishli kemachilik kompaniyalari boshqacha tarzda tegishli uchinchi mamlakatlarga yoki mamlakatlardan tashuvni amalga oshirish uchun samarali imkoniyatga ega boʻlmaydigan istisnoli holatlardan boshqa hollarda kelgusida uchinchi mamlakatlar bilan ikki tomonlama bitimlarga yuk tashishni taqsimlash toʻgʻrisidagi qoidalarni kiritmaydilar;
(b) kelgusida ikki tomonlama bitimlarda quruq va suyuq holatdagi yuklar tashuvini taqsimlash haqidagi bitimlarni taqiqlaydilar;
(c) mazkur Bitim kuchga kirgan vaqtdan boshlab, xalqaro dengiz transporti orqali tashuvlar sohasida erkin ravishda xizmatlar koʻrsatishga nisbatan cheklovchi yoki kamsituvchi taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan barcha bir tomonlama choralarni va maʼmuriy, texnik hamda boshqa toʻsiqlarni bartaraf etadilar.
28-modda
Tomonlar oʻrtasidagi transport sohasidagi munosabatlarni Tomonlarning tijoriy ehtiyojlariga javob beradigan va muvofiqlashgan holatda rivojlantirishni taʼminlash maqsadida Tomonlar mazkur Bitim kuchga kirganidan soʻng Tomonlarning oʻzaro bozorlariga kirish va avtomobil yoʻllari, temir yoʻl, ichki suv yoʻllari transporti hamda zarurat boʻlsa, havo transporti sohalarida xizmatlar koʻrsatish shartlari toʻgʻrisida maxsus bitimlar tuzishlari mumkin.
IV Bob. Umumiy qoidalar
29-modda
1. Mazkur boʻlim qoidalari davlat siyosati, jamoat xavfsizligi yoki aholi salomatligini saqlashi bilan bogʻliq sabablarga koʻra asosli boʻlgan cheklovlarni hisobga olgan holda qoʻllaniladi.
2. Mazkur qoidalar har bir Tomon hududida hatto vaqti-vaqti bilan boʻlsa-da, rasmiy vakolatni amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyatga nistbatan qoʻllanilmaydi.
30-modda
Mazkur boʻlim maqsadlari uchun ushbu Bitimdagi hech bir qoida Tomonlarga kirish va boʻlib turish, ishlash, mehnat sharoitlari, jismoniy shaxslarni taʼsis etish va xizmatlar koʻrsatishga oid qonunlar va qoidalarni qoʻllashga toʻsqinlik qilmaydi, biroq bunda ular bu qonun va qoidalarni mazkur Bitimning muayyan qoidalari tufayli biror Tomon ega boʻladigan afzalliklarni bekor qiladigan yoki cheklaydigan tarzda qoʻllamasligi kerak. Yuqoridagi qoida 29-moddaning qoʻllanilishiga daxl qilmaydi.
31-modda
Oʻzbekiston kompaniyalari va Birlashgan Qirollik kompaniyalari tomonidan boshqariladigan va ularning birgalikdagi mutlaq egaligi ostida boʻlgan kompaniyalar II, III va IV boblarda nazarda tutilgan afzalliklardan ham foydalanadilar.
32-modda
Xizmatlar savdosi toʻgʻrisidagi bosh bitim (GATS) tomonidan qamrab olinadigan sektorlar yoki choralar nuqtai nazaridan, tegishli GATS majburiyatlarining kuchga kirish sanasidan bir oy oldingi sanadan boshlab, Tomonlardan birining ikkinchi Tomonga mazkur Bitimga muvofiq taqdim etadigan rejimi, har qanday holatda ham, ushbu birinchi Tomon tarafidan GATS qoidalariga muvofiq taqdim etilgan rejimdan yanada qulayroq boʻlmasligi kerak va bu har bir xizmat sektori, kichik sektor va xizmat koʻrsatish usuliga taalluqlidir.
33-modda
II, III va IV boblarda nazarda tutilgan maqsadlar uchun GATSning V moddasi prinsiplariga koʻra iqtisodiy integratsiya toʻgʻrisidagi bitimlarda nazarda tutilgan majburiyatlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi yoki Birlashgan Qirollik tomonidan taqdim etiladigan rejim inobatga olinmaydi.
34-modda
1. Mazkur boʻlim qoidalariga muvofiq taqdim etiladigan eng qulay rejim Tomonlar ikkiyoqlama soliq solinishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi bitimlar yoki soliq masalalari bilan bogʻliq boshqa kelishuvlarga asosan taqdim etayotgan yoxud kelajakda taqdim etadigan soliq imtiyozlariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
2. Mazkur boʻlimdagi hech bir qoida Tomonlarning ikki yoqlama soliq solinishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi bitimlar yoki soliq masalalari bilan bogʻliq boshqa kelishuvlar yoxud ichki soliq qonunchiligi qoidalariga muvofiq soliqlarni toʻlashdan qochish yoki boʻyin tovlashning oldini olishga qaratilgan har qanday choralarni qabul qilishga yoki amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan tarzda talqin qilinmasligi lozim.
3. Mazkur boʻlimdagi hech bir qoida Oʻzbekiston Respublikasi yoki Birlashgan Qirollik soliq qonunchiligining tegishli qoidalarini qoʻllashda bir xil vaziyatda boʻlmagan soliq toʻlovchilarni, xususan, ularning yashash joyiga qarab, bir-biridan farqlashga toʻsqinlik qiladigan tarzda talqin qilinmasligi kerak.
35-modda
23-moddaga daxl qilmagan holda, II, III va IV boblarning qoidalari quyidagi huquqlarni beradigan tarzda talqin qilinmasligi lozim:
Oʻzbekiston Respublikasi yoki Birlashgan Qirollik fuqarolarining mos ravishda Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga har qanday maqomda, shu jumladan, kompaniya aksiyadori yoki sherigi yoxud kompaniya ish boshqaruvchisi yoki xodimi yoxud xizmat koʻrsatuvchi yoki xizmatdan foydalanuvchi sifatida kirishi, vaqtinchalik boʻlib turishi;
Oʻzbekiston kompaniyalarining Birlashgan Qirollikdagi shoʻba kompaniyalari yoki filiallarining Birlashgan Qirollik hududida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga yollashi yoki ishga yollagani;
Birlashgan Qirollik kompaniyalarining Oʻzbekistondagi shoʻba kompaniyalari yoki filiallarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida Birlashgan Qirollik fuqarolarini ishga yollashi yoki ishga yollagani;
Oʻzbekiston kompaniyalari yoki Oʻzbekiston kompaniyalarining Birlashgan Qirollikdagi shoʻba kompaniyalari yoxud filiallarining Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan ishchilarni boshqa shaxslar foydasi uchun va boshqa shaxslar nazorati ostida vaqtinchalik mehnat shartnomasi asosida Birlashgan Qirollikga joʻnatishi;
Birlashgan Qirollik kompaniyalari yoki Birlashgan Qirollik kompaniyalarining Oʻzbekistondagi shoʻba kompaniyalari yoxud filiallarining Birlashgan Qirollik fuqarolari boʻlgan ishchilarni vaqtinchalik mehnat shartnomasi asosida Oʻzbekistonga joʻnatish.
V Bob
Joriy toʻlovlar va kapital
Joriy toʻlovlar va kapital
36-modda
1. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik rezidentlari oʻrtasida ushbu Bitim qoidalariga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar, xizmatlar yoki jismoniy shaxslar harakati bilan bogʻliq boʻlgan har qanday toʻlovlarni erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada oʻtkazishga ruxsat berish majburiyatini oladilar.
2. Toʻlov balansidagi kapital harakati hisobvaragʻiga nisbatan, mazkur Bitim kuchga kirgan paytdan boshlab, qabul qiluvchi mamlakat qonunlariga muvofiq taʼsis etilgan kompaniyaga kiritilgan toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar va II bob qoidalariga muvofiq kiritilgan investitsiyalarga tegishli kapitalning erkin harakati, shuningdek, ushbu investitsiyalar va ulardan keladigan har qanday foydaning tugatilishi yoki repatriatsiya qilinishi taʼminlanadi.
3. 2 yoki 5-bandlarga daxl qilmagan holda, mazkur Bitim kuchga kirgan paytdan boshlab, Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollikda rezidentlar oʻrtasida kapital harakati va joriy toʻlovlarga nisbatan valyuta ayriboshlash bilan bogʻliq yangi cheklovlarni joriy etmaydilar va mavjud shartlarni esa yanada ogʻirlashtirmaydilar.
4. Tomonlar mazkur Bitim maqsadlarini ilgari surish uchun Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik oʻrtasida 2-bandda nazarda tutilganidan boshqa shakllardagi kapital harakatini yengillashtirish boʻyicha bir-birlari bilan maslahatlashadilar.
5. Mazkur moddaning qoidalarini eʼtiborga olib, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) toʻgʻrisidagi Bitim moddalarining VIII moddasi mazmunidan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston valyutasining toʻliq konvertatsiya qilinishi joriy etilgunga qadar, Oʻzbekiston, alohida holatlarda, qisqa muddatli va oʻrta muddatli moliyaviy kreditlarni berish yoki jalb qilish bilan bogʻliq valyuta cheklovlarini Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan bunday kreditlar boʻyicha qoʻllangan cheklovlar darajasida va Oʻzbekistonning XVJdagi maqomiga muvofiq ruxsat berilgan darajada qoʻllashi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi bu cheklovlarni kamsitishlarga yoʻl qoʻymasdan qoʻllaydi. Bu cheklovlar mazkur Bitimga yetadigan zarar minimal darajada boʻlishini nazarda tutib qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasi bunday choralar qoʻllanilishi va bunday choralarga kiritiladigan oʻzgartirishlar haqida Sherikchilik va hamkorlik muloqotiga oʻz vaqtida maʼlum qiladi.
6. 1 va 2-bandlarga daxl qilmagan holda, agar Birlashgan Qirollik va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi kapitalning harakati mos ravishda Birlashgan Qirollik yoki Oʻzbekiston Respublikasida valyuta kursi siyosati yoki pul-kredit siyosatini amalga oshirishda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradigan yoki keltirib chiqarish xavfini tugʻdiradigan alohida holatlar yuzaga kelsa, basharti bunday choralarni koʻrish qatʼiy zarur boʻlib qolsa, mos ravishda Birlashgan Qirollik va Oʻzbekiston Respublikasi olti oydan oshmaydigan muddatga Birlashgan Qirollik va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida kapital oqimiga nisbatan himoya choralarini koʻrishi mumkin.
VI Bob
Intellektual, sanoat va tijorat mulkini muhofaza qilish
Intellektual, sanoat va tijorat mulkini muhofaza qilish
37-modda
1. Mazkur modda va IV ilovaning qoidalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi intellektual, sanoat va tijorat mulkiga boʻlgan huquqlarni himoya qilishni, shu jumladan, bunday huquqlarni amalga oshirishning samarali vositalarini taʼminlashni takomillashtirishda davom etadi.
2. Mazkur Bitim kuchga kirgandan keyin beshinchi yil oxirigacha, Oʻzbekiston Respublikasi IV ilovaning 1-bandida koʻrsatilgan intellektual, sanoat va tijorat mulki huquqlari toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama konvensiyalarda koʻrsatilgan tegishli qoidalarga muvofiq mazkur konvensiyalarga qoʻshilish masalasini koʻrib chiqadi.
VI Boʻlim
Iqtisodiy hamkorlik
Iqtisodiy hamkorlik
38-modda
1. Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik iqtisodiy islohotlar jarayoniga va Oʻzbekiston Respublikasining tiklanishi hamda barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshishga qaratilgan iqtisodiy hamkorlikni oʻrnatadilar. Bunday hamkorlik orqali mavjud iqtisodiy aloqalar ikkala Tomon manfaatlari yoʻlida mustahkamlanadi.
2. Siyosat va boshqa chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish hamda iqtisodiy va savdo tizimlarini tarkibiy oʻzgartirishni moʻljallab ishlab chiqiladi va barqarorlik hamda uygʻun ijtimoiy rivojlanish talablaridan kelib chiqadi, shuningdek, ularda atrof-muhit masalalari ham toʻliq qamrab olinadi.
3. Shu maqsadda, hamkorlikda, xususan iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanish, inson resurslarini rivojlantirish, korxonalarni qoʻllab-quvvatlash (shu jumladan, xususiylashtirish), investitsiyalar va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat, energetika va fuqaroviy yadro xavfsizligi, transport, turizm, pochta xizmatlari va telekommunikatsiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy hamkorlik masalalariga asosiy eʼtibor qaratiladi.
4. Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratiladi.
5. Zarur boʻlganda, ushbu Bitimda koʻzda tutilgan iqtisodiy hamkorlik va hamkorlikning boshqa shakllari texnik koʻmak bilan taʼminlanishi mumkin.
39-modda
Tovarlar va xizmatlar savdosi sohasida hamkorlik
Tovarlar va xizmatlar savdosi sohasida hamkorlik
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro savdo faoliyati JST qoidalariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlashni nazarda tutgan holda hamkorlik qiladilar.
Bunday hamkorlik, xususan, savdo-sotiqni ragʻbatlantirish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan aniq masalalarni, xususan, Oʻzbekiston Respublikasiga uning qonun va qoidalarini JST qoidalari bilan uygʻunlashtirishga yordam berish hamda shu tariqa uning tashkilotga aʼzo boʻlish shartlarini imkon qadar tezroq bajarishni oʻz ichiga olishi mumkin. Ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
savdo va savdo bilan bogʻliq masalalar, shu jumladan toʻlovlar va kliring mexanizmlari boʻyicha siyosatni ishlab chiqish;
tegishli qonun hujjatlarini tayyorlash.
40-modda
Sanoat sohasida hamkorlik
Sanoat sohasida hamkorlik
1. Hamkorlik, xususan, quyidagilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan:
ikkala Tomonning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida biznes aloqalarini rivojlantirish;
Birlashgan Qirollikning Oʻzbekiston Respublikasining sanoatni tarkibiy oʻzgartirish borasidagi saʼy-harakatlarida ishtirok etishi;
boshqaruvni takomillashtirish;
sanoat mahsulotlari sifatini yaxshilash;
xomashyo sohasida samarali ishlab chiqarish va qayta ishlash salohiyatini rivojlantirish;
tegishli savdo qoidalari va amaliyotlarini, shu jumladan, mahsulot marketingini rivojlantirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
mudofaa sanoatini konversiyalash;
boshqaruv kadrlarini tayyorlash.
2. Mazkur moddaning qoidalari korxonalar uchun amal qiladigan Birlashgan Qirollikning raqobatga oid qoidalari ijrosiga taʼsir qilmaydi.
41-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Hamkorlik ichki va xorijiy xususiy investitsiyalarga, xususan, investitsiyalarni himoyalash, kapital oʻtkazmalari va investitsiya imkoniyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni almashish uchun yanada maqbul sharoitlar orqali qulay muhit yaratishga qaratiladi.
2. Hamkorlikning maqsadlari, xususan, quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish;
tadbirkorlikka oid barqaror va munosib qonunlar hamda shart-sharoitlarini yaratish, investitsiyalar sohasidagi qonunlar, qoidalar va maʼmuriy amaliyotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni almashish;
savdo yarmarkalari, koʻrgazmalar, savdo haftaliklari va boshqa tadbirlar shaklida investitsiya imkoniyatlari toʻgʻrisida maʼlumot almashish.
42-modda
Davlat xaridlari
Davlat xaridlari
Tomonlar tovarlar va xizmatlar boʻyicha shartnomalarni, xususan, tender savdolarini oʻtkazish orqali ochiq va raqobatdosh shartlar asosida taqdim etish uchun shart-sharoitlarni yaratishda hamkorlik qiladilar.
43-modda
Standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik
Standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik
1. Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik sifat sohasida amal qiladigan xalqaro miqyosda qabul qilingan mezonlar, prinsiplar va tavsiyaviy koʻrsatmalarga muvofiqlikni taʼminlashni ilgari suradi. Talab qilinadigan harakatlar muvofiqlikni baholash sohasida oʻzaro tan olishga, shuningdek, Oʻzbekiston mahsulotlari sifatini oshirishga koʻmaklashadi.
2. Shu maqsadda Tomonlar, zarur boʻlganda, texnik yordam loyihalarida hamkorlik qilishga intiladilar va bunday hamkorlik:
ushbu sohalarga ixtisoslashgan tashkilotlar va muassasalar bilan tegishli hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
sifat boshqaruvi sohasida tajriba va texnik maʼlumotlarni almashishga imkon beradi.
44-modda
Konchilik va xomashyo materiallari sohasi
Konchilik va xomashyo materiallari sohasi
1. Tomonlar konchilik va xomashyo materiallari sohasida investitsiyalar va savdo hajmini oshirishni maqsad qiladilar.
2. Mazkur hamkorlikda quyidagi yoʻnalishlarga eʼtibor qaratilishi mumkin:
konchilik va rangli metallurgiya sektorlarining istiqbollariga oid maʼlumotlarni almashish;
hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratish;
savdo masalalari;
ekologiyaga oid qonun hujjatlarini qabul qilish va amalga oshirish;
kasbiy tayyorlov;
konchilik sanoati xavfsizligi.
45-modda
Ilm-fan va texnologiya sohasida hamkorlik
Ilm-fan va texnologiya sohasida hamkorlik
1. Tomonlar resurslarning mavjudligini hisobga olgan holda, oʻzlarining tegishli dasturlaridan lozim darajada foydalanish imkoniyatiga ega boʻlish asosida va intellektual mulk huquqlarini samarali himoya qilishning tegishli darajalarini taʼminlash sharti bilan fuqaroviy maqsadlarda olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar sohasida oʻzaro manfaatdorlik asosida hamkorlikni ilgari suradilar.
2. Ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik quyidagilarni qamrab oladi:
ilmiy va texnik maʼlumotlar almashinuvi;
tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar sohasida birgalikda faoliyat olib borish;
oʻquv-tayyorlov faoliyati va ikkala Tomonda tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar bilan shugʻullanadigan olimlar, tadqiqotchilar va texniklarni oʻzaro almashish dasturlari.
Agar bunday hamkorlik taʼlim va/yoki kasbiy tayyorlov ishlari bilan bogʻliq faoliyat koʻrinishida boʻlsa, bu hamkorlik 46-moddaning qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tomonlar oʻzaro ikki tomonlama kelishuv asosida ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlikning boshqa shakllarini amalga oshirishlari mumkin.
Bunday hamkorlik faoliyati turlarini amalga oshirishda ommaviy qirgʻin qurollarini tadqiq qilish va/yoki ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi yoki shugʻullangan olimlar, muhandislar, tadqiqotchilar va texnik xodimlarni qayta tayyorlashga alohida eʼtibor beriladi.
Ushbu moddada qamrab olingan hamkorlik har bir Tomon qabul qilgan protseduralarga muvofiq amalga oshiriladi va tuziladi hamda bu protseduralar, jumladan, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻyicha tegishli qoidalarni oʻz ichiga oladi.
46-modda
Taʼlim va kasbiy tayyorlov
Taʼlim va kasbiy tayyorlov
1. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida ham davlat, ham xususiy sektorda umumiy taʼlim va kasbiy malaka darajasini oshirish maqsadida hamkorlik qiladilar.
2. Hamkorlik, xususan, quyidagi sohalarga qaratiladi:
Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimini, shu jumladan, oliy oʻquv yurtlarini va oliy maʼlumot diplomlarini attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yangilash;
davlat va xususiy sektor rahbarlari hamda davlat xizmatchilarini kelgusida belgilanadigan ustuvor sohalarda oʻqitish;
taʼlim muassasalari oʻrtasida, shuningdek, taʼlim muassasalari va firmalar oʻrtasida hamkorlik;
oʻqituvchilar, bitiruvchilar, maʼmuriy xodimlar, yosh olimlar va tadqiqotchilar va umuman yoshlarning bir joydan ikkinchi joyga erkin koʻchishini taʼminlash;
tegishli muassasalarda Yevropa tadqiqotlari sohasida taʼlim berishga koʻmaklashish;
ingliz tilini oʻqitish;
oliy maʼlumotli sinxron tarjimonlar malakasini oshirish;
jurnalistlarni tayyorlash;
oʻqituvchilarni tayyorlash.
3. Bir Tomonning ikkinchi Tomon taʼlim va kasbiy tayyorlov sohasidagi tegishli dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlarini koʻrib chiqish ularning tegishli tartib-qoidalariga va joiz boʻlsa, institutsional asoslariga va hamkorlik rejalariga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
47-modda
Qishloq xoʻjaligi va agrosanoat sektori
Qishloq xoʻjaligi va agrosanoat sektori
Mazkur sohadagi hamkorlikning maqsadi atrof-muhit muhofazasini taʼminlaydigan shart-sharoitlarda Oʻzbekiston Respublikasida agrar islohotlarni amalga oshirishga, qishloq xoʻjaligi, agrosanoat va xizmat koʻrsatish sohalarini modernizatsiya qilish, xususiylashtirish va tarkibiy oʻzgartirishga, Oʻzbekiston mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarini rivojlantirishga qaratiladi va bunda oziq-ovqat taʼminoti xavfsizligini yaxshilash, shuningdek, agrobiznesni, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va tarqatishni rivojlantirish zarurati hisobga olinadi.
48-modda
Energetika
Energetika
1. Hamkorlik, jumladan, bozor iqtisodiyoti va Xalqaro energetika Xartiyasi prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
2. Hamkorlik, xususan, energetika siyosatini shakllantirish va rivojlantirishga qaratiladi. U, jumladan, quyidagi sohalarni oʻz ichiga oladi:
bozor iqtisodiyoti shartlariga muvofiq ravishda energetika sektorini boshqarish va tartibga solishni takomillashtirish;
iqtisodiy va ekologik nuqtai nazardan maqbul ravishda energiya taʼminotini, shu jumladan, energiya taʼminoti xavfsizligini yaxshilash;
energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirishni ragʻbatlantirish hamda Energetika samaradorligi va turdosh ekologik jihatlar masalalari boʻyicha Energetika Xartiyasiga doir Bayonnomani amalga oshirish;
energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish;
energetika sohasida energiyaning barcha turlarini yetkazib berish va undan foydalanish texnologiyalarini takomillashtirish;
energetika sohasidagi boshqaruv va texnik tayyorgarlik;
energiya materiallari va mahsulotlarini tashish va tranzit qilish;
energetika savdosi va investitsiyalari hajmining oshishini ragʻbatlantirish uchun zarur boʻlgan qator tashkiliy, huquqiy, moliyaviy va boshqa shart-sharoitlarni joriy qilish;
gidroenergetika va boshqa qayta tiklanuvchan energiya resurslarini rivojlantirish.
3. Tomonlar energetika sohasidagi investitsiya loyihalari, xususan, energiya resurslarini ishlab chiqarish hamda neft va gaz quvurlari yoki energiya mahsulotlarini tashishning boshqa vositalarini qurish va rekonstruksiya qilish yuzasidan oʻzaro maʼlumot almashadilar. Tomonlar energetika sohasiga investitsiyalar kiritish va ularni tartibga solish sohasidagi hamkorlikka alohida ahamiyat qaratadilar. Ular energetika sohasidagi investitsiyalarga nisbatan IV boʻlim va 41-moddaning qoidalarini samarali ravishda qoʻllash maqsadida hamkorlik qiladilar.
49-modda
Atrof-muhit va inson salomatligi
Atrof-muhit va inson salomatligi
1. Yevropa energetika Xartiyasini, 1993-yildagi Lyutsern konferensiyasining va 1995-yil oktyabrdagi Sofiya konferensiyasining deklaratsiyalarini eʼtirof etib va Energetika xartiyasi toʻgʻrisidagi Shartnomani, xususan, uning 19-moddasini hamda Energetika samaradorligi va turdosh ekologik jihatlar masalalari boʻyicha Energetika Xartiyasiga doir Bayonnomani eʼtiborga olgan holda, Tomonlar atrof-muhit va inson salomatligi sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar va mustahkamlaydilar.
2. Hamkorlik atrof-muhit yomonlashuviga qarshi kurashishga qaratiladi va xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ifloslanish darajalarini samarali monitoring qilish va atrof-muhit holatini baholash; atrof-muhit holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tizimi;
mahalliy, mintaqaviy va transchegaraviy havo va suv ifloslanishiga qarshi kurashish;
ekologik qayta tiklash;
barqaror, tejamkor va ekologik jihatdan samarali energiyani ishlab chiqarish va undan foydalanish;
sanoat obyektlari xavfsizligi;
kimyoviy moddalarni tasniflash va ulardan xavfsiz foydalanish;
suv sifati;
chiqindilarni kamaytirish, qayta ishlash va xavfsiz yoʻq qilish, Bazel konvensiyasini qoʻllash;
qishloq xoʻjaligi, tuproq eroziyasi va kimyoviy moddalar bilan ifloslanishning atrof-muhitga taʼsiri;
oʻrmonlar muhofazasi;
choʻllanishni nazorat qilish;
biologik xilma-xillikni, qoʻriqxonalarni muhofaza qilish, biologik resurslardan barqaror foydalanish va ularni boshqarish;
yerdan foydalanishni rejalashtirish, shu jumladan, qurilish va shaharsozlikni rejalashtirish;
iqtisodiy va moliyaviy vositalardan foydalanish;
global iqlim oʻzgarishi;
ekologik taʼlim va xabardorlik;
Atrof-muhitga transchegaraviy maʼnodagi taʼsirni baholash toʻgʻrisidagi Espo konvensiyasini qoʻllash.
3. Tomonlar oʻrtasida hamkorlik, xususan, quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlarda harakatlar rejasini ishlab chiqish;
axborot va mutaxassislar almashish, shu jumladan, ekologik toza texnologiyalar transferi va biotexnologiyalardan xavfsiz va ekologik jihatdan oqilona foydalanish bilan bogʻliq maʼlumotlar va mutaxassislar almashinuvi;
qoʻshma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
qonunlarni takomillashtirish;
mintaqaviy va xalqaro miqyosda hamkorlik qilish;
xususan, global va iqlim muammolariga oid, shuningdek, barqaror rivojlanishga erishishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqish;
atrof-muhitga taʼsirlarni oʻrganish.
4. Tomonlar inson salomatligi masalalarida, xususan, yuqumli kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tez tibbiy yordam koʻrsatish va farmatsevtika faoliyatlarida texnik yordam koʻrsatish orqali hamkorlikni rivojlantirishga harakat qiladilar.
50-modda
Transport
Transport
Tomonlar transport sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantiradilar va mustahkamlaydilar.
Mazkur hamkorlik, xususan, Oʻzbekiston Respublikasida transport tizimlari va tarmoqlarini tarkibiy oʻzgartirish va modernizatsiya qilishga, zarur boʻlsa, yanada globallashgan transport tizimiga ega boʻlish maqsadida transport tizimlarining tegishli standartlarga muvofiqligini taʼminlashga, ustuvor loyihalarni aniqlash va ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilishga intilishga qaratiladi.
Hamkorlik, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
avtomobil transporti, temir yoʻllar, portlar, aeroportlar va shahar yoʻlovchi tashish transporti tizimlarini boshqarishni va ularning faoliyatini modernizatsiya qilish;
temir yoʻllar, suv yoʻllari, avtomobil yoʻllari, portlar, aeroportlar va aeronavigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, shu jumladan, yuqoridagi transport turlari boʻyicha oʻzaro manfaatli boʻlgan yirik transport yoʻnalishlarini modernizatsiya qilish;
aralash (multimodal) transport tizimini ragʻbatlantirish va rivojlantirish;
qoʻshma tadqiqotlar va rivojlantirish dasturlarini qoʻllab-quvvatlash;
transport sohasini xususiylashtirishni oʻz ichiga olgan siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun qonunchilik va institutsional bazani yaratish.
51-modda
Pochta xizmatlari va telekommunikatsiyalar
Pochta xizmatlari va telekommunikatsiyalar
Tomonlar oʻzlarining tegishli vakolatlari doirasida quyidagi sohalarda hamkorlikni kengaytiradilar va mustahkamlaydilar:
telekommunikatsiyalar sohasi va pochta xizmatlarini rivojlantirish siyosatlari va yoʻl-yoʻriq prinsiplarini ishlab chiqish;
telekommunikatsiyalar va pochta xizmatlarida tarif siyosati va marketing prinsiplarini ishlab chiqish;
texnologiyalar va nou-xau, shu jumladan texnik standartlar va sertifikatlash tizimlarini uzatish;
telekommunikatsiyalar va pochta xizmatlariga oid loyihalarni rivojlantirishni ragʻbatlantirish va investitsiyalarni jalb qilish;
telekommunikatsiyalar va pochta xizmatlari koʻrsatish samaradorligi hamda sifatini oshirish;
telekommunikatsiyalarni, xususan, elektron pul oʻtkazmalari sohasida ilgʻor qoʻllash;
telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish va ularni “optimallashtirish”;
telekommunikatsiyalar va pochta xizmatlarini koʻrsatish hamda radiochastotalar sektoridan foydalanish uchun normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
bozor iqtisodiyoti sharoitlarida faoliyat yuritish uchun telekommunikatsiya va pochta xizmatlari sohasida kasbiy tayyorlov.
52-modda
Moliyaviy xizmatlar va fiskal institutlar
Moliyaviy xizmatlar va fiskal institutlar
1. Hamkorlik, xususan, Oʻzbekiston Respublikasining umumeʼtirof etilgan oʻzaro hisob-kitoblar tizimidagi ishtirokiga koʻmaklashishga qaratiladi. Texnik yordam, zaruratga qarab, quyidagilarga qaratiladi:
fond birjasi va qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish;
bank xizmatlarini rivojlantirish, kredit resurslarining umumiy bozorini rivojlantirish, Oʻzbekiston Respublikasining umumeʼtirof etilgan oʻzaro hisob-kitoblar tizimidagi ishtiroki;
Birlashgan Qirollik kompaniyalarining Oʻzbekiston Respublikasida sugʻurta sohasida qoʻshma korxonalar tashkil etishda ishtirok etishi uchun qulay asos yaratadigan sugʻurta xizmatlarini rivojlantirish, shuningdek, eksport kreditlarini sugʻurtalashni rivojlantirish.
Mazkur hamkorlik, xususan, moliyaviy xizmatlar sektorida Tomonlar oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanishini kuchaytirishga hissa qoʻshadi.
2. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida fiskal tizim va fiskal institutlarni rivojlantirishda hamkorlik qiladilar. Mazkur hamkorlik fiskal masalalari boʻyicha maʼlumot va tajriba almashishni hamda fiskal siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadigan xodimlarni tayyorlashni oʻz ichiga oladi.
53-modda
Korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish va xususiylashtirish
Korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish va xususiylashtirish
Tomonlar xususiylashtirish iqtisodiyotni barqaror ravishda sogʻlomlashtirish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini eʼtirof etgan holda, zarur institutsional, huquqiy va metodologik bazani rivojlantirishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar. xususiylashtirish jarayonining haqqoniy va shaffof xususiyatiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Texnik yordamda, xususan, quyidagilarga eʼtibor qaratiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatida xususiylashtirish jarayonini belgilash va boshqarishda koʻmaklashish uchun institutsional bazani yanada rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining xususiylashtirish strategiyasini, shu jumladan, qonunchilik bazasini va uni amalga oshirish mexanizmlarini yanada rivojlantirish;
yerdan foydalanish va unga egalik qilishda hamda yerni xususiylashtirishda bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish;
xususiylashtirishga hali tayyor boʻlmagan korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish;
xususan, kichik va oʻrta biznes sohasidagi xususiy tadbirkorlikni, rivojlantirish;
xususiylashtirish investitsiya fondlari tizimlarini rivojlantirish.
Mazkur hamkorlikning maqsadi Birlashgan Qirollikning Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsiyalarini ragʻbatlantirishga hissa qoʻshish ham hisoblanadi.
54-modda
Ijtimoiy sohada hamkorlik
Ijtimoiy sohada hamkorlik
1. Sogʻliqni saqlash va xavfsizlik sohalariga nisbatan, Tomonlar ishchilar sogʻligʻi va xavfsizligini himoya qilish darajasini oshirish maqsadida oʻzaro hamkorlikni rivojlantiradilar.
Hamkorlik, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
faoliyatning xavf darajasi yuqori boʻlgan sektorlariga alohida eʼtibor qaratgan holda, sogʻliqni saqlash va xavfsizlik masalalari boʻyicha taʼlim va oʻquv-treninglar tashkil etish;
kasb kasalliklari va mehnat faoliyati bilan bogʻliq boshqa kasalliklarga qarshi kurashishda profilaktika chora-tadbirlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash;
yirik avariyalar xavfini oldini olish va zaharli kimyoviy moddalarni boshqarish;
mehnat muhiti va ishchilar salomatligi hamda xavfsizligi bilan bogʻliq maʼlumotlar bazasini rivojlantirish boʻyicha tadqiqotlar olib borish.
2. Hamkorlik bandlik sohasiga nisbatan, asosan, quyidagi masalalarda texnik yordam koʻrsatishni oʻz ichiga oladi:
mehnat bozorini optimallashtirish;
ish qidirish va maslahat xizmatlarini modernizatsiya qilish;
tarkibiy oʻzgartirish dasturlarini rejalashtirish va boshqarish;
mahalliy bandlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash;
moslashuvchan bandlik bilan bogʻliq, shu jumladan, yakka tartibdagi mehnat faoliyati va tadbirkorlik rivojlanishiga turtki beradigan dasturlar, toʻgʻrisida maʼlumot almashish.
3. Tomonlar ijtimoiy muhofaza sohasida, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida ijtimoiy himoya sohasidagi islohotlarni rejalashtirish va amalga oshirish boʻyicha hamkorlikka alohida eʼtibor qaratadilar.
Mazkur islohotlar Oʻzbekiston Respublikasida bozor iqtisodiyotiga xos boʻlgan himoya usullarini rivojlantirishga qaratiladi va ijtimoiy himoyaning barcha shakllarini qamrab oladi.
55-modda
Turizm
Turizm
1. Tomonlar turizm sohasida har bir Tomonda raqobatbardosh va barqaror turizm sanoatini iqtisodiy oʻsish, imkoniyatlarni kengaytirish, bandlikning, taʼlim va turizm sektorida almashishning manbai sifatida mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida turizm sohasida hamkorlik qilishga intiladilar.
2. Hamkorlik barqaror turizmning quyidagi prinsiplariga asoslanadi:
(a) mahalliy jamoalarning, xususan qishloq joylarda, yaxlitligi va manfaatlarini hurmat qilish;
(b) madaniy, tarixiy va tabiiy merosni asrash;
(c) turizm va atrof-muhitni muhofaza qilish oʻrtasidagi ijobiy bogʻliqlik;
(d) turizmning mahalliy jamoalar oldidagi ijtimoiy masʼuliyati.
3. Maqsadlarga erishish uchun bunday hamkorlik, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:
(a) turizm sohasidagi statistika va standartlar, innovatsion texnologiyalar, biznes amaliyotlari va bozorning yangi talablari haqidagi maʼlumotlarni almashish;
(b) turizmning barqaror va masʼuliyatli rivojlanish modelini qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor tajribalar va nou-xaularni oʻzaro almashish;
(c) turizm sohasida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha maʼlumotlar va ilgʻor tajribalarni almashish;
(d) Birlashgan Qirollik va Oʻzbekiston Respublikasidagi tegishli tomonlar oʻrtasida faol aloqalarni va oʻsib borayotgan sayyohlar oqimini ragʻbatlantirish;
(e) tarixiy, madaniy va turizm resurslarini qayta tiklash, shu jumladan, moddiy va madaniy meros obyektlarini asrash, muhofaza qilish va boshqarish uchun qoʻshma loyihalarni amalga oshirish;
(f) sayyohlarni qabul qiluvchi mahalliy hududlar infratuzilmasini yaxshilash, resurs bazasini tiklash va turizm xizmatlarini ishlab chiqarish texnologiyalarini yaxshilash uchun investitsiyalarni jalb qilish.
56-modda
Kichik va oʻrta biznes korxonalari
Kichik va oʻrta biznes korxonalari
1. Tomonlar kichik va oʻrta biznes korxonalarini hamda ularning uyushmalarini va Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollikdagi kichik va oʻrta biznes korxonalari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga ham intiladilar.
2. Hamkorlik, zarur hollarda, xususan, quyidagi sohalarda texnik yordamni oʻz ichiga oladi:
kichik va oʻrta biznes korxonalari uchun qonunchilik bazasini rivojlantirish;
kichik va oʻrta biznes korxonalarini qoʻllab-quvvatlash uchun tegishli infratuzilmani rivojlantirish; Oʻzbekistondagi va undan tashqaridagi kichik va oʻrta biznes korxonalari oʻrtasida aloqalarni ragʻbatlantirish hamda kichik va oʻrta biznes korxonalariga moliyalashtirish manbalaridan foydalanish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni oʻrgatish;
marketing, buxgalteriya hisobi va mahsulot sifatini nazorat qilish sohalarida hamkorlik qilish.
57-modda
Axborot va kommunikatsiya
Axborot va kommunikatsiya
Tomonlar axborot bilan ishlashning zamonaviy usullarini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydilar va oʻzaro samarali axborot almashinuvini ragʻbatlantiradilar. Keng jamoatchilikni Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar bilan, jumladan, imkon boʻlganda, intellektual mulk huquqlarini toʻliq hurmat qilgan holda maʼlumotlar bazalaridan foydalanishni taʼminlashga qaratilgan dasturlarga ustuvor ahamiyat beriladi.
58-modda
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
Tomonlar oʻzlarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimlari oʻrtasida oʻzaro muvofiqlikka erishishga qaratilgan yaqin hamkorlikka kirishadilar. Mazkur hamkorlik qonunchilik ishi va institutsional islohotlar haqidagi maʼlumotlarni almashishni, xavfli mahsulotlar haqidagi ikki tomonlama doimiy axborot tizimlarini tashkil etishni, isteʼmolchilarga taqdim etiladigan, xususan, narxlar, taklif etiladigan mahsulotlar va xizmatlar xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yaxshilashni, isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qiluvchi vakillar oʻrtasida almashinuvlarni rivojlantirishni va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish siyosatining muvofiqligini oshirishni hamda seminarlar va oʻquv dasturlarini tashkil qilishni oʻz ichiga olishi mumkin.
59-modda
Bojxona
Bojxona
1. Hamkorlikning maqsadi savdo va adolatli savdo bilan bogʻliq qabul qilinishi rejalashtirilgan barcha qoidalarga rioya qilinishini taʼminlashdan iborat.
2. Hamkorlik quyidagilarni oʻz ichiga oladi, xususan:
maʼlumotlarni almashish;
ish usullarini takomillashtirish;
aralash nomenklatura va yagona maʼmuriy hujjatdan foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollikning tranzit tizimlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqa;
tovarlarni tashish bilan bogʻliq nazorat va rasmiyatchiliklarni soddalashtirish;
zamonaviy bojxona axborot tizimlarini joriy etishga koʻmaklashish;
seminar va oʻquv dasturlarini tashkil qilish.
Zarur boʻlganda, texnik yordam koʻrsatilishi mumkin.
3. Mazkur Bitimda va xususan VIII boʻlimda nazarda tutilgan hamkorlikka daxl qilmagan holda, Tomonlarning maʼmuriy organlari oʻrtasida bojxona ishlarida oʻzaro yordam mazkur Bitimga ilova qilingan Protokol qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tomonlar oʻzlarining savdo munosabatlarida bojxona protseduralarini yengillashtirish imkoniyatlari borasida muhokamalarga kirishishlari mumkin.
60-modda
Statistika sohasida hamkorlik
Statistika sohasida hamkorlik
Mazkur sohadagi hamkorlik iqtisodiy islohotlar jarayonini qoʻllab-quvvatlash va monitoring qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga hissa qoʻshish uchun zarur boʻlgan ishonchli statistik maʼlumotlar bilan taʼminlashga qaratilgan samarali statistika tizimini rivojlantirishni maqsad qilib qoʻyadi.
Tomonlar, xususan, quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
Oʻzbekiston statistika tizimini xalqaro usullar, standartlar va tasniflarga moslashtirish;
statistik maʼlumotlarni almashish;
iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va boshqarish uchun zarur iqtisodiy statistik maʼlumotlarni taqdim etish.
Shu maqsadda Birlashgan Qirollik Oʻzbekiston Respublikasiga texnik yordam koʻrsatish orqali hissa qoʻshishi mumkin.
61-modda
Iqtisodiyot
Iqtisodiyot
Tomonlar oʻzlarining tegishli iqtisodiyotlarining fundamental prinsiplarini tushunishni hamda bozor iqtisodiyotida iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish va tatbiq etishni yaxshilashda hamkorlik qilish orqali iqtisodiy islohotlar jarayoniga va iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirishga koʻmaklashadilar. Shu maqsadda Tomonlar makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va istiqbollar toʻgʻrisida maʼlumot almashadilar.
Birlashgan Qirollik, zarur boʻlganda, quyidagi maqsadlarda texnik yordam koʻrsatadi:
Oʻzbekiston Respublikasiga iqtisodiy islohotlar jarayonida ekspert maslahatlari va texnik yordam koʻrsatish orqali koʻmaklashish;
iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish uchun nou-xaularni olib kirishni tezlashtirish va iqtisodga oid tadqiqotlarning keng targʻib etilishini taʼminlash maqsadida iqtisodchilar oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirish;
iqtisodiy modellarni ishlab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi salohiyatini oshirish.
VII Boʻlim
Demokratiya va inson huquqlari masalalari boʻyicha hamkorlik
Demokratiya va inson huquqlari masalalari boʻyicha hamkorlik
62-modda
Tomonlar demokratik institutlarni barpo etish yoki mustahkamlash bilan bogʻliq, shu jumladan, qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquqlari va fundamental erkinliklarini xalqaro huquq va EXHT prinsiplariga muvofiq himoya qilish uchun zarur boʻlgan barcha masalalarda hamkorlik qiladilar.
Mazkur hamkorlik, zarurat boʻlganda, tegishli qonun hujjatlari va qoidalar loyihalarini ishlab chiqish, bunday qonun hujjatlarini tatbiq etish, sud tizimining faoliyati, adliya masalalarida davlatning roli va saylov tizimi faoliyati sohalarida koʻmaklashishga qaratilgan texnik yordam dasturlari koʻrinishida amalga oshiriladi. Bu hamkorlik, zarur boʻlganda, treninglarni oʻz ichiga olishi mumkin. Tomonlar oʻzlarining milliy, mintaqaviy va adliya organlari, parlament aʼzolari va nodavlat tashkilotlari oʻrtasidagi aloqalar va almashinuvlarni qoʻllab-quvvatlaydilar.
VIII Boʻlim
Noqonuniy faoliyatlarni oldini olish va noqonuniy immigratsiyani oldini olish va nazorat qilish masalalarida hamkorlik
Noqonuniy faoliyatlarni oldini olish va noqonuniy immigratsiyani oldini olish va nazorat qilish masalalarida hamkorlik
63-modda
Tomonlar, jumladan, quyidagi noqonuniy faoliyatlarning oldini olishga qaratilgan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadilar:
iqtisodiyot sohasidagi noqonuniy faoliyatlar, shu jumladan korrupsiya;
turli xil tovarlar, shu jumladan, sanoat chiqindilari bilan bogʻliq noqonuniy bitimlar, qurol-yarogʻning noqonuniy savdosi;
qalbakilashtirish.
Yuqorida qayd etilgan sohalardagi hamkorlik oʻzaro maslahatlashuvlar va uzviy hamjihatlikka asoslanadi. Texnik va maʼmuriy yordam, jumladan, quyidagi sohalarda koʻrsatilishi mumkin:
noqonuniy faoliyatlarni oldini olish sohasida milliy qonun hujjatlarini tayyorlash;
axborot markazlarini tashkil etish;
noqonuniy faoliyatni oldini olish bilan shugʻullanadigan muassasalar samaradorligini oshirish;
xodimlarni oʻqitish va tadqiqot infratuzilmalarini rivojlantirish;
noqonuniy faoliyatga toʻsiq boʻladigan oʻzaro maqbul chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
64-modda
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurollari tarqalishini moliyalashtirish
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurollari tarqalishini moliyalashtirish
1. Tomonlar oʻzlarining moliyaviy tizimlaridan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurollari tarqalishini moliyalashtirishda foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun saʼy-harakatlarni olib borish va hamkorlik qilish zarurligi borasida kelishib oldilar.
2. Mazkur sohadagi hamkorlik terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ushbu sohadagi xalqaro anjumanlarda qabul qilingan, jumladan, Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish guruhi (FATF) tomonidan qabul qilingan standartlarga teng boʻlgan tegishli standartlarni ishlab chiqish maqsadida maʼmuriy va texnik yordamni oʻz ichiga oladi.
65-modda
Giyohvandlik moddalari
Giyohvandlik moddalari
Tomonlar narkotik moddalar, psixotrop moddalar, yangi psixoaktiv moddalar va ularning prekursorlarini noqonuniy ishlab chiqarish, yetkazib berish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash, shu jumladan, prekursor kimyoviy moddalarining aylanma yoʻllar bilan olib oʻtilishining oldini olish boʻyicha siyosat va chora-tadbirlarning samaradorligini va natijadorligini oshirishda, shuningdek, narkotik moddalarga boʻlgan talabni kamaytirish va zarar taʼsirini kamaytirish maqsadida giyohvandlikning salomatlik bilan bogʻliq hamda ijtimoiy oqibatlarini bartaraf etishda hamkorlik qiladilar. Ushbu sohadagi hamkorlik turli sohalarda narkotik moddalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy olib oʻtilishiga qarshi belgilanadigan vazifalar va chora-tadbirlar borasida Tomonlar oʻrtasida oʻzaro maslahatlashuvlar va uzviy muvofiqlashtirishga asoslanadi.
66-modda
Noqonuniy immigratsiya
Noqonuniy immigratsiya
1. Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik noqonuniy immigratsiyani oldini olish va nazorat qilish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Shu maqsadda:
Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Qirollikning hududida noqonuniy ravishda yashayotgan oʻz fuqarolarini Birlashgan Qirollikning soʻroviga binoan va hech qanday rasmiyatchiliklarsiz readmissiya qilishga rozilik beradi; va
Birlashgan Qirollik Oʻzbekiston Respublikasining hududida noqonuniy ravishda yashayotgan oʻz fuqarolarini, Oʻzbekiston Respublikasining soʻroviga binoan va hech qanday rasmiyatchiliklarsiz readmissiya qilishga rozilik beradi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollik oʻz fuqarolarini shunday maqsadlar uchun tegishli shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar bilan taʼminlaydilar.
2. Tomonlar noqonuniy immigratsiyaning oldini olish va nazorat qilish uchun yana qanday qoʻshma saʼy-harakatlarni amalga oshirish mumkinligini oʻrganib chiqadilar.
67-modda
Huquqiy sohada hamkorlik
Huquqiy sohada hamkorlik
Tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashda, xususan, tegishli xalqaro bitimlar va oʻzarolik prinsipi asosida jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam va ekstraditsiya qilish sohasida hamkorlikka koʻmaklashadigan mavjud mexanizmlarning muhimligini eʼtirof etadilar.
IX Boʻlim
Madaniy sohadagi hamkorlik
Madaniy sohadagi hamkorlik
68-modda
Tomonlar madaniy hamkorlikni ilgari surish, ragʻbatlantirish va yengillashtirish majburiyatini oladilar.
X Boʻlim
Texnik yordam sohasida hamkorlik
Texnik yordam sohasida hamkorlik
69-modda
Oʻzbekiston Respublikasi, agar ikki Tomon kelishib olsa, mazkur Bitim maqsadlariga erishishda oʻz hissasini qoʻshish uchun moliyaviy yordamdan foydalanishi mumkin. Har qanday moliyaviy yordam ushbu boʻlim qoidalariga muvofiq koʻrsatiladi.
Moliyaviy yordam bunday koʻrinishdagi yordamning bir qator shakllarini va bu yordamni amalga oshirish mumkin boʻlgan vositalarni, shu jumladan, koʻp tomonlama va mintaqaviy tashkilotlar orqali koʻrsatiladigan yordamni qamrab oladi.
70-modda
Mavjud resurslardan maksimal darajada foydalanish uchun Tomonlar har qanday yordamni boshqa donor mamlakatlar, donor tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari bilan yaqin hamkorlik hamda muvofiqlikda va yordamlar samaradorligi xalqaro prinsiplariga binoan amalga oshirishga harakat qiladilar.
71-modda
Tomonlar har qanday yordamni oqilona moliyaviy boshqaruv prinsiplariga muvofiq ravishda amalga oshiradilar hamda Birlashgan Qirollik va Oʻzbekiston Respublikasining moliyaviy manfaatlarini himoya qilishda hamkorlik qiladilar. Tomonlar firibgarlik, korrupsiya va boshqa har qanday noqonuniy faoliyatning oldini olish va unga qarshi kurashish uchun, shu jumladan, ushbu Bitim bilan qamrab olingan sohalarda oʻzaro maʼmuriy yordam va oʻzaro huquqiy yordam vositasida samarali chora-tadbirlarni koʻradilar.
XI Boʻlim
Institutsional, umumiy va yakuniy qoidalar
Institutsional, umumiy va yakuniy qoidalar
72-modda
1. Tomonlar oʻzaro roziligi asosida kelishib olingan darajada va davriylikda Sherikchilik va hamkorlik muloqotini olib boradilar.
2. Sherikchilik va hamkorlik muloqoti mazkur Bitimning bajarilishini nazorat qiladi. U mazkur Bitim vazifalariga erishish maqsadida ushbu Bitim doirasida vujudga keladigan har qanday muhim masalalarni va oʻzaro manfaatli boshqa har qanday ikki tomonlama yoki xalqaro masalalarni koʻrib chiqadi.
73-modda
Sherikchilik va hamkorlik muloqoti oʻzining tartib-qoidalarini belgilaydi.
74-modda
Sheriklik va hamkorlik muloqoti oʻz vazifalarini bajarishda unga koʻmak beradigan boshqa maxsus qoʻmita yoki organni tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin va bunday qoʻmitalar yoki organlarning tarkibi va vazifalarini hamda ularning faoliyat koʻrsatish tartibini belgilab beradi.
Mazkur Bitim doirasida GATT / JSTning moddasi asos qilib olingan qoida xususida kelib chiqadigan har qanday masalani oʻrganib chiqishda Sheriklik va hamkorlik muloqoti oʻsha asos qilib olingan GATT / JST moddasining JST aʼzolari tomonidan umumiy berilgan talqinni imkon qadar koʻproq hisobga oladi.
Agar Tomonlar oʻrtasida boshqacha kelishib olinmagan boʻlsa, mazkur Bitim kuchga kirgandan keyin Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi Bitimiga muvofiq tashkil etilgan Kengash yoki har qanday qoʻmitalar yoxud kichik qoʻmitalar tomonidan Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi Bitimi Birlashgan Qirollikka nisbatan amal qilishini tugatishdan oldin qabul qilingan har qanday tavsiyalar mazkur Bitimning Tomonlariga taalluqli boʻlgan darajada 72-moddaga binoan oʻrnatilgan Sherikchilik va hamkorlik muloqoti tomonidan ushbu Bitim qoidalari asosida mutatis mutandis qabul qilingan, deb hisoblanadi.
75-modda
Mazkur Bitimdagi hech bir qoida Oʻzbekiston parlamenti va Birlashgan Qirollik parlamenti oʻrtasidagi hamkorlikni cheklamaydi.
76-modda
1. Mazkur Bitim doirasida har bir Tomon boshqa Tomonning jismoniy va yuridik shaxslarining oʻz shaxsiy va mulkiy huquqlarini, shu jumladan, intellektual, sanoat va tijorat mulkiga oid huquqlarini himoya qilish uchun Tomonlarning vakolatli sudlari va maʼmuriy organlariga oʻz fuqarolariga nisbatan kamsitishlardan holi ravishda murojaat qilishlarini taʼminlash majburiyatini oladi.
2. Oʻzlarining tegishli huquq va vakolatlari chegaralarida Tomonlar:
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Qirollikning xoʻjalik yurituvchi subyektlari tomonidan tuzilgan tijorat va hamkorlik bitimlari boʻyicha kelib chiqadigan nizolarni hal qilishda arbitrajdan foydalanishni qoʻllab-quvvatlaydilar;
nizo arbitraj sudi muhokamasiga topshirilgan taqdirda, Tomonlar tanlagan arbitraj markazida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, nizolashuvchi har bir Tomon, millatidan qatʼi nazar, oʻz arbitraj sudyasini tanlashi mumkinligiga va raislik qiluvchi uchinchi arbitr yoki yagona arbitr uchinchi davlat fuqarosi boʻlishi mumkinligiga kelishib oladilar;
oʻzlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlariga ularning shartnomalariga nisbatan qoʻllaniladigan qonunlarni oʻzaro kelishuv asosida tanlashni tavsiya etadilar;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi boʻyicha qoʻmitasi (UNCITRAL) tomonidan ishlab chiqilgan arbitraj qoidalaridan va 1958-yil 10-iyunda Nyu-Yorkda tuzilgan Xorijiy arbitraj qarorlarini tan olish va ijro etish toʻgʻrisidagi Konvensiyani imzolagan davlatning har qanday markazida arbitrajdan foydalanishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
77-modda
Mazkur Bitimdagi hech bir qoida Tomonlarga quyidagi chora-tadbirlarni koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi:
(a) u oʻz xavfsizligi bilan bogʻliq muhim manfaatlarga zid boʻlgan maʼlumotlar oshkor etilishining oldini olish uchun zarur deb hisoblagan chora-tadbirlar;
(b) qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar yoki harbiy maqsadlarga moʻljallangan tovarlar ishlab chiqarish yoki sotish yoxud mudofaa maqsadlari uchun zarur boʻlgan tadqiqotlar, ishlanmalar yoki ishlab chiqarish bilan bogʻliq chora-tadbirlar, agar bunday chora-tadbirlar harbiy maqsadlar uchun moʻljallanmagan mahsulotlarga nisbatan raqobatchilik shart-sharoitlarini yomonlashtirmasa;
(c) qonun va tartibni saqlashga taʼsir qiladigan jiddiy ichki tartibsizliklar boʻlgan taqdirda, urush paytida yoki urush xavfini keltirib chiqarayotgan jiddiy xalqaro keskinlik sharoiti yuzaga kelganda yoxud tinchlik va xalqaro xavfsizlikni saqlash maqsadida u oʻzi qabul qilgan majburiyatlarini bajarish uchun zarur deb hisoblagan chora-tadbirlar;
(d) u ikki xil maqsadda foydalanish uchun moʻljallangan sanoat tovarlari va texnologiyalari ustidan nazorat boʻyicha oʻzining xalqaro majburiyatlarini va vazifalarini bajarish uchun zarur deb hisoblagan chora-tadbirlar.
78-modda
1. Mazkur Bitim bilan qamrab olingan sohalarda va unda mavjud har qanday maxsus qoidalarga daxl qilmagan holda:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Birlashgan Qirollikga nisbatan qoʻllaniladigan kelishuvlar Birlashgan Qirollik fuqarolari yoki uning kompaniyalari yoxud firmalari oʻrtasida hech qanday kamsitishlarga olib kelmasligi kerak;
Birlashgan Qirollik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan qoʻllaniladigan kelishuvlar Oʻzbekiston fuqarolari yoki uning kompaniyalari yoxud firmalari oʻrtasida hech qanday kamsitishlarga olib kelmasligi kerak.
2. 1-band qoidalari Tomonlarning yashash joylari nuqtai nazaridan bir xil vaziyatda boʻlmagan soliq toʻlovchilarga nisbatan oʻzlarining soliq qonunchiligining tegishli qoidalarini qoʻllash huquqiga monelik qilmaydi.
79-modda
1. Ikki Tomonning har biri ushbu Bitimni qoʻllash yoki talqin qilish bilan bogʻliq har qanday nizoni Sherikchilik va hamkorlik muloqotiga taqdim qilishi mumkin.
2. Sherikchilik va hamkorlik muloqoti nizoni tavsiya yoʻli bilan hal qilishi mumkin.
3. Agar 2-bandga muvofiq nizoni hal qilishning imkoni boʻlmasa, Tomonlardan istalgan biri vositachi tayinlagani toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni xabardor qilishi mumkin; bunday holatda, ikkinchi Tomon ikki oy ichida ikkinchi vositachini tayinlashi kerak.
Sherikchilik va hamkorlik muloqoti uchinchi vositachini tayinlaydi.
Vositachilarning tavsiyalari koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Bunday tavsiyalar Tomonlar uchun majburiy hisoblanmaydi.
4. Sherikchilik va hamkorlik muloqoti nizolarni hal qilish tartib-qoidalarini belgilashi mumkin.
80-modda
Tomonlar mazkur Bitimni talqin qilish yoki amalga oshirish hamda Tomonlar oʻrtasidagi munosabatlarning boshqa tegishli jihatlari bilan bogʻliq har qanday masalani muhokama qilish uchun istalgan Tomonning soʻroviga binoan tegishli kanallar orqali zudlik bilan maslahatlashuv oʻtkazishga kelishib oladilar.
Mazkur moddaning qoidalari 11, 79 va 83-moddalarga biror-bir tarzda taʼsir koʻrsatmaydi va daxl qilmaydi.
81-modda
Mazkur Bitimda nazarda tutilgan masalalar Energetika xartiyasi Shartnomasi va uning bayonnomalari bilan qamrab olingan boʻlsa, bunday Shartnoma va protokollar kuchga kirgandan soʻng ushbu masalalarga nisbatan, ularda qay darajada qoʻllash nazarda tutilgan boʻlsa, shu darajada qoʻllaniladi.
82-modda
Mazkur Bitim cheklanmagan muddatga tuziladi. Tomonlarning istalgan biri ikkinchi Tomonni xabardor qilish orqali ushbu Bitimni denonsatsiya qilishi mumkin. Mazkur Bitimning amal qilishi bunday xabarnoma olingan sanadan boshlab olti oydan soʻng tugatiladi.
83-modda
1. Tomonlar ushbu Bitim boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarish uchun zarur boʻlgan har qanday umumiy yoki maxsus chora-tadbirlarni koʻradilar. Ular mazkur Bitimda belgilangan maqsadlarga erishilishini kuzatib boradilar.
2. Agar istalgan Tomon boshqa Tomon ushbu Bitim boʻyicha majburiyatni bajarmadi deb topsa, u tegishli chora-tadbirlarni koʻrishi mumkin. Bunday harakatni amalga oshirishdan oldin, maxsus shoshilinch vaziyatlar bundan mustasno, u Tomonlar uchun maqbul boʻlgan yechimni topish maqsadida Sherikchilik va hamkorlik muloqotini vaziyatni puxta oʻrganish uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlar bilan taʼminlaydi.
Mazkur chora-tadbirlarni tanlashda mazkur Bitimning faoliyatiga iloji boricha eng kam taʼsir koʻrsatadigan chora-tadbirlarga ustuvor ahamiyat berilishi kerak. Mazkur chora-tadbirlar haqida, agar boshqa Tomon bu haqida soʻrasa, Sherikchilik va hamkorlik muloqotiga darhol xabar qilinadi.
84-modda
I, II, III va IV ilovalar, Protokol, Yakuniy hujjat va qoʻshma deklaratsiyalar bilan birgalikda, Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
85-modda
Mazkur Bitim boʻyicha jismoniy shaxslar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng huquqlarga erishilmagunga qadar, mazkur Bitim bir tomondan Oʻzbekiston Respublikasi va ikkinchi tomondan Birlashgan Qirollik uchun majburiy boʻlgan mavjud bitimlar orqali ularga berilgan huquqlarga daxl qilmaydi.
86-modda
Mazkur Bitim Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi Bitimi Birlashgan Qirollikka nisbatan amal qilishi tugashidan oldin qoʻllagan darajada va shartlarda:
(a) bir tomondan, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga nisbatan; va
(b) ikkinchi tomondan, Birlashgan Qirollik va u xalqaro munosabatlar uchun masʼul boʻlgan uning quyidagi hududlari: (i) Gibraltar; (ii) Normand orollari va Men oroliga nisbatan amal qiladi.
87-modda
1. Har bir Tomon boshqa Tomonni ushbu Bitim kuchga kirishi uchun oʻzining qonunlari talab qiladigan ichki protseduralarni bajarganligi toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi.
2. Mazkur Bitim quyidagilardan eng soʻnggi sanadan boshlab kuchga kiradi:
(a) Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi Bitimining Birlashgan Qirollikka nisbatan amal qilishi tugatiladigan sana;
(b) Tomonlarning ushbu Bitim kuchga kirishi uchun talab qilinadigan ichki protseduralarini bajarganligi toʻgʻrisida soʻnggi xabarnoma olingan sanadan keyin keladigan oyning birinchi kuni.
3. Mazkur Bitim kuchga kirgunga qadar, Tomonlar oʻz qonunlari talab qiladigan bunday ichki protseduralarni bajarganliklari toʻgʻrisidagi xabarnomalarni oʻzaro almashish orqali ushbu Bitimning vaqtincha qoʻllanilishiga kelishib olishlari mumkin.
4. Agar 87-moddaning 3-bandiga muvofiq kelishib olingan boʻlsa, mazkur Bitim Tomonlar oʻrtasida quyidagilardan eng soʻnggi sanadan boshlab vaqtincha qoʻllaniladi:
(a) Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi Bitimining Birlashgan Qirollikka nisbatan amal qilishi tugatiladigan sana;
(b) vaqtincha qoʻllanilishga oid har bir Tomon qonunlariga binoan bunday ichki protseduralarni bajarganligi toʻgʻrisida soʻnggi xabarnoma olingan sana.
5. Mazkur moddaning 1 va 3-bandlariga muvofiq ichki protseduralar bajarilganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani Birlashgan Qirollik Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligiga yoki uning huquqiy vorisiga, Oʻzbekiston esa Birlashgan Qirollikning Tashqi ishlar va hamdoʻstlik masalalari boʻyicha vazirligiga yoki uning huquqiy vorisiga taqdim etadi.
6. Agar mazkur Bitim kuchga kirgunga qadar, u 3 va 4-bandlarga muvofiq vaqtincha qoʻllaniladigan boʻlsa, ushbu hujjatda boshqacha holat nazarda tutilmagan taqdirda, mazkur Bitimdagi kuchga kirish sanasiga barcha havolalar vaqtincha qoʻllanilish kuchga kirgan sanani bildiradi.
7. Har bir Tomon boshqa Tomonga mazkur Bitimning vaqtincha qoʻllanilishini bekor qilish niyati toʻgʻrisida yozma xabarnoma berishi mumkin. Vaqtincha qoʻllanilishni bekor qilish bu haqida boshqa Tomon xabarnomani olgan paytdan boshlab ikki oy oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Buning tasdigʻi sifatida, oʻz hukumatlari tomonidan lozim darajada vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2019-yil 31-oktabrda ikki nusxada, oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda ikkala matn teng kuchga egadir.
(imzolar)
Ilova qilingan hujjatlar roʻyxati
I ilova
18-moddaning (2)-bandiga muvofiq Birlashgan Qirollik tomonining qoʻshimcha shartlari
II ilova
18-moddaning (4)-bandiga muvofiq Oʻzbekiston tomonining qoʻshimcha shartlari
III ilova
21-moddaning (3)-bandida nazarda tutilgan moliyaviy xizmatlar
IV ilova
37-moddada keltirilgan intellektual, sanoat va tijorat mulki toʻgʻrisidagi konvensiyalar
Bojxona masalalarida maʼmuriy organlar oʻrtasida oʻzaro yordam toʻgʻrisida Protokol
Yakuniy hujjat va qoʻshma deklaratsiyalar
I ilova
18-moddaning (2)-bandiga muvofiq Birlashgan Qirollik tomonining qoʻshimcha shartlari
18-moddaning (2)-bandiga muvofiq Birlashgan Qirollik tomonining qoʻshimcha shartlari
Konchilik
Birlashgan Qirollik nazorati ostida boʻlmagan kompaniyalar uchun foydali qazilmalar konlari va mineral resurslar qazib olish huquqlarini qoʻlga kiritish uchun konsessiya talab qilinishi mumkin.
Baliqchilik
Birlashgan Qirollikning suverenitet ostida boʻlgan yoki uning yurisdiksiyasiga kiradigan dengiz suvlarida joylashgan biologik resurslar va baliq ovlash hududlariga kirish va ulardan foydalanish, agar boshqa holatlar nazarda tutilmagan boʻlsa, Birlashgan Qirollik bayrogʻi ostida va Birlashgan Qirollikda roʻyxatdan oʻtgan baliq ovlash kemalari bilan cheklanadi.
Koʻchmas mulk sotib olish
Birlashgan Qirollik kompaniyasi boʻlmagan kompaniyalar tomonidan koʻchmas mulk sotib olinishiga nisbatan cheklovlar qoʻyilishi mumkin.
Audiovizual xizmatlar, shu jumladan, radio
Ishlab chiqarish va tarqatish, shu jumladan, efirga uzatish yoki ommaga boshqa shakllarda yetkazish usullariga nisbatan milliy rejim muayyan kelib chiqish mezonlariga javob beradigan audiovizual ishlar bilan cheklanishi mumkin.
Telekommunikatsiya xizmatlari, shu jumladan, mobil va sunʼiy yoʻldosh xizmatlari
Cheklov oʻrnatilgan xizmatlar
Baʼzi tarmoqlarda qoʻshimcha xizmatlar va infratuzilma bilan bogʻliq bozorga kirish cheklangan.
Professional xizmatlar
Bu xizmatlarni koʻrsatish huquqi faqat Birlashgan Qirollik fuqarosi boʻlgan jismoniy shaxslarga beriladi. Muayyan shartlar asosida ushbu shaxslar kompaniyalar tuzishlari mumkin.
Axborot agentliklari xizmatlari
Nashriyot kompaniyalarida va teleradio kompaniyalarida xorijiy kompaniyalar ishtirokiga nisbatan cheklovlar mavjud.
II ilova
18-moddaning (4)-bandiga muvofiq Oʻzbekiston tomonining qoʻshimcha shartlari
18-moddaning (4)-bandiga muvofiq Oʻzbekiston tomonining qoʻshimcha shartlari
Amaldagi Oʻzbekiston investitsiya qonunchiligiga binoan, Oʻzbekistonda taʼsis etish istagida boʻlgan xorijiy kompaniyalar Davlat xizmatlari markazlarida roʻyxatdan oʻtishi va oʻz mamlakatida tegishli ravishda roʻyxatdan oʻtkazilganligini va moliyaviy toʻlovga qodirligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi shart.
Mazkur roʻyxatga olish protsedurasi ushbu Bitimning 18-moddasiga binoan Birlashgan Qirollik kompaniyalariga berilgan imtiyozlarni bekor qilish yoki ushbu Bitimning boshqa qoidalarini buzish maqsadida foydalanilishi mumkin emas.
III ilova
21-moddaning (3)-bandida nazarda tutilgan moliyaviy xizmatlar
21-moddaning (3)-bandida nazarda tutilgan moliyaviy xizmatlar
Moliyaviy xizmat — bu bir Tomonning moliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi xoʻjalik yurituvchi subyekti tomonidan taklif etiladigan moliyaviy xususiyatga ega har qanday xizmatdir. Moliyaviy xizmatlar quyidagi faoliyat turlarini oʻz ichiga oladi:
A. Sugʻurta va sugʻurta bilan bogʻliq barcha xizmatlar.
1. Toʻgʻridan-toʻgʻri sugʻurta (shu jumladan, qoʻshma sugʻurta).
(i) hayot sugʻurtasi
(ii) hayot bilan bogʻliq boʻlmagan sugʻurta
2. Qayta sugʻurtalash va retrotsessiya.
3. Brokerlik va agentlik kabi sugʻurta vositachiligi.
4. Sugʻurtalash boʻyicha qoʻshimcha xizmatlar, masalan, maslahat, aktuariy, xatarlarni baholash va daʼvolarni hal qilish boʻyicha xizmatlar.
B. Bank va boshqa moliyaviy xizmatlar (sugʻurtadan tashqari).
1. Aholidan omonatlar va boshqa qaytariladigan mablagʻlarni qabul qilish.
2. Barcha turdagi kreditlar, shu jumladan, isteʼmol krediti, ipoteka krediti, faktoring va tijorat operatsiyalarini moliyalashtirish.
3. Moliyaviy lizing.
4. Toʻlov va pul oʻtkazmalari boʻyicha barcha xizmatlar, shu jumladan, kredit toʻlovlari va debet kartalari, yoʻl pattalari va bank trattalari.
5. Kafolatlar va majburiyatlar.
6. Oʻz hisobidan yoki mijozlar hisobidan, birjada, tashqi bozorda yoki boshqa usulda quyidagilar bilan savdo qilish:
(a) pul bozori instrumentlari (cheklar, veksellar, depozit sertifikatlari va boshqalar);
(b) valyuta ayriboshlash;
(c) hosilaviy mahsulotlar, shu jumladan, lekin bu bilan cheklanmaydigan, fyucherslar va opsionlar;
(d) valyuta kurslari va foiz stavkalari bilan bogʻliq boʻlgan instrumentlar, shu jumladan, svoplar, forvard foiz stavkalari toʻgʻrisidagi bitimlar va boshqalar;
(e) muomalada boʻlgan qimmatli qogʻozlar;
(f) muomalada boʻlgan boshqa instrumentlar va moliyaviy aktivlar, jumladan, qimmatbaho metallar.
7. Qimmatli qogʻozlarning barcha turlarini chiqarishda vositachi sifatida ishtirok etish, shu jumladan, ularning anderraytingda va joylashtirishda (ochiq yoki yopiq savdo), shuningdek, ushbu masalalar bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatish.
8. Pul brokerligi.
9. Aktivlarni boshqarish, jumladan, naqd pul yoki portfelni boshqarish, kollektiv investitsiyalarni boshqarishning barcha shakllari, pensiya jamgʻarmasini boshqarish, saqlash depozitariylari va trast xizmatlari.
10. Moliyaviy aktivlar, jumladan, qimmatli qogʻozlar, hosilaviy mahsulotlar va muomalada boʻlgan boshqa instrumentlar boʻyicha hisob-kitob va kliring xizmatlari.
11. Yuqoridagi 1 — 10-bandlarda sanab oʻtilgan barcha faoliyat turlari boʻyicha maslahat vositachiligi va boshqa qoʻshimcha moliyaviy xizmatlar, jumladan, kredit maʼlumotlari va tahlillari, investitsiyalar va portfellar boʻyicha tadqiqotlar va maslahatlar, qoʻshib olish (xarid qilish) va korporativ qayta qurish hamda strategiya boʻyicha maslahatlar.
12. Boshqa moliyaviy xizmat koʻrsatuvchilar tomonidan moliyaviy maʼlumotlar yetkazib berish va uzatish, shuningdek, moliyaviy maʼlumotlarni va tegishli dasturiy taʼminotlarni qayta ishlash.
Taʼrifda nazarda tutilgan moliyaviy xizmatlarga quyidagi faoliyatlar kirmaydi:
(a) Markaziy banklar yoki har qanday boshqa davlat muassasasi tomonidan pul-kredit va valyuta kurslari siyosati boʻyicha olib boriladigan faoliyatlar;
(b) Markaziy banklar, davlat idoralari yoki departamentlari yoki davlat muassasalari tomonidan hukumat nomidan yoki hukumat kafolati bilan amalga oshiriladigan faoliyat turlari, ammo bu faoliyat turlari moliyaviy xizmat koʻrsatuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yuqorida aytilgan davlat tashkilotlari bilan raqobatchilikda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan holatlar bundan mustasno;
(c) Moliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan davlat tashkilotlari yoki xususiy muassasalar bilan raqobat sharoitida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan holatlarni oʻz ichiga olmagan, ijtimoiy himoya yoki davlat pensiya rejalari davlat tizimining bir qismini tashkil etuvchi faoliyat turlari.
IV ilova
37-moddada nazarda tutilgan intellektual, sanoat va tijorat mulki toʻgʻrisidagi konvensiyalar
37-moddada nazarda tutilgan intellektual, sanoat va tijorat mulki toʻgʻrisidagi konvensiyalar
1. 37-moddaning (2)-bandida quyidagi koʻp tomonlama konvensiya nazarda tutiladi:
Ijrochilar, fonogrammalar ishlab chiqaruvchilar va radioeshittirish tashkilotlari huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro Konvensiya (Rim, 1961-yil).
2. Tomonlar 37-moddaning (2)-bandini boshqa koʻp tomonlama konvensiyalarga nisbatan qoʻllashni tavsiya qilishlari mumkin. Agar savdo sharoitlariga taʼsir qiladigan intellektual, sanoat va tijorat mulki sohasidagi muammolar yuzaga kelsa, Tomonlardan istalgan birining soʻroviga binoan, ikki Tomonni ham qoniqtiradigan yechimlarni topish uchun shoshilinch ravishda maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
3. Tomonlar oʻzlarining quyidagi koʻp tomonlama konvensiyalardan kelib chiqadigan majburiyatlarining muhimligini tasdiqlaydilar:
Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish toʻgʻrisida Bern Konvensiyasi (Parij akti, 1971-yil);
Belgilarni xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Madrid Bitimiga doir Bayonnoma (Madrid, 1989-yil);
Belgilar roʻyxatga olinadigan xalqaro tovarlar va xizmatlar tasnifi toʻgʻrisida Nitstsa Bitimi (Jeneva, 1977-yil va 1979-yilgi kiritilgan qoʻshimchalari bilan);
Patent tartibotlar maqsadlari uchun mikroorganizmlar toʻplashni xalqaro tan olish toʻgʻrisida Budapesht Bitimi (1977-yil, 1980-yilgi oʻzgartirishlari bilan);
Oʻsimliklarning yangi navlarini muhofaza qilish toʻgʻrisida xalqaro Konvensiya (UPOV) (Jeneva akti, 1991-yil.);
Sanoat mulkini himoya qilish boʻyicha Parij Konvensiyasi (Stokgolm akti, 1967-yil va 1979-yilgi kiritilgan qoʻshimchalari bilan);
Belgilarni xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida Madrid Bitimi (Stokgolm akti, 1967-yil va 1979-yilgi kiritilgan qoʻshimchalari bilan);
Patent kooperatsiyasi toʻgʻrisida (Vashington, 1970-yil, 1979-yilgi kiritilgan qoʻshimchalari va 1984-yilgi oʻzgartirishlari bilan).
4. Mazkur Bitim kuchga kirgandan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Qirollik kompaniyalariga va fuqarolariga intellektual, sanoat va tijorat mulkini tan olish hamda himoya qilish borasida ikki tomonlama bitimlar boʻyicha har qanday uchinchi davlatga berilganidan kam boʻlmagan qulay rejimni taqdim etadi.
5. 4-band qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi har qanday uchinchi davlatga samarali oʻzarolik asosida beradigan imtiyozlarga va Oʻzbekiston Respublikasi Sobiq Ittifoq tarkibiga kirgan boshqa davlatlarga bergan imtiyozlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bojxona masalalarida maʼmuriy organlar oʻrtasida oʻzaro yordam toʻgʻrisida
PROTOKOL
PROTOKOL
1-modda
Tushunchalar
Tushunchalar
Mazkur Protokolning maqsadlariga koʻra:
(a) “bojxona qonunchiligi” Tomonlarning hududida amal qiladigan tovarlar importi, eksporti, tranzitini hamda bojxona protseduralari, shu jumladan, taqiqlash, cheklash va nazorat qilish choralarini tartibga soluvchi har qanday qonuniy yoki tartibga soluvchi qoidalarni anglatadi;
(b) “soʻrov beruvchi organ” tegishli Tomonning shu maqsadda tayinlangan va bojxona masalalarida yordam soʻrab murojaat qiladigan vakolatli maʼmuriy organini anglatadi;
(c) “soʻrov oluvchi organ” tegishli Tomonning shu maqsadda tayinlangan va bojxona masalalarida yordam soʻrab qilingan murojaatni oluvchi vakolatli maʼmuriy organini anglatadi;
(d) “shaxsiy maʼlumotlar” shaxsi aniqlangan yoki shaxsini aniqlash mumkin boʻlgan shaxsga tegishli barcha maʼlumotlarni anglatadi.
2-modda
Qoʻllash doirasi
Qoʻllash doirasi
1. Tomonlar oʻzlarining yurisdiksiyalari doirasidagi sohalarda, ushbu Protokolda belgilangan tartibda va shartlarda, bojxona qonunchiligining buzilishi bilan bogʻliq operatsiyalarni oldini olish, aniqlash va tergov qilishda bir-birlariga yordam beradilar.
2. Mazkur Protokolda koʻzda tutilgan bojxona masalalarida yordam Tomonlarning ushbu Protokolni qoʻllash vakolatiga ega boʻlgan maʼmuriy organlariga nisbatan amal qiladi. U jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro yordamni tartibga soluvchi qoidalarga zarar yetkazmaydi. Shuningdek, u sud organlari soʻroviga binoan amalga oshiriladigan vakolatlar doirasida olingan maʼlumotlar, agar ushbu sud organlari bunga rozi boʻlmasa, qamrab olmaydi.
3-modda
Soʻrov boʻyicha yordam
Soʻrov boʻyicha yordam
1. Soʻrov beruvchi organning soʻroviga binoan, soʻrov oluvchi organ unga bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash uchun barcha zarur maʼlumotlarni, shu jumladan, qayd etilgan yoki rejalashtirgan ushbu qonunchilikni buzgan boʻlishi mumkin boʻlgan operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
2. Soʻrov beruvchi organning soʻroviga binoan, soʻrov oluvchi organ, agar zarur boʻlsa, tovarlarga nisbatan qoʻllaniladigan bojxona tartibotini koʻrsatib oʻtgan holda, Tomonlardan birining hududidan eksport qilingan tovarlar ikkinchi Tomonning hududiga tegishlicha import qilinganligi toʻgʻrisida xabar beradi.
3. Soʻrov beruvchi organining soʻroviga binoan, soʻrov oluvchi organ oʻz qonunlari doirasida quyidagilar ustidan doimiy kuzatuvni taʼminlash uchun zarur choralarni koʻradi:
(a) bojxona qonunchiligini buzayotgan yoki buzgan deb hisoblash uchun asosli sabablar bor boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxslar;
(b) tovarlar bojxona qonunlarini buzadigan harakatlar uchun moʻljallangan deya taxmin qilish uchun asos boʻladigan tarzda saqlanadigan joylar;
(c) bojxona qonunchiligini buzilishi mumkin, deya maʼlum qilingan tovarlar harakati;
(d) bojxona qonunchiligini buzishda foydalanilgan, foydalanilayotgan yoki foydalanilishi mumkin, deb gumon qilish uchun asosli sabablar mavjud boʻlgan transport vositalari.
4-modda
Soʻrovlarsiz yordam koʻrsatish
Soʻrovlarsiz yordam koʻrsatish
Tomonlar agar ular bojxona qonunchiligini toʻgʻri qoʻllash uchun zarur deb hisoblasalar, oʻzlarining milliy qonunlari, qoidalari va boshqa huquqiy hujjatlari ruxsat berganicha, bir-birlariga yordam beradilar, xususan ular quyidagilar haqida maʼlumot olganlarida:
bojxona qonunchiligiga zid boʻlgan yoki ziddek koʻrinayotgan va ikkinchi Tomonni qiziqtirishi mumkin boʻlgan harakatlar;
bunday harakatlarni amalga oshirishda foydalaniladigan yangi vositalar yoki usullar;
bojxona qonunchiligi buzganligi maʼlum boʻlgan tovarlar;
ularni bojxona qonunchiligini buzadigan yoki buzgan deb taxmin qilish uchun asosli sabablar boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxslar;
bojxona qonunchiligini buzishda foydalanilgan, foydalanilayotgan yoki foydalanilishi mumkin, deb gumon qilish uchun asosli sabablar mavjud boʻlgan transport vositalari.
5-modda
Etkazish/Xabardor qilish
Etkazish/Xabardor qilish
Soʻrov beruvchi organning soʻroviga binoan, soʻrov oluvchi organ oʻz qonunchiligiga muvofiq, uning hududida yashovchi yoki joylashgan oluvchiga ushbu Protokolni qoʻllash doirasiga kiruvchi:
barcha hujjatlarni yetkazish,
barcha qarorlar haqida xabardor qilish,
uchun barcha zarur choralarni koʻradi. Bunday hollarda, soʻrovning oʻziga nisbatan 6-moddaning (3)-bandi qoʻllaniladi.
6-modda
Yordam haqidagi soʻrovni yoʻllash shakli va mazmuni
Yordam haqidagi soʻrovni yoʻllash shakli va mazmuni
1. Ushbu Protokolga muvofiq soʻrovlar yozma ravishda amalga oshiriladi. Soʻrovni bajarish uchun zarur hujjatlar soʻrovga ilova qilinadi. Vaziyatning shoshilinchligi tufayli zarur boʻlgan taqdirda, ogʻzaki soʻrovlar qabul qilinishi mumkin, ammo soʻrov darhol yozma ravishda tasdiqlanishi kerak.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq soʻrovlar quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
(a) soʻrov beruvchi organ;
(b) soʻrovda koʻrish soʻralgan chora;
(c) soʻrov predmeti va asosi;
(d) soʻrovga taalluqli boʻlgan qonunlar, qoidalar va boshqa huquqiy elementlar;
(e) tekshirish obyekti boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxslar toʻgʻrisida iloji boricha aniq va toʻliq koʻrsatmalar;
(f) tegishli faktlar va yigʻilgan maʼlumotlarning qisqacha bayoni, 5-moddada koʻzda tutilgan holatlar bundan mustasno.
3. Soʻrovlar soʻrov oluvchi organning rasmiy tilida yoki u organ uchun maqbul boʻlgan tilda taqdim etiladi.
4. Agar soʻrov rasmiy talablarga javob bermasa, uni tuzatish yoki toʻldirish haqida talabnoma taqdim etish mumkin; ammo ehtiyot choralarini koʻrish haqida koʻrsatma berish mumkin.
7-modda
Soʻrovlarni bajarish
Soʻrovlarni bajarish
1. Yordam toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarish uchun soʻrov oluvchi organ oʻz vakolati va mavjud resurslaridan kelib chiqib, oʻzida mavjud maʼlumotlarni taqdim etgan holda, tegishli surishtiruvlarni amalga oshirgan holda yoki surishtiruvlarni boshqalar tomonidan amalga oshirilishini tashkil etgan holda xuddi oʻz nomidan yoki xuddi oʻz Tomonining boshqa davlat organi soʻroviga binoan harakat qilgandek harakat qiladi. Ushbu qoida soʻrov olgan organ mustaqil ravishda harakat qila olmaganda soʻrovni bajarish uchun topshirgan maʼmuriy muassasaga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Yordam haqidagi soʻrovlari soʻrov oluvchi Tomonning qonunlari, qoidalari va boshqa huquqiy hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Biror Tomonning tegishli vakolatli mansabdor shaxslari, ikkinchi Tomonning roziligi bilan va ikkinchi tomon belgilagan shartlarda, soʻrov oluvchi organ ofislaridan yoki soʻrov oluvchi organga hisob beradigan boshqa organning ofislaridan ushbu Protokol maqsadlari uchun soʻrov beruvchi organga zarur boʻlgan bojxona qonunchiligini buzgan yoki buzgan boʻlishi mumkin boʻlgan harakatlarga oid maʼlumotlarni olishlari mumkin.
4. Biror Tomonning mansabdor shaxslari ikkinchi Tomonning roziligi bilan va ikkinchi Tomon belgilagan shartlarga muvofiq, uning hududida oʻtkaziladigan tergov-surishtiruvlarda ishtirok etishlari mumkin. Bunda ular ish formasi kiymasliklari va yonlarida qurol olib yurmasliklari kerak.
8-modda
Maʼlumot taqdim etish shakli
Maʼlumot taqdim etish shakli
1. Soʻrov oluvchi organ surishtiruv natijalarini soʻrov beruvchi organga hujjatlar, hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari, hisobotlar va boshqa shunga oʻxshash shakllarda taqdim etadi.
2. 1-bandda koʻrsatilgan hujjatlar xuddi shu maqsadda istalgan shaklda ishlab chiqilgan kompyuterlashtirilgan maʼlumotlar bilan almashtirilishi mumkin.
9-modda
Yordam koʻrsatish majburiyati rad etiladigan istisno holatlar
Yordam koʻrsatish majburiyati rad etiladigan istisno holatlar
1. Tomonlar ushbu Protokolda koʻzda tutilgan yordamni rad etishlari mumkin, agar yordam koʻrsatish:
(a) ushbu Protokol boʻyicha yordam soʻralgan Tomonning suverenitetiga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa; yoki
(b) davlat siyosatiga, xavfsizlikka yoki boshqa muhim manfaatlarga, xususan, 10-moddaning (2)-bandida nazarda tutilgan holatlarga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa; yoki
(c) bojxona toʻlovlari toʻgʻrisidagi qonunlar emas, balki valyuta yoki soliq qonunchiligi bilan bogʻliq boʻlsa; yoki
(d) sanoat, tijorat yoki professional sirning saqlanishiga zarar yetkazadigan boʻlsa.
2. Agar soʻrov beruvchi organ Ikkinchi tomon soʻraganda oʻzi Ikkinchi tomonga koʻrsata olmaydigan yordamni soʻrasa, u soʻrovda bu holat haqida bayon qilib oʻtishi kerak. Bunday holatda, bunday soʻrovga qanday javob berishni hal qilish soʻrov oluvchi organning ixtiyorida boʻladi.
3. Agar yordam rad etilsa, bunday qaror va uning sabablari kechiktirmasdan soʻrov beruvchi organga xabar qilinishi kerak.
10-modda
Axborot almashinuvi va maxfiyligi
Axborot almashinuvi va maxfiyligi
1. mazkur Protokolga muvofiq har qanday shaklda yetkazilgan har qanday maʼlumot, Tomonlarning har birida qoʻllaniladigan qoidalarga qarab, maxfiy yoki cheklangan xaraktyerga ega boʻladi. U rasmiy sirni saqlash majburiyati qamrovi doirasiga kiradi va uni taqdim etgan Tomonning tegishli qonunlariga binoan himoya qilinadigan maʼlumot kabi himoya qilinadi.
2. Shaxsiy maʼlumotlar faqat qabul qiluvchi Tomon yetkazib beruvchi Tomonning aynan ushbu holatiga nisbatan qoʻllaniladigan usulga kamida teng boʻlgan usulda bunday maʼlumotni himoya qilish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan taqdirdagina almashilishi mumkin.
3. Olingan maʼlumotlar faqat ushbu Protokol maqsadlari uchun foydalaniladi. Agar Tomonlardan biri bunday maʼlumotdan boshqa maqsadlarda foydalanishni iltimos qilsa, avval u Tomon maʼlumotni bergan organning yozma roziligini soʻraydi. Bundan tashqari, bunga nisbatan oʻsha organ tomonidan cheklovlar qoʻyilishi mumkin.
4. 3-band bojxona toʻgʻrisidagi qonunlarga rioya etilmaganligi uchun keyinchalik qoʻzgʻatilgan jinoiy yoki maʼmuriy sud ishlarida maʼlumotlardan foydalanishga toʻsqinlik qilmaydi. Maʼlumotni bergan vakolatli organga bunday foydalanish toʻgʻrisida xabar beriladi.
5. Tomonlar ashyoviy dalillar, hisobotlar va guvohlar koʻrsatmalari roʻyxatida, shuningdek, sudlarga olib chiqilgan protseduralar va ayblovlarda ushbu Protokol qoidalariga muvofiq olingan maʼlumotlardan va hujjatlardan dalil sifatida foydalanishlari mumkin.
11-modda
Ekspertlar va guvohlar
Ekspertlar va guvohlar
1. Soʻrov oluvchi organning rasmiy mansabdor shaxsi, berilgan vakolatlar doirasida, ikkinchi Tomonning yurisdiksiyasida joylashgan ushbu Protokol bilan qamrab olinadigan masalalar boʻyicha jinoiy sud yoki maʼmuriy sud ishlarida ekspert yoki guvoh sifatida ishtirok etishi va sud ishi uchun zarur boʻlishi mumkin boʻlgan bunday predmetlar, hujjatlar yoki ularning tasdiqlangan nusxalarini taqdim etishi mumkin. Sudda ishtirok etish toʻgʻrisidagi soʻrovda mansabdor shaxs qaysi masala boʻyicha va qanday maqom yoki malakada soʻroq qilinishi aniq koʻrsatilishi kerak.
2. Vakolatli mansabdor shaxs soʻrov beruvchi organ hududida mansabdor shaxslarning himoyasini amaldagi qonunchilik kafolatlagan darajadagi himoyadan foydalanadi.
12-modda
Yordam koʻrsatish xarajatlari
Yordam koʻrsatish xarajatlari
Tomonlar bir-birlariga nisbatan ushbu Protokolni bajarish doirasida sarflangan xarajatlarni qoplash toʻgʻrisidagi barcha daʼvolardan voz kechadilar, zarurat tugʻilganda foydalanilgan, ekspertlar va guvohlar, shuningdek, davlat xizmatida faoliyat koʻrsatmaydigan ogʻzaki va yozma tarjimonlar xarajatlari bundan mustasno.
13-modda
Protokol ijrosi
Protokol ijrosi
1. Mazkur Protokolning ijrosi bir tomondan Oʻzbekiston Respublikasining markaziy bojxona organlariga, ikkinchi tomondan Birlashgan Qirollik bojxona organlariga yuklatiladi. Ular maʼlumotlarni himoya qilish sohasidagi amaldagi qoidalarni hisobga olgan holda Protokolni ijro etish uchun zarur boʻlgan barcha amaliy choralar va mexanizmlar toʻgʻrisida qaror qabul qiladilar. Ular vakolatli organlarga ushbu Protokolga oʻzlari zarur deb hisoblaydigan oʻzgartirishlarni kiritishni tavsiya etishlari mumkin.
2. Tomonlar bir-birlari bilan maslahatlashadilar va keyinchalik bir-birlariga ushbu Protokolning qoidalariga muvofiq qabul qilingan uni amalda qoʻllash bilan bogʻliq batafsil qoidalar toʻgʻrisida xabar beradilar.
Yakuniy hujjat
Muxtor vakillar:
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING muxtor vakillari, bir tomondan va
BUYuK BRITANIYA VA ShIMOLIY IRLANDIYA BIRLAShGAN QIROLLIGI,
keyingi oʻrinlarda “Birlashgan Qirollik” deb yuritiluvchi,
ikkinchi tomondan,
Toshkent shahrida 2019-yil 31-oktabrda uchrashib, Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilikni taʼsis etuvchi Sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (keyingi oʻrinlarda “Bitim” deb nomlanadi) imzolash uchun yigʻilib, quyidagi matnlarni qabul qildilar:
Bitim va uning ilovalari, shuningdek, quyidagi Protokol:
Bojxona masalalarida maʼmuriy organlar oʻrtasida oʻzaro yordam toʻgʻrisida Protokol
Oʻzbekiston Respublikasining muxtor vakillari va Birlashgan Qirollikning muxtor vakillari quyida keltirilgan va ushbu Yakuniy hujjatga ilova qilingan qoʻshma deklaratsiyalar matnlarini qabul qildilar:
Shaxsiy maʼlumotlar boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
III boʻlim boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
Bitimning 12-moddasi boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
20-moddaning (b)-bandida va 31-moddada keltirilgan “nazorat” tushunchasiga oid qoʻshma deklaratsiya
Bitimning 30-moddasi boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
Bitimning 37-moddasi boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
Bitimning 83-moddasi boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
Shaxsiy maʼlumotlar boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
Bitimni qoʻllashda Tomonlar shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlash va ularning erkin harakatlanishida jismoniy shaxslarni munosib himoya qilish zarurligini tan oladilar.
III boʻlim boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
GATTga barcha havolalar GATTning 1994-yilda oʻzgartirilgan matnini bildiradi.
12-modda boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
Oʻzbekiston Respublikasi Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlgunga qadar, Tomonlar import tarif siyosati, shu jumladan, tariflarni himoya qilish borasidagi oʻzgarishlar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Xususan, bunday maslahatlashuvlar tarif himoyasi oshgunga qadar oʻtkaziladi.
20-moddaning (b)-bandida va 31-moddada keltirilgan “nazorat” tushunchasiga oid qoʻshma deklaratsiya
1. Tomonlar nazorat masalasi har bir muayyan ishning haqiqiy holatlarga bogʻliq ekanligida oʻzaro anglashuvlarini tasdiqlaydilar.
2. Masalan, biror kompaniya boshqa bir kompaniya tomonidan “nazorat” qilinadi va shu sababli u ikkinchi kompaniyaning shoʻba kompaniyasi, deb hisoblanadi, agar:
ikkinchi kompaniya ovozlarning koʻpchiligiga bevosita yoki bilvosita egalik qilsa, yoki
ikkinchi kompaniya maʼmuriy organning, boshqaruv organining yoki nazorat organining koʻpchilik xodimlarini tayinlash yoki lavozimidan ozod etish huquqiga ega boʻlsa va ayni paytda shoʻba korxonaning aksiyadori yoki ishtirokchisi hisoblansa;
3. Ikkala Tomon 2-banddagi mezonlar tugallangan emas deb hisoblaydilar.
30-modda boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
Ayrim davlatlarning jismoniy shaxslari uchun kirish vizasi talab qilinishi va ikkinchi Tomon uchun esa talab qilinmasligi holati muayyan majburiyat boʻyicha beriladigan imtiyozlarning bekor qilinishi yoki cheklanishi hisoblanmaydi.
37-modda boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
Tomonlar ushbu Bitim maqsadlari uchun intellektual, sanoat va tijorat mulki, xususan, mualliflik huquqini, shu jumladan, kompyuter dasturlariga boʻlgan mualliflik huquqini va tutash huquqlarni, patentlarni, sanoat namunalarini, geografik koʻrsatkichlarni, shu jumladan, kelib chiqqan joy nomlari, savdo belgilarini va xizmat koʻrsatish belgilarini, integral sxemalar topografiyalarini, shuningdek, Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasining 10bis-moddasida nazarda tutilgan adolatsiz raqobatdan himoya qilishni va “nou-xau”ga oid maxfiy maʼlumotlarni himoya qilishni oʻz ichiga olishiga kelishib oldilar.
83-modda boʻyicha qoʻshma deklaratsiya
1. Tomonlar ushbu atamani toʻgʻri talqin qilish va amalda qoʻllash maqsadida, mazkur Bitimning 83-moddasida koʻrsatilgan “alohida shoshilinch holatlar” atamasi Tomonlardan biri tarafidan Bitimning jiddiy buzilishi holatlarini anglatishi toʻgʻrisida kelishib oldilar. Mazkur Bitimning jiddiy buzilishi quyidagilardan iborat:
(a) xalqaro huquqning umumiy qoidalari bilan ruxsat berilmagan tarzda Bitimdan voz kechish
yoki
(b) 2-moddada koʻrsatilgan ushbu Bitimning muhim elementlarini buzish.
2. Tomonlar 83-moddada keltirilgan “tegishli chora-tadbirlar” xalqaro huquq normalariga muvofiq koʻriladigan chora-tadbirlarni anglatishiga kelishib oldilar. Agar biror Tomon 83-moddada koʻzda tutilgan alohida shoshilinch holatlarda chora-tadbirlar koʻrsa, boshqa Tomonning bir oʻzi nizolarni hal qilish protseduralaridan foydalanishi mumkin.