Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining funksional vazifalari hamda Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-iyuldagi 425-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining funksional vazifalari hamda Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4612-son qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining funksional vazifalari toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyati toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov bir hafta muddatda Kotibiyat rahbarlari va mutaxassislarining funksional vazifalari taqsimlanishini tasdiqlasin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining funksional vazifalari hamda Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2019-yil 19-fevraldagi 144-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 23-aprel,
249-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-apreldagi 249-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining funksional vazifalari toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼuliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PF-5644-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4612-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining (keyingi oʻrinlarda — Bosh vazir oʻrinbosari) funksional vazifalarini belgilaydi.
2. Bosh vazir oʻrinbosari Bosh vazirning Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh vazir oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga hisobot beradi.
3. Bosh vazir oʻrinbosari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi) qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Bosh vazir oʻrinbosarining faoliyati makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirishni, tarkibiy oʻzgarishlarni taʼminlash, bank-moliya, soliq va bojxona tizimini yanada isloh qilish, davlat aktivlarini samarali boshqarishni tashkil etish hamda raqobatni va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallkini qisqartirish, aholining turmush darajasi va sifatini oshirish masalalarini hal etishga yoʻnaltirilgan.
5. Bosh vazir oʻrinbosari maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining aʼzosi hisoblanadi va Vazirlar Mahkamasi Rayosati tarkibiga kiradi.
Bosh vazir oʻrinbosari Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida bevosita ishtirok etadi.
6. Bosh vazir oʻrinbosariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2016-yil 22-dekabrdagi PQ-2691-son qaroriga muvofiq viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari boʻysunadi.
2-bob. Bosh vazir oʻrinbosarining asosiy faoliyat yoʻnalishlari, vazifalari va funksional majburiyatlari
7. Quyidagilar Bosh vazir oʻrinbosari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari soʻzsiz bajarilishini tashkil qilish yuzasidan monitoringni taʼminlash, shuningdek, joylardagi ishlarning real holatini doimiy oʻrganish, samarali makroiqtisodiy siyosatni yuritish, barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash, tadbirkorlik muhitini yaxshilash orqali mamlakatda kambagʻallikni qisqartirish borasida maqbul siyosatni amalga oshirish tizimini joriy etish, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi vazifalari, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi, 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasini hamda oʻrta muddatli va uzoq istiqbolda rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq va hududiy dasturlari oʻz vaqtida hamda samarali amalga oshirilishini taʼminlash chora-tadbirlarini tashkil etish;
keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida hisobotlar tayyorlanishini taʼminlash;
Hukumat, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining asosiy xalqaro reytinglar hamda indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining pozitsiyalarini yaxshilash boʻyicha ishlari samaradorligini oshirish sohasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash;
joylarda “xalq bilan muloqot” va shaxsiy uchrashuvlar amaliyotini takomillashtirish choralarini koʻrish, aholining bandligi va real daromadlari oshirilishini taʼminlash, kambagʻallkini qisqartirishni kafolatlovchi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali, shu jumladan ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish asosida, zarur boʻlganda, ushbu maqsadlarga xorijiy konsultantlarni jalb etgan holda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, ekspertizadan oʻtkazish va koʻrib chiqish tizimini takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikni taʼminlash;
Vazirlar Mahkamasi apparatida, vazirliklar va idoralarda, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklarda ijro intizomi darajasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlari, shuningdek, “yoʻl xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlash;
davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining moliyaviy imkoniyatlari, roli va javobgarligini kengaytirish, markaziy va oʻrta boʻgʻin boshqaruv xodimlari sonini optimallashtirish orqali boshqaruvning vertikal tizimi mexanizmlarini va ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro hamkorligini takomillashtirish;
Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyatida (keyingi oʻrinlarda — Kotibiyat), shuningdek, unga biriktirilgan vazirliklar, idoralar hamda xoʻjalik birlashmalarida kadrlarni tanlash tizimini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirish va kadrlarning amaliy zaxirasini tayyorlashning samarali shakl va usullarini joriy etish.
8. Quyidagilar Bosh vazir oʻrinbosarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) makroiqtisodiy tahlil, prognozlashtirish va tarkibiy oʻzgartirishlar sohasida:
davlat boshqaruvi tizimiga, jumladan, strategik rejalashtirish va prognozlashtirishning zamonaviy shakllari, usullari va prinsiplarini joriy qilish;
barcha darajalardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishish, yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy hamda boshqa sohalarni strategik rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish sifati va samaradorligiga asoslangan baholash tizimini joriy etish;
Bosh vazir tomonidan muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislar oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlanishi va kiritilishini taʼminlash;
makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotning barqaror yuqori oʻsish surʼatlarini va mamlakat aholisining bandligini taʼminlash orqali fuqarolarning turmush darajasini oshirish va kambagʻallikni qisqartirishning strategik vazifalarini hal etishga yoʻnaltirilgan iqtisodiy va ijtimoiy siyosat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalarini, shuningdek, soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish jarayonlarini muvofiqlashtirish, budjetnoma loyihasining koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlash hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etish;
tegishli davrlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar koʻrib chiqilishini, shuningdek, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga tasdiqlash uchun taqdim etilishini taʼminlash;
budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar intizomini mustahkamlash, hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida debitorlik hamda kreditorlik qarzdorlikni kamaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
pul muomalasi holatini tahlil qilish, budjetga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻz vaqtida tushishini taʼminlash, budjet va davlat maqsadli jamgʻarmalari oldidagi qarzdorlikni kamaytirish va qarzdorlik hosil boʻlishining oldini olish hamda ularning kassa ijrosini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 26-martdagi PF-5975-son Farmoniga muvofiq samarali makroiqtisodiy siyosatni yuritish, barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash, tadbirkorlik muhitini yaxshilash orqali mamlakatda kambagʻallikni qisqartirish borasida maqbul siyosatni amalga oshirish tizimini joriy etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro obligatsiyalarini chiqarishni tashkil etish va suveren kredit reytingini saqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 31-yanvardagi PQ-4141-son qaroriga muvofiq 2021-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining suveren kredit reytingini saqlash tadbirlari rejasini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida” 2018-yil 29-iyundagi PF-5468-son Farmoniga muvofiq soliq yukini kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish;
iqtisodiyotni erkinlashtirish va modernizatsiyalash koʻlamlarini, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini shakllantirish darajasini baholashning har choraklik indikatorlari tizimini tahlil qilish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son Farmoni doirasidagi chora-tadbirlar asosida bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalari tomonidan tayyorlanadigan muhim iqtisodiy, ijtimoiy muammolar, institutsional va tarkibiy islohotlar boʻyicha maqsadli dasturlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlari loyihalarini respublikaning strategik manfaatlari va maqsadlariga muvofiqligi yuzasidan koʻrib chiqish, ularning makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga taʼsirini baholash;
makroiqtisodiy holat va iqtisodiyotdagi sifatli tarkibiy oʻzgarishlarning, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligi, turmush darajasi va farovonligini yuksaltirish maqsadli dasturlari amalga oshirilishining, jumladan, tegishli maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va ularni tahlil qilish yoʻli bilan monitoringi olib borilishini taʼminlash;
b) soliq siyosati va soliq maʼmurchiligi masalalari sohasida:
davlat soliq siyosatini amalga oshirish hamda soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini, soliqlarning soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻliq hamda oʻz vaqtida tushishini taʼminlash;
soliq toʻlovchilarni va soliq solish obyektlari oʻz vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini taʼminlash, ularning toʻliq qamrab olinish mexanizmlarini soliq maʼmuriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilgʻor avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish orqali takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida” 2018-yil 29-iyundagi PF-5468-son Farmoniga muvofiq soliq yukini kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish;
soliq solinadigan bazani kengaytirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish, shu jumladan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning oʻzgarishi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali taʼsirchan choralar ishlab chiqish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish;
v) bojxona siyosati masalalari sohasida:
bojxona toʻlovlari toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash, bojxona organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, idoralararo axborot almashish, xorijiy davlatlar bojxona organlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, bojxona organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash borasida bojxona organlarining faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 24-noyabrdagi PF-5582-son Farmoniga muvofiq bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish;
g) davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi siyosatni va kapital bozorini rivojlantirish sohasida:
davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarish boʻyicha bozor mexanizmlari ishlab chiqilishini taʼminlash;
davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari joriy etilishini taʼminlash, ushbu korxonalar faoliyatining samaradorligi uchun ularni boshqarish organlari masʼuliyatini oshirish;
xorijiy va xalqaro institutlar hamda kompaniyalar bilan davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, shu jumladan ularning jozibadorligini hamda boshqarish sifatini oshirishni nazarda tutuvchi samarali mexanizmlarni oʻrganish va joriy qilishga qaratilgan doimiy ishlar yuritilishini taʼminlash;
davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish ishlarini muvofiqlashtirish, samarali va ochiq-oshkora xususiylashtirishni taʼminlash;
davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, ularning faoliyati samaradorligini oshirish dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
bozorning barcha ishtirokchilariga tovarlardan (ishlar, xizmatlardan) teng foydalanish imkoniyatini berish, ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini oshirish hisobiga ularning barchasiga xoʻjalik faoliyatini yuritishi uchun teng sharoitlar hamda erkinlik berilishini, raqobatbardoshligini taʼminlash;
ishlab chiqarilayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) sifatini oshirish uchun sharoit yaratish, narxlarning asossiz oʻsishini cheklash va buning hisobiga ichki talabni qanoatlantirishning yuqori darajasini taʼminlash;
tovar va moliya bozorlarida faoliyat yuritayotgan xoʻjalik subyektlarining ustav kapitalida (jamgʻarmalarida) davlat ishtirokini kamaytirishga doir takliflar ishlab chiqilishini taʼminlash;
kapital bozorini rivojlantirishning yaxlit strategiyasini shakllantirish va ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
kapital bozorining samarali infratuzilmasi shakllantirilishiga koʻmaklashish;
qimmatli qogʻozlar ikkilamchi bozorining jadal rivojlanishini va koʻlami kengayishini, korporativ boshqaruv tizimini muntazam takomillashtirishni taʼminlash;
korporativ boshqaruv va kapital bozorini tartibga solish sohasida xalqaro aloqalarni rivojlantirish ishlarini tashkil qilish;
d) bank va moliya tizimlarini rivojlantirish va isloh qilish sohasida:
bank tizimi va moliyaviy infratuzilmani yanada isloh qilish, umumiy qabul qilingan xalqaro normalar, standartlar va baholash koʻrsatkichlariga muvofiq ularning barqarorligini oshirish va yanada yuqori darajaga chiqishini taʼminlaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish;
koʻrsatilayotgan bank-moliya xizmatlari koʻlamini, uning infratuzilmasini kengaytirish, aholi va xorijiy investorlarning bank-moliya tizimiga ishonchini yanada mustahkamlash, tijorat banklari va umuman, bank-moliya tizimining faoliyatini yetakchi xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan qoʻllaniladigan xalqaro normalar, mezonlar va standartlarga asoslangan baholash hamda tahlil qilishning zamonaviy tizimini joriy etish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish;
monetar siyosat va valyutani tartibga solish sohasidagi siyosat shakllantirilishi hamda amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
milliy sugʻurta bozorini yanada isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash, sugʻurta xizmatlarining talab yuqori boʻlgan yangi turlarini joriy etish hamda koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlarining sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini tashkil etish;
zamonaviy talablar hamda umumiy qabul qilingan xalqaro normalar va standartlarga muvofiq bank tizimi va moliyaviy infratuzilmaning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishni taʼminlash;
sugʻurta tashkilotlarining sugʻurta munosabatlari barcha ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan faoliyatini nazorat qilish ishlarini muvofiqlashtirish, buxgalteriya hisobi va hisobotining yagona metodologiyasini shakllantirish hamda amalga oshirish, auditorlik faoliyatini tartibga solish, moliya bozorlarini rivojlantirish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;
davlat qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
vakolatli organlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida lizing xizmatlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlash va lizing faoliyatini muvofiqlashtirish;
e) aholi bandligi va turmush darajasini oshirish, uni ijtimoiy himoya qilish hamda kambagʻallikni qisqartirish sohasida:
yangi ish oʻrinlari tashkil etish, aholi bandligini oshirish dasturi ishlab chiqilishini taʼminlash, aholining turmushi va farovonligi darajasini yanada oshirish dasturlarini shakllantirish, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish va xodimlar mehnat huquqlarini himoya qilish tizimlarini kuchaytirish;
demografik omillar va iqtisodiyotni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda, ishga joylashtirishning ilgʻor shakllarini joriy etishga yoʻnaltirilgan aholi bandligini taʼminlashning hududiy dasturlarini shakllantirish, pensionerlar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir manzilli dasturlar va samarali tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini muvofiqlashtirish;
aholi bandligini va mehnatga haq toʻlashni tartibga solish, fuqarolarning pensiya taʼminoti, ijtimoiy nafaqalar va kompensatsiya toʻlovlarini, ijtimoiy yordamning boshqa turlarini tayinlash, aholining nochor toifalariga koʻrsatilayotgan ijtimoiy yordamning tabaqalashtirilganligi va manzilliligini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy siyosatni amalga oshirish mexanizmlari va usullarini yaxshilash sohasidagi qonunchilikning takomillashtirilishini taʼminlash;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalari tomonidan aholi bandligini taʼminlash va uni ijtimoiy himoya qilishning muhim ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan maqsadli dasturlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlari loyihalarini koʻrib chiqish;
mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish, mehnat munosabatlarini mustahkamlash, moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini va mehnatni muhofaza qilish sharoitlarini yaxshilash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan maqsadli dasturlar, qabul qilingan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari amalga oshirilishini nazorat qilish;
davlat boshqaruvi organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, jamoat tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
milliy barqaror rivojlanishning maqsad va vazifalariga erishish chora-tadbirlarini amalga oshirilishini hamda ularning davlat maqsadli dasturlari bilan oʻzaro muvofiqligini taʼminlash;
j) xususiy tadbirkorlik va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish sohasida:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va biznesning oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik asoslarini faol joriy qilish hamda ushbu yoʻnalishda ilgʻor xorijiy tajribadan foydalanish;
xususiy tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularning jadal rivojlanishi yoʻlidagi toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etish, tadbirkorlik tuzilmalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish hamda noqonuniy aralashish uchun masʼuliyatni oshirishga doir dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash;
mamlakatni istiqbolda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda, iqtisodiyotni yanada isloh qilish va erkinlashtirish, xususiy mulkning ustuvor rolini taʼminlash, xususiy mulk va tadbirkorlikning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik subyektlari bilan yaqin hamkorlikda va amaliy axborot almashinuvini yoʻlga qoʻygan holda, iqtisodiyotni boshqarishning bozor uslublari va mexanizmlarini keng joriy etishga doir takliflar ishlab chiqish;
iqtisodiyotni erkinlashtirish va modernizatsiya qilish koʻlamini, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini shakllantirish darajasini baholash tizimini qoʻllagan holda, demokratik bozor islohotlarini chuqurlashtirish hamda iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari yuzasidan tizimli monitoring olib borilishini taʼminlash;
tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili orqali davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini yanada oshirish va ulardan foydalanishning oshkoraligini taʼminlash;
respublikadagi har bir oilada tadbirkorlik bilan shugʻullanish va barqaror daromad manbaiga ega boʻlish uchun sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etilishi va rivojlantirilishini hamda shu asosda investitsiya loyihalari amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
z) “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
“yoʻl xaritalari”ga kiritish uchun Kotibiyatga biriktirilgan tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan, shuningdek, tegishli tarmoqlarda va respublika hududlaridagi muammoli masalalar boʻyicha takliflar tayyorlashni tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga tashriflari natijalari boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” bajarilishini vakolat dirasida tizimli nazorat qilinishini muvofiqlashtirish;
“yoʻl xaritalari” amalga oshirilishi toʻgʻrisida vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tijorat banklari rahbarlarining axborotlari, materiallari hamda hisobotlari taqdim etilishini taʼminlash hamda ularni muhokama qilish uchun Vazirlar Mahkamasi majlisiga kiritish;
muayyan holatlar boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalarda, shu jumladan joylarga borgan holda jamoatchilik fikrini oʻrganish.
9. Bosh vazir oʻrinbosari oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Bosh vazir tomonidan muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislar oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlanishi va kiritilishini tizimli asosda taʼminlaydi;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri huzurida koʻrib chiqish uchun tegishli rejalashtirilgan masalalar tayyorlanishi va kiritilishini taʼminlaydi;
mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning oʻta muhim va ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan konsepsiyalar, davlat dasturlari hamda “yoʻl xaritalari” loyihalarining tayyorlanishi va Bosh vazir, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida himoya qilinishini taʼminlaydi;
Vazirlar Mahkamasi apparatining tegishli tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va mutaxassislarining aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan faoliyatini tizimli baholaydi;
ijro etuvchi hokimiyat tegishli organlarining rahbarlari, hokimlar oʻrinbosarlariga yuklangan vazifa hamda funksiyalar samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy roli va masʼuliyatini oshirish choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida har choraklik hisobotlar tayyorlanishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli xizmatlari bilan hamkorlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlariga binoan respublikaning tegishli hududlari va tarmoqlarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda iqtisodiy islohotlarning ustuvor vazifalari va dasturlari bajarilishini muvofiqlashtirib boradi;
Kotibiyatga bevosita rahbarlik qiladi;
hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlari, Davlat budjetining barcha darajada mutanosibligini taʼminlash chora-tadbirlari, aholi bandligi va turmush darajasini oshirishni taʼminlash dasturlari, xususiy tadbirkorlik hamda kichik biznesni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish borasida Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar va idoralar va xoʻjalik birlashmalari, shuningdek, hududlar faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
aniq sohalar va yoʻnalishlarni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy safarlari va respublika hududlariga tashriflari yakunlari boʻyicha belgilangan topshiriqlar hamda vazifalarni bajarish boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishi, amalga oshirilishi va monitoringi olib borilishini muvofiqlashtiradi;
Hukumat aʼzolari hisoblangan va Kotibiyatga biriktirilgan vazirlar hamda davlat qoʻmitalari raislari lavozimlariga nomzodlar boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishgan holda, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi maʼqullashi uchun belgilangan tartibda kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari nomenklaturasiga kiradigan va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa biriktirilgan tashkilotlar rahbarlari lavozimlariga nomzodlar boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri maʼqullashi uchun belgilangan tartibda kiritadi;
biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirish uchun vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarga Vazirlar Mahkamasining ayrim funksiya va vazifalarini berish boʻyicha takliflar kiritadi;
oʻzi yuritadigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishda davlat manfaatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlaydi, hujjatlarning tayyorlangan loyihalariga viza qoʻyadi. Tegishli hujjatlar qabul qilingandan soʻng ularning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazorat tashkil etilishini taʼminlaydi;
qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari loyihalarining ekspertizadan oʻtkazilishi va sifatli tayyorlanishini tashkil etish masalalarida Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi bilan hamkorlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Hukumat qarorlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlaydi;
Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi bilan birgalikda Kotibiyat mudiri, Kotibiyat mudirining oʻrinbosari, Kotibiyat bosh mutaxassislari va Bosh vazir oʻrinbosari yordamchisi lavozimlariga kadrlar tanlaydi;
Kotibiyat mudiri, Kotibiyat mudirining oʻrinbosari, Kotibiyat bosh mutaxassislari va Bosh vazir oʻrinbosari yordamchisini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ragʻbatlantirish va ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
Kotibiyatning shtatdagi lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirish ishlarini tizimli asosda tashkil qiladi.
10. Bosh vazir oʻrinbosari tegishli komissiyalarga (kengashlarga) rahbarlik qiladi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarlik qiladigan komissiyalar (kengashlar) faoliyatini, ularning qarorlari bajarilishini tashkil etish yuzasidan nazoratni taʼminlaydi.
3-bob. Bosh vazir oʻrinbosarining huquqlari va javobgarligi
11. Bosh vazir oʻrinbosari oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari kollegial organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlari majlislarida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri topshiriqlariga koʻra — davlat boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa tashkilotlarning oʻzi yuritadigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan majlislari va yigʻilishlarida qatnashish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlar rahbarlari hamda vakillarini Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun belgilangan tartibda jalb etish, tegishli masalalar boʻyicha vaqtinchalik ishchi guruhlar tuzish;
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablari buzilgan holda keladigan hujjatlarni qaytarish.
Bosh vazir oʻrinbosarining zarur materiallar, maʼlumotlarni taqdim etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqish boʻyicha talablari va topshiriqlari uning tomonidan belgilangan muddatlarda bajarilishi shart.
Bosh vazir oʻrinbosarining oʻzi boshqaradigan masalalar boʻyicha vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga beriladigan topshiriqlari belgilangan tartibda bajarilishi majburiydir.
12. Bosh vazir oʻrinbosari:
ushbu Nizomning 8 va 9-bandlaridagi oʻziga yuklangan vazifalarning tegishli ravishda va samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda boshqa qonun hujjatlari bilan Vazirlar Mahkamasiga yuklangan va Bosh vazir oʻrinbosari vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bevosita Bosh vazir oʻrinbosarining oldiga qoʻyilgan vazifalarning tegishli ravishda va samarali bajarilishi;
oʻzi rahbarlik qiladigan sohadagi ishlarning holati, davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari, boshqa tashkilotlar faoliyatining tegishli ravishda muvofiqlashtirilishi va nazorat qilinishi, Bosh vazir oʻrinbosari vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarining har tomonlama koʻrib chiqilishi;
oliy darajadagi xorijiy tashriflar, shuningdek, Bosh vazir oʻrinbosari vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha respublika hududlariga tashriflar yakunlari asosida tasdiqlanadigan “yoʻl xaritalari”ning tegishli ravishda va samarali bajarilishi;
tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari soʻzsiz bajarilishining monitoringi olib borilishi;
joylardagi real ahvolni doimiy oʻrganish, iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqilishi;
Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq taqdim etiladigan Hukumat qarorlari loyihalarining respublika manfaatlari, iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan va ulardagi masalalar barcha manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda puxta ekspertizadan oʻtkazilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy taʼminlash faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 3-apreldagi PF-5395-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlariga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomiga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash uchun javob beradi.
4-bob. Bosh vazir oʻrinbosarining faoliyatini tashkil etish
13. Bosh vazir oʻrinbosarining ishlari “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, ushbu Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ish rejalari asosida tashkil etiladi.
14. Bosh vazir oʻrinbosarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlarining Kotibiyatga biriktirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida amalga oshirilishining tizimli monitoringini taʼminlash boʻyicha faoliyati Vazirlar Mahkamasining ish rejasiga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlariga muvofiq kompleks oʻrganishlarni amalga oshirish, Vazirlar Mahkamasi hamda uning Rayosati majlislarida hisobotlarni eshitish yoʻli bilan tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-apreldagi 249-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyati toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyati (keyingi oʻrinlarda — Kotibiyat) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
2. Kotibiyat faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vazirini, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirini, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi), uning Rayosatini, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparatini makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirishni, tarkibiy oʻzgarishlarni taʼminlash, bank-moliya, soliq va bojxona tizimini yanada isloh qilish, davlat aktivlarini samarali boshqarishni tashkil etish hamda raqobatni va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallkini qisqartirish, aholining turmush darajasi va sifatini oshirish masalalari boʻyicha axborot-tahliliy jihatdan taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
3. Kotibiyat oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Kotibiyat oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi.
Kotibiyat oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziriga (keyingi oʻrinlarda — Bosh vazir oʻrinbosari) boʻysunadi, bir vaqtning oʻzida uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
5. Kotibiyat oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalari, markaziy iqtisodiyot organlarining iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi.
2-bob. Kotibiyatning asosiy faoliyat yoʻnalishlari, vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Kotibiyatning asosiy faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan asosiy prinsipni oʻz vaqtida, aniq va toʻliq hajmda amalga oshirish;
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi vazifalari, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi, 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi hamda oʻrta muddatli va uzoq istiqbolda rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq va hududiy dasturlari oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari bajarilishini monitoring qilib borish, shuningdek, joylardagi ishlarning real holatini doimiy oʻrganish, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;
keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida hisobotlar tayyorlash;
Hukumat, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining asosiy xalqaro reytinglar hamda indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining pozitsiyalarini yaxshilash boʻyicha ish samaradorligini oshirish sohasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
joylarda “xalq bilan muloqot” va shaxsiy uchrashuvlar amaliyotini takomillashtirish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, shu jumladan aholining bandligi va real daromadlari oshirilishini taʼminlashni kafolatlovchi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;
Hukumat aʼzolari, barcha darajalardagi vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklangan vazifalar hamda funksiyalarning samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy roli hamda masʼuliyatini oshirish;
biriktirilgan sohada davlat siyosatining samarali va sifatli amalga oshirilishi, shu jumladan moliyaviy resurslarni boshqarish masalalarida vazirliklar va idoralarning mustaqilligini idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali kuchaytirish;
ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini yuzaga keladigan muammolar sabablari va sharoitlarini bartaraf etish, ishni tashkil qilishning zamonaviy uslublarini joriy qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga qayta yoʻnaltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektor subyektlariga berish orqali ortiqcha maʼmuriy tartibga solishni kamaytirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali, shu jumladan ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish asosida, zarur boʻlganda, ushbu maqsadlarga xorijiy konsultantlarni jalb etgan holda normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, ekspertizadan oʻtkazish va koʻrib chiqish tizimini takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining markaziy apparati, uning boʻlinmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikni taʼminlash;
Vazirlar Mahkamasi apparatida, vazirliklar va idoralar, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklarda ijro intizomi darajasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlari, shuningdek, “yoʻl xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlash;
davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining moliyaviy imkoniyatlari, roli va javobgarligini kengaytirish, markaziy va oʻrta boʻgʻin boshqaruv xodimlari sonini optimallashtirish orqali boshqaruvning vertikal tizimi mexanizmlarini va ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro hamkorligini takomillashtirish;
Kotibiyatda, shuningdek, unga biriktirilgan vaziriklar, idoralar hamda xoʻjalik birlashmalarida kadrlarni tanlash tizimini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirish va kadrlarning amaliy zaxirasini tayyorlashning samarali shakl va usullarini joriy etish.
7. Quyidagilar Kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) makroiqtisodiy tahlil, prognozlashtirish va tarkibiy oʻzgartirishlar sohasida:
davlat boshqaruvi tizimiga, jumladan, strategik rejalashtirish va prognozlashtirishning zamonaviy shakllari, usullari va prinsiplarini joriy qilish;
Kotibiyatga biriktirilgan tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishish, yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy hamda boshqa sohalarni strategik rivojlantirish dasturlarining sifatli va samarali amalga oshirilishini taʼminlashga asoslangan baholash tizimini joriy etish;
Hukumatning muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlash;
makroiqtisodiy mutanosiblik, iqtisodiyotning barqaror yuqori oʻsish surʼatlarini, mamlakat aholisining bandligini taʼminlash va turmush darajasini oshirishning strategik vazifalarini hal etishga yoʻnaltirilgan iqtisodiy va ijtimoiy siyosat samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 26-martdagi PF-5975-son Farmoniga muvofiq samarali makroiqtisodiy siyosatni yuritish, barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash, tadbirkorlik muhitini yaxshilash orqali mamlakatda kambagʻallikni qisqartirish borasida maqbul siyosatni amalga oshirish tizimini joriy etish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalari, shuningdek, soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish jarayonlarini muvofiqlashtirish, budjetnoma loyihasining koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlash hamda uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etish;
tegishli davrlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar koʻrib chiqilishini, shuningdek, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga tasdiqlash uchun taqdim etilishini taʼminlash;
oʻzaro hisob-kitoblar holatini tizimli tahlil qilishni tashkil etish, budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar intizomini mustahkamlash, hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida debitorlik hamda kreditorlik qarzdorlikni kamaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro obligatsiyalarini chiqarishni tashkil etish va suveren kredit reytingini saqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 31-yanvardagi PQ-4141-son qaroriga muvofiq 2021-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining suveren kredit reytingini saqlash tadbirlari rejasini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida” 2018-yil 29-iyundagi PF-5468-son Farmoniga muvofiq soliq yukini kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish;
pul massasi dinamikasi va tuzilmasining tizimli monitoringini olib borish, pul muomalasi holatini tahlil qilish, budjetga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻz vaqtida tushishini taʼminlash, budjet va davlat maqsadli jamgʻarmalari oldidagi qarzdorlikni kamaytirish va qarzdorlik hosil boʻlishining oldini olish hamda ularning kassa ijrosini taʼminlash;
iqtisodiyotni erkinlashtirish va modernizatsiyalash koʻlamlarini, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini shakllantirish darajasini baholashning har choraklik indikatorlari tizimini tahlil qilish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son Farmoni doirasidagi chora-tadbirlar asosida bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalari tomonidan tayyorlanadigan muhim iqtisodiy, ijtimoiy muammolar, institutsional va tarkibiy islohotlar boʻyicha maqsadli dasturlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlari loyihalarini respublikaning strategik manfaatlari va maqsadlariga muvofiqligi yuzasidan ekspert baholash, ularning makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga taʼsirini baholash;
makroiqtisodiy holat va iqtisodiyotdagi sifatli tarkibiy oʻzgarishlarni monitoring qilish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, aholi bandligi, uning turmushi darajasi va farovonligini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilishning kompleks maqsadli dasturlari amalga oshirilishini, jumladan, tegishli maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va ularni tahlil qilish yoʻli bilan nazorat qilish tizimini tashkil etish;
b) soliq siyosati va soliq maʼmurchiligi masalalari sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida” 2018-yil 29-iyundagi PF-5468-son Farmoniga muvofiq soliq yukini kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish;
davlat soliq siyosatini amalga oshirish hamda soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini, soliqlarning soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻliq hamda oʻz vaqtida tushishini taʼminlash yuzasidan monitoring qilish;
soliq solinadigan bazani kengaytirish boʻyicha tahlil qilish va taʼsirchan choralar ishlab chiqish, shu jumladan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning oʻzgarishi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali taʼsirchan choralar ishlab chiqish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish borasida kompleks tadbirlarni ishlab chiqish;
soliqlarning ixtiyoriy ravishda toʻlanishini taʼminlashga qaratilgan, soliq toʻlovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish boʻyicha ishlarni takomillashtirish;
v) bojxona siyosati masalalari sohasida:
bojxona toʻlovlari toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash, bojxona organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga doir takliflar ishlab chiqish;
idoralararo axborot almashish, xorijiy davlatlar bojxona organlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
bojxona organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash borasida bojxona organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 24-noyabrdagi PF-5582-son Farmoniga muvofiq bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
g) davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi siyosatni va kapital bozorini rivojlantirish sohasida:
davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarish boʻyicha bozor mexanizmlarini ishlab chiqish;
davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari joriy etilishini taʼminlash, ushbu korxonalar faoliyatining samaradorligi uchun ularni boshqarish organlari masʼuliyatini oshirish yuzasidan takliflar va chora-tadbirlar ishlab chiqish;
xorijiy va xalqaro institutlar hamda kompaniyalar bilan davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, shu jumladan ularning jozibadorligini hamda boshqarish sifatini oshirishni nazarda tutuvchi samarali mexanizmlarni oʻrganish va joriy qilish;
davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish ishlarini muvofiqlashtirish, samarali va ochiq-oshkora xususiylashtirishni taʼminlash hamda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, ularning faoliyati samaradorligini oshirish dasturlarini ishlab chiqish;
bozorning barcha ishtirokchilariga tovarlardan (ishlar, xizmatlardan) teng foydalanish imkoniyatini berish, ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini oshirish hisobiga ularning barchasiga xoʻjalik faoliyatini yuritishi uchun teng sharoitlar hamda erkinlik berilishini, raqobatbardoshligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
ishlab chiqarilayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) sifatini oshirish uchun sharoit yaratish, narxlarning asossiz oʻsishini cheklash va buning hisobiga ichki talabni qanoatlantirishning yuqori darajasini taʼminlashga qartilgan tadbirlar ishlab chiqish;
tovar va moliya bozorlarida faoliyat yuritayotgan xoʻjalik subyektlarining ustav kapitalida (jamgʻarmalarida) davlat ishtirokini kamaytirishga doir takliflar ishlab chiqish;
kapital bozorini rivojlantirishning yaxlit strategiyasini shakllantirish va ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
kapitallar bozorining samarali infratuzilmasi shakllantirilishiga koʻmaklashish;
qimmatli qogʻozlar ikkilamchi bozorining jadal rivojlanishini va koʻlami kengayishini, korporativ boshqaruv tizimini muntazam takomillashtirishni taʼminlash;
korporativ boshqaruv va kapital bozorini tartibga solish sohasida xalqaro aloqalarni rivojlantirish ishlarini tashkil qilish;
d) bank va moliya tizimlarini rivojlantirish va isloh qilish sohasida:
bank tizimi va moliyaviy infratuzilmani yanada isloh qilish, umumiy qabul qilingan xalqaro normalar, standartlar va baholash koʻrsatkichlariga muvofiq ularning barqarorligini oshirish va yanada yuqori darajaga chiqishini taʼminlaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish;
koʻrsatilayotgan bank-moliya xizmatlari koʻlamini, ularning infratuzilmasini kengaytirish, aholi va xorijiy investorlarning bank-moliya tizimiga ishonchini yanada mustahkamlash, tijorat banklari va umuman, bank-moliya tizimining faoliyatini yetakchi xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan qoʻllaniladigan xalqaro normalar, mezonlar va standartlarga asoslangan baholash hamda tahlil qilishning zamonaviy tizimini joriy etish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 23-martdagi PQ-3620-son qaroriga muvofiq bank-moliya tizimini rivojlantirish va isloh qilish boʻyicha kompleks maqsadli dasturlar amalga oshirilishi monitoringini taʼminlash;
monetar siyosat va valyutani tartibga solish sohasidagi siyosatni shakllantirish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
sugʻurta bozorini yanada takomillashtirish, koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlarining hajmlari, turlarini kengaytirish hamda sifatini oshirishga qaratilgan dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini kompleks tahlil qilish, ularni ishlab chiqish va monitoringini olib borish ishlarini muvofiqlashtirish;
zamonaviy talablar hamda umumiy qabul qilingan xalqaro normalar va standartlarga muvofiq bank tizimi, moliyaviy infratuzilma va sugʻurta infratuzilmasining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishni taʼminlash;
sugʻurta tashkilotlarining sugʻurta munosabatlari barcha ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan faoliyatini nazorat qilish ishlarini muvofiqlashtirish, buxgalteriya hisobi va hisobotining yagona metodologiyasini shakllantirish hamda amalga oshirish, auditorlik faoliyatini tartibga solish, moliya bozorlarini rivojlantirish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish toʻgʻrisida” 2018-yil 7-iyundagi PQ-3777-son qarorini bajarish doirasida respublikadagi har bir oilada tadbirkorlik bilan shugʻullanish va barqaror daromad manbaiga ega boʻlish uchun sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
davlat qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
vakolatli organlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida lizing xizmatlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlash va lizing faoliyatini muvofiqlashtirish;
e) aholi bandligi va turmush darajasini oshirish, uni ijtimoiy himoya qilish hamda kambagʻallikni qisqartirish sohasida:
yangi ish oʻrinlari tashkil etish, aholi bandligini oshirish dasturi ishlab chiqilishini taʼminlash, aholining turmushi va farovonligi darajasini oshirish dasturlarini shakllantirish, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish va xodimlar mehnat huquqlarini himoya qilish tizimlarini kuchaytirish;
demografik omillar va iqtisodiyotni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda, ishga joylashtirishning ilgʻor shakllarini joriy etishga yoʻnaltirilgan aholi bandligini taʼminlashning hududiy dasturlarini shakllantirish, pensionerlar, nogiron shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy nochor guruhlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir manzilli dasturlar va samarali tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ishlarini muvofiqlashtirish;
respublikani demografik rivojlantirish prognozlari va hududlar mehnat resurslarining balanslarini tayyorlash, aholi bandligini taʼminlash hamda uni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha samarali kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida demografik jarayonlar, mehnat resurslarining miqdori va tuzilmasining son hamda sifat jihatidan oʻzgarishining chuqur tahlil qilinishi va monitoringi olib borilishini, aholining turmush va farovonlik darajasi tadqiq etilishini tashkil etish;
mehnat va aholi bandligini, mehnatga haq toʻlashni tartibga solish, fuqarolarning pensiya taʼminoti, ijtimoiy nafaqalar va kompensatsiya toʻlovlarini tayinlash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, aholining nochor toifalariga koʻrsatilayotgan ijtimoiy yordamning tabaqalashtirilganligi va manzilliligini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy siyosatni amalga oshirish mexanizmlari va usullarini yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalari tomonidan aholi bandligini taʼminlash va uni ijtimoiy himoya qilishning muhim ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan maqsadli dasturlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlari loyihalarini koʻrib chiqish;
mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish, mehnat munosabatlarini mustahkamlash, moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini va mehnatni muhofaza qilish sharoitlarini yaxshilash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan maqsadli dasturlar, qabul qilingan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari amalga oshirilishini nazorat qilish;
j) xususiy tadbirkorlik va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish sohasida:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va biznesning oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik asoslarini faol joriy qilish hamda ushbu yoʻnalishda ilgʻor xorijiy tajribadan foydalanish;
xususiy tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularning jadal rivojlanishi yoʻlidagi toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etish, tadbirkorlik tuzilmalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish hamda noqonuniy aralashish uchun masʼuliyatni oshirishga doir dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash;
mamlakatni istiqbolda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda, iqtisodiyotni yanada isloh qilish va erkinlashtirish, xususiy mulkning ustuvor rolini taʼminlash, xususiy mulk va tadbirkorlikning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik subyektlari bilan yaqin hamkorlikda va amaliy axborot almashinuvini yoʻlga qoʻygan holda iqtisodiyotni boshqarishning bozor uslublari va mexanizmlarini keng joriy etishga doir takliflar ishlab chiqish;
iqtisodiyotni erkinlashtirish va modernizatsiya qilish koʻlamini, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini shakllantirish darajasini baholash tizimini qoʻllagan holda demokratik bozor islohotlarini chuqurlashtirish hamda iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari yuzasidan tizimli monitoring olib borilishini taʼminlash;
tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili orqali davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini yanada oshirish va ulardan foydalanishning oshkoraligini taʼminlash;
respublikadagi har bir oilada tadbirkorlik bilan shugʻullanish va barqaror daromad manbaiga ega boʻlish uchun sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etilishi va rivojlantirilishini hamda uning asosida investitsiya loyihalari amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
z) konsepsiyalar, dasturlar, “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish hamda ularning bajarilishini monitoring qilish sohasida:
makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirishni, tarkibiy oʻzgarishlarni taʼminlash, bank-moliya, soliq va bojxona tizimini yanada isloh qilish, davlat aktivlarini samarali boshqarishni tashkil etish hamda raqobatni va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, aholining turmush darajasi va sifatini oshirishning muhim va ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan konsepsiyalar, dasturlar hamda “yoʻl xaritalari”ni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida ularni himoya qilish mexanizmlarini joriy etish;
“yoʻl xaritalari”ga kiritish uchun Kotibiyatga biriktirilgan tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan, shuningdek, tegishli tarmoqlardagi va respublika hududlaridagi muammoli masalalar boʻyicha takliflar tayyorlashni tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga tashrifi va respublika hududlariga tashriflari natijalari boʻyicha Kotibiyat vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” bajarilishining tizimli nazoratini taʼminlash;
“yoʻl xaritalari” amalga oshirilishi toʻgʻrisida Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tijorat banklari rahbarlarining batafsil axborotlari, materiallari va hisobotlari taqdim etilishini taʼminlash hamda muhokama qilish uchun ularni Vazirlar Mahkamasi majlislariga kiritish.
8. Kotibiyat oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Hukumatning muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlaydi;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri huzurida koʻrib chiqish uchun tegishli rejalashtirilgan masalalarni tayyorlaydi va kiritadi;
mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning oʻta muhim va ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan konsepsiyalar, davlat dasturlari hamda “yoʻl xaritalari” loyihalarining tayyorlanishi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida himoya qilinishini taʼminlaydi;
ijro etuvchi hokimiyat tegishli organlarining rahbarlari, hokimlarning birinchi oʻrinbosarlariga yuklangan vazifa hamda funksiyalar samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy roli va masʼuliyatini oshirish choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida har choraklik hisobotlar tayyorlanishini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etilishini taʼminlaydi;
mamlakatni makroiqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, tarmoqlar va hududlarda iqtisodiy islohotlarni hayotga tatbiq etishga oid davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish masalalari boʻyicha maʼlumotlar bazalarini tashkil etish, yuritish hamda muntazam yangilab borishni taʼminlaydi;
muayyan holatlar boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalarda, shu jumladan joylarga borgan holda jamoatchilik fikrini oʻrganishni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari samarali bajarilishini tashkil etadi, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qiladi;
oʻzi yuritadigan sohaga doir masalalar toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtiradi va tahliliy qayta ishlaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazir oʻrinbosari uchun, shuningdek, Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqish uchun tegishli maʼlumotnoma, tahliliy materiallar hamda takliflar tayyorlaydi;
hududlardagi iqtisodiy va ijtimoiy ahvolni, jumladan, joyiga borib oʻrganadi, ijtimoiy-iqtisodiy, tarkibiy va maʼmuriy islohotlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini oʻrganadi hamda Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga hisobot berish uchun tegishli tahliliy materiallar va takliflar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlari bajarilishini nazorat qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa hujjatlarining Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan loyihalarini ekspertizadan oʻtkazadi, qayta ishlaydi va kelishadi, ularga zarur tahliliy hamda maʼlumotnoma materiallarning sifatli tayyorlanishini taʼminlaydi;
respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi majlislariga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq materiallarni ishlab chiqish va qarorlarni rasmiylashtirishda ishtirok etadi, ushbu materiallarni Bosh vazir oʻrinbosariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga taqdim etadi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli bayonnoma qarorlari ijrosining nazoratini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlar uchun materiallar tayyorlashda hamda ularda qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirishda ishtirok etadi;
materiallar, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining kompleks ravishda sifatli tayyorlanishi hamda ishlab chiqilishini, shuningdek, ularning manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlar, Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan kelishilishini taʼminlaydi;
qonun loyihalarining ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga belgilangan tartibda taqdim etilishini, Kotibiyat vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha ularning himoya qilinishini tashkil etadi;
Kotibiyatga biriktirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar faoliyatini Kotibiyatga yuklangan vazifalarga muvofiq muvofiqlashtiradi;
biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining ayrim funksiya va vazifalarini vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarga berish boʻyicha takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazir oʻrinbosari rahbarlik qiladigan tegishli Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar hamda kengashlarning samarali ishlashini taʼminlaydi va ular qabul qilgan qarorlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi hamda nazorat qiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarning, jumladan, elektron shaklda keladigan murojaatlarini koʻrib chiqadi, ularda qoʻyilgan masalalarni hal etishga oid takliflar tayyorlaydi, ushbu murojaatlarni tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga koʻrib chiqish va choralar koʻrish uchun yuboradi, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qiladi, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qiladi;
respublika hududlari boʻyicha makroiqtisodiy rivojlanish, bank-moliya tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va tarkibiy oʻzgartirish, kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining turmush darajasi va sifatini oshirish masalalari, shuningdek, iqtisodiyot sohalari boʻyicha maqsadli dasturlar, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarining amalga oshirilishini muvofiqlashtirishni taʼminlaydi hamda natijalarini umumlashtiradi;
bajarilishi uchun Bosh vazir oʻrinbosari masʼul boʻlgan masalalar va vazifalarning hal etilishini taʼminlaydi.
Kotibiyat oʻziga yuklangan boshqa vazifalarni ham belgilangan tartibda amalga oshiradi.
3-bob. Kotibiyatning huquqlari va javobgarligi
9. Kotibiyat oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy boʻlinmalarining makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy va institutsional islohotlar, iqtisodiyot tarmoqlari, sektorlari va hududlarni iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi va dasturlarini ishlab chiqish masalalari boʻyicha axborot-tahliliy hamda prognozlash faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
markaziy iqtisodiyot organlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlari xodimlari, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda, axborot-tahliliy tadqiqotlar oʻtkazish uchun ekspert guruhlari tashkil etish;
xalqaro konferensiyalar, kongresslar, simpoziumlar, seminarlar va kengashlarda, shuningdek, iqtisodiy, ijtimoiy, institutsional va tarkibiy islohotlar muammolari boʻyicha axborot-tahliliy tadqiqotlar sohasidagi xalqaro loyihalarda qatnashish;
tashqi iqtisodiy faoliyat masalalari boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, xalqaro, xorijiy moliyaviy va iqtisodiy tashkilotlar, xorijiy hukumat muassasalari bilan yozishmalarni belgilangan tartibda yuritish;
mutasaddilik qilinadigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarning kollegial organlari majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazir oʻrinbosarining topshirigʻiga binoan — davlat boshqa organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning Kotibiyat yuritadigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan majlislari va yigʻilishlarida qatnashish;
zarur holatlarda, Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish, tegishli masalalar boʻyicha vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish;
zarurat boʻlganda, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilgan holda kelgan hujjatlarni qaytarish.
Kotibiyatning zarur materiallar, maʼlumotlarni taqdim etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqish boʻyicha talablari, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlarida bajarishning boshqa muddatlari belgilanmagan boʻlsa, Kotibiyat belgilagan muddatlarda bajarilishi shart.
10. Kotibiyat:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari bajarilishini monitoring qilib borish;
joylardagi ishlarning real holatini doimiy oʻrganish, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;
ushbu Nizomning 7 va 8-bandlarida koʻrsatilgan va oʻziga yuklangan vazifalarning tegishli ravishda hamda samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Kotibiyat vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha boshqa qonun hujjatlari bilan Vazirlar Mahkamasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining sifatli hamda oʻz vaqtida bajarilishi;
Kotibiyatdagi ishlarning holati, tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar faoliyatining zarur darajada muvofiqlashtirilishi va nazorat qilinishi, Kotibiyat vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarining har tomonlama koʻrib chiqilishi;
oliy darajadagi xorijiy tashriflar, shuningdek, respublika hududlariga safarlar natijalari boʻyicha Kotibiyat vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”ning zarur darajada va samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining davlat manfaatlarini, iqtisodiy samaradorlikni taʼminlash hamda ulardagi masalalarni barcha manfaatdor tuzilmalar bilan bogʻlash nuqtai nazaridan puxta ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy taʼminlash faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 3-apreldagi PF-5395-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlariga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomiga soʻzsiz rioya etilishi uchun javob beradi.
4-bob. Kotibiyatning tuzilmasi
11. Kotibiyat tuzilmasiga Kotibiyat mudiri, Kotibiyat mudirining birinchi oʻrinbosari, Kotibiyat mudirining oʻrinbosari — Kambagʻallikni qisqartirish va aholining daromadlarini oshirish boʻlimi mudiri, shuningdek:
makroiqtisodiy tahlil, prognozlashtirish va tarkibiy oʻzgartirishlar masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
budjet siyosati masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
pensiya taʼminoti va ijtimoiy nafaqalar masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
soliq siyosati va soliq maʼmurchiligi masalalari boʻyicha bosh mutaxassis bosh mutaxassis;
bojxona siyosati masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
tarif siyosati masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
kapital bozori, raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi siyosat masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
moliya institutlari va sugʻurta masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
bank tizimini isloh qilish va kreditlash masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
xalqaro reytinglar va indekslar bilan ishlash masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
kambagʻallikni bartaraf etishning oʻrta va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
aholida tadbirkorlikning zamonaviy koʻnikmalarini shakllantirish, oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
bandlikni oshirish, band boʻlmagan aholini kasbga oʻqitish va qayta tayyorlash masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining yordamchisi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining inspektori;
Kotibiyat inspektori kiradi.
Kotibiyat tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Kotibiyat ishlariga Kotibiyat mudiri rahbarlik qiladi.
13. Kotibiyat mudiri, Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlari, mutaxassislari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining yordamchisi va inspektorlar belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
5-bob. Kotibiyat faoliyatini tashkil etish
14. Kotibiyat ishlari “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, ushbu Nizomga, Vazirlar Mahkamasi apparatida Ish yuritish boʻyicha yoʻriqnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazir oʻrinbosarining topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining buyruqlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ish rejalari, Kotibiyat ish rejalari, Kotibiyat mudiri, Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlari va mutaxassislarining shaxsiy ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Kotibiyatning ish rejasi Vazirlar Mahkamasining Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan tasdiqlanadigan ish rejasi asosida shakllantiriladi.
Kotibiyatning ish rejalari, Kotibiyat mudirining shaxsiy ish rejasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi bilan kelishiladi va Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlari, mutaxassislari va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari yordamchisining shaxsiy ish rejalari Kotibiyat mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari va farmoyishlari biriktirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlarda amalga oshirilishining tizimli monitoringini olib borish boʻyicha Kotibiyatning faoliyati Vazirlar Mahkamasining ish rejasiga muvofiq kompleks oʻrganishlar asosida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlariga binoan Vazirlar Mahkamasi, Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida hisobotlarni eshitish va maʼlumotlarning tegishli bankini yuritish orqali taʼminlanadi.
15. Kotibiyat mudiri:
Kotibiyatga bevosita rahbarlik qiladi, oʻz oʻrinbosarlari, mutaxassislar ishlarini tashkil etadi, Kotibiyatga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Kotibiyat yuritadigan sohaga oid masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishda davlat manfaatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlaydi, ularning ekspert jihatdan ishlab chiqilishini tashkil etadi va hujjatlarning tayyorlangan loyihalariga viza qoʻyadi. Tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingandan soʻng ularning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlaydi;
respublikaning tegishli tarmoqlari, sohalari va hududlarida iqtisodiy islohotlarning ahvoli va samaradorligining tizimli monitoringi tashkil etilishi va bu haqda maʼlumotlar bankining shakllantirilishini, shuningdek, muammoli masalalarni hal etishga doir amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini, respublika tarmoqlari va hududlarini rivojlantirishning istiqbolli vazifalari amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Kotibiyatning tasdiqlangan tuzilmasi va shtatlar jadvaliga, Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlari va mutaxassislarining kasb darajasi va amaliy malakasini oshirish, ularni ragʻbatlantirish hamda jazolash choralariga muvofiq lavozimlarga tavsiya etilayotgan nomzodlar boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi bilan kelishgan holda Bosh vazir oʻrinbosariga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
vazifalarning Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlari va mutaxassislari oʻrtasida taqsimlanishini, shuningdek, Kotibiyatning yarim yillik ish rejasi loyihasini ishlab chiqadi va Bosh vazir oʻrinbosariga tasdiqlash uchun kiritadi, Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlari, mutaxassislarining ish rejalarini tasdiqlaydi;
Vazirlar Mahkamasiga kelgan va Hukumat qarorlari qabul qilinishi talab etilmaydigan hujjatlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar, kengashlar majlislarida hamda Kotibiyat yuritadigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda qatnashadi;
Kotibiyat kadrlar zaxirasining shakllantirilishi va yangilanishini, kadrlar zaxirasiga kiritilgan shaxslar bilan tizimli ish olib borish tashkil etilishini taʼminlaydi;
Vazirlar Mahkamasi apparatida amalda boʻlgan Yoʻriqnomaga muvofiq ishlarning yuritilishini taʼminlaydi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi.
16. Kotibiyat mudiri vaqtinchalik boʻlmagan taqdirda, uning vazifasini Kotibiyat mudirining birinchi oʻrinbosari bajaradi.
17. Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlari:
mutaxassislar faoliyatini muvofiqlashtiradi, oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha Kotibiyatga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi hamda ijro intizomining holati uchun shaxsan javob beradi;
oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha materiallar va hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida tayyorlanishini tashkil qiladi, topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlaydi;
tegishli masalalar boʻyicha tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasi yaratilishi va yuritilishi, ularni muntazam yangilab turish yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
materiallar toʻgʻrisida Kotibiyat mudiriga, shuningdek, belgilangan tartibda Bosh vazir oʻrinbosariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
islohotlarni chuqurlashtirish, respublikani, tarmoqlar va hududlarni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, tegishli sohalardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqilishini tashkil qiladi va ularni Kotibiyat mudiriga taqdim etadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari hamda idoralararo komissiyalar va kengashlar majlislarida, oʻzi yuritadigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini tayyorlash maqsadida ularni muhokama qilish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari, olimlar va mutaxassislar ishtirokida oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha yigʻilishlar oʻtkazadi;
Kotibiyat mudirining topshirigʻiga binoan chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
Kotibiyat mudiriga tegishli mutaxassislar oʻrtasida vazifalarni taqsimlash boʻyicha takliflar kiritadi;
Kotibiyat mudiriga mutaxassislarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, ularning malakasini oshirish, ragʻbatlantirish hamda jazolash toʻgʻrisida takliflar taqdim etadi.
18. Kotibiyat bosh mutaxassisi:
takliflarning va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifati, ishonchliligi va oʻz vaqtida tayyorlanishi, funksional vazifalarga muvofiq topshiriqlar va qabul qilingan hujjatlar bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflar hamda hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular boʻyicha zarur tahliliy materiallar va ekspert xulosalar tayyorlaydi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq ular yuzasidan zarur kelishishlarni taʼminlaydi;
materiallar va hujjatlar loyihalari toʻgʻrisida Kotibiyat mudiri, uning oʻrinbosarlariga, shuningdek, belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosariga va Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
qabul qilingan hujjatlar boʻyicha amalga oshirish jadvalini yoki tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun kiritadi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari, sohalari va respublika hududlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlarining topshiriqlari bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshiradi;
tegishli funksional masalalar va hujjatlar boʻyicha tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasining shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam yangilab turilishini tashkil etadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari markaziy apparatlarining tarkibiy boʻlinmalari (iqtisodiy, moliyaviy va yuridik xizmatlar), mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ishlarining ahvoli va samaradorligini doimiy asosda oʻrganadi, ularning faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar kiritadi;
sohani rivojlantirish boʻyicha istiqbolli vazifalarni samarali hal etish yuzasidan Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar va idoralarning muvofiqlashtirilgan ishini taʼminlaydi;
idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirishda Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar va idoralar mustaqilligini kuchaytirishda ishtirok etadi;
Kotibiyatga biriktirilgan tashkilotlar va ularning rahbarlarining faoliyatini baholashning aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan tizimini ishlab chiqish hamda joriy etishda, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan dasturlar sifatli hamda samarali amalga oshirilishini taʼminlashda ishtirok etadi;
oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar hamda kengashlar majlislari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash, shuningdek, ijrodagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini muhokama qilish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar vakillari, olimlar va mutaxassislar ishtirokida oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha yigʻilishlar oʻtkazadi;
Vazirlar Mahkamasi, Kotibiyatning ish rejalarida, shuningdek, tegishli davr uchun shaxsiy ish rejalarida nazarda tutilgan masalalarni oʻrganish va chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirishni taʼminlaydi, tanqidiy tahlil asosida Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlari, Kotibiyat mudiri, Bosh vazir oʻrinbosariga koʻrib chiqish uchun takliflar kiritadi;
islohotlarni chuqurlashtirish, respublikani, sohalar va hududlarni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, tegishli masalalar boʻyicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqilishini tashkil qiladi hamda Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlariga, Kotibiyat mudiriga taqdim etadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
19. Bosh vazir oʻrinbosarining yordamchisi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli topshiriqlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bajarilishining nazoratini hamda tahlil etilishini taʼminlaydi, ularni bajarish natijalari haqida Bosh vazir oʻrinbosariga axborot beradi;
Hukumatning muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlashda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari samarali bajarilishini tashkil etadi, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qiladi;
Vazirlar Mahkamasi, Kotibiyatning ish rejalarida, shuningdek, tegishli davr uchun shaxsiy ish rejalarida nazarda tutilgan masalalarni oʻrganish va chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirishni taʼminlaydi, tanqidiy tahlil asosida Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlari, Kotibiyat mudiri, Bosh vazir oʻrinbosariga koʻrib chiqish uchun takliflar kiritadi;
Bosh vazir oʻrinbosarining ish rejalarini shakllantirishda ishtirok etadi va ularning bajarilishini tashkil qiladi;
Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda Bosh vazir oʻrinbosari koʻrib chiqishi uchun axborot-maʼlumotnoma va boshqa materiallar, shuningdek, Bosh vazir oʻrinbosarining maʼruzalari va nutqlarini tayyorlaydi;
Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlar va majlislarga, shu jumladan Hukumat komissiyalarining yigʻilish va majlislariga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazishni tashkil qiladi, topshiriqlarni umumlashtiradi, ularning ijrosini nazorat qiladi, Kotibiyat mudiri va Bosh vazir oʻrinbosariga topshiriqlarning bajarilishi haqida belgilangan tartibda axborot beradi;
Bosh vazir oʻrinbosariga keladigan xat-xabarlarni tahlil qiladi, tegishli materiallar boʻyicha axborot beradi va xat-xabarlar yuzasidan topshiriqlarni ijrochilarga belgilangan tartibda yuboradi;
Bosh vazir oʻrinbosarining davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarini qabul qilishini tashkil etadi;
Vazirlar Mahkamasi apparatining tegishli tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda fuqarolarni Bosh vazir oʻrinbosari qabul qilishini tashkil etadi, Bosh vazir oʻrinbosari va Kotibiyat mudirining topshirigʻiga binoan fuqarolarni shaxsan qabul qiladi.
20. Inspektor Kotibiyatda ish yuritilishini taʼminlaydi, hujjatlarning oʻtishini nazorat qiladi, ishlarning tayyorlanishini va arxivda saqlash uchun oʻz vaqtida berilishini taʼminlaydi, oʻziga yuklangan boshqa funksiyalarni bajaradi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.04.2020-y., 09/20/249/0493-son)