Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning 2019-yil 18 — 21-aprel kunlari Oʻzbekiston Respublikasiga Davlat tashrifi Oʻzbekiston — Janubiy Koreya hamkorligi tarixidagi gʻoyat muhim voqealardan biri boʻldi va ikki mamlakatning oʻzaro munosabatlarini “alohida strategik sheriklik” darajasiga olib chiqdi.
Davlat rahbarlari ishtirokida doʻstona va amaliy muhitda oʻtkazilgan samarali muzokaralar hamda tadbirlar oliy darajadagi faol siyosiy muloqotni yanada davom ettirish muhimligini tasdiqladi, bu esa ikkala mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va ochiqlikni saqlab qolishning belgilovchi omili hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasida alohida strategik sheriklik toʻgʻrisidagi Qoʻshma deklaratsiya, 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda 12 milliard dollardan koʻproq miqdorda bitimlar toʻplami imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasida alohida strategik sheriklik toʻgʻrisidagi Qoʻshma deklaratsiya siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalarda ikkala mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlikni chuqurlashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston-Janubiy Koreya munosabatlari tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.
Koreya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga Davlat tashrifi davomida imzolangan ikki tomonlama bitimlar va erishilgan ahdlashuvlarning toʻla-toʻkis va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Koreya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga Davlat tashrifi davomida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni, shuningdek, xavfsizlik sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga* muvofiq;
Koreya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga Davlat tashrifi davomida imzolangan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy bitimlarni amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) 3-ilovaga* muvofiq;
Janubiy Koreya kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) 4-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi hamda Janubiy Koreyaning ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forumlar va aniq investitsiya loyihalarining taqdimotlarini oʻtkazish jadvali 5-ilovaga* muvofiq;
Koreya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga Davlat tashrifi davomida imzolangan ikki tomonlama bitimlar va erishilgan ahdlashuvlarning oʻz vaqtida va soʻzsiz amalga oshirilishi monitoringi hamda nazoratini taʼminlash mexanizmi 6-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ushbu qarorning 3-ilovasiga* kiritilgan investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishning tarmoq jadvallarini tasdiqlasin.
3. Koreya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga Davlat tashrifi davomida erishilgan ahdlashuvlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash masalalari boʻyicha 7-ilovaga* muvofiq Ishchi guruh tuzilsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Koreya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga Davlat tashrifi davomida imzolangan hujjatlar ogʻishmay va sifatli ijro etilishini, shu jumladan, ayrim hujjatlarning kuchga kirishi boʻyicha davlat ichki tartib-taomillarining hamda erishilgan ahdlashuvlarning oʻz vaqtida bajarilishini doimiy va tizimli monitoring hamda nazorat qilinishini tashkillashtirish;
masʼul ijrochilar — vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar rahbarlarining mazkur qaror bilan tasdiqlangan amaliy chora-tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”)ni soʻzsiz bajarish boʻyicha qabul qilayotgan amaliy chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish;
siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, innovatsion, harbiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan imzolangan ikki tomonlama bitimlar va erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirish, shuningdek, mazkur masalalar boʻyicha, avvalo savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston — Janubiy Koreya Hukumatlararo qoʻmitasi doirasida muntazam va samarali oʻzaro hamkorlikni tashkil etish;
ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha muzokaralar olib borish, joriy masalalarni tezkor hal etish va olgʻa siljitish uchun Koreya Respublikasiga Ishchi guruh rahbarlarini tegishli vazirliklar, idoralar va kompaniyalarning vakillari bilan birga xizmat safarlariga muntazam yuborib turish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari L.Sh.Qudratovning 2019-2020-yillar davridagi faoliyatining asosiy vazifasi etib Koreya Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlik dasturlari va loyihalarini oʻz vaqtida va toʻla hajmda amalga oshirish yuzasidan vazirlik va idoralarning ishini samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, koreys tomoni bilan samarali oʻzaro hamkorlikni taʼminlash etib belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining markaziy apparati tuzilmasida shtatlar sonini 5 nafarga koʻpaytirish hisobidan Koreya Respublikasi bilan Investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish boshqarmasi tashkil etilsin va uning asosiy vazifasi etib Koreya Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy va moliyaviy-texnik hamkorlik dasturlari hamda loyihalarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil qilish belgilansin.
6. Masʼul ijrochilar — vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar:
* 1 — 8b-ilovalar berilmaydi.
“Ijro gov.uz” tizimidan foydalangan holda, tarmoq jadvallarini hamda ushbu qaror bilan tasdiqlangan amaliy chora-tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”)ni oʻz vaqtida va sifatli bajarishni;
mazkur qaror bilan tasdiqlangan amaliy chora-tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”)ning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi axborot ushbu qarorning 1- va 2-ilovalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga, 3- va 4-ilovalariga muvofiq Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taalluqli qismlari hisobot oyidan keyingi har bir kalendar oyining 3-sanasiga qadar taqdim etilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hisobot oyidan keyingi har bir kalendar oyining 7-sanasiga qadar mazkur qaror bilan tasdiqlangan amaliy chora-tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”)ning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi hisobot oyidan keyingi har bir kalendar oyining 10-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijro etuvchi apparatiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatiga ushbu qaror va tasdiqlangan amaliy chora-tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) bajarilishining tanqidiy tahlilini taqdim etsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 29-aprel,
PQ-4301-son