Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligi oshirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4075-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-may,
PF-5732-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PF-5732-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 9-iyuldagi “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari mehnatini ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4451-son Farmonining 1-bandidagi “Mahalla posboni” rahbarlariga” soʻzlari “profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilariga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 10-oktabrdagi “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2050-son qarori 4-bandining beshinchi xatboshidagi “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmalarining rahbarlari” soʻzlari “profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PQ-2896-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari tayanch punkti toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tayanch punktlari oʻz faoliyatini profilaktika katta inspektorlari va profilaktika inspektorlari (keyingi oʻrinlarda — profilaktika inspektorlari) hamda profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari tarkibida amalga oshiradi.”;
b) 12-bandda:
yigirma toʻqqizinchi xatboshidan “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmalari” soʻzlari chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi oʻttizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“profilaktika (katta) inspektorlarining yordamchilarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish haqida tuman (shahar) ichki ishlar organlarining boshliqlariga tavsiyalar beradi”;
oʻttizinchi — oʻttiz toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha oʻttiz birinchi — oʻttiz beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
23-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3216-son qarori 6-bandining oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Akademiya kunduzgi taʼlim shakliga qabul faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlari xodimlari, shuningdek profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari tarkibidan amalga oshiriladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-3528-son qarori 8-bandining toʻrtinchi xatboshidagi “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbarining” soʻzlari “profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilarining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 06/19/5732/3212-son)