Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Dasturiy mahsulotlar va axborot mahsulotlaridan foydalanish huquqini amalga oshirish hamda rasmiylashtirishning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 14-maydagi PQ-3724-son qaroriga muvofiq hamda mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar bozorini jadal rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Dasturiy mahsulotlar va axborot mahsulotlaridan foydalanish huquqini amalga oshirish hamda rasmiylashtirishning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) va buxgalterlik hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Elektron hukumat, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 16-avgust,
670-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-avgustdagi 670-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Dasturiy mahsulotlar va axborot mahsulotlaridan foydalanish huquqini amalga oshirish hamda rasmiylashtirishning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom dasturiy mahsulotlar va axborot mahsulotlaridan, shu jumladan “bulutli texnologiyalar”ni xarid qilish va ularga obuna boʻlish (keyingi oʻrinlarda raqamli mahsulotlar deb ataladi) xizmatlaridan foydalanish huquqini amalga oshirish hamda rasmiylashtirishning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) va buxgalteriya hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi raqamli mahsulotlar boʻyicha bitimlarni amalga oshiradigan Oʻzbekiston Respublikasining barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlariga tatbiq etiladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
raqamli mahsulotlar importi — xorijiy davlatning yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan raqamli mahsulotlar uchun mutlaq huquqlar yoki raqamli mahsulotlardan foydalanish huquqini Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxsiga berish yoxud yuridik yoki jismoniy shaxsning elektron axborot muhitida amalga oshirish joyidan qatʼi nazar, muayyan harakatlarni yoki moddiy natijaga ega boʻlmagan muayyan faoliyatni amalga oshirishi;
moddiy tashuvchi — raqamli mahsulotlarni yaratish, qayd etish, uzatish, qabul qilish, saqlash yoki boshqa tarzda ishlatish uchun qoʻllaniladigan magnit, optik, lazerli yoki boshqa elektron axborot tashuvchisi;
skrinshot — shaxsiy kompyuter yoki mobil qurilma ekranining, shu jumladan internet sahifasining tasvirlangan oʻzgarmagan grafik koʻrinishi;
xoʻjalik yurituvchi subyekt — iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkor;
raqamli mahsulotlar — intellektual mulk obyektlarining elektron nusxalari (raqamli tovarlar), shuningdek, elektron axborot muhitida moddiy natijaga ega boʻlmagan muayyan harakatlar yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish, shu jumladan “bulutli texnologiyalar” xizmatini xarid qilish va unga obuna boʻlish xizmatlari (raqamli xizmatlar);
raqamli distributsiya — raqamli mahsulotlarni moddiy tashuvchidan foydalanmagan holda, shu jumladan butunjahon Internet tarmogʻi orqali shaxsiy kompyuterga yoki mobil qurilmaga yuklash (yuklab olish) orqali tarqatish usuli, onlayn xizmatlardan foydalanishga ruxsat berish yoki obuna boʻlish va boshqalar;
raqamli mahsulotlar eksporti — Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan raqamli mahsulotlar uchun mutlaq huquqlar yoki raqamli mahsulotlardan foydalanish huquqini xorijiy davlatning yuridik va jismoniy shaxsiga berishi yoxud amalga oshirish joyidan qatʼiy nazar yuridik yoki jismoniy shaxsning elektron axborot muhitida, muayyan harakatlarni yoki moddiy natijaga ega boʻlmagan muayyan faoliyatni amalga oshirishi.
2-bob. Raqamli mahsulotlar boʻyicha bitimlarni hujjatli tasdiqlash
Oldingi tahrirga qarang.
3. Raqamli mahsulotlar boʻyicha bitimlar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda, shu jumladan elektron tijoratda shartnomalar tuzish yoʻli orqali amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Moddiy tashuvchilarda tarqatiladigan raqamli mahsulotlar boʻyicha bitimlar boshqa tovarlar bilan tuziladigan bitimlarga oʻxshash tarzda hujjat bilan tasdiqlanadi.
5. Raqamli distributsiya usullari orqali tarqatiladigan raqamli mahsulotlar boʻyicha bitimlar:
a) elektron cheklar, raqamli mahsulotga boʻlgan huquqni sotib olish kvitansiyalari, raqamli distributsiya jarayonida axborot tizimlari orqali shakllantirilgan va bitim tomonlarini identifikatsiya qilish imkonini beruvchi boshqa xabarlar;
b) xoʻjalik yurituvchi subyektniing ichki hujjatlari (xoʻjalik yurituvchi subyektning javobgar shaxsi hisoboti, bank koʻchirmasi, buxgalterlik maʼlumotnoma va boshqalar) bilan tasdiqlanadi.
6. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar birlamchi hujjatlarga quyidagilarni ilova qilgan holda bir tomonlama rasmiylashtirish huquqiga ega:
a) qoʻshilish shartnomasi, oferta, litsenziya va boshqa shartnomaning elektron nusxalari;
b) invoys, schyot-faktura yoki kontragentdan elektron xabar shaklida olingan boshqa hujjat nusxalari;
v) elektron toʻlov tizimlaridagi tranzaksiyalar skrinshoti, raqamli tovarni sotib olish toʻgʻrisidagi veb-saytdan log-hisobotlar va pul mablagʻlari tushganini va toʻlanganini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
Ushbu hujjatda kontragent masʼul shaxslarining imzosi talab qilinmaydi. Xoʻjalik yurituvchi subyekt raqamli distributsiya usullari orqali amalga oshiriladigan raqamli mahsulotlar boʻyicha bitim operatsiyalarini roʻyxatga olish uchun birlamchi hujjat shaklini Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonuni talablarini inobatga olgan holda mustaqil ravishda ishlab chiqadi.
3-bob. Raqamli mahsulotlar eksporti va importining oʻziga xos xususiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan moddiy tashuvchi orqali olib oʻtiladigan raqamli mahsulotlarning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kiriladigan va maʼlumotlarni qayta ishlash uskunalari uchun raqamli mahsulotlarni oʻz ichiga olgan moddiy tashuvchining bojxona qiymatini aniqlashda, baholanayotgan tovar uchun amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan narxdan dasturiy taʼminotning qiymati va (yoki) axborot moddiy tashuvchining qiymatini ajratish sharti bilan faqat axborot tashuvchining qiymati hisobga olinadi.
Agar, raqamli mahsulot axborot tashuvchi boʻlmagan tovar tarkibiga kirsa hamda bunday dasturiy taʼminotsiz oʻziga xos boʻlgan vazifalarni bajara olmaydigan ushbu tovarning ishlashini taʼminlashga qaratilgan boʻlsa, raqamli mahsulot qiymati tovar qiymatidan ajratilmaydi.
9. Raqamli distributsiya usullari orqali eksport yoki import qilinadigan raqamli mahsulotlar bojxonada rasmiylashtirilmaydi.
10. Raqamli mahsulotlarni butunjahon Internet tarmogʻidagi xorijiy elektron savdo maydonchalari orqali raqamli distributsiya yoʻli bilan eksport qilganda:
xorijiy valyutadagi tushumlar raqamli mahsulot sotilganidan keyin xorijiy onlayn-savdo maydonchasi xizmatlari haqi eksportchining hisobraqamiga chegirib qolingan holda oʻtkaziladi;
tushumlarning tushish muddatlari xorijiy onlayn-savdo maydonchasi qoidalariga muvofiq belgilanadi.
4-bob. Raqamli mahsulotlarning buxgalteriya hisobi
11. Raqamli mahsulotlarni buyurtma asosida yaratish ishlarini bajarishda ularni buyurtmachiga topshirish yuridik shaxslarning buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
ijrochida — bajarilgan ishlarni amalga oshirishdan olingan daromad sifatida:
4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar” hisobvaragʻining debeti;
9030 “Tayyor mahsulotlarni sotishdan daromadlar” hisobvaragʻining krediti;
buyurtmachida:
nomoddiy aktivlarni yaratish bilan bogʻliq xarajatlar sifatida:
a) 0830 “Nomoddiy aktivlarni xarid qilish” hisobvaragʻining debeti;
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga toʻlanadigan hisobvaraqlar” hisobvaragʻining krediti;
b) 0400 “Nomoddiy aktivlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar” hisobvaragʻining debeti
0830 “Nomoddiy aktivlarni xarid qilish” hisobvaragʻining krediti;
yoki joriy harajatlar sifatida:
xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar debeti;
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga toʻlanadigan hisobvaraqlar” hisobvaragʻining krediti.
12. Raqamli mahsulotlarning mutlaq huquqlarining oldi-sotdisi yuridik shaxslarning buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
ijrochida — boshqa aktivlarning chiqib ketishi sifatida;
a) nomoddiy aktivlarning realizatsiya qilingan (sotilgan) qiymati:
4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar” hisobvaragʻining debeti;
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvaragʻining krediti;
b) qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblanganda:
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvaragʻining debeti;
6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” hisobvaragʻining krediti;
v) nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymati hisobdan chiqarilganda:
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvaragʻining debeti;
0400 “Nomoddiy aktivlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar” hisobvaragʻining krediti;
g) nomoddiy aktivlarning jamlangan eskirishi hisobdan chiqarilganda:
0500 “Nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” hisobvaragʻining debeti;
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvaragʻining krediti;
d) nomoddiy aktivlarning chiqib ketishidan olinadigan daromad summasida:
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvaragʻining debeti;
9320 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishidan olinadigan daromad” hisobvaragʻining krediti;
e) nomoddiy aktivlarning chiqib ketishidan yetkaziladigan zarar summasida:
9430 “Boshqa operatsion xarajatlar” hisobvaragʻining debeti;
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvaragʻining krediti;
xaridorda — nomoddiy aktivlarni sotib olish bilan bogʻliq xarajatlar sifatida:
a) 0830 “Nomoddiy aktivlarni xarid qilish” hisobvaragʻining debeti;
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga toʻlanadigan hisobvaraqlar” hisobvaragʻining krediti;
b) 0400 “Nomoddiy aktivlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar” hisobvaragʻining debeti;
0830 “Nomoddiy aktivlarni xarid qilish” hisobvaragʻining krediti;
joriy xarajatlar sifatida:
xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarning debeti;
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga toʻlanadigan hisobvaraqlar” hisobvaragʻining krediti.
13. Raqamli mahsulotlarning foydalanish huquqlarining oldi-sotdisi yuridik shaxslarning buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
litsenziarda:
a) xizmatlarni koʻrsatishdan olingan daromad sifatida - agar koʻrsatilgan daromad summasi tovarlarni (xizmatlar, ishlar) sotishdan olingan daromadlarning umumiy summasidan oshsa:
4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar” hisobvaragʻining debeti;
9030 “Ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar” hisobvaragʻining krediti;
b) royalti koʻrinishidagi boshqa daromadlar sifatida — agar koʻrsatilgan daromad summasi tovarlarni (xizmatlar, ishlar) sotishdan olingan daromadlarning umumiy summasidan oshmasa:
4850 “Olish uchun royalti” hisobvaragʻining debeti;
9510 “Royalti koʻrinishidagi daromadlar” hisobvaragʻining krediti;
litsenziatda:
kelgusidagi xarajatlarga taalluqli xarajatlar sifatida — agar shartnoma shartlariga koʻra, raqamli mahsulotlardan foydalanish huquqi muayyan muddatga taqdim etilsa va maʼlum bir muddat uchun toʻlov toʻlansa:
a) kelgusi davrlar uchun toʻlangan yoki kirim qilingan harajatlar:
3190 “Kelgusi davrlarning boshqa xarajatlari” hisobvaragʻining debeti;
5110 — 5530 pul mablagʻlari kredit hisobvaraqlari yoki 6930 “Royalti boʻyicha qarz” hisobvaragʻining krediti;
b) xarajatlar uchun sarflanadigan kelgusi davrlar xarajatlari summasi boʻyicha:
xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarning debeti;
3190 “Kelgusi davrlarning boshqa xarajatlari” hisobvaragʻining krediti.
Joriy harajatlar uchun kelgusi davrlar harajatlarini hisobdan chiqarish belgilangan muddatda teng ravishda yoki joriy xarajatlar sifatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar soni yoki hajmiga proporsional ravishda amalga oshiriladi, agar shartnoma shartlari boʻyicha:
raqamli mahsulotlardan foydalanish huquqi muddat koʻrsatilmagan holda taqdim etilganda;
raqamli mahsulotlardan foydalanish huquqi muayyan muddatga berilganda va foydalanish huquqi uchun davriy toʻlovlar nazarda tutilganda:
xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarning debeti;
5110 — 5530 pul mablagʻlari kredit hisob-varaqlari yoki 6930 “Royalti boʻyicha qarz” hisobvaragʻining krediti.
5-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
14. Raqamli mahsulotlar bilan bogʻliq bitimni amalga oshiruvchi subyektlar ushbu Nizom normalariga rioya etilmaganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2018-y., 09/18/670/1770-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)