Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulkning qonuniy hamda amaliy jihatdan ustuvor rolini taʼminlash, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Bu borada qabul qilingan qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralarining tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvini bartaraf etish yoʻlida qatʼiy tartib oʻrnatildi.
Tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari bilan oʻzaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilmoqda. Qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati subyektining foydasiga hal etilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilish davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga toʻsqinlik qilish sifatida qaralmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi. U xususiy mulk huquqiga gʻayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga qaratilgan qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish tizimini tubdan soddalashtirish va tadbirkorlik faoliyatini yuritishni yanada yengillashtirish masalalari ham davlatimiz eʼtiborida turibdi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlarining faoliyati sifati va samaradorligini tubdan oshirish, ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar turlarini yanada kengaytirishga qaratilgan aniq choralar belgilandi.
Bu saʼy-harakatlar tadbirkorlik subyektlarining mamlakatimiz iqtisodiyotidagi roli va ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Natijada aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish xohish-istagi oshib, yildan-yilga tadbirkorlik subyektlarining soni koʻpaymoqda. Tadbirkorlik faoliyati aholini ish bilan taʼminlashda, odamlarning hayot darajasi va sifatini oshirishda hal qiluvchi omillardan biriga aylandi.
Islohotlar samaradorligi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimining yangi taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish hamda mamlakatimizda yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish bilan uzviy bogʻliqligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili institutini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (keyingi oʻrinlarda — Vakil) taʼsis etilmoqda. Ushbu institut kelgusida tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari oʻrtasidagi samarali muloqotning yangi mexanizmlarini joriy qilishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan davlat himoyasining qoʻshimcha kafolatlarini yaratishga xizmat qiladi.
Farmon bilan Vakilning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilanmoqda. Unga koʻra, Vakil mazkur sohada davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vazifalarni bajaradi. Shuningdek, sohadagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda roʻyobga chiqarilayotganligini oʻrganish, ularning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga taʼsirini baholash, tadbirkorlikning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularning rivojlanishini ragʻbatlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash Vakil faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi.
Vakil Farmonda belgilangan oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshiradi. Vakil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi hamda oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor hisoblanadi. Bu qoida Vakilning oʻz faoliyatini faqatgina Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga boʻysungan holda amalga oshirishida, tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining har qanday shaklda buzilishiga nisbatan adolat, qonun ustuvorligi hamda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi nuqtai nazaridan xolisona baho berishida, qonunbuzilishlarga oʻz vaqtida barham berish uchun qatʼiy choralarni koʻrishida, qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻygan barcha mansabdor shaxslar uchun jazoning muqarrarligi prinsipini taʼminlashida muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Farmon bilan Vakilga oʻz vazifalarini bajarishi uchun qator huquq va vakolatlar berilmoqda. Jumladan, Vakil tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish boʻyicha qonunchilikning soʻzsiz ijro etilishini oʻrganish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirishlar amalga oshirilishi qonuniyligining monitoringini olib borish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlarining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilish yuzasidan takliflar kiritish, davlat organlari va tashkilotlaridan oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash va olish huquqiga ega.
Shu bilan birga, Vakil davlat organlari va boshqa muassasalar mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirishi, ularga aniqlangan qonunbuzilish holatlarini, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritishi mumkinligi koʻzda tutilayapti. Vakil tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini koʻzlab sudlarga davlat boji toʻlamasdan arizalar va daʼvolar bilan murojaat qilishi, davlat organlarining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq yigʻilishlarida ishtirok etishi mumkin.
Ushbu huquq va vakolatlarning amalda roʻyobga chiqarilishi sohadagi qonunchilik talablarini tadbirkorlik subyektlari fikrlari, taklif va ehtiyojlaridan, mavjud muammolar, huquqni qoʻllash amaliyotining har tomonlama tahlilidan kelib chiqqan holda, doimiy ravishda takomillashtirib borishga hamda qonun hujjatlari ijrosi samaradorligini oshirish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishga zamin yaratadi. Eng muhimi, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning, shu jumladan, har xil asossiz tekshiruvlar oʻtkazish yoʻli bilan aralashuvlarning zudlik bilan barham berilishiga, ularning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishining har qanday shaklining oldini olish uchun samarali choralar koʻrilishiga, tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, shu jumladan, sud orqali tiklash mexanizmlaridan unumli foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Farmonda Vakil devoni faoliyati tashkil etilishi belgilanib, uning tuzilmasi tasdiqlandi. Vakil va uning devoni faoliyatini samarali tashkil qilish uchun zarur tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik masalalarni hal etish ham nazarda tutilmoqda.
Ushbu hujjatda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Unda Vakil faoliyatining huquqiy asoslari va kafolatlari, asosiy prinsiplari, uning huquq va majburiyatlari, tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi, davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik tartibini belgilash rejalashtirilmoqda.
Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi, shubhasiz, iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari manfaatlari ustuvorligini amalda taʼminlash, Vakil zimmasidagi vazifalarni toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida samarali muloqotni mustahkamlash, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini ragʻbatlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini biror-bir shaklda buzish holatlariga barham berish imkoniyatini yaratadi. Pirovardida mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, aholini barqaror va sifatli ish bilan taʼminlash, odamlar turmush sifati va darajasini yanada yaxshilash, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.