Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKChARMPOYABZALI” UYuShMASI KORXONALARINING BARQAROR FAOLIYATINI TAʼMINLAShGA DOIR ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Charm-poyabzal tarmogʻini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va tarmoq korxonalarining barqaror faoliyatini taʼminlash, charm xomashyosini yanada puxta qayta ishlash hamda raqobatbardoshli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi:
mahalliy xomashyodan furnitura, yordamchi va butlovchi materiallar hamda boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning tarmoq dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Namangan va Fargʻona viloyatlari, Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2002-yildan boshlab ilovaga* muvofiq ijtimoiy soha obyektlarini topshirish - qabul qilib olish dalolatnomalari asosida hokimliklar balansiga berish boʻyicha bir oy muddatda kelishilgan qaror qabul qilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi korxonalarining ishlamayotgan ishlab chiqarishlari 2001-yil 1-maydan boshlab uch yil muddatga mulk soligʻi toʻlashdan istisno tariqasida ozod qilinsin.
“Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi mavjud ishlab chiqarish potensialidan yanada toʻliq va samarali foydalanish dasturini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, dasturda istiqbolsiz ishlab chiqarishlarni tugatish, ishlamayotgan ishlab chiqarishlarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda, rekonstruksiya qilish, zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash, ularni raqobatbardoshli charm tovarlar va poyabzallar chiqarishga qayta ixtisoslashtirish chora-tadbirlarini nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi bilan birgalikda shu yil 1-maygacha uyushmaning ishlamayotgan, mol-mulki qiymati belgilangan imtiyozga muvofiq soliqqa tortilmaydigan ishlab chiqarishlari roʻyxatini aniqlasinlar.
3. “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi tashkilotlari tomonidan ishlab chiqariladigan bolalar poyabzali va maxsus poyabzallar narxini pasaytirish maqsadida ushbu mahsulotlar 2001-yil 1-iyundan 2003-yil 1-yanvargacha qoʻshilgan qiymat soligʻidan istisno tariqasida ozod qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-oktabrdagi 222-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2005-y., 40-son, 307-modda)
5. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Savdogarbank”, “Oʻzbekcharmpoyabzali” va “Oʻzbekcharmpoyabzali”ning 2001-yilda oʻz resurslari hisobidan “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi korxonalari va tashkilotlarining aylanma mablagʻlarini toʻldirishga jami 1,0 mlrd soʻm miqdorida oʻrtacha muddatli kredit ajratish, mablagʻlarning bir qismini xorijiy banklarning asbob-anjomlar sotib olish uchun ajratilgan kreditlarini toʻlashga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
“Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi tashkilotlariga import qilinadigan xomashyo, moddiy va texnika resurslari boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi, bojxona bojlari va yigʻimlari toʻlovini belgilangan tartibda 2 oy muddatgacha kechiktirsin;
charm va moʻyna (shuningdek nostandart), shu jumladan qorakoʻl xomashyosining (TIF TN kodlari 4101-4103, 4301-4302) respublikadan tashqariga noqonuniy olib ketilishini bartaraf etish maqsadida bojxona nazoratini kuchaytirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat daromadiga oʻtkazilgan teri, moʻyna va qorakoʻl xomashyo ularni qayta ishlashga ixtisoslashgan tashkilotlarga toʻlov evaziga beriladi.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 16-oktabrdagi 446-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 20-son, 187-modda)
7. “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati Respublika markazi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi bilan birgalikda bojxona organlari tomonidan musodara qilingan charm, moʻyna va qorakoʻl xomashyosini keyinchalik qayta ishlash uchun “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi tashkilotlariga berish, toʻlov narxini belgilash tartibini bir oy muddatda, belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda charm, moʻyna va qorakoʻl xomashyosini noqonuniy tayyorlash, tashish hamda Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga olib ketish hollarining oldini olish va bartaraf etish boʻyicha kelishilgan tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-yanvardagi 36-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2003-y., 1-2-son, 13-modda).
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari M.Z. Usmonov va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 12-aprel,
172-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 7-son, 37-modda; 2003-y., 1-2-son, 13-modda; 20-son, 187-modda; 2005-y., 40-son, 307-modda)