Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BUXORO VA FARGʻONA ShAHARLARIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING SOLIQ KOLLEJLARINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 471-sonli “Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning soliq majburiyatlarini aniqlashda davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlar bazasidan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2000-yil 13-martdagi 87-son qarorining bajarish yuzasidan hamda Davlat soliq xizmatini malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Buxoro va Fargʻona shaharlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq kollejlari tashkil etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq kollejini tashkil etish toʻgʻrisida” 1998-yil 14-iyuldagi 298-son qarorining 1 va 2-bandlari yangi tashkil etilayotgan Soliq kollejlariga tatbiq etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Soliq kollejlari maʼmuriy va oʻqituvchilar tarkibining shtatlar soni qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
2000-yil 1-sentabrdan boshlab kollejlarda mashgʻulotlar boshlanishini taʼminlasin;
Davlat test markazi bilan birgalikda test sinovlari natijalari boʻyicha abituriyentlarni belgilangan tartibda 2000/2001 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqitish uchun belgilangan davlat grantlari doirasida xolisona, sifatli tanlab olsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2001-yildan boshlab Buxoro va Fargʻona shaharlaridagi Soliq kollejlarining xarajatlariga belgilangan tartibda zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
6. 2000-yilda kollejlarning joriy xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining ijtimoiy rivojlantirish va moddiy-texnika taʼminoti jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining Qurilish va qurilish materiallari sanoati kompleksi (A.N. Isayev), Davlat soliq qoʻmitasi (B.A. Xoʻjayev), Moliya vazirligi (R.S. Azimov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (S.S. Gʻulomov), Buxoro (S.Q. Husenov) va Fargʻona (A.A. Otabayev) viloyatlari hokimliklari 2000-yilning 1-avgustigacha Buxoro shahar Sanoatchilar koʻchasidagi 7-uyda joylashgan 7-son kasb-hunar kolleji, Fargʻona shahar Qirguli tuman Fargʻona koʻchasidagi 122-uyda joylashgan elektrotexnika kasb-hunar litseyi binolarining qurilishi va rekonstruksiyasini yakunlasinlar, bu binolar Davlat soliq qoʻmitasi balansiga oʻtkazilsin.
8. Belgilansinki, kollejlar binolari va inshootlari qurilishi, ularni rekonstruksiya qilish va taʼmirlash Buxoro va Fargʻona viloyatlarining 2000-yilga moʻljallangan kasb-hunar kollejlarini qurish va rekonstruksiya qilish maqsadli dasturlarida koʻzda tutilgan kapital quyilmalar limitlari doirasida amalga oshiriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda soliq va bojxona idoralari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oliy kurslar tashkil etish haqida takliflar kiritsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari B. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 4-may,
178-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)