Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida
anglashuv Memorandumi
Hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Afgʻoniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari oʻrtasida ikki tomonlama aloqalar va hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish istagida,
oʻzaro qiziqish uygʻotadigan sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni sheriklik, tenglik, yaxshi qoʻshnichilik va ichki ishlarga aralashmaslik prinsiplari asosida rivojlantirishga intilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari, oʻzaro qiziqish uygʻotadigan mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilish maqsadida maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
2-modda
Tomonlar ushbu Memorandumning 1-moddasida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha maslahatlashuvlarni doimiy asosda navbat bilan Oʻzbekiston va Afgʻonistonda yoki xalqaro tadbirlar doirasida oʻtkazadilar.
Delegatsiyalar darajasi, maslahatlashuvlar kun tartibi va muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
3-modda
Maslahatlashuvlar quyidagi masalalarni qamrab olishi mumkin:
a) Tomonlar davlatlari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, mazkur sohadagi loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish;
b) Tomonlar davlatlari oʻrtasida tuzilgan ikki tomonlama shartnomalarning bajarilishini taʼminlash maqsadida ularni monitoring qilish hamda shartnomaviy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va kengaytirish;
v) terrorizm, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari muomalasi hamda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash;
g) madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish.
4-modda
Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida ikkala mamlakatning davlat boshqaruv organlari va muassasalari oʻrtasida bevosita aloqalarning oʻrnatilishi va rivojlanishiga koʻmaklashadilar.
5-modda
Tomonlarning xalqaro konferensiyalar va uchrashuvlarda ishtirok etayotgan vakillari, shuningdek uchinchi davlatlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlardagi ikki davlat diplomatik missiyalari oʻzaro qiziqish uygʻotadigan masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar olib borishlari mumkin.
6-modda
Ushbu Memorandumni talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan barcha nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, ushbu Memorandumga yozma ravishda qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
7-modda
Ushbu Memorandum Tomonlar imzolagan sanadan kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni ushbu Memorandumning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali uch (3) oy avval xabardor qilguniga qadar amal qiladi.
Qobul shahrida 2017-yil 24-yanvarda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, dori va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Memorandum qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor boʻladi.
(imzolar)