Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Respublika qurilish materiallari sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-fevraldagi PQ-4198-sonli “Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qurilish materiallari sanoati tuzilmasini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, texnologik va texnik qayta jihozlash uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish hamda uning eksport potensialini oshirish, xalqaro talab va standartlarga muvofiq zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi qatnashchilarining “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi negizida “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatini tuzish, uning ustav kapitalini tugatilayotgan “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasining balans narxi boʻyicha mulki, shuningdek 1-ilovadagi* roʻyxatda koʻrsatilgan “Oʻzqurilishmateriallari” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarning ustav jamgʻarmalaridagi mulki va davlatning ulushi hisobiga shakllantirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi xususiy korxonalar uyushgan aʼzo maqomida “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga ixtiyoriy asosda kirishlari mumkin.
2. Quyidagilar, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
qurilish materiallarining ichki va tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlarini amalga oshirish, zamonaviy qurilish materiallariga boʻlgan talabni aniqlash;
mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, raqobatdosh, eksportga yoʻnaltirilgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, yangi turdagi sifatli qurilish materiallariga boʻlgan ichki talabni qondirish;
zamonaviy yuqori sifatli qurilish materiallarini ishlab chiqarishning energiya va resurslarni tejovchi ilgʻor texnologiyalarini sohaga keng joriy etishda yagona ilmiy-texnika va investitsiya siyosatini olib borish;
tarmoqni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun investitsiyalarni, ayniqsa toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, ushbu sohadagi yetakchi chet el kompaniyalari bilan yuqori sifatli zamonaviy qurilish materiallarini keng turda ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona va ishlab chiqarishlarni tashkil etish;
zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini faol joriy etish, tarmoqni boshqarishga yuqori malakali, shu jumladan xorijiy menedjyerlarni keng jalb qilish;
aksiyadorlik jamiyati tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar va korxonalarga axborot, marketing va boshqa xizmatlarni koʻrsatish, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish.
3. Belgilansinki, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tugatilayotgan “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasining shartnoma va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi.
4. “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasi hamda uning ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 28 kishidan iborat tuzilmasi 2 va 3-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
* 1 — 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati bir oy muddatda aksiyadorlik jamiyatining ijro etuvchi apparati uchun tasdiqlangan tuzilma va shtat jadvaliga muvofiq boshqarishning zamonaviy korporativ usullarini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarni puxta tanlab olinishi va ularni ishga qabul qilinishini taʼminlasin.
5. Belgilab qoʻyilsinki,
“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi belgilangan tartibda aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida, uning oʻrinbosarlari esa jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi hamda maqomi jihatidan tegishli ravishda vazir va uning oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining daromadlari xoʻjalik jamiyatlarining jamiyatning ustav jamgʻarmasiga oʻtkazilgan ulushlari boʻyicha hisoblanadigan dividendlar hisobidan, uyushgan aʼzo maqomidagi korxona va tashkilotlarining ajratma mablagʻlari, ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyati, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
6.Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ustav kapitalini shakllantirishni, shuningdek, jamiyatning ustavini ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
oʻn kun muddatda “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatini strategik xomashyoni ishlab chiqarish va birlamchi qayta ishlash sohasida faoliyat yuritadigan aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek tabiiy monopoliya subyektlari hamda tartibga solinadigan narxlar boʻyicha ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va xizmatlarni yetkazib beruvchi korxonalar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi arxitektura va qurilish davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, qurilish materiallari sanoati korxonalarining “Oʻzqurilishmateriallari” AJning tuzilmasida zamonaviy laboratoriya va sinash uskunalari bilan jihozlagan “QurilishmateriallariLITI” MChJ ixtisoslashtirilgan loyiha ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish va unga loyiha-hujjatlari ishlab chiqish, tadqiqot ishlarini olib borish, qurilish materiallari va buyumlarni ishlab chiqarish sohasida yangi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha vazifalar yuklatish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, “QurilishmateriallariLITI” MChJ ixtisoslashtirilgan loyiha ilmiy-tadqiqot institutini moliyalashtirish, uning oʻz xoʻjalik faoliyati hisobidan, shuningdek, “Oʻzqurilishmateriallari” AJning ustav jamgʻarmasiga topshirilgan ulushlar boʻyicha olinadigan dividendlarning qismidan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
8. “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati emissiya qilingan qimmatli qogʻozlarni chiqarishni davlat roʻyxatiga olish uchun yigʻim hamda qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisida hujjatlarni koʻrib chiqish uchun yigʻimlarni toʻlashdan ozod etilsin.
9. “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati Toshkent shahri, Tafakkur koʻchasi, 68-A uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 25-oktabr,
PQ-2641-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 45-son, 521-modda, 50-son, 565-modda)