LexUZ sharhi
Mazkur Konvensiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 30-avgustdagi 495-I-sonli “Jamoa muzokaralariga ko‘maklashish to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida”gi qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh konferensiyasi, Xalqaro Mehnat Byurosining Ma’muriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 1981-yilning 3-iyunida o‘zining Oltmish yettinchi Sessiyasiga to‘planib, Filadelfiya deklaratsiyasining “jahon mamlakatlari tomonidan jamoa muzokaralarini olib borish huquqining amalda e’tirof etilishiga erishishni ko‘zlagan dasturlarning ko‘llab-quvvatlanishi maqsadida, Xalqaro Mehnat Tashkilotining muhim majburiyatini” tan oluvchi qoidalarini tasdiqlab hamda ushbu prinsipni “barcha xalqlar uchun qo‘llash mumkin ekanligini” ta’kidlab, Birlashish erkinligi va birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 1948-yilgi Konvensiya, Jamoa muzokaralarini olib borish va birlashish huquqi to‘g‘risidagi 1949-yilgi Konvensiya, Jamoa shartnomalari to‘g‘risidagi 1951-yilgi Tavsiya, Ixtiyoriy o‘zaro murosaga kelish va arbitraj to‘g‘risidagi 1951-yilgi Tavsiya, Davlat xizmatidagi mehnat munosabatlari to‘g‘risidagi 1978-yilgi Konvensiya va Tavsiya, Mehnat sohasini tartibga solish to‘g‘risidagi 1978-yilgi Konvensiya va Tavsiyada mavjud bo‘lgan xalqaro standartlarning muhim ahamiyatini e’tiborga olib, ushbu standartlarning maqsadlariga erishish uchun, xususan, Jamoa muzokaralarini olib borish va birlashish huquqi to‘g‘risidagi 1949-yilgi Konvensiyaning 4-moddasi hamda Jamoa shartnomalari to‘g‘risidagi 1951-yilgi Tavsiyaning 1-bandidan kelib chiqadigan asosiy prinsiplarni amalga oshirish uchun katta kuch-g‘ayrat sarflash lozimligini e’tiborga olib, shu bois, mazkur standartlarni erkin va ixtiyoriy jamoa muzokaralarini olib borilishga ko‘maklashishga qaratilgan hamda ushbu standartlarga asoslangan tegishli chora-tadbirlar bilan to‘ldirish zarurligini e’tiborga olib, Jamoaviy muzokaralarni olib borishga ko‘maklashishga oid bir qancha takliflarni qabul qilishga qaror chiqarib va bu Sessiya kun tartibining to‘rtinchi bandi hisoblanib, mazkur takliflarga xalqaro konvensiya shaklini berishga qaror qilib, bir mingto‘qqiz yuz sakson birinchi yil iyun oyining o‘n to‘qqizinchi kunida kuyidagi “Jamoa muzokaralarini olib borish to‘g‘risidagi 1981-yilgi Konvensiya” deb nomlanishi mumkin bo‘lgan Konvensiyani qabul qildi:
2. Ushbu Konvensiyada ko‘zda tutilgan kafolatlar qurolli kuchlarga va politsiyaga nisbatan qay darajada qo‘llanilishi milliy qonun hujjatlari yoki milliy amaliyot tomonidan belgilanishi mumkin.
3. Davlat xizmatiga nisbatan mazkur Konvensiya qo‘llanilishining maxsus usullari milliy qonun hujjatlari yoki milliy amaliyot tomonidan belgilanishi mumkin.
Ushbu Konvensiya maqsadlari uchun “jamoa muzokaralari” atamasi bir tomondan ish beruvchi, ish beruvchilar guruhi yoki ish beruvchilarning bir yoki bir necha tashkilotlari bilan, ikkinchi tomondan mehnatkashlarning bir yoki bir necha tashkilotlari o‘rtasida kuyidagi maqsadlarda olib boriladigan barcha muzokaralarni anglatadi:
s) ish beruvchilar yoki ularning tashkilotlari bilan mehnatkashlar tashkiloti yoki tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish.
1. Agar milliy qonun hujjatlari yoki milliy amaliyot mehnatkashlar vakillari mavjudligini Mehnatkashlar vakillari to‘g‘risidagi 1971-yilgi Konvensiyaning 3-moddasi “b” kichik bandida belgilangani kabi e’tirof etsa, u holda milliy qonun hujjatlari va amaliyot “jamoa muzokaralari” atamasi mazkur vakillar bilan olib boriladigan muzokaralarni qay darajada qamrab olishini, ushbu Konvensiya maqsadlari uchun, belgilashi mumkin.
2. Mazkur moddaning 1-bandi bajarilishidan kelib chiqib “jamoa muzokaralari” atamasi mehnatkashlar vakillari bilan olib boriladigan muzokaralarni ham qamrab oladigan bo‘lsa, mazkur vakillarning mavjudligi tegishli mehnatkashlar tashkilotlarining mavqeyiga zarar yetkazmasligini ta’minlash uchun, zarur bo‘lganicha, tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi.
Ushbu Konvensiya qoidalarining qo‘llanilishi, agar jamoa shartnomalari, arbitraj qarorlari yoki milliy amaliyotga muvofiq bo‘lgan boshqa usul orqali amalga oshirilmayotgan bo‘lsa, milliy qonun hujjatlari tomonidan ta’minlanadi.
1. Jamoa muzokaralarini olib borishga ko‘maklashish uchun milliy sharoitga mos bo‘lgan chora-tadbirlar ko‘riladi.
a) mazkur Konvensiyada ko‘zda tutilgan faoliyat tarmoqlarida jamoa muzokaralarini barcha ish beruvchilar va barcha mehnatkashlar guruhi olib borish imkoni bo‘lishini;
b) jamoa muzokaralari bosqichma-bosqich mazkur Konvensiyaning 2-moddasi “a”, “b”, “s” bandida ko‘zda tutilgan barcha masalalarni qamrab olishini;
s) ish beruvchilar va mehnatkashlar tashkilotlari o‘rtasida kelishilgan tartib-qoidalar ishlab chiqishni rag‘batlantirishni;
d) jamoa muzokaralari olib borishga ularni tartibga soladigan qoidalar mavjud emasligi yoki qoidalar talablarga to‘g‘ri kelmasligi yoki mos kelmasligi to‘sqinlik qilmasligini;
e) mehnat nizolarini hal etish bo‘yicha organlar va tartib qoidalar jamoa muzokaralari olib borishga ko‘maklashishini ko‘zlagan holda ta’sis etilgan bo‘lishini.
Ushbu Konvensiyaning qoidalari, jamoa muzokaralari o‘zaro murosaga kelish va/yoki arbitraj mexanizmi yoki muassasasining doiralarida olib borilishini o‘z ichiga oluvchi, yoki jamoa muzokaralar jarayonida tomonlar ixtiyoriy ishtirok etadigan mexanizm yoki muassasani o‘z ichiga oluvchi ishlab chiqarish munosabatlari tizimining faoliyatiga to‘sqinlik qilmaydi.
Davlat hokimiyat organlari tomonidan jamoa muzokaralarini rivojlantirishga ko‘maklashishni ko‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar dastlabki maslahatlashuvlarning va imkon kadar davlat hokimiyat organlari bilan mehnatkashlar va ish beruvchilar tashkilotlari o‘rtasidagi bitimlarning mavzusi bo‘ladi.
Jamoa muzokaralariga ko‘maklashish maqsadida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar jamoa muzokaralari erkinligini cheklamaydigan tartibda ishlab chiqiladi yoki qo‘llaniladi.
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlar ro‘yxatga olinishi uchun Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
1. Ushbu Konvensiya faqatgina ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan ro‘yxatga olingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining a’zolarinigina birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki a’zosining ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan ro‘yxatga olingan sanadan keyin o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotning har bir a’zosi uchun uning ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjati ro‘yxatga olingan sanadan keyin o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning a’zosi Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan o‘n yil o‘tganidan keyin Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga ro‘yxatga olish uchun yuborilgan akt orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya denonsatsiya akti ro‘yxatga olinganidan keyin bir yil o‘tgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir a’zosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan o‘n yillik muddat o‘tganidan keyin, bir yil ichida mazkur moddada ko‘zda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan bo‘lsa, navbatdagi o‘n yillik muddatni kutishga majbur bo‘ladi va shunga muvofiq, u mazkur modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani xar o‘n yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin bo‘ladi.
1. Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori Tashkilot a’zolari tomonidan yuborilgan ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasini ro‘yxatga olganligi haqida Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha a’zolariga xabar beradi.
2. Bosh direktor, unga yuborilgan ikkinchi ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni ro‘yxatga olganligi haqida Tashkilot a’zolariga xabar berganda, u Tashkilot a’zolarining e’tiborini Konvensiyaning kuchga kirish sanasiga qaratadi.
Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi moddalar qoidalariga binoan o‘zi ro‘yxatga olgan ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasiga oid to‘la ma’lumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga ro‘yxatga olish uchun yuboradi.
Har gal, Xalqaro Mehnat Byurosi Ma’muriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qo‘llanilishi to‘g‘risidagi ma’ruzani taqdim etadi va uni to‘la yoki qisman qayta ko‘rib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish kerakligini yoki kerak emasligini ko‘rib chiqadi.
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani to‘la yoki qisman qayta ko‘rib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud bo‘lmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror a’zosi tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, qonunning o‘z kuchi bilan, 12-modda qoidalaridan qat’iy nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan bo‘lishi kerak;
b) qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan e’tiboran, mazkur Konvensiyaning Tashkilot a’zolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi to‘xtatiladi.