Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Xalqaro avtomobilda yoʻlovchi va yuk tashish aloqasi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataladi,
savdo va iqtisodiy munosabatlarni oʻzaro manfaatli rivojlantirishga xohish bildirib,
teng huquqlilik va oʻzaro manfaatli asosda har ikki davlat oʻrtasida hamda ular hududlari orqali tranzit tarzda xalqaro avtomobilda yoʻlovchi va yuk tashishni yengillashtirish va tartibga solish maqsadida,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Qoʻllanish sohasi
Qoʻllanish sohasi
1. Ushbu Bitim qoidalari ikki davlatdan birining hududida roʻyxatga olingan avtotransport vositalari orqali Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida bevosita, ular hududlari orqali tranzit tarzda bajariladigan yoʻlovchilar va yuk tashishlarga, shuningdek, uchinchi mamlakatlarga yoki uchinchi mamlakatlardan tashishlarga nisbatan qoʻllanadi.
2. Ushbu Bitim tegishli Tomon uchun amal qiladigan xalqaro avtomobilda yuk va yoʻlovchi tashishlar sohasidagi boshqa ikki tomonlama yoki koʻp tomonlama bitimlarga asoslangan Ahdlashuvchi Tomonlarning huquqlari va majburiyatlariga taalluqli boʻlmaydi.
2-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun:
1) “tashuvchi” atamasi ostida asosiy manzili Oʻzbekiston Respublikasi yoki Turkmanistonda boʻlgan, davlatda amal qilayotgan avtotransport vositasini roʻyxatga olishning milliy qonunchiligiga muvofiq tijorat asosida yoki hisobiga xalqaro yoʻlovchi yoki yuk tashishlarni bajarish vakolatiga ega boʻlgan har qanday jismoniy yoki huquqiy shaxs tushuniladi;
2) “ avtotransport vositasi” termini ostida quyidagilar tushuniladi:
a) qurilgan va haydovchini ham qoʻshib hisoblaganda toʻqqiz kishidan ziyod yoʻlovchini yoki yuklarni tashishga qoʻllanadigan, ikki davlatdan birining hududida roʻyxatga olingan mexanik kuch bilan ishlaydigan har qanday avtotransport vositasi;
b) yuklarni tashishga moʻljallangan mexanik kuch bilan ishlaydigan har qanday avtotransport vositasi, shu jumladan, bitta shatakchi avtomobil va tirkama yoki yarim tirkama birikmasi, ayni paytda shatakchi avtomobil har ikki davlatdan biri hududida roʻyxatga olingan boʻlishi kerak.
3) “ruxsatnoma” atamasi ostida Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining amaldagi qonunchiligiga muvofiq yigʻimlarni toʻlab yoki yigʻimlarni toʻlashdan ozod qilib foydalanish uchun berilgan muayyan shakldagi hujjat tushuniladi va u amal qilish muddati davomida yuk tashuvchilari uchun tashuvchiga bevosita yoʻnalish boʻyicha u yoqqa va orqaga yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududi boʻylab bitta tashish huquqini beradi, yoʻlovchilar tashish uchun esa tashuvchiga muayyan davr davomida tashishlarni amalga oshirish huquqini beradi;
4) “maxsus ruxsatnoma” atamasi ostida tashuvchiga Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi ichki qonunchiligiga muvofiq tashish amalga oshirilayotgan hudud boʻylab yirik gabaritli, ogʻir yuk tortuvchi transport vositasida tashishlarni bajarish, shuningdek, xavfli yuklarni tashishlarni bajarish huquqini beradigan hujjat tushuniladi.
Yoʻlovchilarni tashish
3-modda
Muntazam tashishlar
3-modda
Muntazam tashishlar
1. Avtobuslarda yoʻlovchilarni muntazam tashishlar kelishilgan jadval va tariflar bilan, yoʻlovchilarni boshlangʻich va oxirgi punktlarda, shuningdek, oldindan kelishilgan boshqa toʻxtash punktlarida chiqarish va tushirishni amalga oshirish huquqi bilan muayyan yoʻnalishlar boʻyicha bajariladi.
2. Muntazam avtobus aloqasi milliy qonunchilik talablariga muvofiq har bir Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organi (14-modda) uning hududidan oʻtadigan yoʻnalishlar oldindan maʼqullashgan holda tashkil etilishi mumkin. Maʼqullashni vakolatli organlarning muntazam qatnovlarni ochish toʻgʻrisidagi qarori asosida 1 yildan 5 yilgacha muddatga taqdim etish mumkin.
3. Ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq maʼqullash uchun talabnomalar yozma tarzda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organiga beriladi.
Talabnomada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: tashuvchining familiyasi, ismi va manzili hamda tashishlarni tashkil etayotgan firmaning nomi, tariflar, yoʻnalish, harakat jadvali, tashishlarni bajarishning belgilangan davri va tezligi, yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish punktlari, avtotransport vositasidan foydalanish muddati, shuningdek, roʻyxatga olish raqami va sigʻimi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining vakolatli organlari ikki tomonning roziligi yoki ushbu Bitimning 15-moddasida koʻrsatilgan aralash komissiya qarori bilan quyidagi masalalarni belgilaydilar:
a) yangi avtobus yoʻllarini ishga tushirish;
b) avtotransport vositalarining harakat jadvali;
v) tariflar;
g) tashish shartlari (yurish yoʻnalishlari);
d) maʼlum yoʻnalishlar boʻyicha muntazam avtobus aloqalarini qisqartirish, rivojlantirish yoki toʻxtatish;
e) ruxsatnomalar miqdori va turi;
j) muntazam aloqalarga taalluqli boʻlgan boshqa masalalar.
4-modda
Nomuntazam tashishlar
Nomuntazam tashishlar
1. Nomuntazam tashishlarni Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tashuvchilari faqat boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organi oldindan bergan ruxsatnomalar asosida amalga oshirishlari mumkin, ushbu Bitimning 6-moddasida koʻrsatilgan hollar bundan mustasnodir.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq ruxsatnomalar olish uchun talabnomalar yozma tarzda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organiga oldindan beriladi va unda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: tashuvchining familiyasi, ismi va manzili, tashishlarni tashkil etuvchi firmaning nomi va manzili, tashishlarning yoʻnalishi, ularni amalga oshirish davri, shuningdek, avtotransport vositasining roʻyxatga olish raqami va sigʻimi.
5-modda
Ruxsatnomalar olishdan ozod qilingan tashishlar
Ruxsatnomalar olishdan ozod qilingan tashishlar
Kuyidagilar ruxsatnomalar olishdan ozod etilgan va yoʻlovchilar roʻyxati mavjud boʻlganda bajariladigan bevosita yoʻnalishdagi yoʻlovchilar tashish hisoblanadi:
Avtotransport vositasi roʻyxatga olingan davlatda boshlanadigan va tugallanadigan, tegishli Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan tashqarida tashish va toʻxtash vaqtida hech qanday chiqarish va tushirish amalga oshirilmaydigan butun yurish davrida bir guruh yoʻlovchilarning oʻzini bitta avtotransport vositasi bilan tashish (“yopiq eshikli transport”).
Yuklarni tashish
6-modda
Ruxsatnomalar
6-modda
Ruxsatnomalar
1. Ikki davlat oʻrtasida bevosita aloqa boʻyicha yoki tranzit tarzda yuk avtotransporti vositalarida yuklarni tashish yoki yuksiz yurish ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi, ushbu Bitimning 8-moddasida koʻrsatilgan hollar bundan mustasnodir.
2. Ruxsatnoma avtotransport vositasi roʻyxatga olingan davlatning Ahdlashuvchi Tomoni vakolatli organi tomonidan tashuvchi nomiga beriladi. Bu ruxsatnomani boshqa tashuvchiga berish yoki undan boshqa avtotransport vositasi uchun foydalanish man etiladi.
3. Ruxsatnoma tashuvchiga bevosita aloqa boʻyicha yuklarni tashish, shuningdek, agar bu yuklar avtotransport vositasi roʻyxatga olingan davlatga moʻljallangan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan yuklarni ortish, orqaga qaytishda tashish huquqini beradi.
4. Har ikki Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari yoʻl va tranzit yigʻimlariga haq toʻlab yoki toʻlamay oʻzarolik asosida ruxsatnomalar turlari va miqdorini kelishadilar hamda ularni ayirboshlaydilar.
7-modda
Ruxsatnoma olishdan ozod qilingan tashishlar
Ruxsatnoma olishdan ozod qilingan tashishlar
1. Tegishli hujjatlar mavjud boʻlganda bevosita va tranzit aloqada yuk avtotransporti vositalari bilan bajariladigan quyidagi tashishlar ruxsatnomalardan ozod qilinadi:
a) shikastlangan yoki avariyaga uchragan avtotransport vositalarini almashtirish uchun boʻsh avtotransport vositalari, shuningdek, ularni shatakka olish va tuzatish maqsadidagi texnik yordam avtomobillari;
b) vafot etganlarning jasadlari va xoki;
v) yoyma bozorlar, koʻrgazmalar yoki boshqa madaniy tadbirlar uchun moʻljallangan buyumlar va sanʼat asarlari;
g) qaytarib olib ketish sharti bilan reklama maqsadlarida foydalaniladigan buyumlar va uskunalar;
d) koʻchayotgandagi koʻchar mulk;
e) teatr, kinoteatr, sport va musiqa tadbirlari, yoyma bozorlar, koʻrgazmalar uchun va sirk tadbirlari, shuningdek kino, radio- va tele-yozuv uchun moʻljallangan apparatlar, buyumlar va hayvonlar;
j) tez tibbiy yordam koʻrsatishga, xususan, tabiiy ofat roʻy berganda zarur boʻladigan buyumlar, shuningdek, insonparvarlik yordami doirasidagi yuklar uchun;
z) umumiy foydalanishdagi pochta tashishlari.
2. Ushbu Bitimning 15-moddasida koʻrsatilgan aralash komissiya mazkur moddada keltirilgan roʻyxatni toʻldirish vakolatiga egadir.
Umumiy qoidalar
8-modda
Kabotaj
8-modda
Kabotaj
Ahdlashuvchi Tomondan birining tashuvchisiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida ikki punkt oʻrtasida yoʻlovchi yoki yuk tashishga ruxsat etilmaydi.
9-modda
Uchinchi davlatlardan va uchinchi davlatlarga tashishlar
Uchinchi davlatlardan va uchinchi davlatlarga tashishlar
Ahdlashuvchi Tomonlar birining tashuvchilari yuk tashishlarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidan uchinchi davlatlarga, shuningdek, boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organi ruxsatnomasini olgandan keyin uchinchi davlatdan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga amalga oshirishlari mumkin.
10-modda
Avtotransport vositalarining ogʻirligi va gabaritlari
Avtotransport vositalarining ogʻirligi va gabaritlari
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon hududida yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan avtotransport vositalarining ogʻirligi, gabaritlari va oʻqiga bosim normalari milliy qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
2. Agar avtotransport vositasi ogʻirligi, gabaritlari va oʻqiga bosimi Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida yoʻl qoʻyilgan chegaradan ortiq boʻlgan holda tashish uchun ana shu Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma talab etiladi.
Agar ushbu ruxsatnoma avtotransport vositasining muayyan yoʻnalish boʻyicha harakatlanishini nazarda tutsa, unda tashish faqat shu yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
3. Maxsus ruxsatnoma ushbu Bitimning 6-moddasi 1-bandida koʻrsatilgan tashish uchun ruxsatnoma olish zaruratini istisno etmaydi.
11-modda
Xavfli yuklarni tashish
Xavfli yuklarni tashish
1. Xavfli yuklarni tashish yoʻnalish davlat hududidan oʻtgan Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq va tegishli vakolatli organ bergan maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Agar bu ruxsatnoma avtotransport vositasining muayyan yoʻnalish boʻyicha harakatlanishini nazarda tutsa, unda tashish faqat ana shu yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
2. Maxsus ruxsatnoma ushbu Bitimning 6-moddasi 1-bandida koʻrsatilgan tashish uchun ruxsatnoma olish zaruratini istisno etmaydi.
12-modda
Hujjatlarni nazorat qilish
Hujjatlarni nazorat qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari milliy qonunchilikka muvofiq ushbu Bitim qoidalariga asosan bajariladigan tashishlar ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida har ikkala mamlakat vakolatli organlari bergan roʻyxatga olish hujjatlarini va transport vositalariga berilgan nomer belgilarini, shuningdek, avtotransport vositasini boshqarish huquqini beradigan malaka guvohnomalarini tan oladi.
3. Ushbu Bitim qoidalariga muvofiq talab etiladigan ruxsatnoma va boshqa hujjatlar ular taalluqli boʻlgan avtotransport vositasida boʻlishi va vakolatli nazorat qiluvchi organlar talabi boʻyicha taqdim etilishi kerak.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida roʻyxatga olingan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida xalqaro tashishlarni bajaradigan avtotransport vositalarining haydovchilari milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomalariga, avtotransport vositalariga tegishli milliy hujjatlarga va xalqaro normalarga muvofiq boshqa hujjatlarga ega boʻlishlari kerak.
13-modda
Bojxona qoidalari
Bojxona qoidalari
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlat hududida roʻyxatga olingan avtotransport vositalari, shuningdek, ushbu Bitimda koʻrsatilgan tashishlar uchun foydalaniladigan tirkamalar yoki yarim tirkamalar ular qaytariladigan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida boj poshlinalari toʻlashdan ozod qilingan holda vaqtincha qoʻyiladi.
Xuddi shunday tartib transport faoliyati uchun zarur boʻlgan, ushbu avtotransport vositalari bilan olib kirilgan va ular bilan birga qaytarilgan ehtiyot qismlar, buyumlar va odatdagi uskunaga ham taalluqli boʻladi.
2. Avtotransport vositalariga oʻrnatilgan va ularni tayyorlagan zavod tomonidan koʻzda tutilgan baklardagi yonilgʻi, shuningdek, tashishning tegishli davrida avtotransport vositasining faoliyat koʻrsatishi uchun talab qilinadigan miqdordagi moylash materiallari olib kirish uchun boj poshlinalari toʻlashdan ozod qilinadi.
3. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududiga vaqtincha qoʻyilgan avtotransport vositasini tuzatish uchun ehtiyot qismlarni olib kirish boj poshlinalari toʻlashdan ozod qilinadi.
Asboblar, almashtirilgan yoki ishlatilmagan detallar avtotransport vositasi roʻyxatga olingan davlatga qaytariladi.
4. Chegaradan oʻtish bilan bogʻliq boʻlgan chegara, sanitar, fitosanitar va bojxona nazoratiga nisbatan ushbu Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amal qilayotgan milliy qonunchilik qoidalari, shuningdek, Ahdlashuvchi Tomonlar qatnashchilari boʻlgan xalqaro Bitimlar qoidalari qoʻllaniladi.
14-modda
Vakolatli organlar
Vakolatli organlar
Kuyidagilar ushbu Bitim qoidalarini bajarishga vakolat berilgan vakolatli organlar hisoblanadilar:
Oʻzbekiston hududida Oʻzbekiston Avtomobil transporti vazirligi, soliq solish borasida Oʻzbekiston avtomobil transporti davlat-aksionerlik korporatsiyasi, va
Turkmaniston hududida Turkmaniston Avtomobil transporti vazirligi, soliq solish borasida Turkmaniston Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Ahdlashuvchi Tomonlar tegishli vakolatli organlar nomlarining har qanday oʻzgarishi haqida bir-birlarini oʻzaro xabardor qiladilar.
15-modda
Aralash komissiya
Aralash komissiya
1. Ushbu Bitimni talqin etish va qoʻllashdan kelib chiqadigan masalalarni koʻrib chiqish va hal etish uchun aralash komissiya tuziladi, uning tarkibida har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari vakillari boʻladi.
2. Aralash komissiya majlislari vakolatli organlardan birining iltimosiga koʻra har bir Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlati hududida navbati bilan oʻtkaziladi.
16-modda
Yigʻimlar va toʻlovlar
Yigʻimlar va toʻlovlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tashuvchilari ushbu Bitim qoidalariga muvofiq bajargan yoʻlovchilar va yuklarni tashishdan olingan daromadlar, shuningdek, bunday tashishlar amalga oshirilgan avtotransport vositalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida daromaddan olinadigan soliqlardan va mulkdan olinadigan soliqlardan oʻzaro ozod qilinadilar.
2. Ushbu Bitimni qoʻllashdan kelib chiqadigan barcha toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida toʻlovlar haqida shartnoma tuzilgan hollarda uning qoidalari qoʻllanadi.
3. Avtotransport vositalarini xalqaro aloqada foydalanish natijasida olingan daromadlarga transport korxonasini boshqarish haqiqiy joylashgan davlat hududida soliq solinadi. Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama soliq solishni bartaraf etish toʻgʻrisida Bitim tuzgan hollarda, ana shu Bitim qoidalari qoʻllanadi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlar eksport/import soliqlaridan va boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ishlayotgan avtomobil transporti soliqlardan ozod qilinadilar, quyidagilar bundan mustasnodir:
a) yoʻllardan foydalanganlik uchun yigʻim (pulli yoʻllar va koʻpriklardan oʻtish);
b) yoʻllarni saqlash va transportni boshqarish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun yigʻim;
v) yonilgʻiga ichki va xalqaro narxlar oʻrtasidagi farqni qoplash uchun yigʻim;
g) avtomobil vositasining ogʻirligi, gabaritlari, yuk koʻtarishining ortiqligi uchun normalarga muvofiq yigʻim va Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari qonunchiligi bilan belgilangan boshqa yigʻimlar.
17-modda
Milliy qonunchilikni qoʻllash
Milliy qonunchilikni qoʻllash
Ushbu Bitim yoki har ikkala davlat ishtirok etayotgan xalqaro bitimlar, kelishuvlar yoki bitimlar qoidalari bilan tartibga solinmagan barcha hollarda har bir Ahdlashuvchi Tomonning uning hududida amal qiluvchi milliy qonunchiligi qoʻllanadi.
18-modda
Jarimalar
Jarimalar
1. Ahdlashuvchi Tomondan birining tashuvchisi yoki avtotransport vositasiga xizmat koʻrsatadigan xodimi boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amal qiladigan qonunchilikka yoki ushbu Bitim qoidalariga rioya etmagan hollarda hududida qoidabuzarlik roʻy bergan davlatning vakolatli organi quyidagi choralarni koʻrishi mumkin:
a) tashuvchini yoʻl qoʻygan qoidabuzarligi uchun ogohlantirish;
b) tashuvchini qoidabuzarlik roʻy bergan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida tashuvlarni bajarish huquqidan vaqtincha, qisman yoki toʻla mahrum etish.
2. Bunday choralarni koʻrgan vakolatli organ bu haqda boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organini xabardor qiladi.
3. Bu modda qoidalari qoidabuzarlik roʻy bergan davlat sudi yoki maʼmuriy organi tomonidan ichki qonunchilikka muvofiq koʻrishi mumkin boʻlgan choralarni istisno etmaydi.
19-modda
Avariyalar yoki baxtsiz hodisalar roʻy berganda yordam koʻrsatish
Avariyalar yoki baxtsiz hodisalar roʻy berganda yordam koʻrsatish
Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon transport vositalari yoki ekipaj aʼzolari bilan avariya yoki baxtsiz hodisa roʻy berganda zarur yordam koʻrsatadi, ogʻir avariyalar yoki baxtsiz hodisalar roʻy berganda esa bu haqda boshqa Ahdlashuvchi tomonni xabardor qiladilar va tekshirish natijalari haqida axborot beradilar.
20-modda
Bahs
Bahs
Ushbu Bitimni talqin etish yoki qoʻllashga oid har qanday bahs Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlari oʻrtasidagi bevosita muzokaralar olib borish yoʻli bilan hal etiladi.
Agar bu vakolatli organlar bitimga kelisholmasalar, har qanday bahs diplomatiya yoʻli bilan tartibga solinishi kerak.
21-modda
Kuchga kiritish
Kuchga kiritish
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar notifikatsiya orqali bir-birlarini zarur rasmiyatchiliklar har ikki davlatda ichki qonunchilikka muvofiq bajarilgani haqida xabardor qilgan kundan boshlab 30 kundan keyin kuchga kiradi.
22-modda
Bitimni oʻzgartirish
Bitimni oʻzgartirish
Ushbu Bitimga kiritiladigan har qanday oʻzgartirish Ahdlashuvchi Tomonlarning muzokaralari orqali kelishib olinadi va 21-modda qoidalariga muvofiq kuchga kiradi.
23-modda
Bitimning haqiqiyligi
Bitimning haqiqiyligi
Ushbu Bitim 5 yil muddatga tuziladi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uning amal qilish muddati tugashidan kamida 90 kun oldin oʻzining ushbu Bitim amal qilishini toʻxtatish haqidagi niyatini maʼlum qilmasa, har safar navbatdagi 5 yilga oʻz-oʻzidan uzaytirilaveradi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida, ikki nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Ushbu Bitimni talqin etishda anglashilmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn asos uchun qabul qilinadi.
(imzolar)