Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JALB ETILADIGAN XORIJIY KREDITLAR BOʻYICHA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KAFOLATLARINI BERISH TARTIBI TOʻGʻRISIDA
“Xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda jalb etiladigan xorijiy kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini berish mexanizmini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlari faqat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida beriladi;
xorijiy kreditlar va qarzlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini berish toʻgʻrisidagi takliflar Vazirlar Mahkamasiga faqat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kiritiladi.
2. Jalb etiladigan xorijiy kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki va Adliya vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlari berilganligi uchun toʻlov undirish tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar, bunda ushbu normaning 2004-yil 1-yanvardan boshlab joriy etilishini nazarda tutsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
5 Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R. S. Azimov va E. M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 28-noyabr,
534-son
Jalb etiladigan xorijiy kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Jalb etiladigan xorijiy kreditlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarining majburiyatlari boʻyicha kreditorlarga Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini berish tartibini belgilaydi.
2. Yuridik shaxslar – rezidentlar majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlari xorijiy kreditorlarga xorijiy davlatlar, banklar yoki yuridik shaxslar bilan tuzilgan tashqi qarzlarni olish toʻgʻrisidagi shartnomalar boʻyicha beriladi.
Istisno hollarda Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlari Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklariga Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida olingan xorijiy kreditlarni qayta moliyalashtirish yoki ular boʻyicha davlat budjeti mablagʻlari kreditlarni qaytarish manbai etib belgilangan strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalarning moliyalashtirilishini taʼminlash uchun beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlari har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan davlat tashqi qarzining cheklangan miqdori doirasida beriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlari faqat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida beriladi.
Xorijiy kreditlar va qarzlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini berish toʻgʻrisidagi takliflar Vazirlar Mahkamasiga faqat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi jalb etiladigan xorijiy kreditlar boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslashga doir materiallarni, shuningdek ularga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarining norezidentlar oldidagi biron-bir majburiyatlari nazarda tutiladigan hujjatlarni oldindan koʻrib chiqadi va ular yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosa kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlari, qoidaga koʻra, ustav jamgʻarmalaridagi davlat ulushi 50 foizdan kam boʻlgan yuridik shaxslarning loyihalarini taʼminlash uchun berilmaydi, Hukumat qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
5. Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlari xorijiy kreditorlarga qarz oluvchi tomonidan kreditor toʻgʻrisida keyingi uch moliya yili uchun eʼlon qilingan yillik hisobotlar asosida axborot taqdim etilgan taqdirda beriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlangan kredit (qarz bitimlari shartlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek ushbu bitimlar shartlarining oʻzgartirilishi bilan bogʻliq boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini berish, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining yoki Bosh vazirining yozma topshirigʻiga koʻra amalga oshiriladi.
II. Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini olish uchun murojaat qilish tartibi va ularni berish shartlari
7. Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini olish uchun qarz oluvchi, xorijiy kredit qayta moliyalashtirilgan taqdirda esa — subqarz oluvchi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) ularga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarining norezidentlar oldidagi biron-bir majburiyatlari nazarda tutilgan hujjatlar, ular asosida tashqi qarzlar jalb etiladigan yoki ular boʻyicha jalb etiladigan tashqi qarzlar olinishi munosabati bilan qarz oluvchi (subqarz oluvchi) majburiyatlari paydo boʻladigan hujjatlarning asl nusxa tilidagi nusxalari, shuningdek ularning rasmiy tasdiqlangan davlat yoki rus tiliga tarjimasi, shu jumladan:
kredit (qarz/subqarz) bitimi loyihalari, Oʻzbekiston Respublikasi kafolati va kafolat bitimi matnlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining kontraktlar boʻyicha xulosalari;
(7-bandi “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34—36-son, 264-modda)
b) jalb etiladigan kreditlarni oʻzlashtirish va qaytarishning qarz oluvchi tomonidan imzolangan prognoz jadvallari;
v) loyihani moliyalashtirishning barcha manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar;
g) qarz oluvchi (subqarz oluvchi) va/yoki Kafolatchi tomonidan qabul qilinadigan majburiyatlarga taalluqli boshqa hujjatlar.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi kafolati bazis (kelishilgan) kredit (qarz) bitimlari boʻyicha beriladigan boʻlsa, u holda faqat ushbu bandning “a” kichik bandi ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etiladi.
Bazis (kelishilgan) kredit (qarz) bitimi deyilganda aniq loyihalar koʻrsatilmasdan, moliyalashtirishning umumiy shartlari belgilanadigan, banklar oʻrtasida imzolanadigan bitim tushuniladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hujjatlar olingan vaqtdan boshlab ikki hafta muddatda:
mulohazalar va takliflar mavjud boʻlgan taqdirda ularni qarz oluvchiga (subqarz oluvchiga) puxta ishlash uchun yozma ravishda joʻnatadi;
mulohazalar mavjud boʻlmaganda Oʻzbekiston Respublikasi kafolatini berishga tayyor ekanlik toʻgʻrisida tegishli tasdiqnoma-xatni joʻnatadi.
9. Moliya vazirligining tegishli tasdiqnoma-xati olingach qarz oluvchi xorijiy kreditor bilan kredit (qarz) bitimini tuzadi, bitimning asli va nusxasi taqdim etilgandan keyin Moliya vazirligi qarz oluvchi (subqarz oluvchi) bilan bir hafta muddatda kafolat bitimini tuzadi.
10. Kafolat bitimi tuzilgach Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi uch kun mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi kafolatini va kredit (qarz) bitimni rasmiylashtiradi hamda roʻyxatdan oʻtkazadi, soʻngra Oʻzbekiston Respublikasi kafolatini va kredit (qarz) bitimining asl nusxasini xorijiy kreditorga taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi kafolati va kredit (qarz) bitimi alohida daftarlarda roʻyxatdan oʻtkaziladi, ularda kafolatnoma berishga va kredit (qarz) bitimini imzolashga asos boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori chiqqan sana va uning tartib raqami, kafolatlangan majburiyatlar miqdori, kafolatning roʻyxatdan oʻtkazish tartib raqami va berilgan sanasi, kredit (qarz) bitimining roʻyxatdan oʻtkazish tartib raqami, xorijiy kreditor, xorijiy kredit qayta moliyalashtirilgan taqdirda esa — respublikaning qayta moliyalashtiruvchi tijorat banki, qarz oluvchi (subqarz oluvchi) — Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti koʻrsatiladi. Koʻrsatib oʻtilgan daftarlar tartib raqami qoʻyilgan , ip oʻtkazib tikilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan imzolangan va Moliya vazirligining gerbli muhri qoʻyilgan boʻlishi kerak.
III. Yakuniy qoidalar
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va qarz oluvchi (subqarz oluvchi) oʻrtasida tuziladigan kafolat bitimiga muvofiq qarz oluvchi (subqarz oluvchi):
a) toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlangan kredit (qarz/subqarz) bitimida nazarda tutilgan barcha majburiyatlarni bajarishi;
b) boshqa kredit (qarz)larni Moliya vazirligi bilan kelishgan holda jalb etishi shart;
v) qarz oluvchi tomonidan Moliya vazirligi oldidagi shartnoma majburiyatlari bajarilmagan taqdirda qarz oluvchi Moliya vazirligi bilan kelishmasdan foydani taqsimlash va boshqa qarzlar boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish huquqiga ega emas.
12. Moliya vazirligi pul mablagʻlarini qarz oluvchining va subqarz oluvchining (subqarz oluvchining majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi kafolati berilgan taqdirda) istalgan hisob raqamidan istalgan valyutada soʻzsiz undirish huquqiga ega.
Qarz oluvchi (subqarz oluvchi)ning hisob raqamlaridan pul mablagʻlarini koʻchirish toʻlovlarni budjetga koʻchirish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlangan xorijiy kreditlarni hisobga olish va ularning harakatini kuzatish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda mazkur kreditlarga xizmat koʻrsatuvchi vakolatli banklar tomonidan amalga oshiriladi.
14. Qarz oluvchi kafolat amalda boʻlgan muddat mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
qarz oluvchi (subqarz oluvchi)ning Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlangan majburiyatlari bajarilishi toʻgʻrisida Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha hisobotlarni har oyda, oyning beshinchi kunidan kechikmay;
qarz oluvchi (subqarz oluvchi)ning auditor tashkilot tomonidan tasdiqlangan moliyaviy hisobotini har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 1-iyulidan kechikmay taqdim etishi shart.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 22-son, 228-modda; 2005-y., 34-36-son, 264-modda)