Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI SAFIDA MUDDATLI HARBIY XIZMATNI OʻTAB BOʻLGAN FUQAROLARGA IMTIYOZLAR TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISHGA OID QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Qurolli Kuchlar qismlari va boʻlinmalarida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilarga respublika oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun tavsiyanomalar berishda tegishli tartib oʻrnatish, shuningdek ularga berilayotgan imtiyozlarning ragʻbatlantiruvchi omillarini kuchaytirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qismlar qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolar respublikaning oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi tegishli taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyozga ega boʻladilar;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qismlar qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan abituriyentlarni respublikaning oliy taʼlim muassasalari (oliy harbiy taʼlim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga oʻqishga kirishi uchun tegishli oʻquv yiliga tasdiqlanadigan oliy taʼlim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida qabul koʻrsatkichlari ajratiladi va ular ushbu koʻrsatkichlar doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega boʻladilar;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga harbiy qismlarning qoʻmondonligi tomonidan oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab, uch yil mobaynida amal qiladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-iyuldagi PF-5759-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2019-y., 06/19/5759/3385-son)
2. Vazirlar Mahkamasi 2012-yilning 10-iyuligacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni, ushbu qarorning 1-bandida bayon etilgan talablarni hisobga olgan holda, oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilarga respublikaning oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun tavsiyanomalar berish chogʻida tegishli tartib oʻrnatilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari, tavsiyanomalar jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarga, zarur bilim darajasiga ega boʻlgan munosib nomzodlargagina berilishini nazarda tutishlari kerakligi toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-oktabrdagi PF-5567-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2018-y., 06/20/5567/0802-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 31-oktabrdagi PQ–213-son qarorining 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu hujjatdan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi H.A. Muhitdinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 31-may,
PQ-1765-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 22-son, 242-modda; 2017-y., 14-son, 218-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son, 31.10.2018-y., 06/20/5567/0802-son; 05.07.2019-y., 06/19/5759/3385-son)