Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ JOYLARDA NAMUNAVIY LOYIHALAR BOʻYIChA “TAYYOR HOLDA TOPShIRISh” ShARTLARI ASOSIDA YAKKA TARTIBDA UY-JOY QURISh UChUN PUDRAT TAShKILOTLARINI ANIQLASh YuZASIDAN TANLOV SAVDOLARI OʻTKAZISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-apreldagi 243-sonli “Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini hamda qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2012-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylarni qurish Dasturi toʻgʻrisida” 2012-yil 14-yanvardagi PQ-1687-son qarorini bajarish yuzasidan hamda tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish mexanizmini yanada takomillashtirish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish sohasida pudratchilarni tanlashda raqobat muhitini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Qishloq qurilish bank” OATB “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan namunaviy tanlov hujjatlarini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va Osiyo taraqqiyot banki bilan kelishib olsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari namunaviy tanlov hujjatlari kelishilgandan keyin bir oy muddatda Osiyo taraqqiyot banki bilan kelishilgan qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zokirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 13-fevral,
37-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-fevraldagi 37-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini tanlash yuzasidan tanlov savdolari tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom talablari, moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibda uy-joy qurish dasturlarini amalga oshirish doirasida pudrat tashkilotlarini tanlashda majburiy hisoblanadi.
Agar xorijiy kreditlar va grantlar berish shartlarida ushbu Nizomda nazarda tutilganlardan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, u holda xorijiy kreditorlar va grant beruvchilarning tegishli amal qiluvchi hujjatlarida belgilangan qoidalar qoʻllanadi.
2. Tanlov savdolari faqat tanlov savdolari predmeti tegishli hujjatlar (kredit shartnomasi, qarz bitimi, qurilishlarning manzilli roʻyxati va boshqalar) bilan tasdiqlangan moliyaviy resurslar bilan taʼminlangan taqdirdagina oʻtkaziladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
investor — qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurishga oʻz mablagʻlarini, qarz yoki boshqa jalb etilgan mablagʻlarni qoʻyadigan moliyalashtiruvchi bank;
buyurtmachi/tanlov savdolari tashkilotchisi — “Qishloq qurilish invest” ixtisoslashtirilgan shuʼba injiniring kompaniyasi;
tanlov savdolari — ushbu Nizom talablariga, shuningdek tanlov hujjatlari mezonlari va shartlariga muvofiq maqbul pudratchini tanlash usuli;
tanlov savdolari predmeti — ishchi loyihaga muvofiq belgilangan “tayyor holda topshirish” shartlari asosida uy-joyni yoki uy-joylar kompleksini qurish va foydalanishga topshirish uchun zarur boʻlgan ishlar roʻyxati;
lot — tanlov savdolarining boʻlinmaydigan predmeti;
savdolar predmetining boshlangʻich qiymati — tanlov savdolariga qoʻyiladigan ishlarning buyurtmachi belgilaydigan va investor bilan kelishilgan hisoblab chiqilgan qiymati;
tanlov hujjatlari — tanlov savdolari predmetining texnik, moliyaviy, tijorat, tashkiliy va boshqa tavsiflari toʻgʻrisidagi, tanlov savdolarini tashkil etish shartlari va oʻtkazish tartibotlari haqidagi boshlangʻich maʼlumotlardan iborat boʻlgan hujjatlar paketi;
tanlov komissiyasi — ushbu Nizom va tanlov hujjatlari talablariga muvofiq pudrat tashkilotlarini tanlash funksiyalarini bajarish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan tuziladigan organ;
talabgor — taklif etilgan shartlar asosida tanlov savdolarida qatnashish toʻgʻrisidagi oʻz istagini uning ofertasi buyurtmachi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgungacha maʼlum qilgan yuridik shaxs;
oferent — tanlov savdolari shartlariga muvofiq tayyorlangan va buyurtmachi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan oʻz ofertasini taqdim etgan talabgor;
oferta — talabgorning tanlov hujjatlarida belgilangan shartlarga muvofiq taqdim etilgan tanlov savdolari predmetiga nisbatan taklifi;
baholovchi guruh — tushgan ofertalarni mufassal oʻrganish va taqqoslash uchun tanlov komissiyasi tuzadigan vaqtinchalik organ;
shartnoma — qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurishni amalga oshirish toʻgʻrisida buyurtmachi va tanlov savdolari gʻolibi oʻrtasida tuziladigan pudrat shartnomasi.
4. Quyidagilar tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazishning asosiy bosqichlari hisoblanadi:
tanlov savdolarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish;
tanlov savdolarini oʻtkazish;
tanlov savdolari yakunlarini chiqarish.
Tanlov savdolarini oʻtkazishni tashkil etish sxemasi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan.
II. Tanlov komissiyasi
5. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini tanlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari qarori bilan tanlov komissiyasi tuziladi.
Tanlov komissiyasi toq sonli aʼzolardan (kamida toʻqqiz kishidan) iborat boʻlishi kerak.
Tanlov komissiyasiga kapital qurilish masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari, viloyatlar hokimlarining oʻrinbosarlari boshchilik qiladi.
Tanlov komissiyasi tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) barcha tumanlarining hokimlar darajasidagi rahbarlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligining, viloyatlar moliya boshqarmalarining rahbarlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining, viloyatlar hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish yigʻma boshqarmalarining rahbarlari;
(5-bandining yettinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 4-maydagi 137-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 18-son, 197-modda)
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmalarining rahbarlari;
(5-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining, viloyatlar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining rahbarlari;
nodavlat notijorat tashkilotlarning (fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, “Kamolot” YIH, Xotin-qizlar qoʻmitasi va boshqa organlarning) rahbarlari.
Tanlov komissiyasi tarkibiga banklar, loyihalash institutlari, ekspert organlar va boshqa tashkilotlar vakillari ham kiritilishi mumkin.
Buyurtmachi vakillari tanlov komissiyasi ishida kuzatuvchi sifatida, ovoz berish huquqisiz qatnashadilar.
6. Tanlov komissiyasi uning majlisida aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi qatnashgan taqdirda huquqiy kuchga ega hisoblanadi.
Tanlov komissiyasi qarori koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
7. Tanlov komissiyasi huzurida majburiy tartibda tanlov komissiyasi aʼzolaridan yoki boshqa jalb etilgan vakolatli mutaxassislardan baholash guruhi tuziladi.
Lotlar miqdoriga koʻra tanlov komissiyasi tomonidan bir nechta baholash guruhlari tuzilishi mumkin.
8. Tanlov komissiyasi reglamentini tanlov komissiyasining oʻzi tasdiqlaydi.
Tanlov komissiyasining qarorlari protokol tarzida rasmiylashtiriladi.
III. Tanlov hujjatlari
9. Tanlov komissiyasi tarkibi tasdiqlangandan keyin buyurtmachi tomonidan tanlov hujjatlari tayyorlanadi.
Tanlov hujjatlari, qoidaga koʻra, uchta asosiy qismlardan: ruxsat beruvchi, texnik va tijorat qismlaridan iborat boʻladi.
10. Tanlov hujjatlarining ruxsat beruvchi qismi quyidagilardan iborat boʻladi:
buyurtmachining tanlov savdolari oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmoyishi;
moliyalashtirish manbalarini tasdiqlovchi hujjatlar;
tanlov komissiyasi tarkibini tasdiqlovchi hujjat;
tanlov komissiyasining reglamenti va tanlov komissiyasining uni tasdiqlash boʻyicha majlisi protokoli.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi davlat ekspertiza organlarining ishchi loyiha va savdolar predmetining boshlangʻich qiymati boʻyicha ijobiy xulosasi;
ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadigan tanlov savdolari oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonning matni.
Tanlov hujjatlarining ruxsat beruvchi qismiga kiradigan hujjatlar talabgorlarga berilmaydi.
11. Tanlov hujjatlarining texnik qismi quyidagilardan iborat boʻladi:
talabgorlarning tanlov savdolarida qatnashish uchun buyurtmanomasi shakli;
tanlov savdolarida qatnashishga taklifnoma;
talabgorning malakasi hamda uning texnik va moliyaviy holatiga baho berishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar, takliflarni moliyaviy baholash va tanlov gʻolibini aniqlash mezonlari, tanlov savdolarining tartib-qoidasiga tegishli boʻlgan boshqa hujjatlardan iborat yoʻriqnoma.
12. Tanlov savdolarining tijorat qismi quyidagilardan iborat boʻladi:
tanlov savdolarida qatnashishga buyurtmanomani taʼminlash kafolati miqdori;
shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilishi kafolati va oferent tanlov savdolari gʻolibi deb eʼtirof etilgan taqdirda avans toʻlovi miqdori;
talab etiladigan pudrat ishlari hajmi boʻyicha koʻrsatkichlar;
oferta shakli;
shartnoma loyihasi.
13. Tanlov hujjatlari qishloq joylarda “tayyor holda topshirish” shartlari asosida namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibda uy-joy qurishga doir namunaviy tanlov hujjatlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
Namunaviy tanlov hujjatlari buyurtmachi tomonidan investor bilan kelishgan holda ishlab chiqiladi.
14. Tanlov savdolari predmeti boʻyicha tanlov hujjatlari tarkibi tanlov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Buyurtmachi tomonidan eʼlon qilingan narx bilan birgalikda tanlov savdolari oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda tanlov savdolari predmetining boshlangʻich narxi eʼlonda koʻrsatiladi. Bunda tanlov savdolari tanlov savdolari predmetining boshlangʻich narxini pasaytirish uchun oʻtkaziladi.
15. Tanlov hujjatlari ular uchun toʻlov toʻlangandan keyin beriladi.
Toʻlov miqdori buyurtmachi tomonidan tanlov hujjatlari nusxalari koʻpaytirilishi va tarqatilishi qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
IV. Talabgorlarga qoʻyiladigan malaka talablari
16. Talabgorlarga nisbatan quyidagi asosiy malaka talablari qoʻyiladi:
fuqaroviy huquqiy layoqatlilik va shartnoma tuzishga vakolatlar;
tanlov savdolariga qoʻyilgan obyektlarga oʻxshash obyektlarda kamida 3 yil ish tajribasining mavjudligi;
miqdori tanlov hujjatlarida aniqlanadigan asosiy va aylanma mablagʻlarning mavjudligi;
qurilishni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik baza va mehnat resurslarining mavjudligi.
Talabgorlarga nisbatan buyurtmachi yoki investor tomonidan belgilangan, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa talablar ham qoʻyilishi mumkin.
Talabgorlarga qoʻyiladigan malaka talablari tanlov hujjatlarining texnik qismida belgilanadi.
17. Tanlov savdolarida:
muassislik hujjatlari, moliyaviy qatnashish, xolding shaklida va boshqa shakllarda ifodalangan bir-biriga bevosita tashkiliy-huquqiy yoki moliyaviy bogʻliqlikka ega boʻlgan pudrat tashkilotlarining alohida talabgorlar sifatida;
tugatish yoki qayta tashkil etish (boʻlish, ajratib chiqarish, qoʻshib yuborish) bosqichidagi, shuningdek bankrot deb eʼlon qilingan pudrat tashkilotlarining qatnashishi taqiqlanadi.
Tanlov savdolari davomida bunday talabgorlar aniqlangan taqdirda ularning ofertalari diskvalifikatsiya qilinadi.
V. Tanlov savdolariga tayyorgarlik koʻrish va ofertalarni qabul qilish
18. Tanlov hujjatlari tasdiqlangandan keyin buyurtmachi tomonidan tanlov savdolariga tayyorgarlik koʻriladi.
Tanlov savdolarini tayyorlashda buyurtmachi:
tanlov hujjatlari tasdiqlangandan keyin uch kun muddatda ommaviy axborot vositalarida eʼlon beradi;
tanlov hujjatlarini talabgorlarning buyurtmanomasi boʻyicha ularga sotadi;
tushgan ofertalarni qabul qiladi va roʻyxatdan oʻtkazadi.
19. Agar buyurtmachining fikriga koʻra tanlov savdolari predmetining boshlangʻich qiymatiga nisbatan tanlov savdolari oʻtkazish xarajatlari iqtisodiy jihatdan foydali boʻlmasa, bunday obyektlar lotlarga boʻlingan holda bitta tanlov savdolariga birlashtirilishi mumkin.
20. Tanlov savdolari oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
buyurtmachining nomi, pochta va elektron manzili;
tanlov savdolari predmetini moliyalashtirish manbalari;
tanlov savdolari predmetining tavsifi va uni amalga oshirish joyi;
tanlov savdolari predmetini realizatsiya qilish muddati;
talabgorlarga qoʻyiladigan asosiy shartlar;
tanlov hujjatlari sotib olinadigan joy va uning uchun toʻlov miqdori;
ofertani taqdim etish joyi, oxirgi kuni va vaqti;
ofertani ochish joyi, kuni va vaqti;
pudratchilarning ayrim toifalariga preferensiyalar;
investor/buyurtmachining boshqa talablari.
21. Agar xorijiy kreditlar va grantlar taqdim etish shartlari boʻyicha savdo predmetining boshlangʻich qiymatini koʻrsatish talab etilmasa, u holda buyurtmachi uni koʻrsatmaslik va boshlangʻich qiymatni tanlov hujjatlarining ruxsat beruvchi qismi tarkibida taqdim etish huquqiga ega.
Talabgorlar tanlov hujjatlarini sotib oladilar va oʻrganadilar, zaruriyat boʻlganda qurilish maydoni bilan tanishadilar, tanlov hujjatlari talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan va bosilgan oʻz ofertalarini tayyorlaydilar va buyurtmachiga taqdim etadilar.
Ofertalarni taqdim etish muddati ommaviy axborot vositalarida eʼlon berilgan kundan boshlab kamida oʻttiz kunni tashkil etishi kerak.
Ofertalarni taqdim etish muddati tamom boʻlgunga qadar buyurtmachi investor bilan kelishgan holda tanlov hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, bu toʻgʻrida tanlov hujjatlarini sotib olgan talabgorlarni darhol xabardor qilish, ofertaga tuzatish kiritish uchun yetarli boʻlgan vaqtda ofertaning taqdim etish muddatini kechiktirish huquqiga ega.
22. Ofertani taqdim etish muddati tamom boʻlgandan keyin taqdim etilgan talabgorlarning ofertalari qabul qilinmaydi.
Ofertalar buyurtmachiga tanlov hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bosma shaklda taqdim etiladi.
Talabgor oʻz ofertasi tarkibida tanlov savdolarida qatnashishga buyurtmanomani taʼminlash kafolatini tasdiqlaydigan hujjatni taqdim etishi kerak.
Ofertada taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlarning ishonchliligi uchun oferent javob beradi.
23. Tushgan ofertalarning tanlov hujjatlarini va tanlov savdolari bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni saqlash muddati tanlov komissiyasining reglamentida belgilanadi.
VI. Tanlov savdolarini oʻtkazish
24. Ofertalarni berish muddati tamom boʻlgandan keyin tanlov komissiyasi tushgan va roʻyxatdan oʻtkazilgan ofertalarni oferentlarning vakillari ishtirokida ochadi, butligini tekshiradi, oferentlarning nomlarini eʼlon qiladi, tanlov hujjatlari talablariga muvofiq hujjatlarning taqdim etilgan turkumlari mazmunini tekshiradi.
Tanlov komissiyasi majlisining natijalari toʻgʻrisidagi axborot qatnashmagan oferentga yozma shaklda yetkaziladi.
25. Ofertalarda tanlov hujjatlari talablari buzilganligi aniqlangan taqdirda hujjatlar ularning mazmuni eʼlon qilinmasdan oferentga qaytariladi.
Tanlov komissiyasi tanlov hujjatlari eʼlon qilingan shartlarga yoki ofertani rasmiylashtirishdagi noaniqliklarga, ular boshqa oferentlarning reytinglariga taʼsir koʻrsatmagan va ularga yoʻl qoʻygan oferentga ustunlik bermaydigan hollarda, eʼtibor bermasligi mumkin.
Tanlov hujjatlari shartlariga javob beradigan ofertalar boʻyicha oferentning nomi, malaka maʼlumotlari, taklif etilgan narxlar va bajarish muddatlari, shuningdek oferent tomonidan tanlov hujjatlari talablariga muvofiq kiritilgan qoʻshimcha takliflar oʻqib eshittiriladi.
26. Ofertani tanlov komissiyasi majlisida koʻrib chiqish davomida uning mazmuni oferent tomonidan tushuntirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda ofertaning mazmunini oʻzgartiradigan, shu jumladan uning narxini yoki uni bajarish muddatini oʻzgartiradigan tushuntirishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ofertada arifmetik xatolar mavjudligi aniqlangan taqdirda toʻgʻri qiymat sifatida yozuv bilan koʻrsatilgan yakuniy summa qabul qilinadi.
27. Tushgan ofertalarni batafsil oʻrganish, baholash va qiyoslash uchun tanlov komissiyasi tegishli hujjatlarni baholash guruhiga taqdim etadi.
Baholash guruhi oʻz tavsiyalarini tanlov komissiyasiga taqdim etadi.
28. Tanlov komissiyasi baholash guruhining tavsiyalarini hisobga olib va ovoz berish natijalariga koʻra tanlov savdolari gʻolibini eʼlon qiladi.
Ofertalarni koʻrib chiqish, baholash va qiyoslash, tanlov savdolari gʻolibini aniqlash tanlov komissiyasining yopiq majlislarida oʻtkaziladi.
29. Tushgan ofertalarni ochish, baholash guruhi tomonidan ularni batafsil oʻrganish, baholash va qiyoslash, baholash guruhining tavsiyalarini taqdim etish, tanlov savdolari gʻolibini eʼlon qilish muddatlari tanlov komissiyasining reglamentida belgilanadi.
30. Gʻolibni eʼlon qilish oferentlar ishtirokida oʻtkaziladi, qatnashmagan oferentlar belgilangan tartibda xabardor qilinadi.
VII. Tanlov savdolari yakunlarini chiqarish
31. Buyurtmachi savdolar gʻolibi aniqlangan sanadan boshlab besh ish kuni mobaynida gʻolibga shartnoma unga berilganligi toʻgʻrisida bildirishnoma yuboradi.
Tanlov savdolari gʻolibi bilan shartnoma tuzish muddatlari tanlov komissiyasining reglamentida koʻrsatiladi.
32. Agar tanlov savdolari gʻolibi shartnoma tuzishni rad etsa yoki biror-bir sabablarga koʻra undan bosh tortsa, u holda tanlov komissiyasi ofertasi ikkinchi oʻrinni olgan oferentni gʻolib deb eʼtirof etishi yoki takroriy tanlov savdolari oʻtkazilishini tayinlashi mumkin.
33. Shartnoma bajarilishini taʼminlash kafolatlari va avans toʻlovi kafolatlari miqdorlari tanlov hujjatlarida koʻrsatiladi.
34. Tanlov savdolari natijalari tegishli ravishda tasdiqlangandan keyin u tugallangan deb hisoblanadi. Tanlov savdolari natijalarini koʻrib chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi tanlov komissiyasining reglamentida belgilanadi.
Buyurtmachi savdolar natijalari tasdiqlangan kundan boshlab besh kun muddatda ommaviy axborot vositalarida tanlov savdolari natijalari toʻgʻrisidagi xabarni eʼlon qiladi.
35. Agar:
tushgan barcha ofertalar savdolar predmetining boshlangʻich qiymatidan ortiq boʻlganda;
ofertani berish muddati tamom boʻlgan paytda uchtadan kam boʻlgan oferta tushganda;
tushgan barcha ofertalar tanlov hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmaganda;
ikkinchi oʻrinni egallagan oferent shartnoma tuzishni rad etganda ushbu Nizomning 32-bandida nazarda tutilgan vaziyat yuzaga kelgan hollarda tanlov savdolari oʻtkazilmagan deb eʼlon qilinadi.
36. Tanlov savdolari oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilgan taqdirda ushbu Nizomda belgilangan tartibda takroriy tanlov savdolari oʻtkaziladi.
Takroriy tanlov savdolarini oʻtkazishda tanlov hujjatlari shartlarini qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻyiladi.
37. Tanlov savdolari tartib-qoidalaridan kelib chiqadigan kelishmovchiliklar va nizolar, tanlov komissiyasi, buyurtmachi, baholash guruhining xatti-harakatlari va qarorlari yuzasidan shikoyatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
VIII. Shartnoma majburiyatlari bajarilishi monitoringi
38. Shartnoma majburiyatlari bajarilishi monitoringi buyurtmachining texnik nazorat boʻyicha vakili va pudrat tashkiloti tomonidan taqdim etiladigan shartnoma shartlari bajarilishi toʻgʻrisidagi har oylik axborotni tahlil qilish yoʻli bilan buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
39. Monitoring natijalari buyurtmachi tomonidan umumlashtiriladi.
IX. Qurilishi tugallanmagan obyektlar boʻyicha tanlov savdolari
40. Pudrat tashkiloti tomonidan shartnoma shartlariga rioya etilmaganligi tufayli shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan hollarda qurilishi tugallanmagan obyektlar boʻyicha takroriy tanlov savdolari oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda buyurtmachining qaroriga koʻra ishchi guruh tashkil etiladi. Ishchi guruh bekor qilingan shartnoma boʻyicha tugallanmagan ishlar hajmini aniqlash maqsadida nazorat oʻlchovi oʻtkazadi.
41. Ishchi guruh tomonidan hajm va qiymat koʻrsatkichlari aniqlangandan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi davlat ekspertiza organlarining qoʻshimcha ijobiy xulosasi olingandan keyin buyurtmachi predmeti tugallanmagan ishlar hajmi hisoblangan tanlov savdolarini eʼlon qiladi.
42. Qurilishi tugallanmagan obyekt boʻyicha oʻtkazilgan tanlov savdolari yakunlari boʻyicha gʻolib bilan ishlarning tugallanmagan qismini bajarish yuzasidan shartnoma tuziladi.
43. Shartnomaning muddatidan oldin bekor qilinishi natijasida qurilishi tugallanmagan obyekt boʻyicha tanlov savdolari predmetining umumiy qiymati kamida 50 ming AQSh dollariga teng boʻlgan summani tashkil etgan hollarda pudratchilarni tanlash buyurtmachi tomonidan ishlarning tavsifi, hajmi, bajarish muddatlari koʻrsatilgan, shuningdek pudrat tashkilotlari tomonidan eʼlon qilingan narxlar va tavsiflar taqqoslangan holda takliflar yuborish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
Buyurtmachining pudratchini tanlash toʻgʻrisidagi uzil-kesil qarori tanlov komissiyasi va investor bilan kelishilishi kerak.
X. Yakunlovchi qoida
44. Xorijiy kreditorlar va grant beruvchilarning tegishli amal qiluvchi hujjatlarida tanlov savdolarining ayrim bosqichlarini xorijiy kreditorlar va (yoki) grant beruvchilar bilan kelishish zarurligi nazarda tutilgan hollarda buyurtmachi yoki investor bunday kelishuvlar amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 7-son, 69-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2016-y., 18-son, 197-modda)