Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ishlab chiqarish, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlarining respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlarini istiqbolda rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan dasturlar bilan uzviy bogʻliq holda ildam rivojlanishini taʼminlash hamda buning negizida yangi ish joylarini yaratish, aholining bandligi va turmush darajasi uzluksiz oʻsib borishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar 2011 — 2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
xorijiy va ichki moliyalashtirish manbalarini, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish koʻlamini kengaytirish, qurilish va industrial ishlab chiqarish komplekslarini yangilash asosida transport kommunikatsiyalari, zamonaviy telekommunikatsiya tizimlari, muhandislik infratuzilmasi obyektlarini kompleks ravishda va ildam rivojlantirish hamda qurish;
respublikaning barcha mintaqalarini puxta birlashtiradigan yagona milliy avtomobil transport tizimini yaratish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, Oʻzbekiston milliy magistrali tarkibiga kiradigan, xalqaro standartlarning yuksak talablariga javob beradigan, zamonaviy sement-beton va asfalt-beton qoplamalar bilan taʼminlangan toʻrt polosali yoʻl uchastkalarini qurish va rekonstruksiya qilishni kengaytirish, Qamchiq dovonidan oʻtadigan avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish;
respublikaning temir yoʻl transportini jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilish, temir yoʻllar rekonstruksiyasini amalga oshirish, Toshkent-Samarqand yuqori tezlikdagi temir yoʻl liniyasini jihozlash hamda ishga tushirish, Buxoro va Qarshi shaharlarigacha boʻlgan temir yoʻl uchastkalarini elektrlashtirish, harakatdagi temir yoʻl tarkibini zamonaviy yuqori unumli lokomotivlar, yuk tashuvchi va yoʻlovchilarga moʻljallangan vagonlar bilan yangilash;
havo kemalari parkini dunyoning yetakchi Boing va Aerbas aviakompaniyalarining zamonaviy, har jihatdan qulay va tejamli samolyotlari bilan tubdan yangilash hisobiga aviatsiyada tashishning moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, ularga servis xizmati koʻrsatishni tashkil etish, Toshkent shahri va respublikaning viloyat markazlarida aeroportlar qurish va rekonstruksiya qilish hamda uning negizida tranzitni ham hisobga olganda yuk tashish hajmlarini oshirish, aviatsiyada yoʻlovchilar tashish darajasi hamda sifatini oshirish, asosiysi esa — ularning xavfsizligini taʼminlash;
zamonaviy telekommunikatsiya tarmoqlari va inshootlarini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, uyali aloqa hamda maʼlumotlarni keng yoʻlakli uzatish tarmoqlarini kengaytirish, respublika mintaqalarida raqamli televideniyega bosqichma-bosqich oʻtish;
transportda yuk tashishni tashkillashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro talab va standartlarga javob beradigan, koʻp maqsadli zamonaviy samarador transport-tranzit infratuzilmasini yaratish, har xil transport turlari - avtomobil, temir yoʻl va aviatsiya transporti tomonidan transport xizmati koʻrsatishda tutashlikni taʼminlash, Angren shahridagi va Navoiy shahri aeroporti negizidagi logistika intermodal markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va faoliyat yuritish samaradorligini oshirish;
xalqaro transport kommunikatsiyalariga qisqa yoʻllar bilan chiqishni va tranzit yuk tashish koʻpayishini, mintaqaviy hamda dunyo bozorlariga chiqishni kengaytirishni, eksport salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish va milliy mahsulotlarni sotish bozorlarini kengaytirishni taʼminlaydigan yangi transport yoʻlaklarini shakllantirish;
milliy avtomagistral yoqasi va temir yoʻllar boʻylab infratuzilma va servis obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, avtomobil va temir yoʻl magistrallarida qatnovchilar uchun xalqaro standartlarga javob beradigan shart-sharoitlarni yaratish, buning negizida yangi ish joylarini shakllantirish hamda aholining bandligini oshirish;
Oʻzbekiston milliy avtomagistralini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish uchun qoʻshimcha zamonaviy yoʻl-qurilish texnikasining oʻz vaqtida xarid qilinishini taʼminlash, yoʻl qurilishida zamonaviy qurilish texnologiyalarini, uskunalar hamda sifatli materiallarni qoʻllash;
respublika mintaqalarida, ayniqsa qishloq joylarda, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini — suv taʼminoti, kanalizatsiya, elektrlashtirish tizimlari va boshqalarni qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilishni kengaytirish, buning negizida aholini va xoʻjalik yurituvchi subyektlarni suv va elektr energiyasi bilan taʼminlash darajasi hamda sifatini oshirish, shaharlarda va aholi punktlarida sanitariya-epidemiologiya holatini yaxshilash;
xomashyo, materiallar va energiya resurslaridan tejamkor foydalanishni taʼminlaydigan, energiya hamda resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash yoʻli bilan ishlab chiqarish infratuzilmasi, transport va kommunikatsiya obyektlarini qurish va foydalanishda ishlab chiqarish xarajatlari hamda tannarxini izchil pasaytirib borish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 6-avgustdagi R-3475-son farmoyishi bilan tuzilgan Ishchi guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK, “Oʻzavtoyoʻl” DAK, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va boshqa manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “2011 — 2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish toʻgʻrisida”gi Dastur (keyingi oʻrinlarda-Dastur) maʼqullansin, u quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
2011 — 2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish Dasturining asosiy maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga* muvofiq;
*1-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yoʻllari uchastkalarini qurish va rekonstruksiya qilishning maqsadli parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;
*2-ilova berilmaydi.
infratuzilmani, transport va kommunikatsiyalarni kompleks rivojlantirishning maqsadli parametrlari 3-ilovaga* muvofiq;
*3-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston milliy avtomagistrali boʻylab yoʻl yoqasi infratuzilmasi va servisini rivojlantirishning maqsadli parametrlari 4-ilovaga* muvofiq;
*4-ilova berilmaydi.
infratuzilmani, transport va kommunikatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalari roʻyxati 5-ilovaga* muvofiq.
*5-ilova berilmaydi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, birlashmalar hamda korxonalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor tashkilotlar rahbarlari zimmasiga “2011 — 2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish toʻgʻrisida”gi Dasturda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarning toʻliq hajmda va belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi taqdimnomalariga koʻra bozor konyunkturasi hamda transport va kommunikatsiya tarmoqlari rivojidagi ehtimol tutilgan oʻzgarishlarni nazarda tutib, Dasturning tasdiqlangan parametrlariga zarur hollarda aniqlik va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida 2011-yil hamda keyingi yillarda geologiya-razvedka ishlarining har yili tasdiqlanadigan dasturlari doirasida Oʻzbekiston milliy avtomagistrali uchastkalarini rekonstruksiya qilish va qurish uchun inert materiallar zaxirasini aniqlash boʻyicha geologiya-razvedka ishlarini olib borishni taʼminlasin.
5. “2011 — 2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish toʻgʻrisida”gi Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, xomashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik hujjatlar va jihozlar 2016-yilning 1-yanvariga qadar muddatga bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi har yili Investitsiya dasturini shakllantirishda “2011 — 2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish toʻgʻrisida”gi Dasturda nazarda tutilgan investitsiya loyihalari belgilangan tartibda unga kiritilishini nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining 6-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 21-dekabr,
PQ-1446-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 21-dekabrdagi PQ-1446-son qaroriga
6-ILOVA
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblangan ayrim qarorlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2009 — 2013-yillarda Temir yoʻl sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilishning kompleks dasturi toʻgʻrisida” 2009-yil 18-martdagi PQ-1074-son qarori.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2009 — 2014-yillarda Oʻzbekiston milliy avtomagistralini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 22-apreldagi PQ-1103-son qarori 1-bandining ikkinchi xatboshi va 1-ilovasi;
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston milliy avtomagistrali boʻylab yoʻl infratuzilmasi va servisini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 22-oktabrdagi 277-son qarori 2-bandining ikkinchi xatboshi va 1-ilovasi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 52-son, 512-modda; 2011-y., 50-son, 512-modda; 2013-y., 45-son, 584-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda)