Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 132-sonli “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-yanvardagi PQ-1271-son qarori bilan tasdiqlangan “Barkamol avlod yili” Davlat dasturining ijrosini taʼminlash hamda taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari, oʻquvchi-talabalarining sogʻlom ovqatlanishi tizimini tubdan yaxshilash, oshxona va bufetlarda sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan shart-sharoitlarni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish tizimini yaxshilash chora-tadbirlari rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
bir oy muddatda “Umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalari taʼlim oluvchilarining xavfsiz ovqatlanishini tashkil etishga doir sanitariya-epidemiologiya talablari”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
taʼlim muassasalarining oshxona va bufetlari uchun xarid etilayotgan mahsulotlarning sifati, xavfsizligi, yetkazib berilishi, saqlanishi, ovqatlarning tayyorlanishi borasida sanitariya-gigiyena qoidalari va meʼyorlariga rioya etilishi ustidan davlat sanitariya nazoratini yanada kuchaytirsin.
3. 2010-yil sentyabr oyidan boshlab taʼlim muassasalarida (oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno) ovqatlanishni tashkil etish borasidagi faoliyat faqat tanlov asosida saralab olinadigan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilish tartibi joriy etilsin.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 297-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 591-modda)
Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish va tarbiyalanuvchilar, oʻquvchilar va talabalarning sifatli va xavfsiz ovqatlanishini taʼminlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
5. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari taʼlim muassasalarida sanitariya-gigiyena talablari asosida ratsional va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish, shuningdek sogʻliq uchun zararli boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy oqibatlari haqida keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borsinlar.
6. Manfaatdor vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-avgust,
184-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 184-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish tizimini yaxshilash chora-tadbirlari
REJASI
| № | Tadbirlar | Bajarish muddatlari | Masʼul bajaruvchilar |
| I. Normativ-huquqiy bazani mustahkamlash | |||
| 1. | Respublika boʻyicha maktabgacha taʼlim muassasalari, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalari taʼlim oluvchilarining gigiyenik talablar asosida xavfsiz ovqatlanishini taʼminlash toʻgʻrisida Respublika Bosh Davlat sanitariya vrachining qarorini qabul qilish. | bir oy | Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi |
| 2. | “Umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalari taʼlim oluvchilarining xavfsiz ovqatlanishini tashkil etishga doir sanitariya-epidemiologiya talablari”ni ishlab chiqish va tasdiqlash. | bir oy | Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi |
| 3. | Taʼlim muassasalarida sotilishi taqiqlanadigan, tarkibida yosh avlod sogʻligʻi uchun zararli moddalar boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatini tasdiqlash. | bir oy | Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi |
| 4. | Taʼlim muassasalari oshxonalarida tayyorlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi (retsepturasi)ni belgilovchi namunaviy roʻyxatni ishlab chiqish va taʼlim muassasalariga yetkazish. | bir oy | Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi |
| 5. | Taʼlim muassasalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, oʻquvchilarning sifatli ovqatlanishini tashkil etish yuzasidan tegishli vazirliklar, idoralar va hokimliklar tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish, ularning ijrosini qatʼiy nazoratga olish. | ishlab chiqish — 1 oy, ijrosi — 2011 — 2015-yillar | Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari |
| II. Oshxona va bufetlar moddiy-texnika bazasini va jihozlanish holatini yaxshilash | |||
| 6. | Taʼlim muassasalari oshxonalaridagi mavjud texnologik jihozlarni xatlovdan oʻtkazish, ularni yangilash boʻyicha 2011 — 2015-yillarga moʻljallangan hududiy dasturlarni ishlab chiqish, mazkur maqsad uchun talab etiladigan mablagʻ miqdorini aniqlab, bosqichma-bosqich moliyalashtirishni taʼminlash. | 2011 — 2015-yillar | Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari |
| 7. | Oshxona va bufetlari mavjud boʻlmagan taʼlim muassasalarida bosqichma-bosqich ovqatlanish shoxobchalarini tashkil etish choralarini koʻrish. | 2011 — 2015-yillar | Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi |
| 8. | Taʼlim muassasalarida qishloq xoʻjalik mahsulotlari zaxirasi saqlanadigan omborxonalar tashkil etish hamda ularni sovutgichlar va boshqa tegishli uskunalar bilan jihozlash. | 2011 — 2015-yillar | Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, taʼlim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etuvchi yuridik shaxslar (ijarachilar) |
| 9. | Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida innovatsion loyihalarni amalga oshirish va chet el investitsiyalarini jalb qilish choralarini koʻrish. | 2010 — 2015-yillar | Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi markazi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari |
| III. Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish | |||
| 10. | Davlat taʼminotida boʻlgan taʼlim muassasalari (maktabgacha taʼlim muassasalari, maxsus maktab-internatlar, mehribonlik uylari)ni oʻz vaqtida moliyalashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, sanitariya meʼyorlari (SanPiN)ning bajarilishi va shu maqsadga ajratilayotgan mablagʻlarning hamda ota-onalar badallarining sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilash. | 2010-yil 1-sentabrgacha | Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari |
| 11. | Taʼlim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etgan yuridik shaxslar bilan tabiiy, ekologik toza, sifatli va arzon qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida tumanlarda faoliyat koʻrsatayotgan fermer xoʻjaliklari va mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning hamkorligini yoʻlga qoʻyish. | 2010-yil 1-sentabrdan | Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Yogʻ-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi, “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi |
| 12. | Davlat taʼminotida boʻlgan taʼlim muassasalari (maktabgacha taʼlim muassasalari, maxsus maktab-internatlar, mehribonlik uylari) uchun xarid qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini mahalliy sharoitlardan kelib chiqib hududiy hokimliklar tomonidan maqbullashtirish. | har chorakda | Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirligi, Gʻaznachilik, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari |
| 13. | Davlat taʼminotida boʻlgan taʼlim muassasalari (maktabgacha taʼlim muassasalari, maxsus maktab-internatlar, mehribonlik uylari) uchun oziq-ovqat mahsulotlarini xarid etish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirishni yengillashtirish nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqish. | 2010-yil | Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirligi, Gʻaznachilik, Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari |
| 14. | Taʼlim muassasalarida sotilishi taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarining savdoga chiqarilmasligi ijrosini qatʼiy nazoratga olish. | Doimiy | Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari |
| 15. | Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish yuzasidan doimiy monitoring olib borish, natijalari yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritish. | jadval asosida | Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, hududiy taʼli? va sogʻliqni saqlash boshqarmalari |
| 16. | Taʼlim muassasalari oshxona, bufetlarida sotilayotgan tayyor ovqatlarning sifati boʻyicha laboratoriya nazoratini taʼminlash, sanitariya qoidalari buzilishi natijasida turli kasalliklar, jumladan yuqumli oʻtkir meʼda-ichak kasalliklari va ovqatdan zaharlanish xavfining oldini olish yuzasidan qatʼiy choralar belgilash. | 2010-yil 15-avgust | Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi |
| 17. | Ommaviy axborot vositalari orqali taʼlim muassasalarida gigiyenik talablar asosida ratsional va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish, sogʻliq uchun zararli boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy oqibatlari yuzasidan keng targʻibot-tashviqot ishlari olib borish. | jadval asosida | Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi markazi |
| 18. | Taʼlim muassasalarida inson organizmi uchun zararli moddalar boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy oqibatlarini “Salomatlik saboqlari”, “Sogʻlom avlod asoslari”, “Sogʻlom oila asoslari” kabi darslar orqali oʻquvchilar ongiga yetkazish, mazkur yoʻnalishda ota-onalar yigʻilishlarida tushuntirish ishlari olib borish. | jadval asosida | Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi |
| 19. | Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish yuzasidan respublika boʻyicha va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri hamda boshqa viloyatlarda hududiy seminarlar oʻtkazish. | 2010-yil sentyabr — noyabr | Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari |
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 184-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalarida (keyingi oʻrinlarda “taʼlim muassasalari” deb yuritiladi) sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Taʼlim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish oshxona, bufet, kafeteriy, kafe (yozgi kafe), choyxona va kichik oshxonalarda (keyingi oʻrinlarda “oshxonalar” deb yuritiladi) belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga koʻra ovqatlanishni tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratilgan holda amalga oshiriladi.
Mazkur Nizom taʼlim muassasalari hududlari doirasida faoliyat yurituvchi oshxonalarga tatbiq etiladi.
3. Umumtaʼlim maktablari va akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarining oʻquvchilari hamda oliy taʼlim muassasalarining talabalari (keyingi oʻrinlarda “oʻquvchilar” deb yuritiladi) sogʻligʻini himoya qilish, tarkibida zararli moddalar boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishning oldini olish taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
4. Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
oʻquvchilarning fiziologik yoshiga, mavsumga (yoz, qish davrlari) qarab oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talablarni inobatga olgan holda ularning ratsional ovqatlanishini taʼminlash;
oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va sifatini kafolatlash;
oʻquvchilar oʻrtasida ovqatlanish bilan bogʻliq yuqumli kasalliklarning ommaviy tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik;
oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom ovqatlanish koʻnikmalarini shakllantirish;
taʼlim muassasalari oshxonalarida sotilishi taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishning oldini olish;
oʻquvchilar uchun sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash hamda ularning arzon narxlarda sotilishini taʼminlash;
oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va saqlashda sanitariya-gigiyena normalari va qoidalariga qatʼiy rioya etish.
5. Taʼlim muassasalari oshxonalarida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq inson sogʻligʻi uchun zararli moddalar boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish qatʼiy taqiqlanadi.
51. Oliy taʼlim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish mazkur muassasalar tomonidan amalga oshirilganda ularga nisbatan ushbu Nizomning 6 — 22-bandlari qoidalari tatbiq etilmaydi.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 297-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 591-modda)
II. Taʼlim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish
6. Taʼlim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish tanlov oʻtkazish yoʻli bilan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari (keyingi oʻrinlarda “yuridik shaxslar” deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
7. Tanlovni tashkil etish, oʻtkazish va gʻoliblarni aniqlash ishlari umumtaʼlim muassasalarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmasi, oliy taʼlim muassasalarida oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan tanlov komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
8. Tanlov komissiyasi kamida besh kishidan iborat tarkibda umumtaʼlim muassasalarida xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimi mudiri, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida akademik litsey va kasb-hunar kolleji direktori, oliy taʼlim muassasalarida oliy taʼlim muassasasi rektori, tuman (shahar) moliya boʻlimi, Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi va taʼlim muassasalarining vakillaridan shakllantiriladi.
Umumtaʼlim muassasalarida xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimi mudiri, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari direktori, oliy taʼlim muassasalarida oliy taʼlim muassasasi rektori tanlov komissiyasining raisi hisoblanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
9. Tanlov oʻtkazilishi haqida tanlov oʻtkazilishidan kamida bir oy oldin viloyat yoki tuman (shahar) ommaviy axborot vositalarida eʼlon beriladi.
Tanlovda davlat roʻyxatidan oʻtgan, umumiy ovqatlanish boʻyicha kamida olti oy davomida faoliyat yuritayotgan, maxsus moddiy-texnik bazasi va oziq-ovqat texnologiyasi boʻyicha mutaxassislari mavjud boʻlgan yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin.
10. Tanlov yangi oʻquv yili boshlangunga qadar oʻtkazilishi shart.
Tanlov har oʻquv yili uchun oʻtkaziladi.
11. Ijara shartnomasi va boshqa majburiyatlarni lozim darajada bajargan yuridik shaxslar bilan kelgusi yil uchun shartnoma muddati, tanlov komissiyasi qaroriga asosan tanlov oʻtkazmasdan uzaytirilishi mumkin.
Shartnoma muddatini uzaytirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
12. Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar Tanlov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqidagi guvohnoma nusxasi;
umumiy ovqatlanishni tashkil etish sohasidagi faoliyat, ish tajribasi toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
maxsus moddiy-texnik baza va oziq-ovqat texnologiyasi boʻyicha malakali mutaxassislar mavjudligi haqida maʼlumotnoma.
13. Tanlov komissiyasi tomonidan arizalarni koʻrib chiqish ariza taqdim etilgan sanadan boshlab bir oydan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
14. Tanlov komissiyasi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha taklifni maʼqullash yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi.
15. Tanlov komissiyasi tomonidan maʼqullangan talabgor bilan shartnoma tuzish haqida taʼlim muassasalariga xabar beriladi va komissiya qarori manfaatdor taraflarga oʻn kun muddatda taqdim etiladi (yoki aloqa vositalari orqali yuboriladi).
16. Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlim vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalarining, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalarining, oliy taʼlim muassasalari rektorlarining vakolatlari quyidagilardan iborat:
taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish yuzasidan doimiy monitoring olib borish va natijalarini umumlashtirish;
tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlariga taʼlim muassasalarida sifatli va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish haqida takliflar kiritish;
taʼlim muassasalarida umumiy ovqatlanish qoidalarining buzilishi holatlarini bartaraf etish choralarini koʻrish;
oʻquvchilarning hayoti va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi oziq-ovqat mahsulotlari haqida keng tushuntirish ishlari olib borish.
III. Davlat mulkining ijara shartnomasini tuzish
17. Tanlov komissiyasi qaroriga muvofiq ovqatlanishni tashkil etish shartlari, taraflarning huquq va majburiyatlari koʻrsatilgan ijara shartnomasi tuziladi.
18. Ijara shartnomasi ijaraga beruvchi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari huzuridagi Davlat mulkini ijaraga berish markazlari), ijaraga oluvchi va balansda saqlovchi oʻrtasida tuziladi.
19. Ijara shartnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
ijaraga berilayotgan davlat mulkining tarkibi va qiymati;
ijara muddati;
ijara toʻlovining stavkasi va umumiy miqdori, uni toʻlash shartlari va muddatlari;
davlat mulkining holati va ijaraga beruvchi uni ijaraga oluvchiga berishi kerak boʻlgan muddat;
ijaraga oluvchi tomonidan davlat mulkidan foydalanish, shu jumladan kommunal toʻlovlarni va boshqa foydalanish toʻlovlarini toʻlash shartlari;
shartnoma toʻxtatilgandan keyin davlat mulkini qaytarish holati va tartibi;
ijaraga olingan davlat mulkini tiklash va taʼmirlash boʻyicha majburiyatlar;
axborotlar hajmi va ularni ijaraga beruvchiga taqdim etish muddatlari;
ijara shartnomasini, shu jumladan ijara toʻlovlarini toʻlash muddatlari buzilishi munosabati bilan bekor qilish shartlari;
tomonlarning javobgarligi;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar.
20. Ijara shartnomasini bekor qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
21. Ijaraga oluvchi quyidagi huquqlarga ega:
shartnoma imzolangan vaqtdan boshlab, ijaraga berilgan mulkni ijaraga beruvchidan talab qilishga;
ijaraga beruvchi bilan kelishgan holda, uning roziligi bilan ijaraga olingan mol-mulk tarkibiga uning qiymatini oshiradigan oʻzgartishlar kiritishga;
ijaraga olingan mol-mulkni rekonstruksiya qilish, kengaytirish, texnik jihatdan jihozlashga haqlidir.
22. Ijaraga oluvchining majburiyatlari:
ijaraga olingan mol-mulk (bino, xona)dan maqsadli foydalanish;
ijaraga olingan mol-mulk (bino, xona) tarkibiga oʻzgartirish kiritish, rekonstruksiya qilish va texnik jihozlashdan oldin ijaraga beruvchining yozma roziligini olish;
inson sogʻligʻi uchun zararli moddalar boʻlgan, sotish taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarini sotmaslik;
oʻquvchilarning ovqatlanishini tashkil etishda belgilangan sanitariya qoidalari va meʼyorlari bajarilishini toʻliq taʼminlash;
oʻquvchilar oʻrtasida ovqatlanish bilan bogʻliq yuqumli kasalliklar ommaviy tarqalishining oldini olish choralarini koʻrish;
ijaraga olingan oshxonalarda ovqat tayyorlash texnologiyasi qoidalariga toʻliq amal qilgan holda taomlar tayyorlash hamda xomashyo va mahsulotlarning sifatli saqlanishini taʼminlash choralarini koʻrish;
ijaraga olingan mol-mulk (bino, xona)dan foydalanishda sanitariya qoidalari va meʼyorlariga rioya qilish;
ijara shartnomasi boʻyicha olingan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash;
ijara shartnomasi boʻyicha barcha toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish;
ijara muddati tugagandan keyin ijaraga beruvchining talabiga koʻra mol-mulk (bino, xona)ni ijaraga beruvchiga belgilangan tartibda topshirish;
mol-mulk (bino, xona)ni ijaraga beruvchining ruxsatisiz ikkilamchi ijaraga bermaslik.
Ijaraga oluvchi tomonidan ushbu majburiyatlarning buzilishi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijara shartnomasi bekor qilinishiga asos boʻladi.
III. Yakunlovchi qoidalar
23. Mazkur Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qilish taʼlim muassasasi maʼmuriyati va tegishli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
24. Mazkur Nizom talablarini buzgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 34-son, 293-modda; 2011-y., 25-son, 261-modda; 2013-y., 45-son, 591-modda)