Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVIning
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVIning
Qarori
QARZDORLAR VA ULARNING DEBITORLARI BANK HISOBVARAQLARINI QIDIRIShDA BANK DEPOZITORLARINING MILLIY AXBOROT BAZASIDAGI MAʼLUMOTLARDAN FOYDALANISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 3-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2085]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Markaziy bank Boshqaruvining 2013-yil 23-martdagi 1, 7/12-sonli “Qarzdorlar va ularning debitorlari bank hisobvaraqlarini qidirishda bank depozitorlarining Milliy axborot bazasidagi maʼlumotlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2448, 02.04.2013-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 169-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Qarzdorlar va ularning debitorlari bank hisobvaraqlarini qidirishda Bank depozitorlarining Milliy axborot bazasidagi maʼlumotlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Adliya vaziri R. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-fevral,
13-son
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-fevral,
7/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Markaziy bank Boshqaruvining 2010-yil 20-fevraldagi 13, 7/1-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qarzdorlar va ularning debitorlari bank hisobvaraqlarini qidirishda Bank depozitorlarining Milliy axborot bazasidagi maʼlumotlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 169-modda), “Bank siri toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 144-modda) va “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 5-son, 80-modda) qonunlariga muvofiq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonida Bank depozitorlari Milliy axborotlar bazasi (bundan keyingi oʻrinlarda BDMAB deb yuritiladi) boʻyicha qarzdorlar va ularning debitorlari tomonidan milliy va xorijiy valyutada ochilgan bank hisobvaraqlarini qidirishda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Axborotlashtirish Bosh Markazi (bundan keyingi oʻrinlarda ABM deb yuritiladi) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamentining (bundan keyingi oʻrinlarda Sud departamenti deb yuritiladi) organlari bilan oʻzaro hamkorligi tartibini belgilaydi.
2. Sud departamenti BDMABdan elektron soʻrov asosida maʼlumotlarni faqat sudning undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi yoki ularning mol-mulkini xatlash haqidagi qonuniy kuchga kirgan qarori boʻlgan taqdirda soʻrashga haqlidir. Sud departamenti BDMABga joʻnatiladigan elektron soʻrovning haqqoniyligini taʼminlaydi.
Maʼlumot almashinuvi va u bilan bogʻliq xarajatlarni hisob-kitob qilish tartibi ABM va Sud departamenti oʻrtasida tuziladigan shartnomaga asosan belgilanadi.
3. ABMning Sud departamenti bilan maʼlumot almashinuvidagi oʻzaro hamkorligi:
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini;
undiruvchining huquqlari amalga oshirilishini;
maʼlumotlar tezkor almashinuvini;
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining bajarilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etishni taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi.
II. Maʼlumotlar almashinuvi tartibi
4. ABM Sud departamentining elektron soʻroviga asosan unda koʻrsatilgan yuridik shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorlarning milliy va xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlari (bundan keyingi oʻrinlarda bank hisobvaraqlari deb yuritiladi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron soʻrovni olgan kunning ertasidan kechiktirmasdan taqdim qiladi.
5. Qarzdor va uning debitorlari bank hisobvaraqlarini aniqlash boʻyicha ABMga Sud departamenti har bir viloyat hududiy boshqarmalari boʻyicha alohida-alohida tarzda quyidagi tartibda elektron soʻrov joʻnatadi:
soliq toʻlovchining (qarzdorning) identifikatsiya raqami (STIR);
qarzdorning nomi (yuridik shaxsning va yakka tartibdagi tadbirkorning nomi);
hududiy boshqarma va tegishli tuman (shahar) sud ijrochilari boʻlimi nomi;
ijro hujjati chiqargan organ nomi;
ijro hujjati raqami va sanasi.
6. ABM BDMAB maʼlumotlarini taqdim qilish uchun Sud departamentiga alohida pochta qutisi ochadi, unga identifikatsiya raqami va yashirin shartli soʻz (parol) orqali kiriladi.
7. Maʼlumotlarning ishonchliligini, toʻliqliligini, toʻgʻriligini va saqlanilishini taʼminlash maqsadida BDMAB maʼlumotlari shifrlangan holda taqdim qilinadi. Markaziy bank Sud departamentiga deshifratsiya dasturini beradi.
Ushbu maʼlumotlarning buzib koʻrsatilishi holatlarining oldi olinishini hamda maʼlumot joʻnatuvchining identifikatsiyalanishini taʼminlash maqsadida, maʼlumot elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
8. Qabul qilingan maʼlumotlarning maxfiyligi va sir saqlanishini taʼminlash uchun Sud departamenti mazkur maʼlumotlarni olish huquqiga ega boʻlgan xodimlar doirasini belgilaydi.
9. Sud departamenti pochta qutisiga tashlanadigan BDMAB maʼlumotlari quyidagi tuzilishga ega:
soliq toʻlovchining (qarzdorning) identifikatsiya raqami (STIR);
qarzdorning nomi;
hududiy boshqarma va tegishli tuman (shahar) sud ijrochilari boʻlimi nomi;
ijro hujjati chiqargan organ nomi;
ijro hujjati raqami va sanasi;
qarzdorga bank hisobvaragʻini ochgan bank kodi;
qarzdorga bank hisobvaragʻini ochgan bank nomi;
qarzdorning bank hisobvaragʻi ochilgan sana;
asosiy bank hisobvaragʻining 20 ta belgili raqami;
ikkilamchi bank hisobvaraqlarining 20 ta belgili raqami;
mijoz bank hisobvaragʻi yopilish asosi belgilari;
mijoz bank hisobvaragʻi yopilgan sana.
10. Ushbu Nizomning 5 va 9-bandlariga muvofiq ABM va Sud departamenti oʻrtasidagi maʼlumotlar almashinuvi mazkur Nizomda keltirilgan ilovadagi jadvalga asosan elektron shaklda amalga oshiriladi.
11. BDMAB maʼlumotlarining Sud departamentiga taqdim qilinishi, banklarni Sud departamenti organlarining yozma soʻrovlariga asosan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qarzdorlarning bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni berish majburiyatlaridan ozod etmaydi.
III. Maʼlumotlardan foydalanish
12. Sud departamenti BDMAB maʼlumotlarini oʻz vaqtida qabul qiladi, tahlil qiladi, ularni viloyatlar boʻyicha ajratadi hamda ushbu maʼlumotlarni joylardagi hududiy boshqarmalarga ish jarayonida foydalanish uchun yetkazib beradi.
13. Sud departamentining hududiy boshqarmalari ushbu maʼlumotlarni kelib tushgan kunning ertasidan kechiktirmasdan ijro hujjati ijrosini taʼminlashda foydalanish uchun tegishli sud ijrochisiga yetkazilishini taʼminlaydi.
14. Sud departamenti BDMAB maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritish huquqiga ega emas.
15. Sud departamenti BDMAB maʼlumotlaridan qonun hujjatlari doirasida foydalanadi va maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlaydi.
16. Sud departamenti BDMAB maʼlumotlarini oʻrganib boradi va zarur hollarda ularni mukammallashtirish borasida tegishli takliflarni beradi.
IV. Yakuniy qoidalar
17. ABM ushbu Nizom boʻyicha berilayotgan elektron maʼlumotlar bazasining haqqoniyligi va oʻz vaqtida berilishini taʼminlaydi.
18. BDMAB maʼlumotlaridan foydalana olish huquqiga ega boʻlgan Sud departamenti xodimlari ulardan qonun hujjatlari doirasida foydalanadi va maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlaydi.
19. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
20. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Qarzdorlar va ularning debitorlari bank hisobvaraqlarini qidirishda Bank depozitorlarining Milliy axborot bazasidagi maʼlumotlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Qarzdorlarning bank hisobvaraqlarini aniqlash
|
99-soʻrov turi | |||
| T/r | Koʻrsatkichlar | Soʻrov | Javob |
| 1. | Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami | + | + |
| 2. | Qarzdorning nomi | + | + |
| 3. | Hududiy boshqarma va tegishli tuman (shahar) sud ijrochilari boʻlimi nomi | + | + |
| 4. | Ijro hujjati chiqargan organ nomi | + | + |
| 5. | Ijro hujjati raqami va sanasi | + | + |
| 6. | Qarzdorga bank hisobvaragʻini ochgan bank kodi | — | + |
| 7. | Qarzdorga bank hisobvaragʻini ochgan bank nomi | — | + |
| 8. | Qarzdorning bank hisobvaragʻi ochilgan sana | — | + |
| 9. | Asosiy bank hisobvaragʻining 20 ta belgili raqami | — | + |
| 10. | Ikkilamchi bank hisobvaraqlarining 20 ta belgili raqami | — | + |
| 11. | Mijoz bank hisobvaragʻi yopilish asosi belgilari | — | —/+ |
| 12. | Mijoz bank hisobvaragʻi yopilgan sana | — | —/+ |
Izoh: jadvaldagi “+” va “–” ishoralari quyidagi maʼnoni bildiradi:
“+” — soʻrov (javob) tarkibiga kiradi;
“ — ” — soʻrov tarkibiga kirmaydi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 9-son, 72-modda)