Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
SUDLAR TOMONIDAN JINOYAT IShLARINI KASSATSIYA TARTIBIDA KOʻRISh AMALIYOTI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 24-avgustdagi 25-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Kassatsiya tartibida ish yuritish jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish koʻrinishlaridan biri hisoblanadi.
Sud amaliyoti tahlili shuni koʻrsatadiki, sudlar tomonidan ishlarni kassatsiya tartibida koʻrishga doir jinoyat-protsessual qonuni normalari asosan toʻgʻri qoʻllanilmoqda.
Shu bilan birga, sudlar baʼzan kassatsiya tartibida ish koʻrishni tartibga soluvchi qonun normalarini notoʻgʻri qoʻllamoqdalar.
Shu munosabat bilan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, kassatsiya instansiyasi jinoyat protsessi ishtirokchilarining ish yuqori sud instansiyasida sud qarori qonuniy kuchga kirgandan soʻng qayta koʻrilishiga boʻlgan huquqlari himoyasini taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. JPK 498-moddasiga muvofiq kassatsiya tartibida ish yuritish mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi va qonuniy vakili, jabrlanuvchi va uning vakili, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar hamda ular vakillarining shikoyati boʻyicha qoʻzgʻatiladi.
Kassatsiya tartibida ish yuritish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan bildirilgan protestlar boʻyicha ham qoʻzgʻatiladi.
Kassatsiya tartibida ish yuritish muayyan mahkumga nisbatan ish apellatsiya tartibida koʻrilmagan hollardagina qoʻzgʻatilishi mumkin.
Shu munosabat bilan birinchi instansiya sudi shikoyat (protest)ni qabul qilish paytida kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning bunday huquqqa egaligini, shuningdek kimga nisbatan shikoyat (protest) berilgan boʻlsa, shu shaxsga nisbatan apellatsiya instansiya sudining qarori mavjud emasligini tekshirishi shart.
3. Qonunga koʻra kassatsiya shikoyati (protesti) hukm (ajrim) chiqargan sud orqali beriladi.
Bevosita kassatsiya instansiyasi sudiga berilgan shikoyat (protest) JPK 499-moddasi hamda 479-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlari talablarini bajarish uchun hukm chiqargan sudga yuborilishi kerak.
4. Qonunda kassatsiya shikoyati (protesti) berish uchun biron bir muddat belgilanmagan. Shu bilan birga, JPK 500-moddasi mazmuniga koʻra, hukm (ajrim) qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir yil oʻtgandan soʻng berilgan shikoyat (protest), basharti unda ogʻirroq jinoyatga doir qonun moddalarini qoʻllash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki mahkumning ahvolini ogʻirlashtiradigan boshqa oʻzgarishlar (mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topish, jazoni ijro etish koloniyasining qattiqroq turini belgilash, shartli hukmni bekor qilish, undiruv miqdorini koʻpaytirish, basharti bu jinoyat kvalifikatsiyasi mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi tomonga oʻzgartirilishiga olib kelsa va h.k.), shuningdek oqlov hukmini yoxud ishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilish nazarda tutilgan boʻlsa, sud tomonidan qanoatlantirilishi mumkin emas. Bunda bir yillik muddat tegishli hukm, ajrim qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilingan kun qoʻshilgan holda hisoblanishi kerak.
Agar kassatsiya shikoyati (protesti) bir yillik muddat oʻtgunga qadar berilgan boʻlib, mazkur muddat ish boʻyicha qaror qabul qilingunga qadar oʻtib ketsa, u qanoatlantirilmasdan qoldiriladi va bu haqda shikoyat (protest) bergan shaxsga maʼlum qilinadi.
5. Qonunda kassatsiya shikoyati (protesti) mazmuni yuzasidan muayyan talablar belgilanmagan boʻlsa-da, birinchi instansiya sudi qonun analogiyasini qoʻllagan holda shikoyat (protest) mazmuni apellatsiya shikoyati (protesti) mazmuniga nisbatan qoʻyilgan talablarga mosligini tekshirishi lozim.
Agar shikoyat (protest)ning mazmuni JPK 4977-moddasi talablariga javob bermasa va bu keyinchalik ishni mazmunan koʻrishga toʻsqinlik qilsa, sudya oʻzining ajrimi bilan kassatsiya shikoyati (protesti)ni uni bergan shaxsga qaytaradi. Bunday hollarda shikoyat (protest)ni qayta rasmiylashtirish uchun JPK 502-moddasida belgilangan doirada muddat belgilanadi.
Shikoyat (protest), jumladan, unda quyidagilar boʻlmasa qaytariladi, yaʼni:
shikoyat (protest) bergan shaxs yoki kimga nisbatan hukm ustidan shikoyat (protest) keltirayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot;
shikoyat (protest) bergan shaxsning, uning fikriga koʻra hukm yoki boshqa qarorning notoʻgʻriligi nimadan iborat ekanligi toʻgʻrisidagi vajlari va talablarining mazmuni;
arizachi oʻz talablarini asoslayotgan hamda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan tekshirilishi shart boʻlgan dalillar toʻgʻrisida maʼlumot;
shikoyat (protest) bergan shaxsning imzosi.
Agar shikoyat (protest) bergan shaxs sud tomonidan belgilangan muddatda ajrimda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etsa, shikoyat (protest) sudga dastlab taqdim etilgan kundan boshlab berilgan hisoblanadi. Aks holda shikoyat (protest) berilmagan hisoblanadi.
6. JPK 503-moddasiga muvofiq kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs oʻz shikoyati (protesti)ni, mahkum esa, himoyachisi bergan shikoyatni ham qaytarib olish huquqiga ega. Protestni qaytarib olish huquqi lavozimi boʻyicha yuqori turuvchi prokurorga ham tegishli.
Qonun mazmuniga koʻra kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirgunga qadar qaytarib olinishi, shuningdek uning vajlari oʻzgartirilishi mumkin.
Kassatsiya shikoyati (protesti)ning qaytarib olinishi, agar ish boʻyicha boshqa protsess ishtirokchilari tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) boʻlmasa, kassatsiya tartibida ish yuritish tugatilishiga olib keladi. Bunda, agar shikoyat (protest) kassatsiya instansiyasi sudi majlisi boshlangunga qadar qaytarib olingan boʻlsa, u shikoyat (protest) bergan shaxsga xat orqali qaytariladi, boshqa hollarda esa, sud, kimga nisbatan shikoyat (protest) berilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga nisbatan kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida bayonnomada aks ettiriladigan ajrim chiqaradi.
7. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunda kassatsiya tartibida ish yuritish predmeti boʻyicha muayyan istisnolar belgilangan.
Jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan sud muhokamasi chogʻida chiqarilgan va dalillarni tekshirish tartibiga, protsess ishtirokchilarining iltimosnomalariga, ehtiyot chorasini tanlash, oʻzgartirish yoki bekor qilishga, shuningdek sud majlisi zalida tartib saqlashga oid ajrimlar ustidan shikoyat (protest) berilishi mumkin emas. Ushbu ajrimlar boʻyicha eʼtirozlar kassatsiya shikoyati (protesti)ga kiritilishi mumkin.
Hukm chiqarilgandan soʻng qabul qilingan amnistiya aktini tatbiq etish, tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash masalalari yuzasidan, shuningdek mahkumga nisbatan ijro etilmagan bir necha hukm mavjud boʻlib, keyingi hukmni chiqargan sud bundan bexabar boʻlgan va h.k. hollarda berilgan shikoyat (protest), agar unda ayni bir paytda jinoyat ishining mazmuni yoki hukm (ajrim)ning qonuniyligi va asosliligi boʻyicha boshqa masalalar qoʻyilgan boʻlmasa, kassatsiya tartibida alohida koʻrilmaydi. Bu masalalar birinchi instansiya sudi tomonidan JPK 540-moddasi va 541-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq hal etiladi. Bunday masalalar yuzasidan chiqarilgan sud ajrimi ustidan umumiy asoslarda kassatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
8. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JPK 502-moddasi talablarining bajarilishi protsess ishtirokchilari huquqlarining taʼminlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan kassatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida koʻrishga tayyorlash paytida:
mahkum (oqlangan shaxs)ga, jabrlanuvchiga birinchi instansiya sudi qarorlari nusxasining topshirilganligini;
protsess ishtirokchilariga kassatsiya shikoyati (protesti), shuningdek qoʻshimcha materiallar kelib tushganligi toʻgʻrisida xabar berilganligini;
mahkum (oqlangan shaxs)ga, jabrlanuvchiga kassatsiya shikoyati (protesti) nusxasi yuborilganligini;
protsess ishtirokchilarining kassatsiya instansiyasida ish koʻriladigan joy va vaqt toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor etilganligi, shuningdek mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi va qonuniy vakillariga, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillariga kassatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etish huquqining tushuntirilganligini tekshirishi shart.
Kassatsiya instansiyasi sudi ushbu talablar bajarilmaganligini aniqlagan va ularni oʻzi amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlmagan taqdirda, ishni qayta rasmiylashtirish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga haqli. Bunday hollarda ish JPK 502-moddasida nazarda tutilgan muddatlar ichida yuqori instansiya sudiga qayta taqdim qilinishi shart.
9. Mahkum (oqlangan shaxs)ning kassatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashishi masalasini hal etish sudning huquqiga tegishlidir. Shuning uchun jinoyat ishi kelib tushgandan soʻng mahkum (oqlangan shaxs)ning kassatsiya instansiyasi sudida ishtirok etishiga zarurat borligi aniqlanishi va natijasiga qarab, uning sud majlisida ishtirok etishi choralari koʻrilishi lozim.
10. JPK 480-moddasining birinchi qismi mazmuniga koʻra kassatsiya instansiyasi sudi mazkur instansiyada qatnashish vakolatiga ega boʻlgan prokurorni har bir ish boʻyicha oldindan xabardor etish choralarini koʻrishi shart.
11. Kassatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etishga huquqi bor shaxslar doirasi qonunda belgilangan (JPK 479-moddasining toʻrtinchi qismi).
Ishning koʻrilish joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor etilgan shaxslarning uzrli sabablarsiz sud majlisiga kelmasligi uni koʻrish uchun monelik qilmaydi.
Ayni paytda, qonunga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudida prokurorning ishtiroki shart boʻlib, bunday holda JPK 25-moddasining birinchi qismi, 51-moddasi birinchi qismining 6-bandi va ikkinchi qismi mazmunidan kelib chiqib, ushbu instansiyada himoyachining ishtiroki ham taʼminlanishi shart (JPK 52-moddasida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno). Shu sababli prokuror yoki himoyachi kelmagan hollarda ishning muhokamasi keyinga qoldirilishi kerak.
12. Kassatsiya instansiyasi sudi xolislik va begʻarazlikni saqlagan holda taraflarga oʻz protsessual huquq va majburiyatlarini amalga oshirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishi shart.
Kassatsiya instansiyasi sudida ishning muhokamasi, JPK 506-moddasida nazarda tutilgan istisnolarni inobatga olgan holda, birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari asosida olib boriladi.
13. Kassatsiya tartibida ish yuritishning apellatsiya tartibidan farqli xususiyati shundan iboratki, kassatsiya instansiyasi sudi faqat qisman sud tergovi oʻtkazishi, shu jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirib chiqishi va ularga sud majlisida aniqlangan yangi holatlar natijasiga koʻra huquqiy baho berishi mumkin (JPK 490-moddasining toʻrtinchi qismi).
Kassatsiya instansiyasi sudi taraflarning iltimosnomalarini (yangi guvohlarni soʻroq qilish, ekspertizalar oʻtkazish, ashyoviy dalillar va hujjatlarni talab qilib olish va boshqalar haqida), ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas. Zarur hollarda sud qoʻshimcha dalillarni talab qilib olishda tashabbus koʻrsatishi lozim.
JPK 481-moddasiga muvofiq qoʻshimcha materiallar sud tomonidan tergov organlariga muayyan tergov harakatlarini oʻtkazish toʻgʻrisida topshiriq berish yoʻli bilan ham olinishi mumkin. Bu haqda kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi, ishning muhokamasi esa keyinga qoldiriladi.
14. Kassatsiya shikoyatida protsess ishtirokchilarining sud majlisi bayonnomasida qayd etilgan koʻrsatuvlari ularning birinchi instansiya sudida aslida bergan koʻrsatuvlariga mos emasligi toʻgʻrisida keltirilgan vajlar bu shaxslarni kassatsiya instansiyasi sudi majlisida soʻroq qilish yoʻli bilan tekshirilishi mumkin.
15. Kassatsiya instansiyasi sudida taraflar muzokaralari JPK 506-moddasi qoidalariga muvofiq oʻtkaziladi.
Ish boʻyicha bir necha kassatsiya shikoyati (protesti) mavjud boʻlganda, birinchi boʻlib ayblov tarafiga tegishli protsess ishtirokchilari soʻzga chiqadi.
16. Qonun mazmuniga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etayotgan mahkum (oqlangan shaxs)ga oxirgi soʻz berilmasligi jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi sanaladi va kassatsiya instansiyasi ajrimining bekor boʻlishiga sabab boʻladi.
17. Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari qanchalik toʻgʻri aniqlanganligini, moddiy va protsessual qonun normalari qanchalik toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Kassatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini faqat shaxs sudlangan yoki oqlangan ayblov doirasida koʻrib chiqadi. Biroq, shikoyat (protest) kim tomonidan berilganligidan qatʼi nazar, JPK 494-moddasiga muvofiq, sud ishni yangidan sudda koʻrishga yubormay yoki qayta tergov yuritish uchun qaytarmay turib, oʻz qarori bilan jazoni kuchaytirishga, shuningdek ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllashga haqli emas.
18. JPK 482-moddasiga muvofiq kassatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest)da bayon etilgan vajlar bilangina chegaralanmasdan, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini toʻla hajmda (taftish tartibida) tekshirishga majbur.
Ish boʻyicha bir necha mahkum (oqlangan shaxs) oʻtgan boʻlib, hukm ustidan ulardan ayrimlari shikoyat bergan hollarda ham, kassatsiya instansiyasi sudida ish barcha mahkumlarga (oqlangan shaxslarga) nisbatan koʻriladi. Biroq, agar bu mahkum (oqlangan shaxs) ahvolining ogʻirlashuviga olib kelsa, prokuror protesti yoki jabrlanuvchining shikoyati boʻlmagan hollarda, sud shikoyat (protest)da keltirilgan vajlar doirasidan chetga chiqishga, shuningdek kassatsiya shikoyati bermagan mahkumlar (oqlangan shaxslar)ga nisbatan ishni koʻrishga haqli emas (JPK 494-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari).
19. Qandaydir sababga koʻra ayrim mahkumlarga nisbatan qonunda belgilangan muddatda berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) boshqa mahkumlarga nisbatan ish koʻrilgandan soʻng kelib tushsa yoki mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining kassatsiya shikoyati shu mahkumga nisbatan protsessning boshqa ishtirokchisi tomonidan berilgan shikoyat (protest) koʻrilgandan soʻng kelib tushsa, kassatsiya instansiyasi sudi JPK 508-moddasida belgilangan qoidalarga rioya qilishi kerak.
20. Kassatsiya instansiyasi, agar chiqarilgan hukm JPK 455-moddasi talablariga muvofiq ekanligini aniqlasa, uni oʻzgarishsiz qoldiradi.
Hukmni oʻzgarishsiz qoldirganda kassatsiya instansiyasi:
JPK 533-moddasi birinchi qismi uchinchi bandida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlganda, hukm ijrosini kechiktirishga;
amnistiya aktini qoʻllashga haqli.
21. JPK 484-moddasida hukm bekor qilinishi va oʻzgartirilishi uchun umumiy asoslar belgilangan boʻlib, kassatsiya instansiyasi sudi ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda, ularni u yoki bu tarzda qoʻllashi mumkin.
Hukm quyidagi hollarda oʻzgartirilishi shart, agar:
dastlabki yoki sud tergovi toʻliq boʻlmasa yoki bir yoqlama olib borilgan boʻlib, biroq yoʻl qoʻyilgan kam-koʻstlar toʻldirilganidan soʻng kassatsiya instansiyasi sudi jinoyat kvalifikatsiyasi oʻzgartirilishi zarurligi haqida xulosaga kelsa;
hukmda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq boʻlmay, biroq kassatsiya instansiyasi sudi mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmay turib, ularga tegishli baho bera olsa;
ish boʻyicha Jinoyat-protsessual kodeksi normalari buzilgan boʻlib, biroq ularning kassatsiya instansiyasida bartaraf etilishi hukmning oʻzgartirilishini taqozo etsa;
sud tomonidan Jinoyat kodeksi normalari notoʻgʻri qoʻllanilgan boʻlib, biroq kassatsiya instansiyasi sudi bu xatoni mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmay turib tuzatishi mumkin boʻlsa;
sud tomonidan nomunosib ogʻir jazo tayinlangan boʻlib, kassatsiya instansiyasi sudi oʻz vakolati doirasida uni yengillatishga haqli boʻlsa.
Kassatsiya instansiyasi sudida kamchiliklarni toʻldirish va protsessual qonun buzilishini bartaraf etish imkoniyati boʻlmasa, hukm barcha hollarda bekor qilinishi shart.
22. Kassatsiya instansiyasi sudi hukmni oʻzgartirish uchun asoslar mavjud boʻlganda quyidagilarga haqli:
qilmishni Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga (bir necha moddalariga) qayta kvalifikatsiya qilishga, agar bu mahkumga hukmda bayon qilinganidan jiddiy farq qiladigan ayblov qoʻyilishiga yoki unga ogʻirroq jazo tayinlanishiga olib kelmasa;
hukmdan ayblovning bir qismini (ayrim epizodlarini) yoki mahkumning javobgarligini ogʻirlashtiruvchi belgilarni chiqarishga;
hukmdan jinoyatlarning ideal majmui tariqasida qilmishni notoʻgʻri baholash tufayli ortiqcha eʼlon qilingan Jinoyat kodeksi moddasini chiqarishga;
JK 70—72-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda — mahkumni jazodan ozod qilishga yoki shartli hukm qoʻllashga;
Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida yoki shu Kodeks 57-moddasini qoʻllagan holda jazo miqdorini kamaytirishga yoki boshqa yengilroq jazo (asosiy va qoʻshimcha) tayinlashga;
jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplash miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirishga, shuningdek ushbu masala birinchi instansiya sudi tomonidan hal etilmagan hollarda — bunday zararni qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga, basharti bunda jinoyat kvalifikatsiyasini mahkumning ahvolini ogʻirlashtiradigan tomonga oʻzgartirish zarurati yuzaga kelmasa;
mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topishga yoki hukmdan uni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi qarorni chiqarishga;
mahkumga nisbatan jazoni ijro etish koloniyasining boshqa, shu jumladan qattiqroq turini belgilashga.
23. Asosiy jazo yengillashtirilganda, shu jumladan JK 57-moddasi qoʻllanilganda ham, kassatsiya instansiyasi sudi hukmning qoʻshimcha jazo tayinlash haqidagi qismini oʻzgarishsiz qoldirishi mumkin.
24. JPK 494-moddasi birinchi qismi talablariga rioya etgan holda mahkumning qilmishini Jinoyat kodeksining bir moddasidan ikki va undan ortiq moddalariga qayta kvalifikatsiya qilganda, kassatsiya instansiyasi sudi hukmga tegishli oʻzgartirishlar kiritishi va JK 59-moddasida belgilangan qoidaga muvofiq jazo tayinlashga haqli. Bunda yangi jazo hukm boʻyicha tayinlangan jazodan ogʻirroq boʻlishi mumkin emas.
Agar Jinoyat kodeksining bir moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi shart boʻlgan ikki yoki undan ortiq qilmish Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan notoʻgʻri kvalifikatsiya qilingan boʻlsa, kassatsiya instansiyasi sudi ushbu qilmishlarni yengilroq jinoyat toʻgʻrisidagi moddaga qayta kvalifikatsiya qilib, uning sanksiyasi doirasida birinchi instansiya sudi tomonidan mazkur modda boʻyicha tayinlangan jazodan ogʻirroq, biroq uzil-kesil tayinlangan jazo miqdoridan koʻp boʻlmagan jazo belgilashga haqli.
25. Birinchi instansiya sudi tomonidan jazolarni qoplash prinsipi (JK 59-moddasining uchinchi qismi) notoʻgʻri qoʻllanilganligi aniqlanganda, kassatsiya instansiyasi jazolarni qoʻshish prinsipiga oʻtishi mumkin. Bunda yangi jazo hukm boʻyicha tayinlangan uzil-kesil jazo miqdoridan ortiq boʻlishi mumkin emas.
26. Boshqa epizodlar bilan umumiy kvalifikatsiya qilingan bir yoki bir necha epizod (masalan, bir necha marta pora olganlik) boʻyicha ish holatlari toʻliq tekshirilmagan deb topilganda, agar ularni hukmdan chiqarish uchun yetarli asoslar yoki yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni toʻldirish uchun imkoniyat boʻlmasa, kassatsiya instansiyasi hukmni bekor qilib, ishni toʻliq hajmda yangidan koʻrish uchun yuborishi kerak.
Agar mahkum Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan kvalifikatsiya qilingan bir necha jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan boʻlib, ulardan har birini alohida koʻrish imkoniyati boʻlsa, kassatsiya instansiyasi sudi hukmning bir yoki bir necha jinoyatga oid qismini bekor qilib, ishning shu qismini yangidan koʻrishga yuborishi yoki qoʻshimcha tergovga qaytarishi, ayni paytda, oʻsha mahkumga nisbatan hukmning qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishi mumkin.
Agar kassatsiya instansiyasi sudi hukmning mahkumlardan biriga doir qismini bekor qilib, ishning shu qismini yangidan sudda koʻrishga yuborish yoki qoʻshimcha tergovga qaytarish toʻgʻrisida fikrga kelsa va ishning shu qismini JPK 332, 416, 417-moddalari mazmunidan kelib chiqib ajratishning imkoni boʻlmasa, hukm toʻla hajmda bekor qilinishi kerak.
27. Jinoyat-protsessual qonuni normalarining hukm soʻzsiz bekor qilinishiga sabab boʻladigan darajada jiddiy buzilishi tushunchasi JPK 487-moddasida koʻrsatilgan. Bunday qonun buzilishini aniqlaganda, kassatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishi kimning shikoyati (protesti)ga koʻra koʻrilayotganligidan qatʼi nazar, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi daxl etgan barcha mahkumlarga nisbatan ayblov hukmini bekor qilishi shart.
Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat-protsessual qonuni normalari jiddiy buzilganligining aniqlanishi kassatsiya instansiyasi sudini shikoyat, protestda keltirilgan boshqa vajlarni ham (ayblovning isbotlanganligi, kvalifikatsiyaning toʻgʻriligi, jazoning adolatliligi toʻgʻrisida va h.k.) mazmunan koʻrib chiqish va ular boʻyicha ajrimda tegishli xulosa chiqarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Jinoyat ishi boʻyicha yoʻl qoʻyilgan jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi hollari kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ayblov hukmi bekor qilinib, ishning JPK 83, 84-moddalariga muvofiq tugatilishiga toʻsiq boʻlmaydi.
28. Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi amnistiya aktiga zid ravishda yoki jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtgandan soʻng jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan hollarda, hukm, garchi unda mahkum jazodan ozod qilingan boʻlsa-da, bekor qilinib, ish tugatilishi kerak, ishning reabilitatsiya uchun sabab boʻlmaydigan asoslarda tugatilishiga monelik qiladigan hollar mavjudligi bundan mustasno.
Agar kassatsiya instansiyasi mahkumning harakatlarini Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilish kerakligi toʻgʻrisida xulosaga kelsa va bu modda shaxsni jazodan ozod etishni nazarda tutuvchi yoki jazo qoʻllanilishini istisno etuvchi amnistiya akti taʼsiri doirasiga tushsa, kassatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi qabul qilishi shart boʻlgan qaror chiqarishi kerak. Mahkumning harakatlari Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilinib, bu modda boʻyicha shaxs JPK 463-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi hamda uchinchi qismining 2 va 5-bandlariga muvofiq jazodan ozod qilinishi lozim boʻlgan yoki unga nisbatan jazo tayinlanishi istisno etilgan hollarda ham shunday qaror qabul qilinishi lozim.
29. Agar amnistiya akti birinchi instansiya sudi tomonidan qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan mahkumga nisbatan qoʻllanilgan boʻlsa, kassatsiya instansiyasi, jabrlanuvchining shikoyati yoki prokuror protesti boʻlgan taqdirda, hukmning jazo tayinlash qismini bekor qilib, ishni yangidan koʻrishga yuborishi lozim.
Biroq, agar kassatsiya instansiyasi amnistiya akti qoʻllanilgan holda hukmda tayinlangan jazo amnistiya akti qoʻllanilmagan holda ham mahkum uchun yetarli deb topsa, ishni yangidan koʻrish uchun yubormasdan, hukmni oʻzgartirishga — undan amnistiya aktini qoʻllash haqidagi xulosa va qarorni chiqarib, hukmda amnistiya akti qoʻllanilgan holda tayinlangan jazoni qoldirishga haqli.
30. JPK 494-moddasining ikkinchi qismi mazmuniga koʻra, hukm kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi tomonga faqat jabrlanuvchi (uning vakili)ning shikoyatida, prokuror protestida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha bekor qilinishi mumkin. Masalan, shikoyat (protest)da faqat mahkumning harakatlari notoʻgʻri kvalifikatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi masala qoʻyilgan boʻlsa, sud hukmni jazoning yengilligi sababli bekor qilishga haqli emas.
Jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilari (oʻzga mahkumlar yoki ular himoyachilari)ning ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllash zarurligi yoki jazoning yengilligi toʻgʻrisidagi shikoyatlari hukmni mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi tomonga bekor qilish uchun sabab boʻla olmaydi.
31. Kassatsiya instansiyasi sudi hukmni bekor qilganda quyidagilarga haqli:
JPK 83, 84-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, ishni toʻliq hajmda yoki mustaqil kvalifikatsiya qilingan ayblov qismi boʻyicha tugatishga;
JPK 484-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha ishni yangidan sudda koʻrishga yuborishga;
JPK 419-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, ishni qoʻshimcha tergov yuritish uchun qaytarishga.
32. Kassatsiya instansiyasi sudi ishni yangidan sudda koʻrishga yoki qoʻshimcha tergovga yuborish paytida ayblovning isbotlanganligi yoki isbotlanmaganligi, u yoki bu dalilning ishonchli yoki ishonchsizligi, ayrim dalillarning boshqa dalillardan ustunligi, jinoyatning kvalifikatsiyasi va jazo toʻgʻrisida dastlabki tergov organlari va sud tomonidan chiqariladigan xulosalarni oldindan hal qiluvchi koʻrsatmalar berishga haqli emas.
Kassatsiya instansiyasi sudi, hukmni bekor qilib, ishni yangidan sudda koʻrishga yuborayotganda, oʻz ajrimida qanday holatlar hukmning bekor qilinishiga asos boʻlganligini va yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi qanday bartaraf etilishi kerakligini koʻrsatishi shart.
Hukmni bekor qilib, ishni qoʻshimcha tergov yuritish uchun yuborayotganda, sud dastlabki tergov organi tomonidan qanday holatlar aniqlanishi shartligini koʻrsatishi kerak.
33. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, oqlov hukmining asosi bu haqda shikoyat (protest) berilgan holdagina oʻzgartirilishi mumkin.
Oqlov hukmi kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan, faqat, shaxsning asossiz oqlanganligi toʻgʻrisida jabrlanuvchi (uning vakili)ning shikoyati yoki prokurorning protesti boʻlgan holda bekor qilinishi mumkin.
Ayrim oqlangan shaxslarga nisbatan shikoyat (protest) berilishi boshqa oqlangan shaxslarga nisbatan hukmning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlmaydi.
34. Agar mahkum oʻzi yoki protsessning boshqa ishtirokchilari tomonidan kassatsiya shikoyati (protesti) berilgandan soʻng, biroq ish kassatsiya instansiyasida koʻrilgunga qadar vafot etsa, ish yuritish umumiy asoslarda davom ettiriladi.
Marhumni reabilitatsiya qilish uchun asoslar boʻlgan taqdirda kassatsiya instansiyasi sudi ayblov hukmini bekor qilib, ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishini JPK 83-moddasiga muvofiq tugatadi.
Ish tugatilganda ashyoviy dalillar taqdiri haqidagi masala JPK 211-moddasiga muvofiq, ularning tegishliligi toʻgʻrisida nizo kelib chiqqanda esa — fuqarolik ish yurituv tartibida koʻrilishi mumkin. Marhumning harakatlari bilan yetkazilgan zararni undirish masalasi ham jabrlanuvchi yoki prokuror tomonidan marhumning vorislariga yoki uning mulkini boshqarish huquqini oʻziga olgan shaxsga nisbatan qoʻzgʻatilgan daʼvo boʻyicha fuqarolik ish yurituv tartibida koʻriladi.
35. Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi JPK 496-moddasi talablariga muvofiq boʻlishi, jumladan, unda kassatsiya shikoyati (protesti)da keltirilgan har bir vaj muhokama etilib, uning asosliligi yoki asossizligi yuzasidan xulosalar bayon etilishi shart.
Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi u eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijroga qaratilishi shart.
36. JPK 298-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, shuningdek surishtiruv, dastlabki tergov yuritilgan yoki sud muhokamasi vaqtida qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilganligini aniqlagan taqdirda, kassatsiya instansiyasi sudi xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan tegishli organ yoki mansabdor shaxsning eʼtiborini bunga jalb etishi mumkin.
Sud qarori oʻzgarishsiz qoldirilganda, kassatsiya instansiyasi sudi uning qonuniyligi va asosliligini shubha ostiga oluvchi xususiy ajrim chiqarishga haqli emas.
37. Odil sudlov sifatini oshirish maqsadida jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarga ishlarning kassatsiya instansiyasida sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻla va xolisona koʻrib chiqilishi uchun qonunda berilgan barcha imkoniyatlardan foydalanish tavsiya etilsin.
38. Mazkur qaror qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2001-yil 1-iyundagi “Jinoyat ishlarini kassatsiya va nazorat tartibida koʻrish amaliyoti haqida”gi 5-sonli qarorining ishlarni kassatsiya tartibida koʻrish yuzasidan berilgan tushuntirishlarga oid qismi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Toshkent sh.,
2008-yil 15-may,
11-son