OʻzbekiSton Respublikasining qonuni
Aloqa toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2024-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-1015-sonli “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aloqa toʻgʻrisida”gi Qonuni aloqa tarmoqlarini tashkil qilishning umumiy huquqiy, iqtisodiy asoslarini, aloqa shoxobchalarini barpo etish va ulardan foydalanishda, aloqa xizmati koʻrsatishda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning va fuqarolarning aloqa vositalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni tasarruf etish va boshqarish sohasidagi huquqlari va vazifalarini, shuningdek berilgan huquqlarni buzganlik va vazifalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik choralarini belgilaydi.
1-modda. Aloqaning vazifalari
Aloqa Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik va ijtimoiy infrastrukturasining tarkibiy qismi boʻlib, aholining, xoʻjalik subyektlarining, davlat idoralarining pochta, telefon, telegraf, radio va axborotning oʻzga turlarini uzatish va qabul qilish hamda aloqa tarmogʻi orqali joʻnatilayotgan ashyolarni yetkazib berishga boʻlgan ehtiyojlari qondirilishini taʼminlaydi.
2-modda. Aloqa sohasidagi munosabatlarning obyektlari va subyektlari
Oldingi tahrirga qarang.
Aloqa sohasidagi munosabatlarning obyektlari pochta joʻnatmalarini qabul qilib olish, tashish va koʻrsatilgan joyga yetkazib berish vositalarining yigʻindisi boʻlgan pochta aloqasi tarmoqlaridan hamda bir yoki bir nechta uzatish turlarini: telefon, telegraf, faksimil uzatishlarni, hujjatli xabarlarning boshqa turlari maʼlumotlarini uzatishni, televideniye va radioeshittirish dasturlarini translyatsiya qilishni taʼminlovchi telekommunikatsiyalar vositalari yigʻindisi boʻlgan telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan iborat.
(2-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari, ajnabiy yuridik shaxslar va fuqarolar aloqa sohasidagi munosabatlarning subyektlaridir.
3-modda. Aloqa toʻgʻrisidagi qonunchilik
(3-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Aloqa sohasidagi munosabatlar ushbu Qonun, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solib boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining aloqa sohasidagi vakolatlari
Aloqa sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ixtiyoriga:
aloqa sohasidagi qonunchilik;
(4-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
aloqa sohasidagi davlat siyosatining asosiy qoidalarini belgilash;
xalqaro shartnomalarni ratifikatsiyalash;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish kiradi.
(4-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
5-modda. Aloqa sohasida davlat boshqaruvi
Aloqa sohasidagi davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, shuningdek u vakolat bergan idora (Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi) tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oʻziga boʻysunadigan aloqa vositalariga rahbarlik qiladi, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan aloqa vositalari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi, aloqa vositalari ustidan davlat texnikaviy nazoratini amalga oshiradi, mulkchilik shaklidan, kimning tasarrufida ekanligidan qatʼi nazar, aloqa korxonalari, tashkilotlari va muassasalari koʻrsatayotgan xizmat sifatini tekshirib boradi.
Pochta toʻlovi belgilarini nashr etish mutlaq huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga tegishlidir.
(5-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi OʻRQ-429-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi OʻRQ-372-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
6-modda. Aloqa tarmoqlari va vositalariga egalik
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida mulkchilikning xususiy va ommaviy shakllariga asoslangan, shuningdek xorijiy yuridik shaxslar va fuqarolar egaligida boʻlgan aholiga aloqa xizmati koʻrsatuvchi korxonalar faoliyat koʻrsatishi mumkin.
(6-modda matni Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
8-modda. Aloqa vositalarini rivojlantirish
Davlat aloqa vositalarini rivojlantirish va qayta qurish davlat idoralarining mablagʻlari, oʻz mablagʻlari, banklarning kreditlari, jalb qilingan mablagʻlar va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida man etilmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Boshqa aloqa vositalarini rivojlantirish, qayta qurish ularning egalari tomonidan oʻz mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida man etilmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Yer uchastkalari, koʻpriklar, tonnellar orqali, koʻchalardan, inshootlardan, kollektorlardan, man etilgan hududlardan, oʻrmonlardan telekommunikatsiyalar liniyalari oʻtkazishda bunday liniyalarni oʻtkazish shartlari yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalarining mulkdorlari, shuningdek yuqorida qayd etilgan obyektlarning egalari bilan kelishiladi.
(8-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Inshootlar, yoʻllar, koʻpriklar va boshqa obyektlar barpo etilayotganda yoki qayta qurilayotganda aloqa tarmoqlarini qayta joylashtirish va koʻchirish ishlari qurilish buyurtmachilari tomonidan oʻz mablagʻi hisobidan va pochta va telekommunikatsiyalar tarmoqlarining egalari taqdim etgan texnik shartlarga muvofiq bajariladi.
Daha ichkarisidagi telekommunikatsiyalar tarmoqlari va inshootlari qurilish buyurtmachilari tomonidan loyihalanadi va barpo etiladi.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
10-modda. Yozishma, telefon soʻzlashuvlari va telegraf xabarlarini sir saqlash
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq yozishma, telefon soʻzlashuvlari, telegraf xabarlarining sir saqlanishi qonun bilan muhofaza etiladi.
Yozishmalarni ochib oʻqishga va ushbu moddaning birinchi qismida qayd etilgan qoidalar boshqacha tarzda buzilishiga yoʻl qoʻygan aloqa xodimlari maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortiladilar, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida koʻzda tutilgan hollar bundan mustasno.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda. Aloqa xizmatlariga haq toʻlash
Pochta va telekommunikatsiyalar koʻrsatadigan universal xizmatlarning tariflari qonunchilikda belgilangan tartibda pochta va telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan tartibga solinadi.
(11-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Pochta va telekommunikatsiyalar koʻrsatadigan xizmatlarning qolgan turlari tariflari qonunchilikka muvofiq shartnoma asosida belgilanadi.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
12-modda. Radiochastotalarni taqsimlash
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organ radiochastotalarni korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar oʻrtasida belgilangan tartibda taqsimlaydi, radiochastotalar spektri toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qiladi.
(12-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
13-modda. Aloqada xizmatga oid muomala tili, yozishmalarni joʻnatish tili hamda hisobga olish va hisobotga doir vaqt
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tezkor boshqaruv va dispetcherlik aloqa tizimida xizmatga oid muomala, shuningdek pochta va telegraf yozishmalarini yoʻllash “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunning qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Xalqaro axborot va joʻnatmalar pochta va elektr aloqa orqali ikki tomonlama bitimlarda, shuningdek xalqaro kelishuv va bitimlarning qoidalarida belgilangan tillarda joʻnatiladi.
Maʼlumotlarni uzatishning texnologik jarayonlarida Oʻzbekiston Respublikasi hududida hisobga olish va hisobotga oid yagona vaqt — mahalliy vaqt belgilanadi.
Maʼlumotlarni uzatishning xalqaro texnologik jarayonlarida axborotlar uzatish va pochta joʻnatmalarini yuborishda hisobga olish va hisobotga oid vaqt xalqaro kelishuv va bitimlarga muvofiq belgilanadi.
14-modda. Aloqaga doir qonunchilikka rioya etmaganlik uchun javobgarlik
(14-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Aloqa korxonalari koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga, xalqaro konvensiyalar va shartnomalarga muvofiq javobgar boʻladilar.
(14-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ushbu Qonunning talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq maʼmuriy yoki jinoiy javobgar boʻladilar.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Aloqa sohasidagi xalqaro hamkorlik
Oʻzbekiston Respublikasi aloqa jabhasida faoliyat koʻrsatayotgan davlatlararo va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro shartnomalar va bitimlarga muvofiq huquqiy, texnologik hamda moliyaviy munosabatlar oʻrnatadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-yanvar,
512-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 3-son, 159-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 20-son, 222-modda; 2017-y., 16-son, 265-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)