Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TADBIRKORLIK FAOLIYATINI AMALGA OSHIRISHDA RUXSATNOMALAR OLISH TARTIBOTLARINI TAKOMILLASHTIRISH VA SODDALASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ruxsatnomalar olish tartibotlarini takomillashtirish va soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-iyun,
158-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 10-iyundagi 158-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyuldagi 318-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 7-son, 63-modda) bilan tasdiqlangan Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 7-bandning uchinchi xatboshidagi “qoʻshimcha ravishda” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 8-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsatnoma berish uch ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi. Laboratoriya sinovlarini oʻtkazish xarajatlarini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida deklaratsiyalangan tariflar boʻyicha, biroq bir turdagi mahsulot boʻyicha eng kam oylik ish haqining besh baravaridan ortiq boʻlmagan summada toʻlov undiriladi”;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻz faoliyatini qishloq joylarda amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sinovdan oʻtkazishda toʻlov bir turdagi mahsulot boʻyicha eng kam oylik ish haqining uch baravaridan ortiq boʻlmagan summada undiriladi”;
v) 9-bandning birinchi jumlasiga “ishlab chiqarish obyektini” soʻzlaridan keyin “saqlash shart-sharoitlarini” soʻzlari qoʻshilsin;
g) 11-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11. Veterinariya va fitosanitariya xulosalari olinishi hisobga olingan holda gigiyenik sertifikatni rasmiylashtirish va berish muddati tegishli sinov metodlari uchun normativ hujjatlarda nazarda tutilgan muddatlarga qarab belgilanadi”;
d) 12-bandda:
“eng kam oylik ish haqining 10 baravaridan” soʻzlari “bir turdagi mahsulot boʻyicha eng kam oylik ish haqining besh baravaridan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻz faoliyatini qishloq joylarda amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga gigiyenik sertifikat berishda toʻlov bir turdagi mahsulot boʻyicha eng kam oylik ish haqining uch baravaridan ortiq boʻlmagan summada undiriladi”;
e) 14-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Chetdan olib kelinayotgan mahsulotga gigiyenik sertifikat mahsulotning yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega boʻlmagan mahsulotga esa — muddati koʻrsatilmasdan beriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 22-avgustdagi 245-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2009-y., 35-son, 382-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 24-son, 272-modda, 35-son, 382-modda)