OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PARVOZLAR XAVFSIZLIGINI NAZORAT QILISh DAVLAT INSPEKSIYASI BOShLIGʻINING
BUYRUGʻI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQARO VA EKSPERIMENTAL AVIATSIYASI AERODROMLARINI SERTIFIKATLASh QOIDALARI (OʻZR AQ-160)GA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 7-oktabrda 1734-1-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni IKAO standartlari va tavsiyalarini inobatga olgan holda takomillashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2007-yil 10-sentabrdagi 138-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalari (OʻzR AQ-160)ga (roʻyxat raqami 1734, 2007-yil 29-oktabr — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 44-son, 448-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi T. OʻLJAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 3-sentabr,
188-son
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2008-yil 3-sentabrdagi 188-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalari (OʻzR AQ-160)ga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 12-band quyidagi mazmundagi “g” kichik band bilan toʻldirilsin:
“g) Aerodrom boʻyicha qoʻllanma (3a-ilovaga muvofiq).”.
2. 57-band quyidagi mazmundagi “j” kichik band bilan toʻldirilsin:
“j) mazkur Qoidalarning 3-ilovasida koʻrsatilgan sertifikat olish (uzaytirish) uchun asoslovchi hujjatlar Roʻyxati boʻyicha taqdim qilinadigan hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligini taʼminlash.”.
3. Quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi paragraf bilan toʻldirilsin:
“9 §. Aerodrom sertifikatining boshqa shaxsga berilishi
451. Davavianazorat aerodrom sertifikatining boshqa ekspluatantga berilishiga rozilik berishi mumkin, agarda:
a) aerodrom sertifikatining egasi aerodrom ekspluatatsiyasining tugashidan kamida 10 kun oldin Davavianazoratga yozma ravishdagi bildirishnoma bilan aerodromning ekspluatatsiyasi mazkur bildirishnomada koʻrsatilgan muddatda tugatilishi toʻgʻrisida xabar berganda;
b) aerodrom sertifikatining egasi Davavianazoratga taqdim etilgan yozma ravishdagi bildirishnomada sertifikat berilayotgan yangi ekspluatantning nomini koʻrsatganda;
v) aerodrom sertifikati berilayotgan ekspluatant aerodrom sertifikatining ilgarigi egasi aerodrom ekspluatatsiyasini tugatishidan oldin 10 kun muddatdan kechikmagan holda Davavianazoratga aerodrom ekspluatatsiyasini amalga oshirish uchun yozma ravishda ariza taqdim etganda.
452. Davavianazorat aerodrom sertifikati berilishi lozim boʻlgan ekspluatantning arizasi kelib tushgan kundan boshlab 20 kun ichida aerodrom sertifikatining boshqa ekspluatantga berilishi maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida qaror chiqaradi va bu haqda aerodrom sertifikati egasini va sertifikat berilishi lozim boʻlgan ekspluatantni yozma ravishda xabardor qiladi.
453. Davavianazorat aerodrom sertifikati berilishi rejalashtirilgan ekspluatantning aerodrom ekspluatatsiyasi va texnik xizmat koʻrsatish ishlarini tegishlicha amalga oshirish imkoniyatiga egaligiga ishonch hosil qilmasa yoki aerodrom sertifikatining boshqa shaxslarga berilishi aerodromning ekspluatatsiyasi jihatidan katta oʻzgarishlarga (masalan, uchish-qoʻnish yoʻlaklari, burilish yoʻlaklari va perronda oʻrnatiladigan vositalar sonining kamayishiga, mavjud aerodrom sertifikatida koʻrsatilgan ekspluatatsiya shartlarining oʻzgarishiga, xodimlar sonining kamayishiga) olib kelsa, aerodrom sertifikatining boshqa shaxslarga berilishiga rozilik bermasligi mumkin.
454. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq aerodrom sertifikati aerodrom egasining oʻzgarishi natijasida ham boshqa shaxslarga berilishi mumkin.”.
4. 3-ilovaning 5-qismi quyidagi mazmundagi “z” kichik band bilan toʻldirilsin:
“z) yongʻinga qarshi xizmatlarning xodimlari bilan nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish uchun oʻquv-texnika bazasining (jihozlangan sinf, poligon, tutun kamerasi, hisobdan chiqarilgan HKning fyuzelyaji va h.k.) mavjudligi.”.
5. Quyidagi mazmundagi 3a-ilova bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalariga
3a-ILOVA
3a-ILOVA
Aerodrom boʻyicha qoʻllanmaning mazmuni boʻyicha minimal talablar
Aerodrom boʻyicha qoʻllanmada quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
a) aerodrom toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar;
b) aerodromning joylashish maydoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
v) avariya holatlari boʻyicha tadbirlar rejasi;
g) yongʻinga qarshi kurashish choralari hamda qutqaruvni tashkil etish boʻyicha maʼlumotlar;
d) ekspluatant tomonidan aerodromning, aerodromdagi ishchi maydonining va toʻsiqlar balandligining kuzatilishi va nazorat qilinishi;
e) aerodromning vizual vositalar va elektr toki bilan taʼminlanishi;
j) aerodromning ishchi maydoniga texnik xizmat koʻrsatish;
z) aerodromda ishlarni xavfsiz olib borish;
i) perrondagi faoliyatni tashkil etish;
k) perronda xavfsizlikni taʼminlash;
l) nazorat ostidagi zonada transport vositalarini boshqarish;
m) aerodromda qushlar va jonivorlar tomonidan yaratiluvchi xavf-xatarlar munosabati bilan ishlarni tashkil etish;
n) toʻsiqlarni nazorat qilish;
o) texnik nosoz havo kemalarini olib tashlash;
p) xavfli materiallar bilan ishlash;
r) chegaralangan koʻrinish sharoitlarida aerodromdan foydalanish;
s) radiolokatsiya va navigatsiya vositalari joylashgan hududlarni muhofaza qilish.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 40-41-son, 417-modda)