Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUChLARIGA 15 YIL” ESDALIK NIShONINI TAʼSIS ETISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining oʻn besh yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlar qurilishi ishiga munosib hissa qoʻshgan harbiy xizmatchilarni ragʻbatlantirish maqsadida:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni taʼsis etilsin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishonining nizomi va tavsifi 1, 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh. Mirziyoyev) 2007-yilning 5-yanvarigacha “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishonlari va guvohnomalarining blanklari belgilangan tartibda tayyorlanishini taʼminlasin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining Kotibi M. Atayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 26-dekabr,
PF-3837-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 26-dekabrdagi PF-3837-son Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni bilan davlatning mudofaa qudratini mustahkamlash va Qurolli Kuchlar qurilishiga muhim hissa qoʻshgan shaxslar, oʻzining yuksak kasb mahoratini, harbiy va vatanparvarlik burchiga sadoqatini namoyon qilgan harbiy xizmatchilar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun boʻlgan jangovar harakatlarda ishtirok etgan va zaxiraga boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqarilgan harbiy xizmatchilar, shuningdek harbiy hamda xizmat burchini bajarish vaqtida halok boʻlgan yoki yaralangan va shikastlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari taqdirlanadilar.
2. “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni nomidan qoʻshilma komandiri va yuqori turuvchi mansabdor shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
Mukofotlanganlarga esdalik nishoni bilan birga belgilangan shakldagi guvohnoma beriladi.
3. “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni vazirliklar hamda mudofaa va xavfsizlik tuzilmalari idoralari rahbarlarining buyruqlari asosida mukofotlanganlarga topshiriladi.
4. “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 26-dekabrdagi PF-3837-son Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni
TAVSIFI
“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni 0,25 mikrongacha qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanib, diametri 34 millimetrli doira shakliga ega boʻladi.
Esdalik nishonining old tomonida balqib chiqayotgan quyosh fonida Xumo qushi aks ettirilgan. Xumo qushining tagida sakkiz qirrali yulduz joylashgan boʻlib, uning oʻrtasida kesishayotgan ikki qilich bilan qalqon (Amir Temurning harbiy aslahalari) tasvirlangan. Nishonning yuqori qismida doira boʻylab “Ozbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” yozuvi mavjud. Esdalik nishonining pastki qismida tasvirlangan lentaga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga asos solingan yil va yubiley sanasini anglatuvchi 1992—2007 raqamlari yozilgan.
Esdalik nishonining orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan.
Esdalik nishoni eni 24 millimetrli moviy-havorang shoyi tasma bilan qoplangan besh qirrali kolodkaga halqacha yordamida tutashtiriladi. Tasma eni 2 millimetrli sariq rangdagi yoʻl bilan hoshiyalangan. Tasma oʻrtasidan eni 7 millimetrli yashil rangli yoʻl oʻtgan.
Tasvirlar va yozuv qavariqdir.
Esdalik nishonining qirralari boʻrtiq hoshiyalangan.
OZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARIGA 15 YIL
Esdalik nishoni
Esdalik nishoni
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 51-52-son, 504-modda)