1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.01.00.00 Uy-joy fondi / 08.01.08.00 Koʻp kvartirali uylarni boshqarish;
2.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.03.00.00 Kommunal xoʻjalik / 08.03.10.00 Injenerlik xizmati. Uy-joy fondini texnik ekspluatatsiya qilish va saqlash. Uy-joy fondini saqlab turish va taʼmirlash;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.05.00 Sanoat uskunalari, mashinalari va asboblariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash. Asosiy fondlarning amortizatsiyasi]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Liftdan foydalanish va unga texnik xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Liftlarning texnik holatini tubdan yaxshilash, avariya holatlarining oldini olish va aholiga sifatli xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Liftdan foydalanish va unga texnik xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
liftni roʻyxatdan oʻtkazish;
liftdan foydalanish shartlari;
liftga texnik xizmat koʻrsatish tartibi va shartlari;
liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning reyestrini yuritish tartibi;
sotuvdan keyingi va kafolat muddati davomidagi xizmatlar hamda xizmatlarga oid shartlar;
texnik xizmat koʻrsatishni taʼminlash va xizmat koʻrsatish nazorati.
2. Vazirlar Mahkamasining “Liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2025-yil 12-iyuldagi 431-son qaroriga2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Ushbu qaror 2027-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
5. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Liftdan foydalanish va unga texnik xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini qoʻllash boʻyicha qonunchilik hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi A.V. Rafiqov hamda Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 22-oktabr,
588-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-oktabrdagi 588-son qaroriga 1-ILOVA
Liftdan foydalanish va unga texnik xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom odam va yuk yoki faqat yuk tashish uchun moʻljallangan liftlarni roʻyxatdan oʻtkazish, ulardan foydalanish, foydalanish davrida ularga texnik xizmat koʻrsatish, liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning reyestrlarini yuritish, lift sotuvi va kafolat muddatidan keyingi xizmatlarni koʻrsatish hamda xizmatlar koʻrsatish holatlarini monitoring qilib borish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari:
tezligi 0,15 m/s dan oshmaydigan yuk koʻtaruvchi qurilmalarga;
qurilish maydonchasida foydalaniladigan koʻtarish moslamalariga;
dor (kanat) yoʻllari, shu jumladan, funikulyor temir yoʻllariga;
harbiy maqsadlarda foydalanish uchun maxsus ishlab chiqarilgan va qurilgan liftlarga;
maxsus ishlarni bajarish uchun moʻljallangan yuk koʻtarish moslamalariga;
badiiy tomoshalar (tadbirlar) paytida ijrochilarni koʻtarish uchun moʻljallangan koʻtarish moslamalariga;
transport vositalariga oʻrnatilgan yuk koʻtarish moslamalariga;
transport vositalariga (mashinaga) ulangan va maxsus ish zonalariga, shu jumladan, mashinalarga xizmat koʻrsatish va tekshirish punktlariga kirish uchun moʻljallangan koʻtarish moslamalariga;
stendli va tishli yoʻnaltirgichga ega boʻlgan koʻtarish moslamalariga;
eskalatorlar va mexanik harakatlanuvchi yoʻlaklarga (travalatorlarga) nisbatan qoʻllanilmaydi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar foydalaniladi:
bino boshqaruvchisi — liftdan xavfsiz foydalanishni taʼminlash uchun liftga texnik xizmat koʻrsatilishi, zaruratga koʻra belgilangan muddatlarda taʼmirlanishi uchun masʼul boʻlgan koʻp kvartirali uyni boshqarish organi yoki bino (inshoot) mulkdori;
vakolatli organ — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi;
ixtisoslashgan tashkilot — liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish faoliyati bilan shugʻullanuvchi sifatida ISO/IEC 17020 standartiga muvofiq “A” turdagi inspeksiya idorasi maqomida Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiyadan oʻtgan va tegishli ruxsatnomaga ega boʻlgan yuridik shaxs;
kasbiy malaka sertifikati — oʻquv muassasalari tomonidan berilgan, shaxsning bilim, koʻnikma va malakalarini ifodalovchi hujjat;
lift — ogʻish burchagi gorizontal boʻylab 15 gradusdan oshadigan yoʻnalishda harakatlanadigan, odamlarni va (yoki) yuklarni kabinada koʻtarish/tushirish uchun moʻljallangan yoki qoʻzgʻalmas yoʻnaltiruvchi mexanizmlar boʻylab bir sathdan boshqa sathga harakatlanmaganda ham belgilangan trayektoriya boʻylab (magnit va boshqa vositalarda) harakatlanuvchi koʻtarish qurilmasi;
lift pudratchisi — lift oʻrnatiladigan bino yoki inshootning qurilish ishlarini oʻz nomidan amalga oshiradigan shaxs;
masʼul organ — turar joy toifasiga mansub koʻp kvartirali uy-joylarda oʻrnatilgan liftlar nazoratini amalga oshirishga masʼul organ — Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;
mulkdor — lift joylashgan bino (inshoot, shu jumladan, lift) yoki uning bir qismining egasi (egalari), koʻp kvartirali uyda umumiy ulushli mulk huquqiga ega boʻlgan xonadonlar mulkdorlari;
texnik xizmat koʻrsatish — lift ishga tushirilgandan soʻng xizmat muddati davomida oʻzining va uning tarkibiy qismlarining, funksiyalarining va xavfsizlik talablarining loyihalashtirilgan yoki tegishli qonunchilikka muvofiq yangilangan holatda davomiyligini taʼminlashga qaratilgan, texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan davriy ravishda oyda kamida bir marta bajariladigan ishlar;
texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot — ruxsatnomaga ega boʻlgan, lift oʻrnatuvchi tomonidan tashkil etilgan yoki uning nomidan faoliyat yurituvchi yoxud liftni oʻrnatuvchi tomonidan kelishuv asosida vakolat berilgan yuridik shaxs;
texnik xizmat koʻrsatuvchi xodim — xizmat doirasida liftlarga texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash ishlarini bajarish uchun tayinlangan va tegishli qonunchilik hujjatlari doirasida liftlarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha zarur malakaga ega hamda sertifikatlangan liftga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash mutaxassisi;
oʻrnatuvchi — liftni loyihalashtirish, ishlab chiqarish, oʻrnatish va bozorga kiritishdagi javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan yuridik shaxs.
4. Liftga texnik xizmat tegishli ruxsatnomaga ega va Liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar reyestriga kiritilgan texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan koʻrsatiladi.
5. Qurilishi tugallanib, foydalanishga topshirilgan koʻp kvartirali uydagi liftlar va unga tegishli hujjatlar mazkur koʻp kvartirali uyning bino boshqaruvchisiga topshiriladi.
Bunda lift pudratchisi lift roʻyxatdan oʻtkazilgandan sanadan boshlab 12 oy davomida koʻp kvartirali uyga oʻrnatilgan liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotni jalb qilish orqali texnik xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi.
Lift pudratchisi tomonidan 12 oy davomida liftga texnik xizmat koʻrsatilgandan soʻng lift bino boshqaruvchisiga oʻtadi hamda bino boshqaruvchisi tomonidan texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotni jalb qilish orqali texnik xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi.
6. Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot va texnik xizmat koʻrsatuvchi xodimlar mehnatni muhofaza qilish boʻyicha qonunchilikka muvofiq ishlar tashkil etilishiga javobgardir.
7. Liftlarni roʻyxatdan oʻtkazish, ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzish va bekor qilish, texnik xizmat koʻrsatish, texnik xizmat koʻrsatishni tashkil qilish, ularning natijalarini kiritish va saqlash hamda dispetcher va aloqa markazlariga ulanish “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi (keyingi oʻrinlarda — elektron platforma) orqali amalga oshiriladi hamda ushbu faoliyatlar mazkur Nizomga muvofiq amalga oshirilishi masʼul organ tomonidan monitoring qilib boriladi.
Masʼul organ monitoring jarayoniga boshqa idoralarning vakillarini jalb etishi, elektron platforma orqali ogohlantirish yuborishi hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar bajarilmaganda, vakolatli organga tegishli choralar koʻrish yuzasidan soʻrov yuborishi mumkin.
8. Bino boshqaruvchisi binoda va (yoki) inshootda oʻrnatilgan hamda foydalanishda boʻlgan liftga har oyda kamida bir marta texnik xizmat koʻrsatilishini, liftning identifikatsiya raqami belgilangan talablar darajasida saqlanishini taʼminlashi shart.
2-bob. Liftni roʻyxatdan oʻtkazish
9. Lift mazkur Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq roʻyxatdan oʻtkaziladi.
10. Liftni roʻyxatdan oʻtkazish lift pudratchisi tomonidan elektron platforma orqali taqdim etiladigan buyurtmaga koʻra vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi. Liftni roʻyxatdan oʻtkazish liftni belgilangan tartibda amalga oshirilgan dastlabki texnik koʻrikning ijobiy xulosasi hamda taqdim etilgan hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Liftni roʻyxatdan oʻtkazish maqsadida elektron platforma orqali beriladigan buyurtmaga Liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq dastlabki texnik koʻrik uchun taqdim etiladigan maʼlumot va hujjatlarning nusxalariga qoʻshimcha ravishda lift pasportining liftdan foydalanish va liftga xizmat koʻrsatish, inspeksiya qilish, taʼmirlash, davriy texnik koʻrikdan oʻtkazish va qutqaruv ishlarini bajarish uchun zarur boʻlgan chizma va koʻrsatmalardan iborat yoʻriqnoma qismining elektron (pdf) shakldagi nusxasi ilova qilinadi.
11. Ixtisoslashgan tashkilot Liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq liftni dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkazadi.
Ixtisoslashgan tashkilot dastlabki texnik koʻrik davomida belgilangan talablarga qoʻshimcha ravishda lift pudratchisi tomonidan dispetcherlik markaziga ulanishning texnik imkoniyati mavjudligi, videokuzatuv kamerasi, ikki tomonlama aloqa kuchaytirgich, avariya-qutqaruv qurilmasi (ARD) tizimi, simli internet bilan taʼminlanganini oʻrganadi.
12. Ixtisoslashgan tashkilot tomonidan dastlabki texnik koʻrikning ijobiy natijalari berilganidan soʻng lift pudratchisi roʻyxatdan oʻtkazilayotgan lift uchun elektron platforma orqali mustaqil ravishda texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotni tanlaydi va unga lift uchun yaratilgan identifikatsiya raqamini yuborgan holda, texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotdan texnik xizmat koʻrsatishga roziligi yuzasidan elektron tasdiq oladi.
13. Liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq dastlabki texnik koʻrikning natijalari salbiy boʻlganda, elektron platforma orqali lift pudratchisiga aniqlangan kamchiliklar aks ettirilgan texnik koʻrik xulosasi yuboriladi va kamchiliklar belgilangan tartibda bartaraf etiladi.
14. Dastlabki texnik koʻrikning ijobiy natijalariga (yashil rangdagi maʼlumot yorligʻi berilganda) asosan lift vakolatli organ tomonidan ikki ish kuni ichida roʻyxatga olinadi yoki kamchiliklar aniqlangan taqdirda, liftni roʻyxatga olishni rad etishning sabablarini aniq (qonunchilik hujjatlaridagi talablarga havola qilgan holda) bayon qilgan holda, elektron platforma orqali lift pudratchisiga xabar beriladi. Lift pudratchisi 30 kun ichida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib, vakolatli organga qayta soʻrov yuboradi.
15. Liftlar vakolatli organ tomonidan bepul roʻyxatga olinadi. Vakolatli organ tomonidan liftni roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, buyurtma beruvchiga lift roʻyxatga olingani va reyestrga kiritilgani toʻgʻrisida QR-kodli maʼlumotnoma elektron platforma orqali yuboriladi.
3-bob. Liftdan foydalanish shartlari
16. Quyidagi talab va shartlar bajarilgan hollardagina liftdan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi:
Liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq dastlabki va davriy texnik koʻrikdan ijobiy natija bilan oʻtgan boʻlishi;
lift kabinasining koʻrinarli joyida belgilangan shaklga ega boʻlgan identifikatsiya raqami mavjud boʻlishi;
lift elektron platformadan roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi;
liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot va lift pudratchisi yoki bino boshqaruvchisi oʻrtasida har bir liftning identifikatsiya raqami koʻrsatilgan liftga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzilgan boʻlishi;
dastlabki va davriy texnik koʻrik natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot belgilangan tartibda yopishtirilgan boʻlishi;
lift vakolatli organ tomonidan roʻyxatga olingani haqida QR kodli maʼlumot lift kabinasining koʻrinarli joyida joylashtirilgan boʻlishi;
lift kabinasining koʻrinarli joyida bino boshqaruvchisi va texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning nomi, manzili va bogʻlanish uchun maʼlumotlar boʻlishi.
17. Muomalaga chiqarilgan liftning eʼlon qilingan yuklamasi, eʼlon qilingan tezligi, yuritish turi, motor seriya raqami va quvvati, arqon va/yoki poʻlat arqonlar hamda qonunchilikka muvofiq muvofiqligi tasdiqlanishi talab etiladigan lift qurilmalarining texnik xususiyatlari, oʻrnatish va elektr sxemalari, shuningdek, baxtsiz hodisalar kiritib boriladigan lift jurnali ushbu liftni oʻrnatuvchi tomonidan bino boshqaruvchisiga taqdim etilishi lozim.
Liftning identifikatsiya raqami, muomalaga chiqarilgan sanasi va roʻyxatga olingan sanasi lift jurnalida koʻrsatilishi lozim. Lift jurnali tugagan taqdirda, yangi jurnal bino boshqaruvchisi bilan shartnoma imzolagan texnik xizmat koʻrsatish tashkiloti tomonidan taqdim etiladi. Tugatilgan lift jurnali bino boshqaruvchisi tomonidan liftning butun xizmat muddati davomida saqlanadi. Lift jurnaliga oid barcha talablar foydalanishda boʻlgan barcha liftlar uchun ham amal qiladi.
18. Lift va lift qurilmalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament doirasida muomalaga chiqarilgan va foydalanilayotgan liftlar uchun tuziladigan texnik xizmat koʻrsatish shartnomalarida liftlarga nisbatan har qanday qurilma yoki shifrlash kabi usullar bilan toʻsish yoki cheklash oʻrnatilgani yoxud oʻrnatilmagani toʻgʻrisidagi maʼlumot aks ettirilishi oʻrnatuvchi yoki texnik xizmat koʻrsatish tashkiloti tomonidan taʼminlanadi.
19. Lift va liftning ehtiyot qismlarini sotib olish, sotish va oʻrnatish elektron platforma orqali amalga oshiriladi.
Elektron platforma orqali sotib olinmagan, oʻrnatilgan lift va ehtiyot qismlar uchun lift pudratchisi, bino boshqaruvchisi va liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Elektron platforma orqali sotib olinmagan va oʻrnatilmagan lift va ehtiyot qismlardan foydalanish taqiqlanadi.
20. Yoʻlovchi tashuvchi liftda foydalanish davrida liftni yuk koʻtarish qobiliyatidan qatʼi nazar, qurilish materiallari, qurilish chiqindilari va lift gabaritiga mos kelmaydigan barcha turdagi buyum, narsa yoki jihozlarni hamda portlovchi, tez alangalanadigan, radioaktiv moddalarni va zaharlilik darajasi oʻta yuqori boʻlgan moddalarni tashish taqiqlanadi.
Yuk va yuk-yoʻlovchi tashuvchi liftlarda uy-roʻzgʻor buyumlari, mebel va maishiy texnikalar ularning gabaritlarini inobatga olgan holda, bino boshqaruvchisi yoki liftlarga texnik xizmat koʻrsatuvchi xodimlar nazoratida tashiladi. Bunda texnika xavfsizligi talablariga muvofiq, lift kabinasida yuk va yoʻlovchini bir vaqtda tashish taqiqlanadi.
Tashqi kuch taʼsirida liftlarning nosozligiga sabab boʻluvchi holatlar boʻyicha bino boshqaruvchisi vakolatli organga xabar beradi.
4-bob. Liftga texnik xizmat koʻrsatish tartibi va shartlari
21. Bino boshqaruvchisi (lift roʻyxatga olingan sanadan keyingi 12 oy davomida lift pudratchisi) bilan texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot oʻrtasida tuzilgan shartnomaning amal qilish davrida boshqa texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan liftga texnik xizmat koʻrsatilishiga hamda lift sozlamalari oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (favqulodda holatlar bundan mustasno).
22. Agar texnik xizmat koʻrsatish shartnomasi bir nechta liftni qamrab olsa, ushbu shartnomada texnik xizmat koʻrsatiladigan har bir liftning identifikatsiya raqami koʻrsatiladi.
23. Liftdan foydalanish boʻyicha cheklovlar liftni oʻrnatuvchi yoki liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan olib tashlanadi va qoʻyiladi.
24. Bino boshqaruvchisi (lift roʻyxatga olingan sanadan keyingi 12 oy davomida lift pudratchisi) hamda texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning filiali oʻrtasida tuzilgan shartnoma majburiyatlari boʻyicha texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning oʻzi filiali bilan birgalikda ushbu Nizom talablariga asosan javobgar boʻladi.
25. Liftdan foydalanish davrida texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot elektron lift jurnalini yuritadi. Elektron jurnalga mazkur Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar kiritilishi lozim.
Shuningdek, koʻrsatilgan har bir texnik xizmat haqida maʼlumotlar elektron lift jurnalida qayd etiladi va maʼlumotlar elektron platformaga lift kesimida foto va matn koʻrinishida doimiy yuklab boriladi.
Yuklangan maʼlumotlar elektron platforma orqali bino boshqaruvchisiga avtomatik yuboriladi.
Elektron jurnalga qoʻyiladigan talablar foydalanishdagi barcha liftga taalluqli hisoblanadi.
26. Liftni oʻrnatish (montaj, demontaj qilish), texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va xizmat koʻrsatishdan keyin hosil boʻlgan chiqindilarni utilizatsiya qilish ekologik normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
27. Texnik xizmat koʻrsatish tashkilotlari tomonidan texnik xizmat koʻrsatish ishlari quyidagi toifalardan biri yoki bir nechtasi tanlangan tarzda amalga oshiriladi:
a) har oyda koʻrsatiladigan texnik xizmat quyidagi ishlarni oʻz ichiga oladi:
lift kabinasi, shaxta, mashina xonasi yoritilganligini tekshirish va sozlash;
chaqiruvchi va buyruq beruvchi tugmalar mexanik qismining sozligini tekshirish va sozlash;
lift harakati parametrlarining mosligini tekshirish va sozlash;
mashina xonasidagi jihozlar sozligini koʻzdan kechirish va sozlash;
lift ishidagi xatoliklar haqidagi axborotlarni oʻqish, tekshirish va sozlash;
lift kabinasi va uning muvozanatini taʼminlovchi yoʻnaltirgich va qurilmalarni moylash va tozalash;
lift kabinasining eshiklarini tekshirish va sozlash;
lift va uning qurilmalaridagi ikki tomonlama aloqaning ishlashini tekshirish va sozlash;
b) har uch oyda koʻrsatiladigan texnik xizmat quyidagi ishlarni oʻz ichiga oladi:
ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan texnik xizmat koʻrsatish ishlari;
arqon (tasma), osma, tortish arqonlari boʻshash (TAB) qurilmalarining holatini tekshirish va sozlash;
lift kabinasi eshiklarini harakatga keltiruvchi qurilmalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish va sozlash;
shaxta eshiklari qulflari va shaxta eshiklari ochilish-yopilish aloqa vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish;
lift kabinasi harakatida uning muvozanatini taʼminlovchi qurilmalarning holatini tekshirish va sozlash;
v) har olti oyda koʻrsatiladigan texnik xizmat koʻrsatish quyidagi ishlarni oʻz ichiga oladi:
shaxtadagi, mashina xonasidagi, kabina tomidagi uskunalarni koʻzdan kechirish va ularni tozalash;
poʻlat arqonlarni ishlash holatiga keltirish;
har yillik davriy texnik koʻrikdan oʻtkazishga tayyorlash.
28. Liftga texnik xizmat koʻrsatish quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
lift joyini oʻzgartirish;
haydash bloki, osma tizim, tashuvchi (kabina), qoʻnish eshigi va (yoki) liftning xavfsizlik qismlarini almashtirish;
liftni boshqarish tizimiga oʻzgartirishlar kiritish;
oʻt oʻchirish brigadasi tomonidan amalga oshirilgan qutqaruv harakatlari;
lift kabinasining ichki qismini tozalash;
qoʻshimcha shartnoma asosida bajariladigan taʼmirlash ishlari.
Ushbu bandning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan ishlar liftni oʻrnatuvchi tomonidan amalga oshiriladi hamda ularning qonunchilik va (yoki) tegishli standartlarga muvofiq amalga oshirilishi uchun javobgarlik liftni oʻrnatuvchi zimmasiga yuklanadi.
29. 2026-yilga qadar oʻrnatilgan liftga texnik xizmat koʻrsatishda ushbu Nizom talablariga muvofiq texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot liftni oʻrnatuvchi bilan kelishuvga erishishi talab etilmaydi.
30. Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot shtat birligida xizmat koʻrsatilayotgan liftlar soniga mos ravishda texnik xizmat koʻrsatuvchi xodimlar mavjud boʻlmagan holatda, ushbu talabni bajarmagunga qadar liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bunda har bir xodim bir ish kunida koʻpi bilan:
27-bandning “a” kichik bandida belgilangan ishlar boʻyicha 10 ta liftga texnik xizmat koʻrsatishi;
27-bandning “b” kichik bandida belgilangan ishlar boʻyicha 7 ta liftga texnik xizmat koʻrsatishi;
27-bandning “v” kichik bandida belgilangan ishlar boʻyicha 5 ta liftga texnik xizmat koʻrsatishi;
27-bandning “g” kichik bandida belgilangan ishlar boʻyicha 3 ta liftga texnik xizmat koʻrsatishi mumkin.
31. Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot texnik xizmat koʻrsatuvchi xodim oʻzgargan taqdirda, ishga yangi olingan xodimning bilim va malakasi hamda ushbu Nizom bilan xodimga belgilangan talablar bajarilganiga oid tasdiqlovchi maʼlumotlar axborot tizimlarining oʻzaro integratsiyasi asosida elektron platformada aks ettiriladi.
32. Texnik xizmat koʻrsatish shartnomasi tuzilgandan soʻng liftni oʻrnatuvchi yoki texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot yiliga kamida bir marta texnik xizmat koʻrsatiladigan liftlar sonini hisobga olgan holda, texnik xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni favqulodda vaziyatlarda qutqaruv ishlari boʻyicha oʻqitishni tashkil etadi.
Texnik xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning oʻqitilgani haqida maʼlumotlar elektron platformaga liftni oʻrnatuvchi yoki texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan kiritib boriladi.
33. Liftni oʻrnatuvchi oʻzi muomalaga chiqarayotgan liftning har bir turi va xususiyatini inobatga olgan holda, kafolat doirasida kamida uch yil davomida butlovchi qismlar bilan taʼminlashi shart.
34. Davriy texnik koʻrik natijasida foydalanish uchun xavfli boʻlgan “qizil” rangli maʼlumot yorligʻi bilan belgilangan liftdan foydalanish taqiqlangan davrda texnik xizmat koʻrsatilmaydi va ushbu davrda bino boshqaruvchisidan har oylik texnik xizmat haqini talab qila olmaydi.
35. Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot va bino boshqaruvchisi oʻrtasida tuzilgan shartnomaning amal qilish muddati tugaganda yoki bekor qilinganda bu haqida bino boshqaruvchisi elektron platforma orqali masʼul organga xabar qiladi.
Mazkur holatda bino boshqaruvchisi tomonidan 10 kun muddatda texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot bilan yangi shartnoma tuziladi.
Shartnoma yangi texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot bilan tuzilgan taqdirda, texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha topshirish-qabul qilish dalolatnomasi elektron platforma orqali tuziladi va liftlar yangi texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotga biriktiriladi.
5-bob. Liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar reyestrini yuritish tartibi
36. Liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar reyestrini elektron platforma orqali yuritiladi.
37. Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar reyestriga kirish maqsadida elektron platforma orqali buyurtma yuboradi.
38. Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot shtatida xizmat koʻrsatadigan liftlar soniga qarab, asosiy ish joyi boʻyicha toʻliq ishlaydigan texnik xizmat koʻrsatish xodimlari boʻlishi lozim. Bunda texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot:
xodimlar soni ushbu Nizomning 30-bandida belgilangan shartlarga muvofiq boʻlishini;
xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning muddati tugashidan oldin yoki bir tomonlama bekor qilinganda, mehnat shartnomasi bekor boʻlgan sanadan eʼtiboran oʻn besh kun ichida yangi xodim ishga qabul qilinishini taʼminlashi lozim.
39. Texnik xizmat koʻrsatuvchi xodim:
mexanik, elektr, elektronika yoki aloqa sohalari boʻyicha kamida oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlishi;
elektron platformada bittadan koʻp boʻlmagan texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot shtatida hisobga olingan boʻlishi;
malakaga oshirgan va sertifikatlangan boʻlishi;
texnik xizmat koʻrsatish sohasida kamida bir yillik ish stajiga ega boʻlishi lozim.
40. Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot va uning xodimlari ushbu Nizomning 38 va 39-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlganda hamda 24/7 rejimda ishlab turadigan dispetcherlik va aloqa markaziga ega boʻlganda yoki shunday markaz bilan oʻzaro xizmat koʻrsatish shartnomasi mavjud boʻlganda, Liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar reyestriga kiritiladi.
41. Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar reyestiriga kirish onlayn xabar berish yoʻli bilan bepul amalga oshiriladi.
42. Liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot Liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar reyestriga kiritilgandan soʻng elektron platformada xizmat koʻrsatish boʻyicha hududlarni mustaqil ravishda tanlaydi.
43. Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot boshqa hududda oʻzining filialini tashkil etishi hamda filial orqali texnik xizmat koʻrsatishi mumkin.
Filialda ushbu Nizomda belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan kamida ikki nafar texnik xizmat koʻrsatuvchi xodimga ega boʻlishi hamda ular asosiy texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot ishlariga jalb etilmasligi va ushbu hududda toʻliq faoliyat koʻrsatishi shart.
44. Liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot quyidagi hollarda masʼul organ tomonidan reyestrdan chiqariladi:
texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot vakolatli organni oldindan xabardor qilmagan holda, texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha maʼlumotlarni ikki oy davomida elektron platformaga yuklamagan taqdirda;
texnik xizmat koʻrsatuvchi xodimi mavjud boʻlmaganda yoki xodim mazkur Nizomda nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmaganda;
dispetcherlik va aloqa markazi bilan tuzilgan shartnoma muddati tugagan va yangi shartnoma elektron platformaga oʻz vaqtida yuklanmagan taqdirda;
masʼul organning soʻrovnomasiga javob bermagan hamda mazkur Nizomda nazarda tutilgan talablarni bajarmaganda.
6-bob. Sotuvdan keyingi va kafolat muddati davomidagi xizmatlar hamda xizmatlarga oid shartlar
45. Oʻrnatuvchi tomonidan muomalaga chiqarilgan har bir lift muomalaga chiqarilgan sanadan eʼtiboran kamida uch yil muddat bilan kafolatlanadi.
46. Kafolat muddati davomida oʻrnatuvchi tomonidan liftda almashtirilishi kerak boʻlgan qismlar bunday oʻzgarish amalga oshirilishi zarur boʻlgan vaqtda almashtirilishi kerak.
Lift qismlarini almashtirish va oʻrnatish ishlarining sifati kamida ikki yilga kafolatlanadi.
47. Kafolat muddati tugagan liftning almashtirilgan qismi ushbu qismni ishlab chiqargan yoki uni bino boshqaruvchisiga taqdim etgan shaxs tomonidan kamida ikki yilga kafolatlanadi.
48. Kafolat muddatida belgilangan taʼmirlash ishlari va lift qismlarini almashtirishning muddati oʻn besh kundan oshmasligi kerak.
49. Agar bino boshqaruvchisi kafolat muddati ichida boshqa texnik xizmat koʻrsatuvchi bilan texnik xizmat koʻrsatish shartnomasini tuzsa, ushbu liftni muomalaga chiqargan oʻrnatuvchining kafolat majburiyatlari bekor boʻlmaydi.
50. Kafolat muddatida lift nosoz boʻlsa, bino boshqaruvchisi tomonidan oʻrnatuvchiga nosozlikni bartaraf etish boʻyicha talab bildiriladi va liftni taʼmirlash uchun sarflangan vaqt kafolat muddatiga qoʻshiladi.
51. Muomalaga chiqarilgan va kafolatlangan har bir liftga nisbatan kafolat doirasida koʻrsatiladigan taʼmirlash xizmatlari ushbu liftni muomalaga chiqargan oʻrnatuvchi yoki unga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
52. Oʻrnatuvchi muomalaga chiqargan har bir lift uchun yetarlicha texnik xodimni ishga jalb etishi va butlovchi (ehtiyot) qism zaxirasini saqlashi shart.
7-bob. Texnik xizmat koʻrsatishni taʼminlash va xizmat koʻrsatish nazorati
53. Noturar bino va inshootlarda bino boshqaruvchisi liftning xavfsiz ishlashini taʼminlash uchun unga texnik xizmat koʻrsatilishi va koʻrsatilgan texnik xizmat haqini toʻlash uchun javobgardir.
54. Bino boshqaruvchisi va texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot liftning doimiy hamda nogironlar uchun xavfsiz va uzluksiz ishlashini taʼminlaydi.
55. Bino boshqaruvchisi lift bilan bogʻliq har qanday xavfli vaziyat haqida texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotga maʼlum qiladi va u bilan birgalikda zarur xavfsizlik choralarini koʻradi.
56. Sotuvdan keyingi kafolat va kafolat muddati davomidagi xizmatlar bilan bogʻliq shartlar va sotuvdan keyingi xizmatlar lift oʻrnatuvchisi tomonidan koʻrsatilayotgani, texnik xizmat va taʼmirlash xizmatlari ushbu Nizomda belgilangan mezonlarga muvofiq amalga oshirilayotgani vakolatli organ tomonidan nazorat qilib boriladi.
57. Bino boshqaruvchisi va texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot ushbu Nizomda belgilangan majburiyatlarni bajarishi yoki bajarmasligi vakolatli organ tomonidan, zaruratga koʻra boshqa vazirlik va idoralarni jalb etgan holda nazorat qilinadi.
58. Nizom talablarining buzilish holatlari kuzatilganda vakolatli organ bino boshqaruvchisi, oʻrnatuvchi va texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli taʼsir choralarini qoʻllashi mumkin.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
59. Elektron platformaga soxta, yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlar kiritgan jismoniy va yuridik shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
60. Vakolatli va masʼul organlarning mansabdor shaxslari qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish, qonunchilik buzilgani haqidagi soʻrovnomalar va ishlarni koʻrib chiqishda qonunchilikda belgilangan tartibda Nizom talablariga asosan lift pudratchisi, bino boshqaruvchisi, ixtisoslashgan tashkilot, liftni oʻrnatuvchi, mulkdor, texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlardan barcha axborotni olish huquqiga ega.
61. Istalgan taraf davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
62. Ushbu Nizom talablarini bajarish jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
63. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Liftdan foydalanish va unga texnik xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Elektron platformadan ixtisoslashgan tashkilotni tanlaydi va unga liftlarni dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha buyurtma beradi.
Oʻz xohishiga koʻra
2-bosqich
Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot
Texnik xizmat koʻrsatishga roziligi yoki rad etish yuzasidan elektron tasdiq beradi.
Belgilangan muddatlarda
3-bosqich
Ixtisoslashgan tashkilot
Dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkazadi.
Belgilangan muddatlarda
4-bosqich
Lift pudratchisi
Dastlabki texnik koʻrikning ijobiy natijalari berilganidan soʻng elektron platforma orqali liftga texnik xizmat koʻrsatish shartnomasini tuzgan liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar reyestridan tanlaydi.
Liftga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan tasdiq berilganidan soʻng vakolatli organga liftni roʻyxatga olish bosqichiga oʻtkaziladi.
Oʻz xohishiga koʻra
5-bosqich
Vakolatli organ
Liftni roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qilingan taqdirda, ariza beruvchiga lift roʻyxatga olingani va reyestrga kiritilgani toʻgʻrisida QR-kodli maʼlumotnoma elektron platforma orqali avtomatik tarzda yuboriladi.
Kamchiliklar aniqlangan taqdirda, kamchiliklarni elektron platformada koʻrsatgan holda liftni roʻyxatga olishni rad etadi va elektron platforma orqali xabar yuboradi.
2 ish kuni ichida
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-oktabrdagi 588-son qaroriga 2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2025-yil 12-iyuldagi 431-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandning birinchi xatboshisidagi “2026-yil 1-iyuldan” soʻzlari “2027-yil 1-yanvardan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“maxsus elektron axborot tizimi — liftlar roʻyxatdan oʻtkaziladigan, liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish natijalari va Liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazuvchi ixtisoslashgan tashkilotlar reyestri yuritiladigan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi”;
“11. Ixtisoslashgan tashkilot masʼul organ bilan bitim imzolab, elektron platformada roʻyxatdan oʻtishi shart.
Masʼul organ bitim tuzgan ixtisoslashgan tashkilotning baholash natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini jamoatchilikka va lift mulkdoriga elektron platforma orqali eʼlon qilib boradi”;
v) quyidagi mazmundagi 401 — 403-bandlar bilan toʻldirilsin:
“401. Liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazuvchi ixtisoslashgan tashkilotlar reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) maxsus elektron axborot tizimida yuritiladi.
402. Ixtisoslashgan tashkilot liftlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi sifatida Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiyadan oʻtgan va tegishli ruxsatnoma olgan hamda maxsus elektron axborot tizimi orqali masʼul organ bilan bitim imzolagandan keyin reyestrga kiritiladi.
403. Ixtisoslashgan tashkilot quyidagi hollarda masʼul organ tomonidan Reyestrdan chiqariladi:
akkreditatsiya guvohnomasi va (yoki) tegishli ruxsatnomasi bekor qilingan (haqiqiy emas deb topilgan)da;
masʼul organ bilan tuzilgan bitim shartlarini bajarmaganda”.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-oktabrdagi 588-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Sanoat elektrotexnika mahsulotlaridan foydalanishda aholi xavfsizligini taʼminlash hamda ushbu mahsulotlar ustidan sifat nazoratini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 15-noyabrdagi 602-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Gaz holatidagi yoqilgʻida ishlovchi apparatlarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2024-yil 26-dekabrdagi 887-son qaroriga 3-ilovaning 2-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Lift va lift qurilmalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2025-yil 12-iyuldagi 430-son qaroriga 3-ilovaning 4-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2026-y., 09/26/588/1070-son)