Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida yaratilgan “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron tibbiy karta” va “Elektron retsept” modullaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 19-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3758]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-sentabrdagi 570-son “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida yaratilgan “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron tibbiy karta” va “Elektron retsept” modullaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Oʻzbekiston Savdo sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir А. XUDAYAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-dekabr,
19-son
Kelishildi:
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o'rinbosari O. UMAROV
2025-yil 17-dekabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilining o'rinbosari J. URUNOV
2025-yil 10-dekabr
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 9-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2025-yil 24-dekabrdagi 19-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida yaratilgan “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron tibbiy karta” va “Elektron retsept” modullaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Ushbu Yoʻriqnoma barcha tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida yaratilgan “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron tibbiy karta” va “Elektron retsept” modullaridan (bundan buyon matnda modullar deb yuritiladi) foydalanish hamda ushbu modullarga tegishli maʼlumotlarni uzatish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avtorizatsiya — maʼlum shaxsga yoki shaxslar guruhiga muayyan harakatlarni amalga oshirish huquqini berish;
identifikatsiya — foydalanuvchilarning shaxsini aniqlash maqsadida ularga identifikator (noyob nomlar) tayinlash yoki tayinlangan identifikatorlarni (noyob nomlar) identifikatorlar roʻyxati bilan solishtirish;
“Elektron poliklinika” moduli — ambulator sharoitda koʻrsatiladigan barcha tibbiy xizmatlar bilan bogʻliq jarayonlarni (harakatlar) jamlash, maʼlumot almashish, tegishli hisobotlarni shakllantirish kabi funksiyalarni amalga oshiruvchi axborot dasturi;
“Elektron shifoxona” moduli — statsionar sharoitda koʻrsatiladigan barcha tibbiy xizmatlar bilan bogʻliq jarayonlarni (harakatlar) jamlash, maʼlumot almashish, tegishli hisobotlarni shakllantirish kabi funksiyalarni amalga oshiruvchi axborot dasturi;
“Elektron retsept” moduli — elektron retsept bilan bogʻliq barcha jarayonlarni (harakatlar) jamlash, maʼlumot almashish, tegishli hisobotlarni shakllantirish kabi funksiyalarni amalga oshiruvchi axborot dasturi;
“Elektron tibbiy karta” moduli — ambulator va statsionar sharoitda bemor salomatligiga oid maʼlumotlar shakllantiriladigan, tashxislar, tashriflar, muolajalar, tahlillar, kasallik tarixi va tibbiyot xodimi tomonidan kiritilgan maʼlumotlarni raqamli formatda jamlab turadigan axborot dasturi.
2. Tibbiyot tashkilotlari yoki dorixonalar tomonidan modullarni oʻrnatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga soʻrovnoma taqdim etiladi. Soʻrovnomada modulga kirish huquqi berilgan shaxslarning quyidagi maʼlumotlari koʻrsatilishi lozim:
familiyasi, ismi va otasining ismi;
lavozimi va ular faoliyat yurituvchi boʻlinmaning nomi;
pasport (ID-karta) seriyasi va raqami;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
elektron pochta manzili.
3. Tibbiyot tashkilotlari yoki dorixonalarda modullarni oʻrnatish soʻrovnoma taqdim etilgan kundan boshlab 15 ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator — “UZINFOCOM” tomonidan bepul amalga oshiriladi.
4. Modullarda shaxsga doir maʼlumotlarni qayd etish, uzatish (almashish) va saqlash Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi, “Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Tibbiyot tashkiloti yoki dorixonalar modullarda maʼlumotlarning toʻliq va aniq kiritib borilishi hamda yangilanishi uchun masʼul hisoblanadi.
2-bob. Modullardan foydalanish va ulardagi maʼlumotlarni uzatishga qoʻyiladigan talablar
6. Tibbiyot tashkilotlari va dorixonalardagi modullarga kirish huquqi faqat shifokor, dorixonaning farmatsevt maʼlumotiga ega xodimi, hamshira, roʻyxatga oluvchi xodimlarga (bundan buyon matnda foydalanuvchilar deb yuritiladi) beriladi.
7. Foydalanuvchilar Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali modullarda avtorizatsiya va identifikatsiyadan oʻtadi hamda ularga shaxsiy kabinet ochiladi.
8. Shaxsiy kabinetda quyidagi maʼlumotlar saqlanishi shart:
foydalanuvchining identifikatori (ID-raqami);
shaxsiy kabinetning yaratilgan sanasi va vaqti;
foydalanuvchining lavozimi va shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari.
9. Foydalanuvchilar shaxsiy kabinetga Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) yoki elektron raqamli imzo orqali kirish huquqiga ega boʻladi, bunda dasturga oʻziga tegishli boʻlmagan Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) yoki elektron raqamli imzo orqali kirish taqiqlanadi.
10. Tibbiyot tashkiloti yoki dorixonalar foydalanuvchilar bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki boshqa lavozimga oʻtkazilgan vaqtdan boshlab uch ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligini yozma xabardor qilishi kerak.
Bunda, uch ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan foydalanuvchilarning modullarga kirish huquqlari yangilanadi yoki ularning shaxsiy kabineti bloklanadi hamda arxivga koʻchiriladi va kamida bir yil davomida saqlanadi.
11. Foydalanuvchi tomonidan quyidagi maʼlumotlar “Elektron tibbiy karta” moduliga real vaqt rejimida kiritiladi va bir vaqtning oʻzida ushbu maʼlumotlar tegishli ravishda qolgan modullarga avtomatik ravishda uzatiladi:
bemorning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR), familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan sanasi;
bemorning tashxis va tibbiy koʻrsatkichlari;
laborator va instrumental tahlil natijalari;
dori vositalari boʻyicha elektron retseptlar;
ambulator va (yoki) statsionar davolanish yozuvlari.
12. “Elektron retsept moduli”ga maʼlumotlarni uzatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-sentabrdagi 570-son qarori bilan tasdiqlangan Tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
13. Modullarda foydalanuvchilar tomonidan quyidagi asosiy vazifalar amalga oshiriladi:
bemor haqidagi maʼlumotlarni modulga kiritish (roʻyxatdan oʻtkazish);
tashxis va tibbiy koʻrsatkichlarni kiritish va mavjud maʼlumotlarni yangilash;
laborator va instrumental tahlil natijalarini shakllantirish;
dori vositalari boʻyicha elektron retseptlarni shakllantirish;
ambulator va statsionar davolanish yozuvlarini elektron yuritish;
davolanish jarayonlarini elektron yuritish;
elektron tibbiy xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uzatish;
boshqa modullar bilan axborot va maʼlumotlar almashish.
14. “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator — “UZINFOCOM”:
foydalanuvchilarni har yili kamida bir marotaba xatlovdan (inventarizatsiyadan) oʻtkazadi va modullarga kirish huquqlarini qayta koʻrib chiqadi;
modullarning ishlashi va sinovdan oʻtkazilishi davrida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlaydi hamda berilgan modullarda ishlash toʻgʻriligini nazorat qiladi.
15. Bemorlar modullarga kiritilgan oʻzlari haqidagi maʼlumotlar, elektron tibbiy kartasi, kasallik tarixi yoki unga tayinlangan elektron retseptlarni “DMED” mobil ilovasi orqali koʻrishlari va yuklab olishlari mumkin.
16. Foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
modullardagi bemorning maʼlumotlariga kirish;
modullarga bemor haqidagi maʼlumotlarni kiritish va mavjud maʼlumotlarni yangilash;
zarur hollarda elektron shaklda boshqa maʼlumotlarni uzatish.
17. Foydalanuvchilar:
modullardagi shaxsga doir maʼlumotlarni maxfiy saqlashi;
modullarga kirish huquqini (shu jumladan, modullarga kirish uchun Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) login va paroli yoki elektron raqamli imzo kodlarini) boshqa shaxslarga bermasligi;
har bir tibbiy yozuvni real vaqtda kiritishi;
notoʻgʻri yoki soxta maʼlumot kiritish holatlariga yoʻl qoʻymasligi lozim.
3-bob. Yakuniy qoida
18. Mazkur Yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2026 y., 10/26/3758/0059-son)