Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Aksiyadorlik jamiyatlari xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 8-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3559]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son “Kapital bozorini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Aksiyadorlik jamiyatlari xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D. LI
Toshkent sh.,
2024-yil 4-sentabr,
8-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2024-yil 15-avgust
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2024-yil 20-avgust
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi H. TURAXUJAYEV
2024-yil 16-avgust
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A. ORTIKOV
2024-yil 23-avgust
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2024-yil 29-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 4-sentabrdagi 8-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Aksiyadorlik jamiyatlari xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida aksiyadorlik jamiyatlari xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasini joriy etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aksiyadorlik jamiyatlari xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasi (bundan buyon matnda egalik qilish rejasi deb yuritiladi) — aksiyadorlik jamiyatlari xodimlariga jamiyat aksiyalarini sotish yoki aksiyalarga doir opsionni sotishga (berishga) qaratilgan shartlar, kelishuvlar va chora-tadbirlar majmui;
aksiyadorlik jamiyati (bundan buyon matnda jamiyat deb yuritiladi) — ustav fondi (ustav kapitali) aksiyadorlarning aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan huquqlarini tasdiqlovchi muayyan miqdordagi aksiyalarga taqsimlangan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan tijorat tashkiloti;
aksiyadorlik jamiyati xodimi (bundan buyon matnda xodim deb yuritiladi) — jamiyat bilan mehnat shartnomasini tuzgan jismoniy shaxs;
opsion — emissiyaviy qimmatli qogʻoz boʻlib, u oʻz emitentining muayyan miqdordagi qimmatli qogʻozlarini unda nazarda tutilgan muddatda, qatʼiy belgilangan narx boʻyicha sotib olishga boʻlgan huquqini tasdiqlaydi.
2. Aksiyalari birlamchi ommaviy taklif qilish orqali sotilishi belgilangan davlat ulushi ellik foiz va undan ortiq boʻlgan jamiyatlarda egalik qilish rejasi joriy etilishi shart.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilmagan jamiyatlar egalik qilish rejasini oʻz ixtiyoriga koʻra joriy etishi mumkin. Bunda, jamiyat tomonidan egalik qilish rejasini joriy etishda mazkur Nizomda belgilangan talablarga rioya etilishi lozim.
3. Egalik qilish rejasini joriy etish jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi vakolatiga kiradi.
4. Jamiyat tomonidan egalik qilish rejasining joriy etilishi va unga rioya qilinishi ustidan nazorat qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Egalik qilish rejasi doirasida xodimlarning huquqlari
5. Egalik qilish rejasi doirasida xodimlarni jamiyat aksiyalarini sotib olishga yoki aksiyalarga doir opsionni sotib olishga majbur qilish taqiqlanadi.
6. Jamiyat tomonidan egalik qilish rejasi doirasida xodimlarga aksiyalarni sotish uchun ularning ish haqi, mukofotlar, ish haqiga qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va boshqa toʻlovlaridan ushlab qolish taqiqlanadi.
7. Egalik qilish rejasi boʻyicha aksiyalarni sotishda barcha xodimlar uchun bir xil shartlar belgilanishi hamda teng imkoniyatlar berilishi lozim, bundan xodimlar va kuzatuv kengashi aʼzolariga mukofotni yoki ragʻbatlantirish toʻlovini aksiyalarga doir opsionlar tarzida berish mustasno.
Egalik qilish rejasi doirasida kamsitish taqiqlanadi. Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga boʻlgan munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jihatlariga qarab egalik qilish rejasi doirasida biror-bir toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek biror-bir toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitishdir.
8. Egalik qilish rejasi doirasida jamiyat aksiyalarini olgan xodim qonunchilikda belgilangan aksiyadorning barcha huquqlariga ega boʻladi hamda aksiyalarni oʻz xohishiga koʻra tasarruf etadi, bundan aksiyalarga doir opsionni chiqarish shartlarida ularning muomalasiga cheklovlar nazarda tutilgan hollar mustasno.
9. Jamiyat va xodim oʻrtasidagi mehnat munosabatlarining tugatilishi xodimlarning jamiyat aksiyalariga nisbatan huquqlariga taʼsir qilmaydi.
10. Jamiyat xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarni sotib olishga yoʻnaltirilgan mablagʻlari boʻyicha soliq imtiyozlari qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻllaniladi.
3-bob. Egalik qilish rejasini joriy etish
11. Jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq egalik qilish rejasini joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi hamda ushbu qaror bilan egalik qilish rejasi haqidagi hujjat tasdiqlanadi.
12. Egalik qilish rejasi haqidagi hujjatda jamiyat tomonidan xodimlarga aksiyalarni sotish yoki aksiyalarga doir opsionni sotish (berish) shartlari va tartibi hamda egalik qilish rejasi bilan bogʻliq boshqa muhim shartlar koʻrsatiladi.
13. Jamiyat egalik qilish rejasi joriy etilganligi haqidagi axborotni u joriy etilgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida oʻz veb-sayti va Korporativ axborotning yagona portalida joylashtirish yoʻli bilan oshkor qilishi shart.
Jamiyat egalik qilish rejasi haqidagi hujjat tasdiqlangan kundan boshlab oʻn besh kundan kechiktirmay ushbu hujjat bilan barcha xodimlarni tanishtirishi lozim.
14. Jamiyat egalik qilish rejasi doirasida xodimlarga aksiyalarni sotish yoki aksiyalarga doir opsionni sotish (berish) maqsadida jamiyat aksiyalarini qaytarib sotib olishi mumkin.
15. Egalik qilish rejasi doirasida jamiyat aksiyalarini qaytarib sotib olish bozor qiymatida amalga oshiriladi.
4-bob. Egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarga doir opsionni sotish (berish)
16. Egalik qilish rejasi doirasida jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi qarori bilan jamiyat aksiyalari:
xodimlarga aksiyalarga doir opsionni sotish orqali;
xodimlar va kuzatuv kengashi aʼzolariga mukofotni yoki ragʻbatlantirish toʻlovini aksiyalarga doir opsionlar tarzida berish orqali oʻtkazilishi mumkin.
17. Egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarga doir opsionlarni chiqarish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
18. Jamiyat aksiyadorlari umumiy yigʻilishining aksiyalarga doir opsionlarni sotish (berish) toʻgʻrisidagi qarorida aksiyalarga doir opsionlarni oluvchi xodimlar roʻyxati va ularning har biri oladigan opsionlar soni, aksiyalarga doir opsionlar asosida sotiladigan (beriladigan) aksiyalar soni, miqdori, ularni sotish (berish) muddati hamda sotish narxi koʻrsatilishi lozim.
19. Olish huquqini opsionlar beradigan muayyan turdagi aksiyalarning soni aksiyalarga doir opsionlar chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun hujjatlarni taqdim etish sanasidagi holatga koʻra joylashtirilgan ushbu turdagi aksiyalarning 5 foizidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Bunda, bir nafar xodimga sotiladigan (beriladigan) olish huquqini opsionlar beradigan muayyan turdagi aksiyalarning soni ushbu turdagi aksiyalarning 0,1 foizidan oshmasligi lozim.
20. Aksiyalarga doir opsionni chiqarish shartlarida ularning muomalasiga cheklovlar nazarda tutilishi mumkin.
21. Xodimlar va kuzatuv kengashi aʼzolariga mukofotni yoki ragʻbatlantirish toʻlovini aksiyalarga doir opsionlar tarzida berishda aksiyalarning qiymatini qoplash bilan bogʻliq xarajatlar jamiyat sof foydasining bir qismi, taqsimlanmagan foyda, jamiyat tomonidan tashkil etilgan maxsus jamgʻarma yoki qonunchilikda taʼqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
5-bob. Egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarni sotish
22. Egalik qilish rejasi joriy etilgan jamiyatda xodimlar oʻz mablagʻlari hisobidan jamiyat aksiyalarini sotib olish uchun murojaat qilish huquqiga ega.
23. Egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarni xodimlarga sotish shartlari va tartibi, shuningdek xodimlarga sotiladigan aksiyalarning jami umumiy miqdori hamda bir xodimga sotiladigan aksiyalarning eng koʻp miqdori egalik qilish rejasi haqidagi hujjatda belgilanadi.
24. Xodim egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarni sotib olish uchun jamiyatning ijroiya organi rahbariga ariza bilan murojaat qiladi.
25. Jamiyatning ijroiya organi rahbari xodimlarning aksiyalarni sotib olish haqidagi murojaatlarini har chorakda bir marta aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritish masalasini koʻrib chiqish uchun kuzatuv kengashiga taqdim etadi.
26. Kuzatuv kengashi va aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan xodimlarga jamiyat aksiyalarini sotish masalasi egalik qilish rejasi haqidagi hujjat hamda qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
27. Aksiyalarni sotish toʻgʻrisida jamiyat va xodim oʻrtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada sotiladigan aksiyalarning soni va qiymati hamda tomonlarning ixtiyoriga koʻra boshqa muhim shartlar nazarda tutilishi lozim.
28. Jamiyat tomonidan egalik qilish rejasi doirasida jamiyat aksiyalari xodimlarga bozor qiymatida sotiladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
29. Xodimlar egalik qilish rejasi doirasida oʻz huquqlarining buzilishi yuzasidan qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi yoki sudga murojaat qilishlari mumkin.
30. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2024-y., 10/24/3559/0797-son)