Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 9-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 21-iyunda maʼqullangan
Senat tomonidan 2024-yil 21-iyunda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda kasaba uyushmalari tashkilotlari ishining samaradorligini oshirishga, ular aʼzolarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlashga, shuningdek kasaba uyushmalari tashkilotlarining faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy bazani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga amaliyotda yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan bank hisobvaraqlarini ochish bilan bogʻlik muammolar mavjud boʻlib, buning uchun soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami olinishi taqozo etiladi.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalariga va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlariga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami berilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilmoqda.
Bundan tashqari “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalari boʻlinmalarining va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarining adliya organlarida hisobga qoʻyilishi mumkinligini va ushbu tartib Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Mazkur Qonun yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan moliyaviy faoliyatning toʻlaqonli amalga oshirilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 6-dekabrda qabul qilingan “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-588-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 12, 882-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 5, 464-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda) 19-moddasi kuyidagi mazmundagi sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari oʻz ixtiyoriga koʻra adliya organlarida hisobga qoʻyiladi.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 106, 110, 111-moddalar) 127-moddasiga kuyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin:
kuyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Adliya organlarida hisobga qoʻyilgan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalariga va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlariga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami ularning ixtiyoriga koʻra beriladi”;
ikkinchi — oltinchi qismlar tegishincha uchinchi — yettinchi qismlar deb hisoblansin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini xamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonun 1-moddasining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan tartibni ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin ikki oy ichida belgilasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-avgust,
OʻRQ-942-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2024-y., 03/24/942/0612-son)