Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarini isloh qilish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Davlat ulushiga ega tijorat banklari va korxonalarni transformatsiya qilish va ularni xususiylashtirish boʻyicha vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-martdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-83-son qarorining ilovasida koʻrsatilgan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar va tijorat banklari, shuningdek “UzAssets” investitsiya kompaniyasi ustav kapitalidagi davlat aksiya (ulushlari) paketlari Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻtkazilsin.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ikki hafta muddatda 1-ilovaga asosan roʻyxatga muvofiq tashkilotlar ustav kapitalidagi oʻziga tegishli davlat aksiya paketlari boʻyicha aksiyador vakolatlarini amalga oshirish va boshqarish funksiyalarini ishonchnoma asosida cheklanmagan muddatga Iqtisodiyot va moliya vazirligiga berilishini taʼminlasin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga mazkur bandda nazarda tutilgan yirik korxonalar va tijorat banklarini isloh qilish vakolatlari va vazifalari yuklatilsin.
2. Strategik islohotlar agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ikki hafta muddatda mazkur qarorda nazarda tutilgan aksiya paketlarining (ulushlarning) Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli aksiyalar boʻyicha barcha aksiyadorlik masalalari yuzasidan qarorlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mustaqil qabul qilinadi.
Bunda, tashkilotlarning ustav kapitalidagi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli aksiya paketlari (ulushlari) boʻyicha dividendlar hamda ushbu aksiya paketlari sotilishidan tushadigan mablagʻlar Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (J. Qoʻchqorov):
a) bir oy muddatda “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tashkiliy tuzilmasi va ichki korporativ hujjatlarini, ijroiya organi va kuzatuv kengashi tarkibini qayta tasdiqlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2023-yil 31-dekabrga qadar:
(3-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
“UzAssets” investitsiya kompaniyasi bilan birgalikda kompaniya hamda uning boshqaruvidagi har bir korxona va tijorat bankining transformatsiyasiga konsultantlar jalb qilsin hamda ularni isloh qilish grafigini tasdiqlasin;
xalqaro moliya institutlari va konsultantlari bilan birgalikda yirik davlat korxonalari va tijorat banklarini transformatsiya qilishning keyingi bosqichini amalga oshirishga, shu jumladan zamonaviy operatsion modellarini joriy etishga qaratilgan qaror loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlashga kiritsin;
v) 2023-yil 1-dekabrga qadar “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan unga boshqaruvga berilgan tashkilotlarning 2024-yil uchun biznes-rejalarining tasdiqlanishini taʼminlasin;
g) “UzAssets” investitsiya kompaniyasi, davlat ishtirokidagi yirik korxonalar va tijorat banklari rahbarlik lavozimlariga xorijiy mutaxassislarni tayinlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “UzAssets” investitsiya kompaniyasining davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish va boshqarish bilan bogʻliq xarajatlarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
mazkur qarorda koʻzda tutilgan davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklari tomonidan davlat ulushi boʻyicha hisoblangan dividendlar (bundan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan qismi mustasno);
xalqaro moliya institutlaridan davlat moliyasini va davlat korxonalarini boshqarishni kuchaytirishga, ularni xususiylashtirishga qaratilgan institutsional rivojlanish, bozor islohotlarini rivojlantirish siyosatini qoʻllab-quvvatlash va boshqa maqsadlar uchun jalb qilinadigan mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov) ikki hafta muddatda “UzAssets” investitsiya kompaniyasini joylashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 18-avgust,
PQ-283-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-283-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining davlat aksiya paketi (ulushi) boʻyicha aksiyador (ishtirokchi) funksiyasi mavjud tashkilotlar
ROʻYXATI
|
T/r |
Tashkilot nomi |
Ulushi, % |
|
1. |
“Agrobank” ATB |
46,3 |
|
2. |
“Asakabank” ATB |
88,2 |
|
3. |
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB |
82,1 |
|
4. |
“Xalq banki” AT |
78,5 |
|
5. |
“Turonbank” ATB |
90,1 |
|
6. |
“Qishloqqurilishbank” ATB |
23,9 |
|
7. |
“Aloqabank” ATB |
54,5 |
|
8. |
“Oʻzmilliy bank” AJ |
59,3 |
|
9. |
“Mikrokreditbank” ATB |
28,2 |
|
10. |
“Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ |
37,0 |
Izoh: davlat ulushi miqdori oʻzgargan taqdirda, ulush Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻzgarishlarni hisobga olgan holda boshqaruvga beriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-283-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-martdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-83-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Iqtisodiyot va moliya vazirligiga mazkur korxonalarni isloh qilish vazifasi yuklansin”;
2. 2-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Strategik islohotlar agentligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
3. 3-bandning birinchi xatboshisidagi “Strategik islohotlar agentligining” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5. Ilovaning izoh qismidagi “Strategik islohotlar agentligiga” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.08.2023-y., 07/23/283/0633-son; 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)