Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirining
Buyrugʻi
QMQ 2.04.02-19 “Suv taʼminoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar” qurilish meʼyorlari va qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 19-dekabrda hisobga olindi, hisob raqami 126-son]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son “Aholining ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan buyuraman:
1. QMQ 2.04.02-19 “Suv taʼminoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar” qurilish meʼyorlari va qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2022-yil 21-noyabr,
200-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi B. YuSUPALIYEV
2022-yil 13-oktabr
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh. XIDOYATOV
2022-yil 17-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining 2022-yil 21-noyabrdagi 200-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
QMQ 2.04.02-19 “Suv taʼminoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar” qurilish meʼyorlari va qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1) Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur qurilish meʼyorlari va qoidalari (keyingi oʻrinlarda QMQ deb yuritiladi) aholi punktlari va iqtisodiyot tarmoqlari obyektlarining markazlashgan ichimlik suv taʼminoti tizimlarini loyihalashtirishda tatbiq etiladi.
Mazkur QMQ talablari portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi, ulardan foydalanuvchi yoki ularni saqlovchi korxonalar, yogʻoch materiallari omborlari, neftgaz qazib chiqarish va neftni qayta ishlash sanoati suv quvurlariga tatbiq etilmaydi.”.
2) 13.5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13.5. Ichimlik suv taʼminoti tizimini avtomatlashtirish uchun sanoat usulida ishlab chiqarilgan mikroprotsessorlar, kontrollerlar, tarmoq va kommunikatsiya uskunalari, ichimlik suv sifatini nazorat qilish datchiklari va hisoblash (kompyuter) texnikalari qoʻllanilishi lozim.
Ichimlik suv taʼminoti tizimiga kiruvchi avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari ularning boshqa ichimlik suv taʼminoti tizimlari bilan oʻzaro bogʻliq holda ishlashini hisobga olib qurilishi kerak.
Suv bosimini va sarfini nazorat qilish hamda hisobga olish uchun ichimlik suv taʼminoti tizimida elektron suv hisoblagichlar oʻrnatilishi lozim.
Ichimlik suvni tayyorlash jarayonining barcha bosqichlarida (shu jumladan, yer osti va usti suv manbalaridan suv olish nuqtalaridan) suv sathi ortishi, tushishi va yer usti suv manbalaridan olinadigan suvni loyqaligi hamda ichimlik suv sifati koʻrsatkichlarini kuzatish va hisobga olish uchun sifat koʻrsatkichlarini doimiy nazorat qiluvchi uskunalardan yoki laboratoriya tahlillaridan foydalanish kerak.”.
3) 13.8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13.8. Yer usti suv olish inshootlarida panjara va toʻrlardagi suv sathining pasayishini kuzatish, shuningdek kameralarda, suv omborida yoki suv oqimida suvning sathi, loyqaligi hamda oqim va tushirish quvurlaridagi bosimni oʻlchash imkoniyatlari nazarda tutilishi lozim.”.
4) 13.10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13.10. Quduqlarda suvning dinamik sathi yoʻl qoʻyilgan quyi darajadan pastga tushib ketganda nasoslarning avtomatik ravishda oʻchirilishini nazarda tutish kerak.”.
5) 13.11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13.11. Yer osti suv olish joylarida, suv minorasi (suv toʻplash rezervuari)dagi suv sathining oʻzgarish dinamikasi hamda ishlab turgan nasoslarning maqbul sonidan (nasoslarning dinamiklik darajasi va energiya samaradorligini tahlil qilish asosida) kelib chiqib, nasoslarning avtomatik boshqaruvini nazarda tutish lozim.”.
6) 13.14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13.14. Oʻzgaruvchan ish rejimiga ega nasos stansiyalari uchun elektr quvvatining minimal sarfini taʼminlash maqsadida suv bosimini va sarfini boshqarish imkoniyati nazarda tutilishi kerak.
Suv bosimi va sarfini bosqichma-bosqich boshqarish birgalikda ishlaydigan nasoslar sonini (umumiy quvvat sarfini kamaytirish maqsadida) oʻzgartirish va tanlash orqali taʼminlanadi. Bunda, nasoslarning barqaror (uzluksiz) ishlashini taʼminlash nasoslarning aylanish tezligini, suv bosimini va sarfini boshqarish uskunalari yordamida amalga oshirilishi mumkin.”.
7) 13.16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13.16. Elektryurgizgichni boshqarish tarmoqdagi bosimga, yetkazib beriladigan suv sarfiga va suv toʻplash rezervuaridagi suv sathiga qarab avtomatik ravishda amalga oshirilishi kerak.
Nasos qurilmalarida boshqariladigan elektyurgizgich sifatida chastotali yurgizgich, vintelli dvigatelga asoslangan yurgizgich va boshqa shu kabi vositalar qoʻllanilishi mumkin.
Boshqarish algoritmlari quyidagi nosozliklar yuz bergan holatlarda boshqariladigan elektryurgizgichning avariyasiz ishlashini taʼminlashi kerak:
datchiklar va nazorat-oʻlchov asboblarining (NOʻA) elektryurgizgich yoki berkitish-tartibga solish armaturasi ishdan chiqqanda;
boshqarish obyekti bilan aloqaning yoʻqligida;
fiderdagi fazalarning oʻzgarib qolishi mumkin boʻlgan holatlarda elektr taʼminoti yoʻqolishi va keyinchalik tiklanishida.”.
8) 13.24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13.24. Ichimlik suv tayyorlash (tozalash) stansiyalarida quyidagilar nazorat qilinishi kerak:
manbadagi (daryo, kanal, soy, yer osti quduqlari) suv sifati;
suv sarfi (dastlabki, ishlov berilgan, yuviladigan va takroran ishlatiladigan);
reagentlar eritmalari va havo sarfi;
filtrlar, qorishtirgichlar, reagent baklari va boshqa sigʻimlardagi suv sathi;
tindirgichlar va tiniqlashtirgichlarda choʻkindilar darajasi;
ichimlik suv rezervuaridan (idishlaridan) chiqish joylarida xlor yoki ozon qoldigʻi miqdori;
dastlabki va tozalangan (ichimlik) suvning rN qiymati;
reagent eritmalarining konsentratsiyasi (koʻchma asboblar va laboratoriya usulida oʻlchanishi mumkin);
sulfat yoki alyuminiy oksidi asosidagi reagentlardan foydalanganda suv tarkibida tindirgichlardan chiqadigan alyuminiy konsentratsiyasi;
temir xloridi asosidagi reagentlardan foydalanganda suv tarkibida tindirgichlardan chiqadigan temir konsentratsiyasi;
stansiyaga kirishda, shuningdek tindirgichlar, filtrlar va toza suvning idishlardan chiqish joylarida suvning loyqaligi;
tindirgichdan chiqishda suvning rangliligi;
stansiyaga kirish joyidagi suv bosimi;
tezkor nazoratni talab qiladigan va tegishli texnik vositalar bilan taʼminlangan boshqa texnologik parametrlar.
Ichimlik suv sifatini nazorat qilish Oʻz DSt 950 ga muvofiq amalga oshiriladi.”.
9) 13.25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13.25. Quyidagi jarayonlarning avtomatlashtirilishi nazarda tutilishi lozim:
dastlabki suvning loyqaligiga qarab suvni tozalash, (suvni rangsizlantirish va/yoki filtrlash) jarayonini chetlab oʻtgan holda (agar manba suvning loyqaligi normal boʻlsa);
koagulantlar va boshqa reagentlarni rN parametri (suvdagi ishqoriylik) asosida meʼyorlash;
xlor, ozon va xlor reaktivlari bilan zararsizlantirish;
reagentli usulda ftorlashtirish va ftorsizlantirish.
Suv sarfi oʻzgaruvchan boʻlganda reagent eritmalari konsentratsiyasini avtomatlashtirilgan holda meʼyorlash ishlov beriladigan suv sarfi va reagentning doimiy konsentratsiyasi nisbatiga hamda ularning sifat (loyqaligi, qattiqligi va b.) koʻrsatkichlariga qarab joyida yoki masofadan oʻzgartirish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.”.
10) Quyidagi mazmundagi 13.25.1 va 13.25.2-bandlar bilan toʻldirilsin:
“13.25.1. Kimyoviy natriy gipoxlorit idishlari quyidagilar bilan jihozlangan boʻlishi kerak:
boshqaruv xonasida va joyida ushbu idishlarni toʻldirish va boʻshatish jarayonlarining belgilangan meʼyorlariga erishilganligi haqida ovoz va yorugʻlik signallarining avtomatik ravishda yoqiladigan natriy gipoxlorit darajasini oʻlchash va nazorat qilish tizimi bilan;
natriy gipoxloritning tovaga oqib ketishini kuzatish tizimi bilan;
Kimyoviy natriy gipoxlorit ishlatiladigan xonalar havodagi xlor tarkibini aniqlash va nazorat qilish uchun avtomatik tizimlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Xlorning yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp darajasi (YQD) meʼyordan (1 mg/m3) oshib ketganda, boshqaruv xonasida va natriy gipoxlorit eritmalarini saqlash joyida ovoz va yorugʻlik signallari hamda soʻrib oluvchi ventilatsiyasi (agar u oʻchirilgan boʻlsa) avtomatik ravishda ishga tushishi kerak.
Xlor detektorlari 0,5 YQDda yondosh komponentlar mavjudligida xlor uchun sezgirlikka ega boʻlishi va xlor konsentratsiyasini oʻlchashda umumiy xatoligi ±25% dan oshmasligi kerak.
13.25.2. Koagulantlar, reagentlar va natriy gipoxlorit eritmalari statsionar va transport yordamida tashish uchun moʻljallangan idishlardan olinganda ularning sarfi nazorat qilinishi lozim.
Elektroliz xonalari, natriy gipoxlorit elektrolitlarini saqlash idishlari avtomatik gaz analizatorlari bilan jihozlanishi kerak.
Portlashdan oldingi konsentratsiyali gaz analizatorlari vodorod konsentratsiyasi 10% boʻlganda hamda avariya holatida alangalanish (portlash) konsentratsiyasining pastki darajasi 21% boʻlganda ogohlantiruvchi ovoz va yorugʻlik signallarni taʼminlashi kerak.
Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar doimiy boʻladigan xonalarda ogohlantiruvchi va avariyaviy signallarni beruvchi uskunalar boshqaruv panelida va xonadan chiqish joyida ichkaridan, xodimlarning vaqti-vaqti bilan boʻladigan hamda datchiklar oʻrnatilgan xonaga kirish joyida tashqaridan joylashtirilishi kerak. Ovozli signal faqat xonalarda qoʻllanilishi mumkin.
Texnologik parametrlarni (suv sarfi, bosimi, harorati, konsentratsiyasi va b.) oʻlchash va boshqarish natriy gipoxlorit elektroliti va osh tuzi eritmalarida korroziyaga chidamli boʻlgan nazorat-oʻlchash hamda parametrlarni boshqarish uskunalari va moslamalari yordamida amalga oshirilishi kerak.”.
11) 13.35-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13.35. Suv oqib ketishini nazorat qilish uchun tarmoqdagi bosimni nazorat qilish nuqtalarida boshqaruv punktlariga ulangan datchiklarni nazarda tutish kerak.”.
12) 13.36-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13.36. Nasos stansiyalari va boshqaruv punktlariga ogohlantirish signallarini uzatish maqsadida avtomatlashgan tizimlardan foydalanish uchun barcha turdagi suv idishlari va rezervuarlarda suv sathini oʻlchash va nazorat qilishni nazarda tutish zarur.
Bunda quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
suvning idishdagi sathi va hajmi;
suvning idishdan oqish tezligi;
yongʻinni oʻchirish uchun zarur boʻlgan suv zaxirasi hajmi;
suvning avariyaviy holatdagi hajmi;
suvning nasoslar avariyasiz ishlashi uchun zarur boʻlgan eng kichik hajmi.
Suvni uzatish va chiqarib yuborish uchun alohida liniyalar bilan jihozlangan suv idishlari hamda rezervuarlarida har bir uzatish va chiqarib yuborish liniyalarida suv sarfi hisoblagichi oʻrnatilishi lozim.”.