Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Bojxona sohasidagi tartib-taomillar takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda Jahon savdo tashkiloti va Jahon bojxona tashkilotining standartlari hamda tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, shuningdek, milliy bojxona qonunchiligini takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Bojxona sohasidagi qonunosti hujjatlarining normalarini qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida” 2021-yil 14-iyuldagi OʻRQ-701-son, “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 1-fevraldagi OʻRQ-748-son hamda “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida” 2022-yil 18-fevraldagi OʻRQ-755-son qonunlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalash tartibotlarini raqamlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan chet ellik shaxslar uchun boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini tashkil etish;
tranzit deklaratsiyasi va tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash tartibotlari uchun pasaytirilgan bojxona yigʻimlari stavkalarini belgilash;
qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha boʻlgan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini soddalashtirilgan tartibda deklaratsiyalash.
2. Davlat bojxona qoʻmitasi va boshqa vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi A.Yu. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 5-sentabr,
487-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-sentabrdagi 487-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-oktabrdagi 814-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida ikki yoʻlakli tizimni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 15-banddagi “normasi hamda aksiz soligʻi solinmaydigan tovarlarni olib kirish” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 16-banddagi “normasi hamda aksiz soligʻi solinmaydigan tovarlarni olib kirish” soʻzlari chiqarib tashlansin;
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 163-son qarori bilan tasdiqlangan Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi toʻgʻrisida nizomning 4-bandi uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Meva-sabzavot mahsulotlarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi eksport qiluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi asosida amalga oshiriladi. Bunda hujjatlardagi mavjud maʼlumotlarning ishonchliligi, shuningdek, mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan noqonuniy olib oʻtish holatlari uchun eksport qiluvchi javobgar hisoblanadi”;
3. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-apreldagi 365-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Institutning magistratura taʼlim yoʻnalishiga qabul qilingan xodimlar Institut tinglovchisi hisoblanadi. Magistraturada oʻqish davrida tinglovchilarning oxirgi egallagan lavozimidagidan kam boʻlmagan miqdorlardagi pul taʼminoti saqlangan holda bojxona organlarining ixtiyorida qoldiriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
5. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 500-son qarori bilan tasdiqlangan Vakolatli iqtisodiy operator toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Qoʻmita reyestrni har oyda yangilab borilishini taʼminlaydi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi 55-sonli qaroriga asosan 6-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 4-may — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2025-y., 09/25/55/0102-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 800-son qarori bilan tasdiqlangan Bojxona nazorati ostida avtomobil yoʻllarida tashilayotgan tovarlarning bojxona hamrohligidagi kuzatuvini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 11-bandidagi “ellik ming AQSH dollari” soʻzlari “yuz ming yevro” soʻzlari bilan almashtirilsin;
8. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-avgustdagi 531-son qarori bilan tasdiqlangan Bojxona nazorati ostidagi tovarlarga nisbatan yuk operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Yuk operatsiyalarini amalga oshirish uchun qoʻyilgan bojxona identifikatsiyalash vositalari bojxona organi mansabdor shaxsi tomonidan oʻzgartiriladi, almashtiriladi, olib tashlanadi yoki yoʻq qilinadi.
Yuk operatsiyalari bojxona nazorati zonasida yoki bojxona ombori hududida oʻtkazilganda, qoʻyilgan bojxona identifikatsiyalash vositalarini olib tashlash yoki yoʻq qilish bojxona organining ruxsati asosida bojxona nazorati zonasiga javobgar shaxs yoki bojxona ombori egasi yoki uning vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Bojxona identifikatsiyalash vositalari oʻzgartirilishi, almashtirilishi, olib tashlanishi yoki yoʻq qilinishi bojxona organi mansabdor shaxsiga transport vositalariga yuklangan tovarlarga nisbatan bojxona koʻrigida nazarda tutilgan amallarni bajarish boʻyicha majburiyat yuklamaydi”;
b) 30-bandning ikkinchi xatboshisidagi “tasdiqlovchi hujjat” soʻzlaridan soʻng “(qonunchilik hujjatlariga muvofiq istisno etib belgilangan hollar bundan mustasno)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Ushbu Nizomning 29 va 30-bandlarida nazarda tutilgan tartibda bojxona ombori hisoblanmaydigan joylarda saqlash uchun bojxona toʻlovlarini taʼminlash miqdori, bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyozlar qoʻllanilmagan holda (ayrim turdagi tovarlarga nisbatan talab va shartlarsiz beriladiganlaridan tashqari), ularni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgandagi hisoblangan miqdordan kam boʻlmasligi lozim”.
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qaroriga asosan 9-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 8-fevral — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son)
10. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining markaziy bojxona laboratoriyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-dekabrdagi 790-son qarorida:
a) 2-bandning “b” kichik bandi beshinchi xatboshisi “jalb qilgan holda,” soʻzlaridan soʻng “shuningdek, budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan sotib olinadigan” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) 3-ilovaning nomi “jalb qilgan holda” soʻzlaridan soʻng “shuningdek, budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan sotib olinadigan” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 3-ilova quyidagi mazmundagi 23 va 24-pozitsiyalar va izoh qismi bilan toʻldirilsin:
| “ | ||||
| T/r | Nomlanishi | Oʻlchov biligi | Soni | TIF tn kodi |
| 23. | Standartlar va kimyoviy moddalar saqlash moʻljallangan laborator muzlatkich | dona | 1 | 8418 |
| 24. | Analitik tarozi | dona | 1 | 9016 |
Izoh.
1. Ushbu roʻyxatning 2, 6, 7, 23 va 24-bandlarida koʻrsatilgan texnologik asbob-uskunalar 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Markaziy bojxona laboratoriyasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan sotib olinadi.
2. Yakuniy TIF TN kodlari tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida koʻrsatiladi”.
Izoh. Mazkur ilovaning 6-bandi oltinchi va yettinchi xatboshshari 2023 ysh 1-yanvardan kuchga kiradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2022-y., 09/22/487/0794-son; 03.02.2025-y., 09/25/55/0102-son; 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son; 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)