Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BADIIY ANSAMBLLARI FAOLIYATINI YaXShILASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi sanʼatini rivojlantirish, milliy anʼanalar va qadriyatlarni boyitish, oʻzbek xalqi madaniyatini hamdoʻstlik va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib etish, badiiy ansambllarning ijodiy shart-sharoitlarini, moddiy-texnikaviy ahvolini yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Bahor” ansamblining ijodiy faoliyatini takomillashtirish maqsadida 1993-yilning birinchi choragida Madaniyat ishlari vazirligining buyurtmasiga binoan:
— “Toshkentboshqurilish” (oʻrtoq E. Rustamov) “Bahor” konsert zalini taʼmirlashni, yangi mashgʻulot zalini qurishni taʼminlasin;
— Madaniyat ishlari vazirligi loyiha, sarf-xarajat hujjatlarini oʻz vaqtida tayyorlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (oʻrtoq E. Boqiboyev), “Oʻzshartnomasavdo” (oʻrtoq T. Sharipov), Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi (oʻrtoq V. Saakov) “Bahor” konsert zalini taʼmirlash va qurilish ishlari, zalni va sahnani texnik jihozlash, yangi asarlarni sahnalashtirish maqsadida konsert liboslarini tiktirish uchun 1-ilovaga* muvofiq tegishli moliyaviy va moddiy-texnikaviy resurslar, shuningdek, transport vositalari ajratsinlar.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Oʻzbek milliy raqs sanʼatining shakllanishiga va rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshgan xalq artisti, “Bahor” ansamblining asoschisi Mukarrama Turgʻunboyeva tavalludining 80 yilligi respublikada 1993-yilda nishonlansin. Yubiley komissiyasining tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin va komissiya qisqa muddat ichida yubiley tadbirlarini ishlab chiqib, uni bajarishga kirishsin.
* 2-ilova berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining 1993-yildan boshlab yil mobaynida yaratilgan va xalq eʼtiboriga sazovor boʻlgan milliy raqs dasturlari uchun M. Turgʻunboyeva nomidagi uch darajali mukofotni taʼsis etish haqidagi taklifi maʼqullansin hamda vazirlik mazkur mukofot haqidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Tanlovlarni eʼlon qilish va natijalari boʻyicha mukofot sovrindorlarini aniqlash va taqdirlash Madaniyat ishlari vazirligiga topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (oʻrtoq E. Boqiboyev) 1993-yildan boshlab har yili mukofot sovrindorlarini taqdirlash uchun 3-ilovaga* muvofiq mablagʻ ajratsin.
*3-ilova berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (oʻrtoq E. Boqiboyev) va “Oʻzshartnomasavdo” uyushmasi (oʻrtoq T. Sharipov) Madaniyat ishlari vazirligining buyurtmasiga asosan M. Qoriyoqubov nomli oʻzbek davlat filarmoniyasi “Shodlik” ansamblining ijodiy, moddiy-texnik bazasini rivojlantirish maqsadida 1993-yilning birinchi choragida 4-ilovaga* muvofiq mablagʻ va moddiy resurslar ajratsinlar.
* 4-ilova berilmaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (oʻrtoq E. Boqiboyev) va “Oʻzshartnomasavdo” uyushmasi (oʻrtoq T. Sharipov) Oʻzbekiston Davlat teleradiokompaniyasi buyurtmasiga asosan teleradiokompaniya qoshidagi dutorchi qizlar ansambli ijodiy faoliyatini yaxshilash maqsadida 1993-yilning birinchi choragida 5-ilovaga* muvofiq zarur mablagʻ va moddiy resurslar ajratsinlar.
* 5-ilova berilmaydi.
6. Sanʼat va madaniyat xodimlarining turar joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida ularning ijodiy faoliyati uchun moslashtirilgan loyiha asosida shaharning markaziy qismida koʻp qavatli, 96 kvartirali turar joy binosi qurish maqsadga muvofiq deb topilsin. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (oʻrtoq E. Boqiboyev), Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi (oʻrtoq V. Saakov) ushbu maqsad uchun zarur mablagʻ ajratsinlar.
Madaniyat ishlari vazirligi sanʼat va madaniyat xodimlari uchun moʻljallangan uy qurilishining buyurtmachisi, “Toshkentboshqurilish” (oʻrtoq E. Rustamov) bosh pudratchi qilib belgilansin.
Toshkent shahar hokimi oʻrtoq A. Fozilbekov bir oy muddat ichida turar joy binosi uchun yer maydoni ajratish masalasini hal etsin.
7. Madaniyat ishlari vazirligi (oʻrtoq Z. Hakimov) va Oʻzdavteleradiokompaniya (oʻrtoq E. Hayitboyev) bir oy muddat ichida badiiy jamoalarning sanʼat rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan namoyandalarini ragʻbatlantirish uchun belgilangan tartibda taklif kiritsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq M. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 8-yanvar,
14-son