Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON TABIIY GAZ UZATISh “OʻZGAZUZATISh” DAVLAT BIRLAShMASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida”gi 1998-yil 15-dekabrdagi 523-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika ichida va uning tashqarisida tabiiy gaz uzatishni taʼminlovchi ixtisoslashtirilgan korxonalar va tashkilotlarning boshqaruv tuzilmasini yanada takomillashtirish hamda ular ishining iqtisodiy samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekneftgaz” konsernining “Oʻzbekgazsanoat” ishlab chiqarish birlashmasining respublika hududida joylashgan ixtisoslashtirilgan boʻlinmalari negizida tuzilayotgan “Oʻzbekneftgaz” Milliy korporatsiyasi tarkibida “Oʻzgazuzatish” Oʻzbekiston davlat birlashmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
“Oʻzgazuzatish” birlashmasi tarkibiga 1-ilovaga* muvofiq korxona va tashkilotlar kiritilsin. “Oʻzbekgazmaxsusqurilish” tresti “Gazuzatishqurilish” tresti deb, “Oʻrtaosiyogazuzatish” va “Oʻrtaosiyogazenergoservis” korxonalari tegishlicha “Urganchgazuzatish” va “Gazenergoservis” korxonalari deb qayta nomlansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Oʻzbekneftgaz” konserni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda 20 kun muddat ichida amaldagi qonunchilikka muvofiq respublika tashqarisida joylashgan “Oʻzgazuzatish” birlashmasi tarkibiga kiruvchi korxonalarning maqomini aniqlashga oid takliflarni koʻrib chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzgazuzatish” birlashmasi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida gazni quvur orqali uzatishni, magistral gaz quvurlaridan va tarmoq gaz quvurlaridan foydalanish va ularni tuzatishni amalga oshiruvchi korxona va tashkilotlarni oʻz tarkibiga oluvchi davlat korxonasi hisoblanadi;
yuridik shaxs hisoblanadi va oʻz faoliyatini respublikaning amaldagi qonunchiligi, “Oʻzbekneftgaz” konsernining Ustavi va birlashma Ustavi asosida tashkil etadi.
3. Belgilansinki, “Oʻzgazuzatish” birlashmasi:
Oʻzbekiston hududida qazib olinadigan tabiiy gazni respublikadagi isteʼmolchilarga uzatishni shartnoma asosida tashkil etishni taʼminlaydi;
Oʻzbekistonda qazib olinadigan tabiiy gazni boshqa davlatlarga hukumatlararo shartnomalarga muvofiq isteʼmolchilar bilan tuzilgan shartnoma asosida uzatishni amalga oshiradi;
gazni Oʻzbekiston hududi orqali qoʻshni mamlakatlarga hukumatlararo shartnomalarga muvofiq gaz yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar bilan tuzilgan shartnoma asosida tranzit bilan uzatishni amalga oshiradi.
“Oʻzbekneftgaz” konserni bir oy muddat ichida qoʻshni MDH mamlakatlarining tegishli organlari bilan 1993-yilda tabiiy gazni uzatish, shu jumladan, tranzit bilan uzatish uchun shartnomalar tuzish masalalarini ishlab chiqsin.
4. Quyidagilar “Oʻzgazuzatish” birlashmasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari deb hisoblansin:
magistral gaz quvurlaridan, kompressor stansiyalardan, tarmoq gaz quvurlaridan, gaz taqsimlovchi stansiyalar va yer osti gaz omborlaridan foydalanish;
boshqa davlatlar hududida joylashgan va birlashma tarkibiga kiruvchi magistral gaz quvurlari obyektlaridan foydalaniщ;
ehtiyot qismlar tayyorlash hamda uzellar va texnologik, energomexanik asbob-uskunalar detallarini tuzatish;
gaz quvurlarining va taqsimlovchi stansiyalarning liniya qismlarini asosli tuzatish;
xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish va aholiga pulli xizmatlar koʻrsatish.
5. “Oʻzgazuzatish” birlashmasining yuqori organi Kengash hisoblanadi, u boshqaruvni saylaydi, apparat tuzilmasini, mehnat haqi fondini va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini belgilaydi. Apparatni saqlash uchun xarajatlar birlashma tarkibiga kiruvchi tarkibiy boʻlinmalardan ajratmalar hisobiga amalga oshiriladi.
Birlashma apparatining tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq tavsiya etilsin. “Oʻzgazuzatish”ning bosh direktori maishiy taʼminot, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish jihatidan vazirning birinchi oʻrinbosariga, bosh direktor oʻrinbosarlari esa — vazir oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Bosh direktor va uning oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
6. “Oʻzgazuzatish” birlashmasi bir oy muddat ichida birlashma Ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun “Oʻzbekneftgaz” konserniga kiritsin.
7. “Oʻzbekgazuzatish” birlashmasi boshqaruvi apparati Toshkent shahar, Pedagogika koʻchasi, 31-a uydagi binoga joylashtirilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish oʻrtoq Q.J. Haqqulov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yilning yanvar oyida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 23-dekabr,
585-son