Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
AXBOROT ERKINLIGI PRINSIPLARI VA KAFOLATLARI TOʻGʻRISIDA
1-modda. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlariga rioya etilishini, har kimning axborotni erkin va moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, foydalanish va saqlash huquqlari roʻyobga chiqarilishini, shuningdek axborotning muhofaza qilinishini hamda shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini taʼminlashdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
axborot — manbalari va taqdim etilish shaklidan qatʼi nazar shaxslar, predmetlar, faktlar, voqealar, hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
axborot mulkdori — oʻz mablagʻiga yoki boshqa qonuniy yoʻl bilan olingan axborotga egalik qiluvchi, undan foydalanuvchi va uni tasarruf etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
axborotni muhofaza etish — axborot borasidagi xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari;
Oldingi tahrirga qarang.
axborot resurslari — alohida hujjatlar, hujjatlarning alohida toʻplamlari, axborot tizimlaridagi (axborot-kutubxona muassasalaridagi, arxivlardagi, idoraviy arxivlardagi, fondlardagi, maʼlumotlar banklaridagi va boshqa axborot tizimlaridagi) hujjatlar va hujjatlarning toʻplamlari;
(3-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
axborot sohasi — subyektlarning axborotni yaratish, qayta ishlash va undan foydalanish bilan bogʻliq faoliyati sohasi;
axborot borasidagi xavfsizlik — axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining himoyalanganlik holati;
axborot egasi — qonunda yoki axborot mulkdori tomonidan belgilangan huquqlar doirasida axborotga egalik qiluvchi, undan foydalanuvchi va uni tasarruf etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
Oldingi tahrirga qarang.
maxfiy axborot — foydalanilishi qonunchilikka muvofiq cheklab qoʻyiladigan hujjatlashtirilgan axborot;
(3-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
ommaviy axborot — cheklanmagan doiradagi shaxslar uchun moʻljallangan hujjatlashtirilgan axborot, bosma, audio, audiovizual hamda boshqa xabarlar va materiallar;
hujjatlashtirilgan axborot — identifikatsiya qilish imkonini beruvchi rekvizitlari qoʻyilgan holda moddiy jismda qayd etilgan axborot.
4-modda. Axborot erkinligi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har kim axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqiga ega.
Axborot olish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq va erkinliklari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy qadriyatlari, mamlakatning maʼnaviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish, xavfsizligini taʼminlash maqsadida cheklanishi mumkin.
5-modda. Axborot erkinligining asosiy prinsiplari
Ochiqlik va oshkoralik, hamma erkin foydalanishi mumkinligi va haqqoniylik axborot erkinligining asosiy prinsiplaridir.
6-modda. Axborotning ochiqligi va oshkoraligi
Axborot ochiq va oshkora boʻlishi kerak, maxfiy axborot bundan mustasno.
Maxfiy axborotga quyidagilar kirmaydi:
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolarning huquq va erkinliklari, ularni roʻyobga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomini belgilovchi qonunchilik hujjatlari;
(6-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
ekologik, meteorologik, demografik, sanitariya-epidemiologik, favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda aholining, aholi punktlarining, ishlab chiqarish obyektlari va kommunikatsiyalarning xavfsizligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan boshqa axborotlar;
Oldingi tahrirga qarang.
axborot-kutubxona muassasalarining, arxivlarning, idoraviy arxivlarning va Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan yuridik shaxslarga tegishli axborot tizimlarining ochiq fondlaridagi mavjud maʼlumotlar.
(6-moddaning ikkinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari jamiyat manfaatlariga taalluqli voqealar, faktlar, hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisida qonunchilikda belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga xabar berishi shart.
(6-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Axborotdan hamma erkin foydalanishi mumkinligi va uning haqqoniyligi
Axborot undan hamma erkin foydalanishi mumkinligi taʼminlangan va haqqoniy boʻlishi kerak.
Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositalari oʻzlari tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Axborot mulkdori, egasi axborot berishni rad etganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
8-modda. Axborot erkinligi kafolatlari
Davlat har kimning axborotni izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqini himoya qiladi. Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga qarab axborot olish huquqi cheklanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda har kimga oʻzining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan axborot bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlab berishga, maqbul axborot resurslari yaratishga, foydalanuvchilarni fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlariga, ularning xavfsizligiga doir hamda jamiyat manfaatlariga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan axborot bilan ommaviy tarzda taʼminlashga majburdirlar.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasida senzuraga va axborotni monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9-modda. Axborot olish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Har kim axborot olish uchun bevosita yoxud oʻz vakillari orqali ogʻzaki, yozma shakldagi, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shakldagi soʻrov bilan murojaat etish huquqiga ega.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Yozma soʻrovda murojaat etuvchining ismi, otasining ismi, familiyasi, manzili (yuridik shaxslarning esa rekvizitlari) hamda soʻralayotgan axborotning nomi yoki xususiyati koʻrsatilishi lozim. Soʻrovlar belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Yozma soʻrovda murojaat etuvchining elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Yozma soʻrovda elektron manzilning koʻrsatilganligi murojaat etuvchining soʻrovga axborot tizimi orqali elektron shaklda javob olishga boʻlgan roziligidir.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yozma soʻrovga, shu jumladan elektron hujjat tarzida yuborilgan soʻrovga imkon qadar qisqa muddatda, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, soʻrov olingan sanadan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay javob berilishi kerak.
(9-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ogʻzaki soʻrovga, imkoniyatga qarab, darhol javob berilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Soʻralayotgan axborotni ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatda taqdim etishning iloji boʻlmagan taqdirda axborot olish uchun murojaat etgan shaxsga uni taqdim etish kechiktirilganligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi.
(9-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Soʻralayotgan axborotni taqdim etishni kechiktirish soʻrov berilgan sanadan eʼtiboran ikki oydan ortib ketmasligi lozim. Taqdim etish kechiktirilganligi toʻgʻrisidagi xabar axborot soʻrab murojaat etgan shaxsga soʻrov olingan sanadan eʼtiboran bir hafta muddat ichida yuboriladi.
Taqdim etish kechiktirilganligi toʻgʻrisidagi xabarda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
soʻralayotgan axborotni vaqtida taqdim eta olmaslik sabablari;
soʻralayotgan axborot taqdim etiladigan sana.
Agar soʻrov tushgan organ yoki mansabdor shaxs soʻralayotgan axborotga ega boʻlmasa, axborot soʻrab murojaat etgan shaxsga soʻrov olingan sanadan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay bu haqda maʼlum qilishi shart.
Axborot berganlik uchun belgilangan tartibda haq olinishi mumkin.
10-modda. Axborot berishni rad etish
Agar soʻralayotgan axborot maxfiy boʻlsa yoki uni oshkor etish natijasida shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetishi mumkin boʻlsa, axborotni berish rad etilishi mumkin.
Soʻralayotgan axborotni berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi xabar soʻrov bilan murojaat etgan shaxsga soʻrov olingan sanadan eʼtiboran besh kunlik muddat ichida yuboriladi.
Rad etish toʻgʻrisidagi xabarda soʻralayotgan axborotni berish mumkin emasligi sababi koʻrsatilishi kerak.
Maxfiy axborot mulkdori, egasi axborotni soʻrayotgan shaxslarni bu axborotni olishning amaldagi cheklovlari toʻgʻrisida xabardor etishi shart.
Axborot berilishi qonunga xilof ravishda rad etilgan shaxslar, shuningdek oʻz soʻroviga haqqoniy boʻlmagan axborot olgan shaxslar oʻzlariga yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qonunda belgilangan tartibda qoplanishi yoki maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishi huquqiga ega.
11-modda. Axborotni muhofaza etish
Har qanday axborot, agar u bilan qonunga xilof ravishda muomalada boʻlish axborot mulkdori, egasi, axborotdan foydalanuvchi va boshqa shaxsga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa, muhofaza etilmogʻi kerak.
Axborotni muhofaza etish:
shaxs, jamiyat va davlatning axborot sohasidagi xavfsizligiga tahdidlarning oldini olish;
axborotning maxfiyligini taʼminlash, tarqalishi, oʻgʻirlanishi, yoʻqotilishining oldini olish;
axborotning buzib talqin etilishi va soxtalashtirilishining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
12-modda. Axborot xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat siyosati
Axborot xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat siyosati axborot sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan boʻladi hamda shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini taʼminlash sohasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining asosiy vazifalari hamda faoliyat yoʻnalishlarini, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining, fuqarolarning oʻrni va ahamiyatini belgilaydi.
13-modda. Shaxsning axborot borasidagi xavfsizligi
Shaxsning axborot borasidagi xavfsizligi uning axborotdan erkin foydalanishi zarur sharoitlari va kafolatlarini yaratish, shaxsiy hayotiga taalluqli sirlarini saqlash, axborot vositasida qonunga xilof ravishda ruhiy taʼsir koʻrsatilishidan himoya qilish yoʻli bilan taʼminlanadi.
Jismoniy shaxslarga taalluqli shaxsiy maʼlumotlar maxfiy axborot toifasiga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi soʻzlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni toʻplashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno.
(13-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotdan ularga moddiy zarar va maʼnaviy ziyon yetkazish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari roʻyobga chiqarilishiga toʻsqinlik qilish maqsadida foydalanish taqiqlanadi.
Fuqarolar toʻgʻrisida axborot oluvchi, bunday axborotga egalik qiluvchi hamda undan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar bu axborotdan foydalanish tartibini buzganlik uchun qonunda nazarda tutilgan tarzda javobgar boʻladilar.
Ommaviy axborot vositalari axborot manbaini yoki taxallusini qoʻygan muallifni ularning roziligisiz oshkor etishga haqli emas. Axborot manbai yoki muallif nomi faqat sud qarori bilan oshkor etilishi mumkin.
14-modda. Jamiyatning axborot borasidagi xavfsizligi
Jamiyatning axborot borasidagi xavfsizligiga quyidagi yoʻllar bilan erishiladi:
demokratik fuqarolik jamiyati asoslari rivojlantirilishini, ommaviy axborot erkinligini taʼminlash;
qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy taʼsir koʻrsatishga, uni chalgʻitishga yoʻl qoʻymaslik;
jamiyatning maʼnaviy, madaniy va tarixiy boyliklarini, mamlakatning ilmiy va ilmiy-texnikaviy salohiyatini asrash hamda rivojlantirish;
milliy oʻzlikni anglashni izdan chiqarishga, jamiyatni tarixiy va milliy anʼanalar hamda urf-odatlardan uzoqlashtirishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni buzishga qaratilgan axborot ekspansiyasiga qarshi harakat tizimini barpo etish.
15-modda. Davlatning axborot borasidagi xavfsizligi
Davlatning axborot borasidagi xavfsizligi quyidagi yoʻllar bilan taʼminlanadi:
axborot sohasidagi xavfsizlikka tahdidlarga qarshi harakatlar yuzasidan iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy va boshqa tusdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish;
davlat sirlarini saqlash va davlat axborot resurslarini ulardan ruxsatsiz tarzda foydalanilishidan muhofaza qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining jahon axborot makoniga va zamonaviy telekommunikatsiyalar tizimlariga integratsiyalashuvi;
Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga, hududiy yaxlitligini, suverenitetini buzishga, hokimiyatni bosib olishga yoki qonuniy ravishda saylab qoʻyilgan yoxud tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga va davlat tuzumiga qarshi boshqacha tajovuz qilishga ochiqdan-ochiq daʼvat etishni oʻz ichiga olgan axborot tarqatilishidan himoya qilish;
urushni va zoʻravonlikni, shafqatsizlikni targʻib qilishni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovat uygʻotishga qaratilgan terrorizm va diniy ekstremizm gʻoyalarini yoyishni oʻz ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 12-dekabr,
439-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 2-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)