Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IJODKOR YoShLARNING UY-JOY ShAROITLARINI YaXShILASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning ijodkor yoshlarini davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida” 1992-yil 28-avgustdagi Farmonini bajarish yuzasidan, Oʻzbekiston Respublikasi ijodkor yoshlarining eng muhtoj qismining uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 1993-yilda Nukus shahrida va barcha viloyatlarning markazlarida 30 xonadonli, Toshkent shahrida esa 60 xonadonli uy-joy binolarini qurib bitkazsinlar, ulardagi hamma xonadonlar faqat ijodkor yoshlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun moʻljallangan.
2. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda materiallar va asbob-uskunalar qiymati oshib borishini hisobga olgan holda shu maqsadlar uchun oʻz vaqtida zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasinlar.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qurilishning borishi va bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining hajmlari haqida Vazirlar Mahkamasiga har oyda maʼlumot berib tursinlar.
4. Ijodkor yoshlar uylarida uy-joy ajratish Tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat boʻlimi hamda hududiy-tashkiliy boʻlimi zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 8-may,
208-son
Ijodkor yoshlar uylarida uy-joy ajratish
TARTIBI
1. Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning ijodkor yoshlarini davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida” 1992-yil 28-avgustdagi Farmoniga muvofiq Oʻzbekistonning ijodkor yoshlari uchun Toshkent, Nukus shaharlarida va barcha viloyat markazlarida qurilayotgan uy-joylarga taalluqlidir.
2. Ijodkor yoshlar mehnat qiladigan tashkilotlar va muassasalar oʻrtasida uy-joylarni taqsimlash tegishli hokimliklar tomonidan Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi hududiy qoʻmitalari bilan birgalikda, ijodiy uyushmalar, ilmiy va muhandislik tashkilotlari, oliy oʻquv yurtlari va boshqa muassasalarning iltimoslari boʻyicha amalga oshiriladi.
3. Uy-joy quyidagi ijodkor yoshlarga (30 yoshdan katta boʻlmagan) beriladi:
uy-joy sharoitini yaxshilashga ehtiyoji borlarga;
aholi yashaydigan boshqa joylardan oʻtish yoʻli bilan ishga taklif etilgan yoki qabul qilinganlarga (agar bu boshqa joyga koʻchish bilan bogʻliq boʻlsa).
4. Ijodkor yoshlarga uy-joy ajratish, birinchi navbatda ularning yaratgan asarlarini, ilmiy ishlanmalarga qoʻshgan aniq hissasini va ahamiyatini hisobga olgan holda maʼmuriyat va mehnat jamoasining qoʻshma qarori asosida amalga oshiriladi.