Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT DAVLAT-AKSIONERLIK QURILISh KORPORATSIYASI (“TOShKENT-QURILISh”)NING USTAVINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 27-dekabrdagi 622-son “Toshkentuyjoyinvestqurilish” Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi (“Toshkentqurilish”)ning ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV.
Toshkent sh.,
1993-yil 21-iyun,
299-son
Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi (“Toshkentqurilish”) ning
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi (“Toshkentqurilish”), keyingi oʻrinlarda “korporatsiya” deb yuritiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1993-yil 8-fevraldagi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi (“Toshkentqurilish”)ni tashkil etish va uning faoliyati masalalari” toʻgʻrisida 1993-yil 15-fevraldagi 83-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining Toshkent shahridagi qurilishlar boʻyicha Bosh boshqarmasi (“Toshkentboshqurilish”) negizida tuzilgan.
“Toshkentqurilish” korporatsiyasi mulkchilikning barcha shakllaridagi qurilish, sanoat, transport, loyihalash konstruktorlik va boshqa korxonalar va tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda “qatnashchilar” deb yuritiladi) mustaqil xoʻjalik birlashmasi hisoblanadi. Korporatsiya aksiyalarning nazorat paketi davlat ixtiyorida qoldirilgan holda davlat korxonalari (tashkilotlari)ni “qatnashish tizimi” (turdosh korxonalar oʻrtasida aksiyalar ayirboshlash) boʻyicha aksionerlik jamiyatlariga aylantirish yoʻli bilan aksiyalashtirish prinsiplari asosida qoʻshma ishlab chiqarish-sotish va moliyaviy faoliyatni amalga oshirish maqsadida oʻzining asosiy qatnashchilarini birlashtiradi.
2. “Toshkentqurilish” korporatsiyasi yuridik shaxs hisoblanadi hamda oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari, qatnashchilarning taʼsis konferensiyasida qabul qilinadigan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan korporatsiya Ustavi asosida amalga oshiradi.
3. Korporatsiya davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻz maqomi boʻyicha yuridik shaxs huquqiga ega boʻladi. U mustaqil va birlashtiruvchi (yigʻma) balanslarga, bank muassasalarida soʻm va xorijiy valyutalarda hisob-kitob va boshqa schyotlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan, oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega boʻladi.
Korporatsiya qatnashchilari oʻz xoʻjalik mustaqilliklari va yuridik shaxs huquqini saqlab qoladilar.
Ular faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi va korporatsiya manfaatlariga zid boʻlmagan boshqa xoʻjalik birlashmalari tarkibiga kirishlari mumkin.
4. Korporatsiya tugatilgan “Toshkentboshqurilish” majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi hamda oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
Korporatsiya qatnashchilarning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, shuningdek, qatnashchilar ham korporatsiya majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar.
5. Korporatsiya ichidagi ishlab chiqarishga oid, iqtisodiy va maʼmuriy munosabatlar mazkur Ustav, qatnashchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda berilgan boshqaruv funksiyalari, korporatsiya qabul qilgan qoʻshma faoliyat dasturlari va shartnomalar bilan belgilanadi.
6. Korporatsiya Toshkent shahar, Oʻzbekiston shoh koʻchasi, 16-uyga joylashgan.
II. Korporatsiya faoliyatining maqsad va vazifalari
1. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yoʻli bilan korporatsiya qatnashchilarining yuqori foyda (daromad) olish va shu asosda mol-mulk egalari hamda korxonalar, tashkilotlar mehnat jamoalarining manfaatlarini taʼminlash korporatsiya faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
2. Korporatsiya ishlab chiqarish-sotish faoliyatining asosiy turlari:
davlat buyurtmasiga binoan va buyurtmachilar bilan tuzilgan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha uy-joy, ijtimoiy-madaniy va ishlab chiqarish obyektlari qurish va ularni foydalanishga topshirishdan;
qurilish materiallari, konstruksiyalar va boshqa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va sotishdan;
korxonalar, tashkilotlar va aholiga tuzatish-qurilish xizmatlari va xizmatlarning boshqa turlarini koʻrsatishdan iborat.
Korporatsiya Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirishga haqlidir.
3. Qatnashchilar boshqaruvning aksionerlik prinsiplari asosida maqsadga erishish, har bir qatnashchi va umuman korporatsiya manfaatlari yoʻlida umumiy vazifalarni birgalashib hal qilish uchun korporatsiyaga ixtiyoriy birlashadilar. Bu umumiy vazifalar quyidagilardir:
iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning uzoq muddatga moʻljallangan rejalarini ishlab chiqish;
marketing tadqiqotlari olib borish va uzoq muddatli va qisqa muddatli marketing dasturlari ishlab chiqish, buyurtmalar “papkasi”ni shakllantirish va ularni taqsimlash, reklama qilish;
oʻzaro kelishilgan moliya-kredit va dividend siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, moliyaviy rejalashtirish va nazorat, qoʻshma investitsiya dasturlari roʻyobga chiqarilishi uchun sarmoya mablagʻlarining markazlashtirilgan manbalarini tashkil qilish;
investitsiya sohasida yagona strategiyaga amal qilish, korporatsiya mehnat jamoalarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ijtimoiy sohaning qoʻshma moddiy negizini mustahkamlash va rivojlantirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
ishlab chiqarishning texnikaviy darajasini va ish sifatini oshirishni taʼminlaydigan, chiqimlarni kamaytiradigan loyiha-texnika, ilmiy-texnika va innovatsiya dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
markazlashtirilgan axborot-hisoblash xizmatini tashkil qilish;
moddiy-texnika resurslari bozorini oʻrganish, korporatsiya qatnashchilarini ana shu resurslar bilan markazlashtirilgan holda taʼminlashni uyushtirish, mol yetkazib beruvchilar bilan iqtisodiy-foydali, toʻgʻridan toʻgʻri xoʻjalik aloqalari oʻrnatilishiga koʻmaklashish, oʻz moddiy-ishlab chiqarish bazasini kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, oʻzining qurilayotgan obyektlari uchun asosiy va butlovchi asbob-uskunalar tayyorlanishi uchun buyurtmanomalar berilishini nazorat qilish;
korporatsiya qatnashchilariga kooperativ va tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashda yordam berish;
narx belgilash va mehnat haqi sohasida yagona siyosat oʻtkazish, ilmiy-texnika yangiliklariga moyillikka narxlar va smeta normativlarining taʼsirini kuchaytirish, ish sifatini oshirish va ishlab chiqarish chiqimlarini kamaytirish;
kasb-hunar boʻyicha tayyorgarlikni tashkil qilish va xodimlar malakasini oshirish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda korporatsiya qatnashchilarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, ularga yuridik maslahatlar berishi.
III. Korporatsiya va uning qatnashchilarining huquqlari
1. “Toshkentqurilish” korporatsiyasi ustav va shartnoma vazifalarini bajarish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
toʻla xoʻjalik prinsipi va oʻzini oʻzi boshqarish prinsiplari asosida qatnashchilar tomonidan berilgan huquqlarni hisobga olgan holda ishlab chiqarish-xoʻjalik, moliyaviy-iqtisodiy va ijtimoiy faoliyat masalalarini mustaqil hal qilish, markazlashgan, zaxira, sugʻurta, investitsiya va boshqa jamgʻarmalar tashkil qilish;
muhim xalq xoʻjaligi obyektlari qurilishiga kvotalar boʻyicha ajratiladigan moddiy-texnika resurslarining fond egasi boʻlish;
korporatsiya tarkibiga kiruvchi birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlarning davlat mulkini boshqarish;
korporatsiya davlat korxonalari va tashkilotlarining tashkiliy-ishlab chiqarish tuzilmasini oʻzgartirish;
korporatsiya tarkibiga kiruvchi davlat birlashmalari, trestlari, korxonalari va tashkilotlarini mehnat jamoalarining manfaatlarini hisobga olgan holda aksionerlik jamiyatlariga, jamoa korxonalariga va boshqa tashkiliy-huquqiy tuzilmalarga aylantirish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish;
Davlat mulki jamgʻarmasi topshirigʻi bilan davlatga tegishli aksiyalar ulushiga muvofiq, aksionerlik jamiyatlari faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirish;
oʻz qatnashchilariga tovar, jamgʻarma, valyuta bozorlari va birjalarida, qimmatli qogʻozlar bozorlarida operatsiyalar bajarilishida yordam koʻrsatish;
xalq xoʻjaligi tarmoqlarida yirik obyektlar qurish boʻyicha bosh bitimlar tuzish;
eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish, boshqa mamlakatlar bilan ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida shartnomalar tuzish;
korporatsiya qatnashchilariga tijoratga doir, texnologik, loyiha-konstruktorlik, tashqi savdo, yuridik, axborot, maslahat, marketing xizmati va boshqa xizmatlar koʻrsatish uchun xoʻjalik hisobidagi yoki savdo-sotiq asosidagi korxona (firma, markaz)lar tuzishda yordam berish;
respublika hududida va uning tashqarisida filiallar va vakolatxonalar ochish, boshqa davlatlardagi sheriklar bilan birga korxonalar va firmalar tashkil etish, tashqi iqtisodiy bitimlar tuzish va ularni bajarish yuzasidan xizmatlar koʻrsatish uchun boshqa davlatlarning firmalarini jalb qilish;
mutaxassislarni istalgan mamlakatga xizmat safariga yuborish;
amaldagi qonunchilik aktlarining qoʻllanilishi va ijrosini taʼminlash, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha harakatlarni sodir etish;
korporatsiya qatnashchilari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga, mazkur Ustav qoidalariga rioya qilinishini, korporatsiya boshqaruv organlari qarorlarining bajarilishini nazorat qilishni amalga oshirish.
Korporatsiya ishlab chiqarish-texnika yoʻnalishidagi mahsulotlarga shartnomaviy (erkin) narxlar va ichki subpodryad idoralar tomonidan bajariladigan ishlar va xizmatlarga tariflar belgilash darajasini tartibga soluvchi yuqori tashkilot hisoblanadi.
2. Korporatsiya qatnashchilari quyidagi huquqlarga egadirlar:
korporatsiya Kengashi va boshqaruviga korporatsiya faoliyati masalalariga doir takliflar kiritish va ularning majlislarida shu masalalar muhokamasida ishtirok etish;
korporatsiya Kengashi koʻrib chiqishi uchun Ustavga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritish;
korporatsiyada ishlab chiqariladigan mahsulotlar, ishlar va xizmatlarning barcha turlarini oʻz ehtiyojlari uchun sotib olishda ustunlikka ega boʻlish;
oʻz faoliyati yoʻnalishini bozor konyunkturasiga muvofiq mustaqil belgilash;
korporatsiya amalga oshiruvchi qoʻshma faoliyat dasturlarida hamda korporatsiya ayrim qatnashchilari dasturlarida ishtirok etish;
korporatsiya faoliyatini boshqarishda qatnashish;
korporatsiya emblemasidan foydalanish;
korporatsiya boshqaruvidan oʻz manfaatlarining himoya qilinishini talab qilish.
3. Korporatsiya qatnashchilari:
korporatsiya Ustaviga rioya qilishga, agar ular oʻzlariga zarar yetkazmasa va korxona, korporatsiya nizomlariga zid boʻlmasa, ishlab chiqarish, moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha korporatsiya boshqaruvi organlari qarorlarini bajarishga;
korporatsiya faoliyati toʻgʻrisidagi tijorat siri boʻlgan axborotni oshkor qilmaslikka;
Kengash qabul qilgan qarorlarga muvofiq ijroiya apparatni saqlashga va korporatsiya markazlashtirilgan jamgʻarmalarini tashkil etish uchun zarur mablagʻlarni oʻz vaqtida oʻtkazib turishga majburdirlar.
4. Korporatsiya va uning qatnashchilari oʻzaro majburiyatlar toʻgʻrisidagi shartnomalarning bajarilishi uchun ana shu shartnomalarda va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilagan tartibda moddiy javob beradilar.
IV. Korporatsiya mulki, mablagʻlari va jamgʻarmalari
1. Korxonalar va tashkilotlarga toʻla xoʻjalik yuritish huquqi bilan berilgan davlat mulki korporatsiya davlat korxonalari faoliyatining yigʻma balansida oʻz aksini topadi.
2. Qatnashchi korxonalarning mulki korporatsiya mulki hisoblanmaydi.
Korporatsiya tarkibiga kiruvchi har bir korxona oʻzining mustaqil balansida aks etgan mulkni boshqaradi. Davlat mulkidan korxona toʻla xoʻjalik yuritish huquqi bilan foydalanadi. Tugatilgan “Toshkentboshqurilish”ning maʼmuriy va sogʻlomlashtirish muassasalari, tibbiyot-sanitariya qismi va poliklinikasi inshootlari korporatsiya mulki tarkibiga kirishi hisobga olinsin.
Korporatsiya apparati oʻzining mustaqil balansida boʻlgan mulkni oʻsha asoslarda boshqaradi.
3. Asosiy va oborot fondlar, pul mablagʻlari va korporatsiyaning mustaqil balansida boʻlgan boshqa aktivlar korporatsiyaning mulki hisoblanadi. Ular quyidagilar hisobiga shakllanadi:
ustav fondi mablagʻlari;
davlat tomonidan korporatsiyaga tekinga yoxud ijaraga beriladigan mulk;
korporatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan normativlar boʻyicha qatnashchilarning foydasi (daromadi)dan ajratmalar;
korporatsiyaga uning rivojlanishi uchun shartnoma asosida beriladigan davlat aksiyalari ulushi boʻyicha dividendlarning bir qismi;
qoʻshimcha pulli xizmatlar va ishlarni bajarishdan olinadigan daromadlar;
bank kreditlari va boshqa qarz beruvchilarning mablagʻlari;
yuridik shaxslar va fuqarolarning tekin hamda xayriya badallari va ajratmalari;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik aktlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalarning mablagʻlari.
4. Korporatsiyaning dastlabki ustav fondi korporatsiya tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning davlat tasarrufida chiqarilishi natijasida hosil boʻladigan aksionerlik jamiyatlar (kompaniyalari)ning davlatga tegishli aksiyalarining 60 foizi dividendlarning tegishli ulushi, shuningdek, boshqa manfaatdor yuridik shaxslarning (shu jumladan, xorijiy yuridik shaxslarning) paylar hisobidan hosil boʻladi.
Taʼsischilarning ustav fondiga qoʻshadigan hissasi pul mablagʻlar (soʻm va chet el valyutasida), har xil mulk turlari (bino, inshoot, mashinalar, mexanizmlar, xomashyo, yoqilgʻi, boshqa moddiy boyliklar), qiymatli qogʻozlar, boshqa mulkiy huquqlar, shu jumladan, intellektual mulk koʻrinishida boʻlishi mumkin.
Amaldagi narxlar boʻyicha soʻmlarda baholangan hissa qatnashchining korporatsiya ustav fondiga qoʻshgan ulushini tashkil qiladi.
5. Korporatsiya Kengashining qarori bilan markazlashtirilgan pul qoʻyish (investitsiya) jamgʻarmalari, valyuta jamgʻarmasi va boshqalar tashkil etiladi.
Ularning tarkibi, belgilangan maqsadi, miqdorlari va ulardan foydalanish tartibi korporatsiya Kengashi tomonidan belgilanadi.
6. Korporatsiyaning markazlashtirilgan jamgʻarma va zaxiralari korporatsiyaning rivojlanishi uchun shartnoma asosida unga beriladigan aksiyalarning davlat ulushi boʻyicha dividendlarning bir qismidan, qatnashchilar foydasining bir qismi va amortizatsiya ajratmalaridan, shuningdek, korporatsiyaning maqsadli vazifalarini bajarish uchun investorlardan olingan boshqa badallar hisobiga hosil boʻladi.
7. Birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlar:
ochiq turdagi aksionerlik jamiyatiga aylantirilganda aksiyalarning davlat ulushi 51 foizni tashkil qiladi, qolgan qismi ochiq tarqatish tarzida tarqatiladi. Bunda mehnat jamoasi aʼzolariga aksiyalarni sotib olishda imtiyozli huquq beriladi;
yopiq turdagi aksionerlik jamiyatiga aylantirilganda aksiyalarning davlat ulushi 55 foizni, mehnat jamoalarining ulushi 25 foizni tashkil qiladi, qolgan qismi korporatsiyaning boshqa korxonalari va tashkilotlari oʻrtasida tarqatiladi.
V. Korporatsiyani boshqarish
1. Korporatsiya boshqaruvining yuqori organi Kengash hisoblanadi, u korporatsiya qatnashchilari konferensiyasi tomonidan 5 yil muddatga saylanadi.
Korporatsiya Kengashi tarkibiga korporatsiyaning, korporatsiya qatnashchisi boʻlgan korxonalarning rahbarlari, Davlat mulki qoʻmitasi, Davlat mulki jamgʻarmasi, Toshkent shahar hokimligi, tijorat banki (korporatsiya korxona va tashkilotlariga xizmat qiluvchi, mehnat jamoalarining vakillari, olimlar va mutaxassislar kiradi.
Korporatsiya ijroiya apparatining xodimlari Kengash aʼzosi boʻlishlari mumkin emas.
Korporatsiya raisi va uning oʻrinbosarlari korporatsiya Kengashi tomonidan saylanadi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Korporatsiya Kengashi va boshqaruvi raisi lavozimlari korporatsiya raisi deb nomlangan bir kishi timsolida mujassamlanadi.
2. Qatnashchilar konferensiyasining mutlaq vakolatiga quyidagilar tegishli boʻladi:
korporatsiya Kengashini saylash;
korporatsiya Kengashi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash;
korporatsiya Kengashi vakolatiga kirishi mumkin boʻlmagan boshqa masalalar.
3. Korporatsiya Kengashi mutlaq vakolatiga quyidagilar tegishli boʻladi:
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan boshqaruv raisi va uning oʻrinbosarlarini saylash;
korporatsiya boshqaruvi va taftish komissiyasini saylash;
korporatsiya Ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash;
qatnashchilarni korporatsiyaga qabul qilish va undan chiqarish masalalarini hal etish;
ishlab-chiqarish-sotish, moliyaviy-iqtisodiy, investitsiya, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-maishiy faoliyat dasturlarini tasdiqlash;
korporatsiyaning yillik hisoboti va balanslarini, taftish komissiyasining hisobotlari va xulosalarini tasdiqlash;
korporatsiya boshqaruvi organlari rahbarlari, xizmatchilari va mutaxassislari mehnatiga haq toʻlash shartlari va tizimini belgilash;
korxonalar (tashkilotlar)ning ajratmalari hisobidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan korporatsiya boshqaruvi apparatiga sarflanadigan xarajatlar smetasini va ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar meʼyorini tasdiqlash;
Kengash aʼzolarining kelishuvi boʻyicha korporatsiya faoliyatining boshqa masalalari.
4. Korporatsiya Kengashining majlisi, agar unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi qatnashsa, qonuniy huquqga ega boʻladi.
Korporatsiya Ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, qatnashchi korxonalar, shuningdek filiallar va vakolatxonalar tashkil etish, qayta tashkil etish va ularning faoliyatini toʻxtatish, yirik investitsiya dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish hamda boshqa baʼzi masalalar boʻyicha qaror korporatsiya Kengashi majlisida qatnashganlarning toʻrtdan uch qismining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Qolgan boshqa masalalar boʻyicha oddiy koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qiladi.
Korporatsiya Kengashining hujjati korporatsiya raisi imzolaydigan qaror bilan rasmiylashtiriladi.
Korporatsiya Kengashining faoliyati va uning tomonidan qarorlar qabul qilinishi tartibi qatnashchilar konferensiyasi tasdiqlaydigan korporatsiya Kengashi haqidagi Nizom bilan tartibga solinadi.
5. Korporatsiya raisi:
yakka boshchilik prinsiplari asosida ish koʻradi hamda korporatsiya faoliyatining pirovard natijalari uchun shaxsan javob beradi, qatnashchilar jamoalari fikr-mulohazalarini hisobga olishni, oʻziga qarashli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish yoʻli bilan ularning rahbarlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyishni amalga oshiradi;
korporatsiya ishtirokchilari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruq va koʻrsatmalar chiqarish huquqiga. ega boʻladi;
korporatsiya markaziy apparati xodimlari bilan shartnoma asosida mehnat munosabatlarini, ularning mehnatiga haq toʻlash shartlari va tizimini belgilaydi;
tuzilmani va markaziy apparatni saqlashning tasdiqlangan tuzishlari smetasi doirasida shtat jadvalini tasdiqlaydi.
6. Korporatsiya boshqaruvi:
korporatsiya Kengashi majlislari oraligʻidagi davrda uning faoliyatiga rahbarlik qiladi va korporatsiyaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi;
oʻzining muntazam oʻtkazib turiladigan majlislarida korporatsiya vazifalarini hal etish, Kengash koʻrsatmalarini amalga oshirish, yagona texnika siyosati oʻtkazish, loyiha-smeta ishini, texnikaviy normalashtirish va andazalashni takomillashtirish, qurilish ishlab chiqarishi samaradorligini oshirish, mehnat unumdorligini oʻstirish, oʻziga qarashli tashkilotlar va korxonalar faoliyatini yaxshilash bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi.
7. Korporatsiya boshqaruvi faoliyati, uning majlislari tartibi, qarorlar qabul qilinishi korporatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan boshqaruv ish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Joriy rahbarlik funksiyalarini amalga oshirish, Kengash va boshqaruv ishini taʼminlash, umumxoʻjalik ahamiyatiga ega boʻlgan vazifalarni bajarish uchun korporatsiyada ishchi (ijroiya) apparat tuziladi.
Ijroiya apparat oʻrtacha ish haqining oʻsishi umuman korporatsiya boʻyicha ish haqining oʻsishiga bogʻliq boʻladi.
9. Taftish komissiyasi boshqaruvning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi. Taftish komissiyasining faoliyati korporatsiya Kengashi tasdiqlagan nizom orqali tartibga solinadi.
VI. Korporatsiyaning hisob va hisoboti
1. Korporatsiya natijalarni hisobga olishni, ishlab chiqarishning borishini nazorat qilishni amalga oshiradi, operativ, buxgalteriya va statistika hisoboti yuritadi.
2. Korporatsiya qatnashchilari korporatsiyaga har oyda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan statistika hisoboti, shuningdek, korporatsiya xizmatlari oʻz funksiyalarini amalga oshirishlari uchun ularga zarur axborotni taqdim etishga majburdirlar.
3. Korporatsiyada buxgalteriya, statistika, hisob va hisobot Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuritiladi.
4. Korporatsiya joylashgan joyda quyidagi hujjatlar, shu jumladan:
korporatsiyaning taʼsis hujjatlari;
korporatsiya ichki munosabatlarini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlar (ularga keyinchalik oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritilgan holda);
korporatsiyaning oʻzi chiqaradigan qarorlar uchun zarur boʻlgan buxgalteriya hisobi va hisobotining barcha hujjatlari;
korporatsiya Kengashi, boshqaruv va taftish komissiyasi majlislarining bayonlari, ular aʼzolarining va markaziy apparat mansabdor shaxslarining roʻyxatlari yuritiladi.
VII. Korporatsiya faoliyatini toʻxtatish
1. Korporatsiya faoliyatini toʻxtatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori boʻyicha uni qayta tashkil etish yoki tugatish yoʻli bilan yuz beradi.
2. Korporatsiya qayta tuzilganda uning barcha huquq va majburiyatlari va huquqi vorisga oʻtadi.
3. Korporatsiyani tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organ tugatish komissiyasini tayinlaydi. Tugatish komissiyasi tayinlangan paytdan boshlab korporatsiya ishlarini boshqarish vakolati unga oʻtadi.
4. Tugatish komissiyasi mavjud mol-mulkni baholaydi, tugatish balansini tuzadi va uni korporatsiya qatnashchilari konferensiyasiga taqdim etadi.
5. Korporatsiyaning pul mablagʻlari (tugatish paytida mol-mulkni sotishdan olingan tushum ham shu jumlaga kiradi) ijroiya apparat xodimlari bilan hisob-kitob qilingandan hamda banklar, budjet va boshqa qarz beruvchilar oldidagi majburiyatlar bajarilgandan keyin korporatsiya Kengashi belgilagan va konferensiya tomonidan tasdiqlangan tartibda komissiya tomonidan korporatsiya qatnashchilari oʻrtasida taqsimlanadi.
6. Korporatsiya davlat Reyestridan oʻchirilgan vaqtdan boshlab oʻz faoliyatini toʻxtatadi.