Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3672-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur Nizom 2019-yil 1-yanvaridan kuchga kiritilib, 2024-yil 1-yanvarga qadar 2-ilovada qayd qilingan sanoat va energetika tashkilotlariga yetkazib berilgan texnik suv uchun xizmat haqini hisoblashda, istisno tariqasida, 0,1 koeffitsiyenti qoʻllaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Energetik qurilmalarni sovutish uchun ishlatiladigan texnik suv oʻz manbasiga qaytarilishi hamda tabiiy oqim va gidroelektrostansiyalar kanallaridagi suv ishlatilishini inobatga olgan holda “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi” unitar korxonasi, “Toshkent issiqlik elektr markazi” unitar korxonasi hamda “Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlanmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.07.2019-y., 07/19/4388/3400-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda texnik suv yetkazib beriladigan sanoat va energetika tashkilotlarini bir oy muddatda xatlovdan oʻtkazsin hamda ular bilan belgilangan tartibda texnik suv yetkazib berish xizmati toʻgʻrisida shartnomalarni rasmiylashtirsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyat boshqaruv raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-dekabr,
1008-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-dekabrdagi 1008-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb yuritiladi) tizimidagi suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlash tartibini hamda ushbu xizmatlarni koʻrsatishdan kelib tushgan mablagʻlarni taqsimlash va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari gidroenergetika sohasidagi tashkilotlarga hamda aholi isteʼmoli uchun ichimlik suvi, issiq suv va issiqlik energiyasini yetkazib beruvchi kommunal soha tashkilotlariga suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
texnik suv — sanoat, energetika va boshqa sohalarning texnik ehtiyojlari uchun yetkazib berilgan yoki ishlatiladigan suv;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-iyuldagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.07.2022-y., 09/22/388/0646-son)
suv xoʻjaligi tashkilotlari — Vazirlik tizimidagi suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi hamda sanoat va energetika korxonalariga texnik suv yetkazib berish xizmatlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar;
sanoat va energetika tashkilotlari — sanoat mahsulotlari va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun texnik suvdan foydalanadigan tashkilotlar.
4. Suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish boʻyicha xizmatlar ular oʻrtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq toʻlovlar asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Texnik suv yetkazib berish xarajatlarini aniqlash tartibi
5. Vazirlik tizimidagi suv xoʻjaligi tashkilotlarining bir birlik (1 kub m) hajmdagi texnik suv yetkazib berish xarajatlari mazkur tashkilotlarni saqlash uchun ajratilgan mablagʻlar va yetkazib beriladigan suv miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi.
6. Bir birlik hajmdagi suvni yetkazib berish tarifi quyidagi formulaga asosan aniqlanadi:
Xts = Pxm / Hsr
bunda:
Xts — bir kub m suvni yetkazib berish xarajati, soʻm;
Pxm — tasdiqlangan budjet parametrlarida kalendar yilda suv xoʻjaligi tashkilotlarini rivojlantirish va saqlash uchun Vazirlikka ajratilgan xarajatlar miqdori, soʻm;
Hsr — kalendar yilda suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan iqtisodiyot tarmoqlariga yetkazib beriladigan jami suv resursi miqdori, kub m.
Ushbu tarif har kalendar yilning 1-fevraligacha Vazirlik tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
3-bob. Texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlash tartibi
7. Sanoat va energetika tashkilotlari har oy davomida yetkazib berilgan texnik suv uchun toʻlovlarni keyingi oyning 5-sanasiga qadar suv xoʻjaligi tashkilotlarining Budjet tashkilotini rivojlantirish jamgʻarmasi hisob raqamiga oʻtkazib beradi.
8. Sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish xizmatidan kelib tushgan mablagʻlar suv xoʻjaligi tashkiloti tomonidan quyidagicha taqsimlanadi:
90 foizi — besh ish kuni mobaynida Vazirlik huzuridagi Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkazib beriladi;
10 foizi — suv xoʻjaligi tashkilotlarining ixtiyorida qoldiriladi.
4-bob. Texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlardan kelib tushgan mablagʻlardan foydalanish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
9. Vazirlik huzuridagi Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlardan kelib tushgan mablagʻlar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 573-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarga sarflanadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-iyuldagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.07.2022-y., 09/22/388/0646-son)
10. Ushbu Nizom 8-bandining uchinchi xatboshida koʻrsatib oʻtilgan suv xoʻjaligi tashkilotlarining ixtiyorida qoldiriladigan mablagʻlar quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
suv xoʻjaligi obyektlarida favqulodda holatlar yuz berishining oldini olish va tabiiy ofatlar yuz bergan hollarda ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga;
xodimlarni belgilangan tartibda ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirishga;
suv xoʻjaligi tashkilotlari tasarrufidagi irrigatsiya tizimini taʼmirlash va tiklash hamda suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlashga, tashkilotlarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, jumladan lizing toʻlovlarini amalga oshirish hamda kadrlar malakasini oshirishga yoʻnaltiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
11. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-dekabrdagi 1008- son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Texnik suv yetkazib berilganligi uchun xizmat haqini hisoblashda 0,1 koeffitsiyenti qoʻllaniladigan sanoat va energetika tashkilotlari
ROʻYXATI
1. “Angren issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati
2. “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati
3. “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati
4. “Taxiatash issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati
Oldingi tahrirga qarang.
(5 — 7-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.07.2019-y., 07/19/4388/3400-son)
8. “Dehqonobod kaliy oʻgʻitlar zavodi” unitar korxonasi
Oldingi tahrirga qarang.
9. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi (oʻz ehtiyoji uchun).
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 935-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/935/4061-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10. “Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi” unitar korxonasi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-oktabrdagi 609-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.10.2022-y., 09/22/609/0937-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 09/18/1008/2304-son, 13.12.2018-modda; 10.07.2019-y., 07/19/4388/3400-son; 22.11.2019-y., 09/19/935/4061-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 18.07.2022-y., 09/22/388/0646-son; 26.07.2022-y., 09/22/404/0674-son; 19.10.2022-y., 09/22/609/0937-son; 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son)