Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish zaxiralarini aniqlash ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida” 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son va “Mahalliy budjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 7-iyundagi PF-5075-son farmonlarini ijro etish yuzasidan, shuningdek mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish va yangi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarni koʻpaytirishga va soliq solinadigan bazani kengaytirishga yoʻnaltirilgan ishlarini takomillashtirish borasidagi faoliyatini tartibga solish va oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizom (keyingi oʻrinlarda Vaqtinchalik nizom deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq;
Tumanlar (shaharlar) moliya boʻlimlari xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlar parametrlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash va mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlar parametrlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash va mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vaqtinchalik nizom talablarining soʻzsiz bajarilishi uchun masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga va Davlat soliq qoʻmitasiga yuklansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi mavjud resurslarni safarbar etish boʻyicha kunlik monitoring olib borilishini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari parametrlarining bajarilishiga, shuningdek davlat maqsadli dasturlarini barqaror moliyalashtirishning muhim omili sifatida mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Vaqtinchalik nizom doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar, tumanlar (shaharlar) hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari davlat soliq xizmati, moliya organlari va boshqa tegishli mahalliy organlar hamda tijorat banklari bilan birgalikda har bir tuman (shahar)ning oʻziga xos xususiyati va salohiyatidan kelib chiqqan holda qoʻshimcha manbalarni izlash va shu asosda mahalliy budjet daromadlari bazasini kengaytirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari parametrlarini soʻzsiz bajarish boʻyicha faoliyat muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilishini taʼminlaydilar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirishning qoʻshimcha zaxiralarini izlash va shu asosda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi dinamikasi va tendensiyalarini hisobga olgan holda soliq tushumlarining aniqlashtirilgan prognozlarini keyinchalik davlat soliq xizmati organlariga yetkazish uchun vazirlikning markaziy apparatidan malakali mutaxassislarni har oyda joylarga yuborsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi davlat soliq xizmati organlari xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini kuchaytirsin, bunda quyidagilarni taʼminlashga alohida eʼtiborni qaratsin:
soliq toʻlovchilar — jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyati ustidan joyning oʻziga chiqib nazorat qiluvchi mansabdor shaxslarga har kungi yoʻl-yoʻriq berishni oʻz ichiga qamrab oladigan korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
lavozim vakolatlarini shaxsiy boylik orttirish maqsadida suiisteʼmol qilishning, shuningdek qisqa muddatli tekshirishlar va naqd pul tushumi xronometrajini oʻtkazish davomida funksional vazifalar lozim darajada bajarilmasligining hamda normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilmaslikning oldini olish va buning uchun qonunchilik doirasida qatʼiy jazolarni qoʻllash.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda har bir hudud va har bir soliq toʻlovchi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar turlari boʻyicha doimiy yangilab boriladigan toʻliq maʼlumotlar bazasi shakllantirilishini, shuningdek tuman (shahar) darajasida axborot tizimlarining samarali va uzluksiz oʻzaro hamkorligini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda har bir hisobot davri yakuni boʻyicha Vaqtinchalik nizom bajarilishini tanqidiy tahlil qilsin, keyinchalik qoʻshimcha zaxiralarni topish va shu asosda mahalliy budjetning daromad bazasi kengaytirilishini barbod qilgan yoki oʻzini chetga olgan davlat soliq xizmati va moliya organlarining hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalari rahbarlari va mansabdor shaxslariga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan qatʼiy choralarni koʻrsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-iyun,
445-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-iyundagi 445-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarni koʻpaytirishga va soliq solinadigan bazani kengaytirishga yoʻnaltirilgan ishlarini takomillashtirish borasidagi faoliyatini tartibga solish va oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Vaqtinchalik nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy budjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 7-iyundagi PF-5075-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet vakolatlarini kengaytirish va mahalliy budjet daromadlarini shakllantirishdagi masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida” 2017-yil 7-iyundagi PQ-3042-son qaroriga muvofiq mahalliy budjetlar daromadlari parametrlarining soʻzsiz bajarilishi boʻyicha moliya organlari, davlat soliq xizmati organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro hamkorlik qilishini tartibga soladi va vazifalarini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markaziy apparatining malakali mutaxassislari tomonidan har oyda joylarga chiqqan holda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi dinamikasi va tendensiyalaridan kelib chiqib qoʻshimcha zaxiralarni izlash natijalari va shu asosda tuman budjetining daromad bazasini kengaytirish hisobga olingan holda budjetlar daromadlarining aniqlashtirilgan prognoz parametrlari shakllantiriladi hamda ijro uchun tumanlar va shaharlar hokimliklarining moliya boʻlimlariga (keyingi oʻrinlarda moliya boʻlimlari deb ataladi) yuboriladi.
3. Mazkur Vaqtinchalik nizomning bajarilishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi asosiy eʼtiborni soliq toʻlovchilar — jismoniy va yuridik shaxslar faoliyati ustidan nazoratni joyiga chiqqan holda amalga oshiradigan mansabdor shaxslarga har kuni yoʻl-yoʻriq berishni, lavozim vakolatlari shaxsiy boylik orttirish maqsadida suiisteʼmol qilinishi, shuningdek qisqa muddatli tekshirishlar oʻtkazishda funksional majburiyatlarga rioya etilmaslik holatlarini bartaraf etish va qonunchilik doirasida qatʼiy jazolashni oʻz ichiga qamrab oluvchi korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratgan holda tizimli nazorat qiladi hamda davlat soliq xizmati organlari xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
2-bob. Moliya organlari va davlat soliq xizmati organlarining oʻzaro hamkorligini tashkil etish
4. Mahalliy budjetlar daromadlar qismini shakllantirish masalalari boʻyicha moliya boʻlimi rahbarining oʻrinbosari har oyda ishlab chiqarish dinamikasi va tendensiyalariga, hajmlarining oʻzgarishiga, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ochilishiga va soliq toʻlovchilarning sonini tanqidiy baholashga asoslangan baholash koʻrsatkichlari tizimidan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga soliqlar va majburiy ajratmalar tushumlari prognozining hisob-kitobini amalga oshiradi.
5. Mahalliy budjetning prognoz parametrlarini ishlab chiqishda moliya boʻlimlari aniqlangan qoʻshimcha tushumlar manbaini, shu jumladan aniqlangan tadbirkorlik subyektlarini, shuningdek tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasining maʼlumotlar bazasida hisobga olinmagan soliq solish obyektlarini ham hisobga oladi.
6. Moliya boʻlimi rahbari har chorakda oyma oy taqsimlangan mahalliy budjet parametrlari prognozini tasdiqlatish uchun tumanlar hokimlariga kiritadi, keyinchalik tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalariga ijro etish uchun yetkazadi.
7. Tumanlar moliya organlari va davlat soliq xizmati organlarining oʻzaro hamkorligi oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlari, masʼul xodimlar va oyma oy taqsimlangan mahalliy budjet daromadlari parametrlarining prognozi ilova qilingan oʻzaro hamkorlik natijalari boʻyicha tayyorlanadigan hujjatlar shakllari belgilangan tuman (shahar) moliya boʻlim va davlat soliq inspeksiyasining qoʻshma buyrugʻi asosida tashkil etiladi.
8. Tumanlar moliya organlari va davlat soliq xizmati organlarining oʻzaro hamkorligi:
jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi toʻlovchilarni va tushumlarni toʻliq qamrab olishni;
bozorlar va savdo komplekslari faoliyatidan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy belgilangan soliq tushumlarini toʻliq qamrab olishni;
investitsiya loyihalarini, Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish hisobidan tushumlarni oshirishni;
faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklash hamda past rentabelli va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini yaxshilashni;
debitorlik va kreditorlik qarzlarning oʻsishini qisqartirishni va mahalliy budjetlarga tushumlarni oshirishni taʼminlash ishlarini olib borish doirasida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tuman moliya boʻlimi va Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining hududiy boshqarmalari xodimlari monitoring natijalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi birinchi oʻrinbosariga aniqlangan qoʻshimcha zaxiralar toʻgʻrisidagi axborotlarni alohida shakl boʻyicha yozma yoki elektron tarzda taqdim etadilar. Bir vaqtning oʻzida soliqlar va toʻlovlar manbalari, toʻlovchilar, hisobga olinmagan soliq solish obyektlari, shuningdek davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari boʻyicha aniqlangan zaxiralar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalariga toʻlovlarni undirish va hisobga qoʻyish choralarini koʻrish uchun yuboriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
10. Moliya boʻlimlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi aniqlangan qoʻshimcha manbalarni soliq solish bazasiga kiritish boʻyicha barcha choralarni koʻradi va koʻrilgan choralar boʻyicha alohida shaklda maʼlumotlarni yozma tarzda yoki elektron shaklda moliya boʻlimiga taqdim etadi.
11. Moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari, shuningdek iqtisodiy kompleksning boshqa boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosari tomonidan mazkur Vaqtinchalik nizom ijrosini taʼminlash uchun har kuni tezkor xizmat yigʻilishlari oʻtkaziladi.
3-bob. Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlovchilarni toʻliq qamrab olish va tushumlar tushishini taʼminlash chora-tadbirlari
12. Davlat soliq xizmati organlari va moliya boʻlimi xodimlari bir ish kun davomida jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlarning toʻlanishini nazorat qilish maqsadida 25 tadan kam boʻlmagan obyektlarni borib koʻradi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi deb ataladi) tuman organlarida hisobga olinmagan jismoniy shaxslarning obyektlari va yer uchastkalari aniqlangan hollarda, tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalari ularni keyinchalik hisobga qoʻyish uchun koʻrsatilgan organlarga axborot taqdim etadi.
14. Tashkilot xodimlarining jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻidan qarzdorliklari mavjud boʻlganda, tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qarzdorlar roʻyxati shakllantiriladi va keyinchalik soliq qarzini belgilangan tartibda undirish yuzasidan yordam koʻrsatish uchun ushbu tashkilotlarga yoki ularning yuqori organlariga yuboriladi.
4-bob. Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatidan tushadigan tushumlarni toʻliq qamrab olish chora-tadbirlari
15. Davlat soliq xizmati organlari va moliya boʻlimlari xodimlari tomonidan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovlari va boshqa toʻlovlarning avtomatlashtirilgan bank tizimlari orqali toʻliq tushishi maqsadida har kuni bitta bozor va savdo kompleksida savdo joylarining sotuvchilar bilan toʻliq bandligi kuzatib boriladi va hisob-kitob qilinadi.
16. Bozorlarning tushumlari kamaygan hollarda davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan naqd pul tushumi tushishining xronometraji tashkil etiladi, tushumlarning pasayib ketishi sabablari aniqlanadi va qoʻshimcha mablagʻlar tushumlari boʻyicha zarur choralar koʻriladi.
17. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari bozorlar va savdo komplekslari hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan tushadigan tushumlarni qamrab olish boʻyicha quyidagi choralarni amalga oshiradilar:
bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovlari va koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarning undirilishi ustidan belgilangan tartibda nazorat oʻrnatadilar;
naqd pul tushumi toʻliq tushishini taʼminlash maqsadida savdo va xizmat koʻrsatish (3 tadan kam boʻlmagan) obyektlarida xronometraj tashkil etadilar;
dehqon bozorlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sunʼiy ravishda narxlarni oshirishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha nazorat tadbirlarini oʻtkazadilar;
bozorlar va savdo komplekslarida sifatsiz, qalbakilashtirilgan (soxta) yoki kontrabanda tovarlarini tayyorlash va sotishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha nazoratni amalga oshiradilar va tekshirishlarni tashkil qiladilar.
18. Davlat soliq xizmati organlari va moliya boʻlimlari xodimlari tomonidan, shuningdek quyidagilarni aniqlash boʻyicha qoʻshma tadbirlar amalga oshiriladi:
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi organlarida roʻyxatga olinmagan noturar joy obyektlarini aniqlash va keyinchalik ularni soliq solish obyekti sifatida hisobga qoʻyish;
bozorlar va savdo komplekslari hududlarida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslarni aniqlash hamda ularni soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyishni taʼminlash;
bozor va savdo kompleksiga tutash hududlarda avtotoʻxtash joylarini aniqlash va tuman (shahar) hokimiga avtotoʻxtash joylarini bozorlar va savdo komplekslarining tarkibiga oʻtkazish boʻyicha tegishli qaror qabul qilish toʻgʻrisida taklif kiritish.
5-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq tushumlarining toʻliq tushishini taʼminlash chora-tadbirlari
19. Davlat soliq xizmati organlari va moliya boʻlimi xodimlari yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan toʻlovlar tushumini nazorat qilish boʻyicha quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshiradilar:
qatʼiy belgilangan soliq va sugʻurta badali tushishini taʼminlaydilar;
har kuni qatʼiy belgilangan soliq va sugʻurta badallaridan qarzi mavjud boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar (3 tadan kam boʻlmagan) bilan profilaktik suhbat oʻtkazadilar, shuningdek mazkur qarzlarni undirish choralarini koʻradilar;
har kuni faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishning mavjudligi yuzasidan (3 tadan kam boʻlmagan) ularni kuzatadilar.
20. Hafta davomida davlat soliq xizmati organlari va moliya boʻlimi xodimlari:
yakka tartibdagi tadbirkorning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilmagan yollanma (kamida 2 nafar) xodimlarini aniqlaydilar va ularni hisobga qoʻyishni taʼminlaydilar;
faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan (kamida 2 nafar) yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyatini qayta tiklash yuzasidan koʻmaklashadilar;
soliqqa oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida yirik miqdordagi pul aylanmalarini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning (kamida 2 nafar) faoliyatini tahlil qiladilar;
rasmiy roʻyxatdan oʻtgan faoliyat turiga mos kelmaydigan faoliyat bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarni (kamida 2 nafar) aniqlaydilar va ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan taʼsir choralarini koʻradilar;
jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani belgilangan muddatlarda va tartibda davlat soliq xizmati organlariga taqdim etmagan, shuningdek ushbu daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya boʻyicha hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi summalarini toʻlamagan jismoniy shaxslarning roʻyxatini shakllantiradi hamda belgilangan tartibda soliq qarzini undirish va aybdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish choralarini koʻradi.
6-bob. Investitsiya loyihalarini va Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish hisobiga tushumlarni koʻpaytirishni taʼminlash chora-tadbirlari
21. Investitsiya loyihalari va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga mahalliy budjetlarga tushumlarni koʻpaytirish yuzasidan oʻzaro hamkorlik doirasida davlat soliq xizmati organlari va moliya boʻlimlari xodimlari tegishli yil uchun tasdiqlangan investitsiya loyihalari va Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalarning bajarilishini nazorat qilish boʻyicha tuman (shahar) iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlariga har tomonlama koʻmaklashadilar.
22. Davlat soliq xizmati organlari va moliya boʻlimlari xodimlari investitsiya loyihalari va mahalliylashtirish loyihalarining amalga oshirilishi ustidan nazorat qilishga koʻmaklashish doirasida bir ish kuni davomida oʻrtacha 2 ta obyektlarni oʻrganadi.
23. Tuman (shahar) moliya boʻlimlari hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari investitsiya loyihalari va mahalliylashtirish loyihalarining bajarilmayotganligi, ortda qolayotganligi sabablarini oʻrganadilar va oʻrganish yakunlari boʻyicha qoloqlikning oʻrnini toʻldirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar qabul qilish uchun tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosariga aniq takliflar kiritadilar.
24. Tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosari loyiha tashabbuskorlari, shuningdek tuman (shahar) tijorat banklari, moliya boʻlimlari, iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari bilan birgalikda aniqlashtirilgan tarmoq jadvallarining bajarilishi, shuningdek tegishli quvvatlarning ishga tushirilishi ustidan taʼsirchan monitoring oʻrnatadi.
7-bob. Faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklash chora-tadbirlari
25. Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari bir ish kuni davomida faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalarga (kamida 2 ta) boradilar va oʻrganadilar hamda oʻrganish yakuni boʻyicha mazkur korxonalarning roʻyxatini tuzadilar, ularning faoliyati boʻyicha materiallarni yigʻadilar va tuman (shahar) moliya boʻlimlariga hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlariga taqdim etadilar.
26. Tuman (shahar) moliya boʻlimlari hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari korxonalarning faoliyat yuritmaslik sabablarini aniqlaydilar va ular faoliyatini tiklash boʻyicha tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosariga aniq takliflar kiritadilar.
27. Tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosari korxona muassislari, shuningdek bank, iqtisodiyot va moliya organlari bilan birgalikda faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash chora-tadbirlarini tashkil etadilar va ularning amalga oshirilishi ustidan taʼsirchan monitoring oʻrnatadilar.
28. Tumanlar (shaharlar) moliya boʻlimlari va davlat soliq inspeksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy organlariga qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlarini aniqlashda, keyinchalik ularning roʻyxatini shakllantirish va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-fevraldagi PQ-2796-son qarori bilan tashkil etilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan oʻtkazish hamda aniqlash boʻyicha Idoralararo komissiyaga (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) kiritishda koʻmaklashadilar.
29. Tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari mulkdorlari tomonidan investitsiya loyihasi amalga oshirilmaganligi toʻgʻrisida Komissiya xulosasi asosida:
soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qoʻllaydigan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlari — yuridik shaxslarning soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlarni umumbelgilangan tartibda toʻlashga oʻtishini;
oʻzlariga tegishli qurilishi tugallanmagan obyektlar hamda foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlari — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulk soligʻini va yer soligʻini ikki karra oshirilgan stavka boʻyicha toʻlashlarini taʼminlaydilar.
8-bob. Past rentabelli va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari
30. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tegishli tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy hisobotlarini tahlil qilish yakunlari boʻyicha past rentabelli va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarning roʻyxatini tuzadilar, ularning faoliyati boʻyicha materiallarni yigʻadilar va tuman (shahar) moliya boʻlimlari hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlariga axborot taqdim etadilar.
31. Tumanlar (shaharlar) moliya boʻlimlari hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari davlat soliq inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan roʻyxat boʻyicha korxonalar faoliyatining past rentabelligi va zarar koʻrib ishlashi sabablarini oʻrganib, keyinchalik tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosariga ularning moliyaviy ahvolini yaxshilashni nazarda tutuvchi aniq takliflar kiritadilar.
32. Tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosari past rentabelli va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarning muassislari va rahbariyati, shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish choralarini koʻradi.
9-bob. Debitorlik va kreditorlik qarzlarning oʻsishini qisqartirish chora-tadbirlari
33. Tumanlar (shaharlar) moliya boʻlimlari va davlat soliq inspeksiyalari tomonidan har kunlik asosida:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning debitorlik va kreditorlik qarzlari holati tahlil qilinadi va ularni qisqartirish boʻyicha amaliy choralar koʻriladi;
ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari oldidagi qarzlarini qisqartirish ishlari amalga oshiriladi;
yetkazib berilgan energiya resurslari uchun toʻlovlarni toʻliq undirish va noreal qarzlar hosil boʻlishi holatlarining oldini olishga qaratilgan korxonalarning oʻzaro hisob-kitoblari tizimini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
34. Amalga oshirilgan ishlar natijasi boʻyicha maʼlumot va takliflar har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va budjetga toʻlovlar intizomini mustahkamlash boʻyicha Respublika komissiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 14-apreldagi 182-son qarori bilan tashkil etilgan tegishli muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va budjetga toʻlovlar intizomini mustahkamlash hududiy komissiyalariga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
35. Tegishli muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va budjetga toʻlovlar intizomini mustahkamlash hududiy komissiyasi har oyda tarmoqlar va tuman (shahar)lar boʻyicha debitorlik va kreditorlik qarzlarning holatini, shuningdek tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosari takliflarini koʻrib chiqadi.
Tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosari iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari, moliya boʻlimlari va davlat soliq inspeksiyalari bilan birgalikda debitorlik va kreditorlik qarzlarni oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik yoʻli bilan budjet parametrlari ustidan monitoring olib boradi.
10-bob. Soliq toʻlovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda yordam koʻrsatish va toʻlov intizomini mustahkamlash
36. Tumanlar (shaharlar) moliya boʻlimlari va davlat soliq inspeksiyalari davlat xizmatlarini koʻrsatish yoʻli bilan, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida tadbirkorlik subyektlariga soliq majburiyatlarini bajarishda yordam beradilar.
37. Soliq toʻlovchilarga soliq solish va soliq majburiyatlarining bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan, mavjud soliq imtiyozlari va pereferensiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan keng tushuntirish ishlarini olib borish, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar orqali yetkaziladi.
38. Tumanlar (shaharlar) moliya boʻlimlari va davlat soliq inspeksiyalari mahallalarda aholi va tadbirkorlik subyektlariga soliq solish masalalari yuzasidan maslahatlar beradilar, soliq tushumlari mohiyatini va soliq majburiyatlari bajarilishini tushuntiradilar.
11-bob. Vaqtinchalik nizom ijrosi yuzasidan javobgarlik va nazorat
39. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari tomonidan hudud boʻyicha amalga oshirilgan ishlarning umumlashgan maʼlumoti har kuni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etiladi.
40. Mazkur Vaqtinchalik nizom talablari ijrosi yuzasidan javobgarlik va nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasiga yuklatiladi.
41. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi har oyda mazkur Vaqtinchalik nizomning bajarilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-iyundagi 445-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tumanlar (shaharlar) moliya boʻlimlari xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlar parametrlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash va mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
Nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy budjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 7-iyundagi PF-5075-son Farmoniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet vakolatlarini kengaytirish va mahalliy budjet daromadlarini shakllantirishdagi masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida” 2017-yil 7-iyundagi PQ-3042-son qaroriga muvofiq mahalliy budjet daromadlari koʻrsatkichlari bajarilishini soʻzsiz taʼminlash chora-tadbirlarining moliya organlari xodimlari tomonidan bajarishga doir vazifalari va tartibini belgilaydi.
2. Tuman (shahar) hokimliklarining moliya boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda moliya organlari deb ataladi) tomonidan mavjud rezervlarni mobilizatsiya qilish boʻyicha har kuni oʻtkaziladigan monitoringni hisobga olgan holda budjetni ijro etishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Davlat dasturlarini barqaror moliyalashtirishning muhim omili sifatida mahalliy budjet daromadlar bazasini kengaytirishga yoʻnaltirilgan choralarni amalga oshirish taʼminlanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markaziy apparatining malakali mutaxassislari har oyda joylarga borgan holda qoʻshimcha rezervlarni aniqlash va shu asosda mahalliy budjetning daromadlar bazasini kengaytirishni hisobga olgan holda, tuman (shahar) ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dinamikasi va surʼatlaridan kelib chiqib aniqlashtirilgan prognozlarni shakllantirishda va davlat soliq xizmati organlariga yetkazishda qatnashadilar.
2-bob. Rezervlarni aniqlash va mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish boʻyicha tuman moliya boʻlimlarida ishlarni tashkil etish tartibi
4. Mahalliy budjet daromadlar qismining shakllanishi masalalariga mutasaddilik qiluvchi moliya boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari har oyda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning prognoz tushumlarini ishlab chiqarish dinamikasi va surʼatlarining oʻzgarishi, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ochilishi va soliq toʻlovchilar sonini tanqidiy baholashga asoslangan baholash koʻrsatkichlari tizimidan kelib chiqib hisob-kitob qiladi.
5. Moliya boʻlimlari mahalliy budjetning prognoz parametrlarini ishlab chiqishda tushumlarning aniqlangan qoʻshimcha manbalarini, shu jumladan tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi maʼlumotlar bazasida hisobda turmagan tadbirkorlik subyektlarini, shuningdek soliq solish obyektlarini ham hisobga oladi.
6. Moliya boʻlimi rahbari oyma-oy boʻlingan mahalliy budjet prognoz parametrlarini tuman (shahar) hokimlariga tasdiqlash va keyinchalik uning ijrosini taʼminlash uchun tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalariga yetkazish uchun kiritadi.
7. Moliya boʻlimi rahbari oʻz buyrugʻi bilan har bir xodimga 5 tadan kam boʻlmagan daromadlar manbaini biriktiradi va ushbu manbalar boʻyicha tuman moliya boʻlimi xodimi tomonidan tuman (shahar) moliya boʻlimlari va tuman davlat soliq inspeksiyalari maʼlumotlar bazasi boʻyicha monitoring amalga oshiriladi.
8. Moliya boʻlimining masʼul xodimi amalga oshirilayotgan monitoring doirasida quyidagilarni amalga oshiradi:
Oldingi tahrirga qarang.
moliya organlarining maʼlumotlar bazasini statistika organlari, Davlat xizmatlari markazlari, ichki ishlar tuman boʻlimlari va notariuslar, tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib beruvchilarning maʼlumotlar bazasini taqqoslash orqali qatʼiy belgilangan soliq toʻlovchilari — yakka tartibdagi tadbirkorlarni, shuningdek ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni koʻrsatish huquqi uchun yigʻimning toʻliq qamrab olinishini taʼminlaydi;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-yanvardagi 40-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 09/18/40/0609-son)
Oldingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxslar mol-mulkining kadastr qiymatini aniqlashning toʻgʻriligini va “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi organlari tomonidan yer uchastkalari va mol-mulkning toʻliq hisobga olinganligini tekshirish orqali jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi tushumlarining toʻliqligini oʻrganadi;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son)
vaqtinchalik oʻz faoliyatini toʻxtatgan soliq toʻlovchilarning faoliyatini joylarga borib oʻrganishlarda ishtirok etadi;
soliq qarzini uzish uchun maqsadli marshrutlarni ishlab chiqish va mablagʻlarni keyinchalik budjetga yoʻnaltirish maqsadida yuridik shaxslarning soliq qarzdorligi holatini oʻrganadi;
tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi boʻyicha oborotlarning, ishchilar sonining, oʻrtacha ish haqining va eksport hajmining toʻliq hisobga olinishini kuzatib boradi;
faoliyat yuritayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash va shu orqali yangi ish oʻrinlari yaratilishi munosabati bilan soliq solinadigan bazaning oʻzgarishini tahlil qiladi;
savdo komplekslari, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari, avtomobillarga yonilgʻi quyish va avtomobillarga kompressor vositasida gaz toʻldirish shoxobchalari faoliyatini, shuningdek davlat mulki boʻyicha eng kam ijara haqi stavkasining toʻgʻri qoʻllanishini har kuni (har haftada) tahlil qiladi.
9. Moliya organlarining masʼul xodimlari hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari amalga oshirilishi monitoringini ham olib boradi. Monitoring qilish maqsadida moliya boʻlimi rahbari oʻzining buyrugʻi bilan har bir xodimga 10 tadan kam boʻlmagan miqdorda hududiy dasturlarni biriktiradi.
Monitoring iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari tomonidan taqdim etilgan loyihalarning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshirilayotgan loyihalarning tarmoq jadvallari bajarilishini nazorat qilish orqali amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Moliya organlarining va Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hududiy boshqarmalarining masʼul xodimlari monitoring natijalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosariga aniqlangan qoʻshimcha rezervlar toʻgʻrisida, alohida shakl boʻyicha yozma yoki elektron tarzda axborot taqdim etadilar. Ayni bir vaqtda davlat soliq inspeksiyalariga soliqlar va toʻlovlar manbalari boʻyicha aniqlangan rezervlar, soliq solish obyektlarida hisobga olinmagan soliq toʻlovchilar, shuningdek davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻlovlarni undirish va hisobga qoʻyish choralarini koʻrish uchun yuboriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
11. Olib borilayotgan monitoring va tizimli tahlil natijalari asosida moliya boʻlimi rahbari tomonidan tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosariga choralar koʻrish uchun quyidagilar boʻyicha takliflar kiritiladi:
budjetga toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni kamaytirish hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning yigʻiluvchanligini oshirish boʻyicha;
tumanlar budjetlarining aniqlashtirilgan prognoz parametrlarining soʻzsiz ijrosini taʼminlash va manbalar boʻyicha tushumlarni koʻpaytirishning qoʻshimcha rezervlarini aniqlash boʻyicha;
mavjud muammolarni, hududiy dasturlarni amalga oshirish boʻyicha tarmoq jadvallaridan orqada qolishlarning yoki ular bajarilmasligining oldini olish boʻyicha.
12. Moliya boʻlimining masʼul xodimi gʻaznachilik boʻlinmalari bilan birgalikda:
tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida budjet tashkilotlari xodimlarining mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha qarzdorlikni jismoniy shaxslardan undirishga koʻmaklashadi;
budjet tashkilotlari xodimlari ish haqidan budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratmalarning oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.
13. Faoliyat yuritayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlash, shuningdek yangi korxonalarni ishga tushirish va shu orqali yangi ish oʻrinlari yaratilishi munosabati bilan soliq solinadigan bazaning oʻzgarishini tizimli tahlil qilish uchun moliya boʻlimining masʼul xodimi statistika organlari hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari maʼlumotlari asosida yangi ishga tushirilgan va ishga tushiriladigan korxonalar boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantiradi hamda soliq va boshqa majburiy toʻlovlarning prognoz summalarini hisob-kitob qiladi va ularni tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasiga yuboradi.
14. Bozorlar daromadi, savdo va umumiy ovqatlanish tovar aylanmasi, avtomobillarga yonilgʻi quyish va avtomobillarga kompressor vositasida gaz toʻldirish shoxobchalari tushumi, shuningdek davlat mulki boʻyicha eng kam ijara haqi stavkasi kamayganda tuman (shahar) moliya boʻlimi rahbari davlat soliq inspeksiyasi rahbari bilan birgalikda tushumlar kamayishi sabablarini aniqlaydi va qoʻshimcha tushumlar boʻyicha tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosariga taklif kiritadi.
15. Foydalanilgan elektroenergiya va tabiiy gaz dinamikasini, shuningdek korxonalar tomonidan olingan kredit hajmini ularning sof tushumi va ishlayotgan xodimlar soni bilan taqqoslash orqali foydalanilgan elektroenergiya va tabiiy gaz dinamikasi saqlanib qolgan holda sof tushum hajmini va xodimlar sonini kamaytirib koʻrsatayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar roʻyxati shakllanadi.
16. Tuman moliya boʻlimi rahbari yuzaga kelgan mahalliy budjetlar daromad bazasini kengaytirish boʻyicha aniqlangan rezervlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni umumlashtiradi va tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosariga aniqlangan rezervlarni mahalliy budjetga jalb qilish uchun operativ choralar koʻrish uchun har haftada kiritadi.
3-bob. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahalliy budjetlar daromad bazasini kengaytirish, subvensiya darajasini pasaytirish va ularni bosqichma-bosqich subvensiyadan chiqarish boʻyicha dasturlarni amalga oshirish monitoringi tartibi
17. Doimiy monitoring olib borish maqsadida tuman (shahar) moliya boʻlimi rahbari oʻzining buyrugʻi bilan har bir xodimga moliya organining masʼul javobgar xodimi tomonidan doimiy monitoring amalga oshiriladigan kamida 10 ta hududiy loyihalarni biriktiradi.
18. Moliya boʻlimlarining masʼul xodimlari hududiy dasturlarning amalga oshirilishi monitoringini quyidagilar orqali amalga oshiradi:
loyihalarning amalga oshirilishi toʻgʻrisida iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar boʻyicha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar tushumini tahlil qilish;
boʻsh turgan obyektlar xatlovini oʻtkazish va tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosariga avval xususiylashtirilgan va boʻsh turgan korxonalar boʻyicha xulosalar taqdim etish;
zarar koʻrib ishlayotgan iqtisodiy nochor korxonalar va ishlamayotgan korxonalarning iqtisodiy holatini oʻrganish va ularni sogʻlomlashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash.
19. Monitoring natijalari boʻyicha bajarilishi orqada qolayotgan yoki tarmoq jadvallari bajarilmayotgan loyihalar boʻyicha tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosariga mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha tahliliy maʼlumot va taklif taqdim etiladi.
4-bob. Mahalliy budjetlar xarajatlarining shakllantirilishi va bajarilishi monitoringi tartibi
20. Monitoring maqsadida tuman (shahar) moliya boʻlimi va gʻaznachilik boʻlimlari rahbarlari oʻzlarining buyruqlari bilan har bir masʼul xodimiga moliya organi va gʻaznachilik boʻlimlarining masʼul xodimi tomonidan doimiy monitoring amalga oshiriladigan kamida 10 ta budjet tashkiloti va budjet mablagʻlari oluvchilarini biriktiradi.
21.Mahalliy budjetning xarajatlar qismi boʻyicha moliya boʻlimi rahbarining oʻrinbosari va gʻaznachilik boʻlinmasi rahbari tegishli budjet parametrlarining soʻzsiz bajarilishini, mahalliy budjetlar xarajatlarining sifatli rejalashtirilishini va oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlaydi.
22. Moliya boʻlimlarining va gʻaznachilik boʻlinmalarining masʼul xodimlari:
budjet tashkilotlari tomonidan ish haqini, yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlashga oʻz vaqtida buyurtma taqdim etilishini taʼminlaydilar;
budjet tashkilotlari xarajatlarini budjet tashkilotlari faoliyatini masofaviy va joyiga borib oʻrganish orqali har kunlik monitoringni amalga oshiradilar;
budjet tashkilotlarining tarmoq, kontingent, shtatlar jadvali va moliyaviy hisobotlari koʻrsatkichlarini tahlil qiladi va kam samarali xarajatlarni optimillashtirishni amalga oshiradilar;
budjet tashkilotlarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarilishi va realizatsiyasidan daromadlar tushumini tahlil qiladilar;
mol-mulkni, boʻsh turgan joylar, binolar va vaqtincha foydalanilmayotgan qurilmalar va asbob-uskunalarni ijaraga berishdan tushumlarning budjetdan tashqari jamgʻarmalarga oʻz vaqtida va toʻliq tushishini joylarga borib oʻrganadilar;
qoʻshimcha moliyalashtirishga va oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtgan budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari daromadlari toʻgʻri shakllantirilganligini tahlil qiladilar;
kommunal xizmatlarini hisoblash asboblari mavjudligini xatlovdan oʻtkazish, shuningdek budjet tashkilotlariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar bilan solishtirma dalolatnomalar mavjudligini, xarajatlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini oʻrganish orqali budjet tashkilotlarida debitorlik va kreditorlik qarzdorlikning oshishini bartaraf etadilar.
23. Moliya boʻlimlari va gʻaznachilik boʻlinmalarining masʼul xodimlari amalga oshirilgan ishlar natijalari boʻyicha budjet tashkilotlari rahbarlari nomiga tegishli choralar koʻrish uchun taqdimnoma tayyorlaydilar.
24. Moliya boʻlimi rahbari har oyda mahalliy budjetlar xarajatlarining ijrosi va shakllantirilishi monitoringi natijalari boʻyicha takliflar tayyorlaydi va tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosariga tegishli takliflar, shu jumladan budjet tashkilotlarining boʻsh turgan va vaqtincha foydalanilmayotgan obyektlari boʻyicha keyinchalik ularni xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ijaraga berish uchun maʼlumotlar taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-iyundagi 445-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining daromadlar parametrlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash va mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy budjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 7-iyundagi PF-5075-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet vakolatlarini kengaytirish va mahalliy budjet daromadlarini shakllantirishdagi masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida” 2017-yil 7-iyundagi PQ-3042-son qaroriga muvofiq mahalliy budjet daromadlari koʻrsatkichlarini soʻzsiz bajarilishida davlat soliq xizmati organlarining vazifalarini belgilaydi va birgalikdagi harakatlarini tartibga soladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda DSQ deb ataladi) asosiy eʼtiborni soliq toʻlovchi — jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatini joyiga chiqib nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarga har kuni yoʻriqnoma oʻtkazish, lavozim vakolatlarini shaxsiy boylik orttirish maqsadida suiisteʼmol qilinishi, shuningdek qisqa muddatli tekshirishlar oʻtkazish va naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajida funksional majburiyatlarga rioya etmaslik holatlarini bartaraf etish va amaldagi qonunchilik doirasida qatʼiy jazolashlarni oʻz ichiga qamrab oluvchi korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga qaratgan holda davlat soliq xizmati organlari xodimlarining shaxsiy masʼuliyati yuzasidan nazoratni kuchaytirish va oshirish choralarini taʼminlaydi.
3. DSQ organlarining toʻliq yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs maʼlumotlar bazasini shakllantirishni hamda uning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar, soliq toʻlovchilar va soliq solish obyektlari boʻyicha axborotlarni yigʻish asosida yangilanishini taʼminlaydi.
4. DSQ Moliya vazirligi bilan birgalikda har bir hisobot davri yakunlari boʻyicha qoʻshimcha manbalarni izlash va buning asosida har bir tuman (shahar)ning oʻziga xos xususiyati va imkoniyatidan kelib chiqqan holda mahalliy budjet daromadlari bazasini kengaytirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari parametrlarining bajarilishi boʻyicha hududiy moliya va soliq organlari faoliyatini tanqidiy tahlil qiladi.
2-bob. Jismoniy shaxslar faoliyatini nazorat qilish hisobiga soliq tushumlarini koʻpaytirish
Oldingi tahrirga qarang.
5. Jismoniy shaxslar tomonidan mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlanishining nazorati boʻyicha tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi xodimlari kun davomida oʻrtacha 25 ta obyektga boradilar va shu bilan birga:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 320-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 09/19/320/2958-son)
uy-joylarga mulk huquqlarini oʻz vaqtida koʻchmas mulkka egalikni davlat roʻyxatidan oʻtkazish organlarida rasmiylashtirilganligi yuzasidan kadastr hujjatlarining mavjudligini aniqlashtiradilar va Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi deb ataladi) hududiy organlariga maʼlumot kiritadi;
soliq obyektlarini baholash va qayta baholash ishlarini nazorat qiladilar, zarur holatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 29-dekabrdagi 478-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 3-bandiga muvofiq “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining hududiy organlariga soʻrovnoma yuboradilar;
mol-mulk obyektlari va yer uchastkalariga hisoblangan budjetga toʻlanadigan soliqlar summasi haqida fuqarolarni (toʻlov xabarnomasi orqali) xabardor qiladilar;
soliqlarni belgilangan muddatlarda toʻlash va muddatida toʻlanmagan taqdirda soliq qarzdorligini majburiy undirish choralari qoʻllanilishi boʻyicha tushuntirishlar olib boradilar, vakolatli organlar bilan birgalikda majburiy undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish choralarini koʻradilar;
yer soligʻini muntazam ravishda toʻlamaslik holatlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq, yer uchastkasiga egalik qilish huquqini toʻxtatish toʻgʻrisida tuman (shahar) hokimiga talabnoma kiritadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi xodimlari yakka tartibdagi tadbirkorlar boʻyicha:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 320-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 09/19/320/2958-son)
qatʼiy belgilangan soliq va fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari tushumini taʼminlaydi;
har kuni qatʼiy belgilangan soliq va fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallaridan qarzi mavjud boʻlgan (3 nafardan kam boʻlmagan) yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazadi, shuningdek soliq qarzini undirish choralarini koʻradi;
har kuni faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan (3 nafardan kam boʻlmagan) yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyatini, noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi boʻyicha kuzatuv olib boradi;
noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan (4 nafardan kam boʻlmagan) jismoniy shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 176-moddasida belgilangan maʼmuriy choralarni qoʻllash boʻyicha nazorat tadbirlarini oʻtkazadi va ularning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi xodimlari hafta davomida:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 320-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 09/19/320/2958-son)
faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan (2 nafardan kam boʻlmagan) yakka tartibdagi tadbirkorlarni faoliyatini qayta tiklash va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan (2 nafardan kam boʻlmagan) ishchilarni davlat soliq inspeksiyalarida roʻyxatdan oʻtkazish choralarini koʻradilar;
yirik miqdordagi aylanmalarini amalga oshirayotgan hamda roʻyxatdan oʻtgan faoliyat turi bilan haqiqatda amalga oshirayotgan faoliyat turi mos kelmaydigan (2 nafardan kam boʻlmagan) yakka tartibdagi tadbirkorlar boʻyicha tahlillar oʻtkazadilar.
8. Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi xodimlari:
davlat soliq xizmati organlariga yilning 1-apreliga qadar, ikki yoki undan koʻp manbadan daromadlari toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatilgan jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etmagan jismoniy shaxslar, shuningdek hisoblangan soliq summalarini yilning 1-iyuniga qadar toʻlamagan jismoniy shaxslar roʻyxatini shakllantiradilar;
soliq deklaratsiyasini oʻz vaqtida taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy choralar qoʻllash bayonnomasini tuzadilar va materiallarni belgilangan tartibda tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasining maʼmuriy amaliyot boʻlimiga taqdim etadilar;
tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq qarzdorligini toʻlash boʻyicha talabnomalar yuboradilar va qonunchilikka muvofiq majburiy undirish choralarini koʻradilar;
mol-mulkni ijaraga beruvchi shaxslarni aniqlaydilar, ularni hisob qoʻyishni amalga oshiradilar, deklaratsiya topshirilishi va jismoniy shaxslarning daromadlariga hisoblangan soliqni undirishni taʼminlaydilar;
ijaraga berilgan noturar obyektlar, shuningdek 12 oy davomida ikki martadan ortiq sotilgan turar joylar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantiradilar.
Turar va noturar joylarni noqonuniy ijaraga topshirish holatlari aniqlanganda, ushbu jismoniy shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlikni qoʻllash toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtiriladi va tegishli soliqlar undiriladi.
3-bob. Kameral nazorat hisobiga mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish
9. Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi xodimi:
taqdim etilgan soliq hisobotlarini qabul qiladi va oʻrganadi, soliq hisoboti belgilangan shaklda taqdim etilmagan taqdirda Soliq kodeksining 45 va 46-moddalariga muvofiq soliq hisobotlarini soliq toʻlovchiga belgilangan tartibda qaytaradi;
hisobot davri yakunlangandan keyin uch kun ichida soliq hisobotlarini oʻz vaqtida taqdim etmagan soliq toʻlovchilar roʻyxatini shakllantiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 96-moddasiga asosan soliq yoki moliyaviy hisobotlarni oʻz vaqtida taqdim etmagan soliq toʻlovchilarning banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish choralarini koʻradi. Soliq toʻlovchi tomonidan xato va kamchiliklar bartaraf etilgandan soʻng toʻxtatilgan bank hisobvaraqlari bir kun ichida qayta tiklanadi;
soliq hisobotlarining oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 175-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma tuzadi.
10. Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi xodimi:
mavjud maʼlumotlarga asosan alohida reja jadval asosida kameral nazorat oʻtkazadi (choraklik hisobotlar boʻyicha har 3 oyda, yillik soliq va moliyaviy hisobotlar boʻyicha keyingi yilning 1-mayiga qadar);
moliyaviy va soliq hisobotlari toʻldirilishining toʻgʻriligini, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan sof tushum, shuningdek soliq stavkalarini, imtiyoz olish huquqining asoslari toʻgʻriligini oʻrganadi;
nol koʻrsatkich bilan taqdim etilgan hisobotlarini, soliq summalarining kamayish sabablarini oʻtgan yil bilan solishtirib oʻrganadi;
soliq hisobotlarini mavjud tashqi manba (sof tushum, banklarga inkassatsiya qilingan naqd pul summasi) maʼlumotlari bilan toʻgʻri taqdim etilishini oʻrganadi va tahlil qiladi;
soliq hisobotlari koʻrsatkichlarini banklar, Davlat bojxona qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar bilan solishtiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi xodimlari oʻz vakolati doirasida:
vazirlik va idoralar bilan aniqlashtirilgan maʼlumotlar olish uchun oʻzaro hamkorlikni belgilangan tartibda amalga oshiradilar;
kameral nazoratni amalga oshirish chogʻida aniqlangan tafovutlar va xatolar toʻgʻrisida keyinchalik tegishli tuzatishlar kiritishni talab qilib Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 70-moddasiga muvofiq soliq toʻlovchini xabardor qiladilar;
taqdim etilgan soliq hisobotiga oʻn kun muddatda tuzatish kiritish haqidagi talabnomaning oʻz muddatida bajarilishi nazoratini yuritadilar;
soliq toʻlovchi tomonidan soliq va (yoki) moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari yuzasidan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan holatlarda soliq toʻlovchi-yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turadilar.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 320-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 09/19/320/2958-son)
12. Kameral nazorat natijasida aniqlangan tafovutni bartaraf etmagan va aniqlashtirilgan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmagan korxona mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 175-moddasiga asosan javobgarlik choralari qoʻllaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Kameral nazorat natijalari boʻyicha tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalari xodimlari soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etiladigan axborotning ishonchliligini hamda soliq toʻlovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllashning qonuniyligini tasdiqlash uchun joyiga borgan holda mavzuli ekspress-oʻrganishlarni amalga oshiradilar.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 320-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 09/19/320/2958-son)
4-bob. Yuridik shaxslarning moliyaviy faoliyatini tahlil qilish hisobiga mahalliy budjet daromadlar bazasini kengaytirish
14. Daromadlarning prognoz koʻrsatkichlarini bajarish maqsadida, moliyaviy faoliyatni tahlil qilish, debitor qarzdorlikni oʻrganish hamda hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy ajratmalarni undirish uchun har bir xodimga korxonalar biriktiriladi.
15. Korxona va tashkilotlarga biriktirilgan tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi xodimlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 59-moddasiga muvofiq, hisobvaraqlariga oʻz vaqtida toʻlov topshiriqnomalarini qoʻymagan korxona va tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy jazo choralarini qoʻllaydilar;
fermer xoʻjaliklari tomonidan realizatsiya qilingan mahsulotdan tushgan pul mablagʻlarini hisobvaraqlariga kirim qilinishi, mazkur mablagʻlarni hisoblangan soliqlarni toʻlashga toʻliq yoʻnaltirilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini takomillashtirish va texnika bilan jihozlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2005-yil 28-iyundagi PQ-110-son qaroriga muvofiq, oʻz vaqtida “Xalq banki” ATBga reyestrlarni taqdim etmagan korxonalarning mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy jazo choralarini qoʻllaydilar.
16. Tuman (shahar) hududida yuridik shaxslarning boʻsh turgan bino va inshootlari boʻyicha tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari va boshqa organlar bilan birgalikda mazkur binolarni tadbirkorlik subyektlariga berish ishlarini tashkil etadilar.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-iyuldagi 327-son qarori bilan tasdiqlangan “Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq ushbu korxonalarning faoliyatini qayta tiklash yoki ularni tugatish choralari koʻriladi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2007-yil 27-apreldagi PQ-630-son qaroriga muvofiq, tugatish istagini bildirgan korxona va tashkilotlarning moliyaviy — xoʻjalik faoliyatini yakuniy tekshiruvdan oʻtkazish va qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish choralari koʻriladi.
5-bob.Chakana savdo va xizmatlar koʻrsatish sohasida tadbirlar oʻtkazish hisobiga mahalliy budjet daromadlar bazasini kengaytirish
19. Naqd pulda hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tizimli nazorat qilib borish maqsadida har bir subyektga joyiga borgan holda kunlik monitoring oʻtkazib borish uchun davlat soliq xizmati organlari va tijorat banklarining masʼul xodimlari biriktiriladi.
20. Davlat soliq xizmati organlari va tijorat banklaridan biriktirilgan masʼul xodimlari:
chakana savdo va xizmatlar koʻrsatish sohasi korxonalarining rahbarlari va xodimlari bilan naqd pul tushumlarining toʻliq topshirilishi yuzasidan profilaktik suhbat oʻtkazadilar;
nazorat-kassa mashinalarini roʻyxatga olish jarayonida tadbirkorlik subyektlari bilan naqd pul tushumlarini topshirish boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan talablar va ularni buzganlik uchun javobgarlik choralari toʻgʻrisida alohida profilaktik suhbat oʻtkazadilar;
chakana savdo va xizmatlar koʻrsatish sohasidagi noturar binolarga hisoblangan mol-mulk soligʻi va yer soliqlarini undirish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatadilar;
noqonuniy ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish holatlari aniqlanganda, belgilangan tartibda nazorat va profilaktik tadbirlar oʻtkazadilar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonun buzilish faktlari toʻgʻrisidagi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida, tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ bilan kelishgan holda tadbirkorlik subyektlarida tekshirish oʻtkazadilar;
(20-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 320-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 09/19/320/2958-son)
tadbirkorlik subyektlarida oʻtkazilgan tekshirishlar natijasida qabul qilingan qarorlar asosida qoʻllanilgan moliyaviy jarimalarni undirish choralarini koʻradilar;
belgilangan muddatlarda moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda toʻlamagan taqdirda tegishli choralarni koʻrish uchun iqtisodiy sudga daʼvo arizasi kiritadilar;
Oldingi tahrirga qarang.
(20-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 320-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 09/19/320/2958-son)
soliq tekshiruvi oʻtkazish davomida noqonuniy ravishda xodimlarni yollash va ish haqi berish holatlarini aniqlaydilar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻradilar.
6-bob. Mahalliy budjet daromadlar bazasini bozorlar va savdo komplekslari boʻyicha tadbirlar hisobiga kengaytirish
21. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan:
belgilangan tartibda har kuni, avtomatlashtirilgan bank tizimi orqali kelib tushadigan bir martalik toʻlovlar, ijara toʻlovlari va boshqa tushumlarning toʻliq kelib tushishini taʼminlash maqsadida, bozor va savdo komplekslaridagi savdo qilish joylarining toʻliq bandligi monitoringi oʻtkaziladi;
bozorlar va savdo komplekslarida naqd pul tushumi kelib tushishi pasaygan taqdirda xronometraj oʻtkazish tashkillashtiriladi va tushumlarning pasayib ketish sabablari aniqlanadi hamda qoʻshimcha mablagʻlar tushumlari boʻyicha zarur choralar koʻriladi;
tadbirkorlar va jismoniy shaxslarda tegishli hujjatlarning mavjudligi boʻyicha kundalik monitoring olib boriladi;
har kuni, naqd pul tushumining toʻliq kelib tushishini taʼminlash maqsadida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida xronometrajlar tashkillashtiriladi va soliqqa tortish bazasini kengaytirish choralari koʻriladi;
dehqon bozorlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qimmatlashgan narxlarda sotishning oldini olish boʻyicha nazorat choralari oʻtkaziladi;
bozorlarda qalbaki, sifatsiz mahsulotlarni tayyorlash va sotishga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan nazorat amalga oshiriladi va tekshiruvlar tashkil etiladi;
yakka tartibdagi tadbirkorlarning keyingi faoliyatini oʻrganish amalga oshiriladi hamda kuzatuv dalolatnomalari tuziladi va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish holatlari aniqlanganda tekshirishlar tashkil etiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
7-bob. Soliq toʻlovchilarga amaliy yordam koʻrsatish va toʻlov intizomini taʼminlash yoʻli bilan mahalliy budjet daromadlar bazasini kengaytirish
22. Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalari xodimlari:
yuridik va jismoniy shaxslarni hisobga qoʻyishda ular bilan profilaktik suhbat olib boradilar va ularni soliq majburiyatlari bilan tanishtiradilar;
har oyda kamida ikki marta tadbirkorlik subyektlariga imtiyozlar va preferensiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali yetkazadilar;
mahallalarda fuqarolar oʻrtasida soliq majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan har kuni tushuntirish oʻtkazadilar;
aniqlangan huquqbuzarliklar va ular boʻyicha koʻrilgan choralar haqida ommaviy axborot vositalarida har oyda kamida bir marta chiqishlar tashkil etadilar;
Oldingi tahrirga qarang.
har oyda kamida bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Davlat xizmatlari markazlari va boshqa organlar bilan birgalikda yoshlar, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun “Tadbirkorlik soati” tadbirlarini tashkil etadilar.
(22-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-yanvardagi 40-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 09/18/40/0609-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 27-son, 614-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 09/18/40/0609-son, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son; 17.04.2019-y., 09/19/320/2958-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)