Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SURUNKALI ALKOGOLIZM VA GIYOHVANDLIK KASALIGA ChALINGAN BEMORLARNI DAVOLASh UChUN IXTISOSLAShTIRILGAN DAVOLASh-PROFILAKTIKA MUASSASALARI TARMOGʻINI KENGAYTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-oktabrdagi 842-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga narkologik yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga qarshi qaratilgan jinoyatlarning oldini olish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1999-yil 15-martdagi 113-son qarorini bajarish yuzasidan va surunkali alkogolizm yoki giyohvandlik tarqalishining oldini olish, bunday kasalliklarga chalingan bemorlarga tashxis qoʻyish va ularni davolash sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlik kasaliga chalingan bemorlarni majburiy davolash boʻyicha narkologiya tibbiyot tarmogʻini kengaytirish va ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari (kasalxonalar tarkibida boʻlimlar) tashkil etish boʻyicha topshiriq xarajatlar “Sogʻliqni saqlash” sohasi boʻyicha ajratiladigan mablagʻlar hisobiga kiritilgan holda ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Birinchi Toshkent tibbiyot institutining boʻsh turgan 12-yotoqxonasi binosida “Sogʻliqni saqlash” sohasi boʻyicha yoʻnaltiriladigan budjet mablagʻlari doirasida, mavjud tibbiyot muassasalarini qayta tashkil etish hisobiga 1999-yil 1-dekabrgacha Respublika narkologiya markazini tashkil etsin;
Respublika narkologiya markazi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin, quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilasin:
surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikning tarqalishini va bunday kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish darajasini tahlil qilish;
surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka chalingan bemorlarga sifatli davolash-profilaktika va maslahat yordami koʻrsatish;
narkologiya tibbiy yordam sohasida yuqori malakali tibbiyot xodimlari tayyorlash;
surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka chalingan bemorlarni majburiy davolash boʻyicha narkologiya tibbiyot muassasalariga va ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalariga metodik va tashkiliy yordam koʻrsatish;
narkologiya xizmatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikning oldini olish va bunday kasalliklarga chalingan bemorlarni davolashni tashkil etish ustidan nazorat qilish.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
narkologiya tibbiyot tarmogʻini kengaytirish va uning negizida surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka chalingan bemorlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari (kasalxonalar tarkibida boʻlimlar) tashkil etish boʻyicha mazkur qaror bilan tasdiqlangan topshiriqning bajarilishini taʼminlasinlar;
“Sogʻliqni saqlash” sohasi boʻyicha budjet parametrlari doirasida ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari (boʻlimlar)ni tuzatish va rekonstruksiya qilishni hamda ular huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining talablariga muvofiq qoʻriqlash tizimlari samarali faoliyat koʻrsatishini nazarda tutsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi alkogolizm yoki giyohvandlikka chalingan bemorlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari (boʻlimlar) ishonchli qoʻriqlanishini tashkil etsin.
5. “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda alkogolizmning surunkali shakllarining, giyohvand moddalar va boshqa psixofaol moddalar isteʼmol qilishning oldini olishda sogʻlom turmush tarzining hal qiluvchi ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 24-avgust,
401-son