O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QO‘MITASI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
Qarori
Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestrini shakllantirish va yuritish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 16-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2683]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligining 2019-yil 4-apreldagi 2019-16, 34-sonli “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestrini shakllantirish va yuritish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 2683-1, 06.05.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-son “O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-apreldagi 90-son “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yakka tartibda hisobga olishni joriy etish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestrini shakllantirish va yuritish to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 5-iyun,
2015-20-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 5-iyun,
50-son
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligining 2015-yil 5-iyundagi 2015-20, 50-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestrini shakllantirish va yuritish to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-son “O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-apreldagi 90-son “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yakka tartibda hisobga olishni joriy etish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga muvofiq fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestrini (bundan buyon matnda Sug‘urta badallarini hisobga olish reyestri deb yuritiladi) shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Sug‘urta badallarini hisobga olish reyestrini shakllantirish va yuritishning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlar yagona axborot bazasi (bundan buyon matnda DSQning markazlashgan axborot bazasi deb yuritiladi) negizida fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga (bundan buyon matnda Pensiya jamg‘armasi deb yuritiladi) sug‘urta badallarining yakka tartibda hisobga olish bo‘yicha ma’lumotlarning yagona elektron axborot bazasini yaratish hisoblanadi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
yakka tartibdagi hisobga olish — davlat ijtimoiy sug‘urtasi, shu jumladan davlat pensiya ta’minoti maqsadlari uchun ish beruvchi tomonidan har bir jismoniy shaxs bo‘yicha taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida elektron hisobni yuritish;
ish beruvchi — jismoniy shaxs bilan mehnat shartnomasi (kontrakti) yoki fuqarolik-huquqiy tarzidagi shartnoma tuzgan va qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urta badallarini hisoblash va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilgan yuridik shaxs;
ma’lumotlar — fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga hisoblangan sug‘urta badallari to‘g‘risida ma’lumot;
jismoniy shaxs — ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi (kontrakti) yoki fuqarolik-huquqiy tarzidagi shartnoma tuzgan shaxs.
3. Yakka tartibdagi hisobga olishga faqat O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 172-moddasida ko‘rsatilgan jismoniy shaxslarning mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari yo‘l qo‘yiladi.
4. Yakka tartibdagi hisobga olish quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi:
majburiylik va haqqoniylik;
to‘liqlik va tezkorlik;
ma’lumotlarning hammabopligi va ochiqligi.
2-bob. Sug‘urta badallarini hisobga olish reyestrini shakllantirish va yuritish
5. Sug‘urta badallarini hisobga olish reyestri fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga hisoblangan sug‘urta badallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida shakllanadi.
6. Ish beruvchi ma’lumotlarni soliq hisobi bo‘yicha joylashgan davlat soliq xizmati organlariga O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 310-moddasida ko‘zda tutilgan muddatlarda taqdim etadi.
Bunda Sug‘urta badallarini hisobga olish reyestrida hisobga olinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar elektron shaklda ish beruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 2013-yil 4-martdagi 23, 2013-8-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori (ro‘yxat raqami 2439, 2013-yil 22-mart) bilan tasdiqlangan Yagona ijtimoiy to‘lov va fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari hisob-kitobiga 4-ilovasi bo‘yicha rasmiylashtiriladi.
7. Davlat soliq xizmati organlari ma’lumotlar kelib tushishiga ko‘ra, ularni DSQning Markazlashgan axborot bazasiga kiritadi.
8. Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish maqsadida DSQ tomonidan Pensiya jamg‘armasiga DSQning Markazlashgan axborot bazasida joylashgan ma’lumotlardan foydalanish huquqi beriladi.
9. Pensiya jamg‘armasining elektron so‘rovi DSQning Markazlashgan axborot bazasida joylashgan ma’lumotlardan foydalanishga huquq berish uchun asos hisoblanadi.
10. Pensiya jamg‘armasining elektron so‘rovi kelib tushganda, DSQning Markazlashgan axborot bazasi yakka tartibdagi hisobga olishning tegishli ma’lumotlarini shakllantiradi va yuboradi.
3-bob. Jismoniy shaxs, ish beruvchi va davlat soliq xizmati organlarining huquq va majburiyatlari
11. Jismoniy shaxs:
ish beruvchidan oyma-oy bo‘lingan holdagi ma’lumotlar to‘g‘risida ma’lumotnomani bepul olish;
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali fuqarolarning o‘tkazilgan sug‘urta badallari to‘g‘risidagi ma’lumotlarini olish bo‘yicha davlat interaktiv xizmatidan foydalanish;
ish beruvchi tomonidan davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilgan ma’lumotlarda xatoliklar aniqlangan taqdirda ish beruvchidan ma’lumotlarni to‘g‘rilash va qayta topshirishni talab qilish huquqiga ega.
12. Jismoniy shaxs:
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani olishi, uni saqlashi va ish beruvchining talabiga ko‘ra taqdim etishi;
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomadagi ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda, shuningdek ushbu guvohnoma yo‘qotilgan taqdirda ariza bilan davlat soliq xizmati organlariga murojaat etishi;
davlat soliq xizmati organlari talabiga muvofiq soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga kiritilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi zarur.
13. Ish beruvchi u hisobga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organlari bilan yakka tartibdagi hisobga olishni yuritilishning to‘g‘riligi yuzasidan ma’lumotlarning o‘zaro solishtirishni amalga oshirish huquqiga ega.
14. Ish beruvchi:
jismoniy shaxsning arizasiga asosan mazkur jismoniy shaxs bo‘yicha oyma-oy bo‘lingan holdagi ma’lumotlar to‘g‘risida ma’lumotnomani ariza olingan kundan boshlab uch ish kuni davomida bepul berish;
ma’lumotlarga tuzatishlar kiritilgan va davlat soliq xizmati organlariga qayta topshirilgan taqdirda jismoniy shaxsni xabardor qilishga majbur.
15. Davlat soliq xizmati organlari ish beruvchidan yakka tartibdagi hisobga olish uchun ma’lumotlarni o‘z vaqtida va zarur darajada rasmiylashtirilishini talab qilish huquqiga ega.
16. Davlat soliq xizmati organlari ish beruvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni DSQning Markazlashgan axborot bazasiga o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlashga majbur.
17. Yuridik shaxs qayta tashkil etilgan (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratish, o‘zgartirish) taqdirda ma’lumotlar to‘g‘risida ma’lumotnomani berish bo‘yicha majburiyat uning huquqiy vorisiga yuklatiladi.
18. Yuridik shaxs tugatilgan holatlarda ma’lumotlar to‘g‘risida ma’lumotnoma yuridik shaxs soliq hisobiga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan DSQning Markazlashgan axborot bazasida mavjud ma’lumotlar asosida beriladi.
4-bob. Yakuniy qoida
19. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 24-son, 317-modda)