Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksini amalga oshirishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 383-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Yagona gʻazna hisobvaragʻidagi mablagʻlarni boshqarishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi normalarini amalga oshirish, shuningdek respublika budjetining vaqtincha boʻsh mablagʻlaridan hamda davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlardan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirish va ularni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyundagi 391-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 543-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 22-may,
135-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 22-maydagi 135-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirish va ularni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtincha boʻsh mablagʻlarini (keyingi oʻrinlarda vaqtincha boʻsh mablagʻlar deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan (keyingi oʻrinlarda Moliya vazirligi deb ataladi) tijorat banklarining depozitlariga joylashtirish tartibini va ularni joylashtirishdan olingan daromadlardan foydalanish yoʻnalishlarini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, Markaziy bankiga va Moliya vazirligi tomonidan vaqtincha boʻsh mablagʻlar ularning depozitlariga joylashtiriladigan tijorat banklariga tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirish va ularni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlardan foydalanish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
II. Vaqtincha boʻsh mablagʻlarni aniqlash va ularni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirish
3. Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklarining depozitlariga joylashtirish uchun vaqtincha boʻsh mablagʻlarning cheklangan miqdori moliya yili boshida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi axborot tizimida ochilgan Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining gʻaznachilik shaxsiy hisob raqamidagi mablagʻlar qoldigʻining qabul qilingan yuridik majburiyatlar chiqarib tashlangan holda joriy moliya yilida Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti uchun tasdiqlangan aylanma kassa mablagʻi miqdoridan oshgan summasi sifatida aniqlanadi.
4. Quyidagilar Tijorat banklarining depozitlariga vaqtincha boʻsh mablagʻlarni joylashtirishda tijorat banklariga qoʻyiladigan asosiy talablar hisoblanadi:
tijorat bankining ustav kapitalida kamida 25 foiz miqdorida davlat ulushi mavjudligi;
tijorat bankida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining mablagʻlari hisobiga ilgari joylashtirilgan bank depozitlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlikning yoʻqligi.
5. Moliya vazirligi, zaruriyat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan yoki tijorat banklaridan tijorat banklarining moliyaviy holati toʻgʻrisidagi axborotni soʻrashi mumkin.
6. Depozitlarida vaqtincha boʻsh mablagʻlar joylashtirilishi mumkin boʻlgan tijorat banklarini aniqlash boʻyicha tanlovda tanlab olish Moliya vazirligi tomonidan ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan talablarga javob beruvchi tijorat banklariga tanlab olishda qatnashish uchun taklifnoma yuborish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Depozit summasiga daromadning eng yuqori foizini va tanlov shartlarida koʻrsatilgan muddatlarni taklif etgan tijorat banki tanlovning gʻolibi hisoblanadi.
Bunda tanlov qatnashchilari tomonidan bir xildagi foiz stavkalari va shartlar taklif etilgan taqdirda ustav kapitalida davlat ulushi eng koʻp boʻlgan tijorat banki tanlov qatnashchilari orasida gʻolib hisoblanadi.
7. Vaqtincha boʻsh mablagʻlar tijorat banklarining depozitlariga Moliya vazirligi bilan tegishli tijorat banki oʻrtasida belgilangan tartibda tuziladigan shartnoma (keyingi oʻrinlarda shartnoma deb ataladi) asosida bir moliya yili mobaynida toʻqqiz oygacha muddatga joylashtiriladi.
Tijorat banki tomonidan shartnoma shartlari bajarilgan taqdirda Shartnomaning amal qilish muddati uzaytirilishi, biroq joriy moliya yili tamom boʻlishidan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
III. Vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlardan foydalanish
8. Vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar har oyda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadlariga yoʻnaltiriladi.
9. Vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlardan foydalanish budjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Tijorat banklariga joylashtirilgan mablagʻlarni qaytarish
10. Tijorat banklarining depozitlariga joylashtirilgan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlarini qaytarish va ular boʻyicha foizlar toʻlash qatʼiy ravishda Shartnomada belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Zaruriyat boʻlganda, Moliya vazirligi tijorat banklarining depozitlariga joylashtirilgan mablagʻlarni muddatidan oldin qaytarishni talab qilishi mumkin. Muddatidan oldin qaytarish shartlari Shartnomada belgilanadi.
11. Depozitlarga joylashtirilgan mablagʻlar, shu jumladan foizlar shartnomaga muvofiq oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda Moliya vazirligi:
tijorat banklarining istalgan hisob raqamlariga inkassa topshiriqlari qoʻyish yoʻli bilan ulardan qarzdorlikni soʻzsiz tartibda undiradi;
har bir kechiktirilgan kun uchun muddati oʻtkazib yuborilgan qarz summasining 0,033 foizi miqdorida penya hisoblaydi.
12. Penyadan tushgan summa Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadiga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirish va ularni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirish va ularni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlardan foydalanish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyundagi 391-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 543-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 22-maydagi 135-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan ayrim qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat aktivlarini sotish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 29-yanvardagi 27-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 1-son, 8-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish, shuningdek ularni sotishdan tushgan pul mablagʻlarini taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qaroriga 2-ilovaning 5-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 12-son, 84-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 2-apreldagi 62-son qaroriga 2-ilovaning 18-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 4-son, 14-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2012-yil 13-noyabrdagi PF-4483-son Farmoni)” 2013-yil 9-sentabrdagi 244-son qaroriga 1-ilovaning 65-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 9-son, 64-modda).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 21-son, 269-modda, 43-son, 549-modda; 2016-y., 52-son, 601-modda; 2017-y., 25-son, 543-modda)