Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Turizm sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati, bundan keyin "Ahdlashuvchi Tomonlar" deb ataluvchilar,
turizm ikki davlat xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro tushunish va doʻstona munosabatlarni mustahkamlashda muhim vosita ekanligini anglab,
ikkala mamlakatning tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishishga va tabiiy boyliklarini saqlashga koʻmaklashish istagini ifoda etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni teng huquqlilik va oʻzaro foyda asosida Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunlariga, ushbu Bitimga va Ahdlashuvchi Tomonlar ishtirok etuvchi boshqa xalqaro bitimlarga muvofiq mustahkamlaydilar va rivojlantiradilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlat turistik maʼmuriyatlarining xalqaro turizmni rivojlantirishda ishtirok etuvchi ikkala davlatning tashkilot, korxona va kompaniyalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda rivojlantirishdagi faoliyatlarini qoʻllab-quvvatlaydilar va ragʻbatlantiradilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz milliy qonunlariga muvofiq turistik almashish bilan bogʻliq maʼmuriy rasmiyatchiliklarni soddalashtirishga intiladilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ham guruhlar bilan ishlaydigan tashkil qilingan turizm, ham ikka tartibdagi turizmni kengaytirishga koʻmaklashadilar, sport anjumanlari, musiqa va teatr festivallari, koʻrgazmalar, simpoziumlar, kongresslarda ishtirok etish, shu jumladan davolanish maqsadida ixtisoslashgan guruhlar bilan almashib turadilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar davlat turistik maʼmuriyatlari oʻrtasida turizm sohasidagi axborot bilan almashishni ragʻbatlantiradilar, chunonchi:
turizm sohasini muvofiqlashtiruvchi qonun chiqarish va normativ baza toʻgʻrisida;
turistik bozorning holati, turizm sohasidagi tajriba va yutuqlar toʻgʻrisida;
mehmonxonalarni va joylashtirishning boshqa vositalarini boshqarish tajribasi toʻgʻrisida;
statistika, axborot va reklama materiallari bilan;
turistik obidalar hisoblangan tabiat va madaniyat resurslarini muhofaza qilish va asrash sohasidagi milliy qonunlar toʻgʻrisida;
turizm sohasidagi investitsiyalar xususidagi takliflar toʻgʻrisida.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar turizm sohasi uchun professional kadrlarni tayyorlashda, turizm sohasi ixtisosligi boʻlgan ilmiy xodimlar va mutaxassislar bilan almashishda bir-birlariga yordam beradilar, shuningdek ikkala davlatning mazkur sohada tadqiqotlar olib boruvchi tashkilotlarining har tomonlama aloqalariga va qoʻshma faoliyatiga koʻmaklashadilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar jamoatchilikning ikki davlatning turistik imkoniyatlari toʻgʻrisida yanada keng maʼlumotga ega boʻlishi maqsadida oʻzaro tashriflarga hamda muxbir va jurnalistlar bilan almashishga koʻmaklashadilar.
8-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida tijorat faoliyatini amalga oshirmaydigan turizm axboroti boʻyicha rasmiy vakolatxona ochishi mumkin.
Bu vakolatxonalarning faoliyati Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi alohida bitim bilan tartibga solinadi.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni bajarishni oʻz davlat turistik tashkilotlari zimmasiga yuklaydilar. Zarur boʻlganda hamda ushbu Bitimni bajarish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlar teng sonli vakillardan iborat ishchi guruhini tuzishlari mumkin.
Ishchi guruhining yigʻilishlarini oʻtkazish joyi va vaqti Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelishib olinadi.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha bir-birlarini xabardor qilib boradilar va zarur boʻlganda, unga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritadilar.
Ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligi boʻyicha kiritilishi mumkin hamda ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladi va 11-modda qoidalariga muvofiq kuchga kiradi.
11-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar, diplomatik kanallar orqali, ushbu Bitim kuchga kirishi uchun ularning milliy qonunlari talab etadigan zarur protseduralar bajarilgani toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiluvchi soʻngi xabarnoma olingan sanadan boshlab 30 (oʻttiz) kun oʻtgach kuchga kiradi.
Ushbu Bitim 5 (besh) yil muddatga tuziladi va Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida tegishli davr tugashidan 6 (olti) oy ilgari boshqa Ahdlashuvchi Tomonni xabardor qilmasa, keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Ushbu Bitimning bekor qilinishi, agar Ahdlashuvchi Tomonlar boshqacha kelishib olmasalargina, u amal qilgan davrda kelishilgan turizm sohasidagi dastur va loyihalarning bajarilishiga daxl qilmaydi.
Sofiya shahrida 1998-yil 24-iyunda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, bolgar va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda rus tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)