Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
10 % LI IXTIOL MAZINI (SURTMA DORI) VETERINARIYADA QOʻLLASh BOʻYIChA QOʻLLANMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan texnik qoidalar va normalarga tegishli deb topilgan, 2008-yil 14-fevral 20-15-23/11-son]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining 2018-yil 17-yanvardagi 16-sonli “10% li ixtiol mazini (surtma dori) veterinariyada qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. 10 % li ixtiol mazini (surtma dori) veterinariyada qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2006-yil 14-sentabrda tasdiqlangan “10 % li ixtiol mazini (surtma dori) veterinariyada qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish boshliq oʻrinbosari M. Yusupov zimmasiga yuklatilsin.
Boshliq Sh.MAMATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-yanvar,
07-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi Davlat veterinariya Bosh boshqarmasining 2008-yil 7-yanvardagi 07-sonli buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
10% li ixtiol mazini (surtma dori) veterinariyada qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. UMUMIY MAʼLUMOTLAR
1. 10% li ixtiol mazi — 1 g tarkibida 100 mg farmatsevtik ixtiol va 900 mg vazelinli preparat.
2. Tashqi koʻrinishiga koʻra qaymoqsimon konsistensiyadagi, toʻq-qoʻngʻir rangli, ixtiolning oʻziga xos hidiga ega boʻlgan maz.
3. Maz alyumin tubalarga 20, 50, 90 g dan, zargʻaldoq rangli shisha yoki polimerli bankalarga 20, 100 va 250 g dan qadoqlanadi.
4. Preparat quruq, qorongʻi joyda 2°S dan 25oS gacha haroratda saqlanadi.
5. Yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 5 yil.
II. FARMAKOLOGIK XUSUSIYATLARI
6. Ixtiol — mazining taʼsir etuvchi moddasi, yalligʻlanishga qarshi, antiseptik, ogʻriq qoldiruvchi va parazitlarga qarshi taʼsirlarga ega.
7. Teriga surtilganda ixtiol periferik qon tomirlarini toraytiradi, temir sekretsiyalarini, ekssudatsiyani kamaytiradi va regenerativ jarayonlarni tezlashtiradi.
III. QOʻLLASh TARTIBI
8. 10% li ixtiol mazi hayvonlarning teri kasalliklari (dermatit, ekzema, sovuq urishi, termik yoki kimyoviy kuyishlar), shuningdek mastit, nevralgiya, abssesslarni va tuyoq kasalliklarini (artrit, tendovaginit, bursit, tuyoq orasi yalligʻlanishi) davolash maqsadida qoʻllaniladi.
9. Maz sirtga surtish uchun qoʻllaniladi. Uni jarohatlangan joylarga yupqa qilib, kuniga 1-2 marotaba butunlay sogʻayib ketguncha surtiladi.
10. Preparatni qoʻllashga qarshi koʻrsatmalar yoʻq, hamda hayvonlarni soʻyishga va chorvachilik mahsulotlarni isteʼmol qilishga cheklovlarsiz yoʻl qoʻyiladi.
IV. NOROZILIKLARNI BAYoN ETISh TARTIBI
11. Preparat ushbu qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A. Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: uzgnkl@tkt.uz. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.