Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ISTEʼMOL TOVARLARI BILAN ULGURJI VA ChAKANA SAVDONI TAShKIL ETIShNI TAKOMILLAShTIRIShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Isteʼmol tovarlari bilan ulgurji va chakana savdo sohasida bozor munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va raqobat muhitini rivojlantirish, xususiy savdo korxonalari faoliyatini, avvalo qishloq joylarda faollashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining, “Matlubotsavdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalari aksiyadorlarining “Matlubotsavdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalarini tugatish, ularning tarkibiga kirgan ulgurji va chakana korxonalar kelgusida oʻz faoliyatini mustaqil xoʻjalik yurituvchi subyektlar sifatida amalga oshirishi haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, “Matlubotsavdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalarining rahbarlari hududiy soliq organlari, xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklari, boshqa manfaatdor tuzilmalar ishtirokida bir hafta muddatda tugatish komissiyalarini tashkil etsinlar hamda “Matlubotsavdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatsinlar, ularning ulgurji va chakana savdo, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish, tayyorlov tashkilotlari va boshqa tashkilotlardagi ulushlarini xususiy mulk etib sotsinlar.
3. Ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning amalda roʻyobga chiqarilishini taʼminlash uchun ilovaga* muvofiq tarkibda Maxsus komissiya tuzilsin.
*Ilova berilmaydi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq savdosida mulkchilik munosabatlarini, boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish va monopoliyadan chiqarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 24-martdagi 125-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 30-mart,
94-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 14-son, 135-modda)