Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1998 YILDA YETIShTIRILADIGAN PAXTA XOM AShYoSI UChUN AVANS BERISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining 1998-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar boʻyicha paxta xomashyosi yetishtirish hajmlariga doir taklifi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. 1998-yilda davlat tomonidan paxta tolasi xarid qilish miqdori uni ishlab chiqarish hajmining 30 foizi darajasida belgilansin.
Tasdiqlangan xaridlar hajmidan ortiqcha yetishtirilgan paxta xomashyosidan olingan paxta tolasi xoʻjaliklar ixtiyorida qoladi va paxta xomashyosi tayyorlash topshirigʻini bajarishgan taqdirda, ular tomonidan shartnomaviy narxlarda sotiladi.
3. Paxta tolasining 1998-yil uchun cheklangan narxlari paxta tolasini qayta ishlash va transportda tashish xarajatlarini hisobga olgan holda jahon narxlari darajasining 85 foizi miqdorida belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 1998-yilgi paxta xomashyosi xarid narxlariga jahon bozorida vujudga keladigan narx konyunkturasiga muvofiq zarur tuzatishlar kiritishga ruxsat etilsin.
4. “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi:
1998-yilgi paxta xomashyosini xarid qilish yuzasidan shartnomalar tuzishni joriy yilning 15-fevraligacha tugallasin;
1998-yilning fevralidan boshlab paxta xomashyosi sotish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari tuzishgan qishloq xoʻjaligi korxonalariga har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hisob-kitoblariga koʻra xoʻjaliklarning paxta yetishtirish joriy xarajatlarini qoplaydigan miqdorlarda, xarid narxlari boʻyicha xomashyo qiymatining 50 foizi doirasida avans berib borsin;
xarid qilinadigan paxta xomashyosi uchun avans berishni paxta tolasini sotishdan tushadigan mablagʻlar va bank kreditlari hisobiga amalga oshirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 4-fevral,
57-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 4-fevraldagi 57-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
1998-yilda paxta yetishtirish
HAJMLARI
| |
Ekin maydoni, ming gektar |
Yalpi hosil, ming tonna |
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 145 | 310 |
| viloyatlar: | | |
| Andijon | 110 | 310 |
| Buxoro | 129 | 403 |
| Jizzax | 111 | 257 |
| Qashqadaryo | 173 | 420 |
| Navoiy | 44 | 120 |
| Namangan | 95 | 280 |
| Samarqand | 97 | 250 |
| Surxondaryo | 120 | 380 |
| Sirdaryo | 141 | 325 |
| Toshkent | 108 | 280 |
| Fargʻona | 127 | 375 |
| Xorazm | 100 | 290 |
| Oʻzbekiston Respublikasi | 1500 | 4000 |