Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUSTAQILLIGINING OʻN TOʻQQIZ YILLIK BAYRAMIGA TAYYORGARLIK KOʻRISh VA UNI OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Biz uchun eng buyuk, eng aziz qadriyat boʻlmish istiqlolimizning har bir sanasi yangi tariximiz solnomasida tom maʼnoda yorqin sahifa boʻlib, xalqimizning fidokorona mehnati, bunyodkorlik salohiyatining yana bir amaliy namoyoni, erkin, ozod va farovon hayotimiz, gʻurur-iftixorimiz timsoli sifatida keng nishonlanib kelmoqda. Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlar el-yurtimiz, ayniqsa, yosh avlodimiz qalbida ona yurt tuprogʻini koʻzga toʻtiyo qilib yashash, Vatanga mehr va sadoqat tuygʻusini yuksaltirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu muhim yoʻnalishda shakllangan anʼanalarni uzviy davom ettirgan holda, oʻtgan davr mobaynida barcha soha va tarmoqlarda qoʻlga kiritgan ulkan marralar, yutuq va natijalarimizning mohiyati va ahamiyatini, qadr-qimmatini teran idrok etish, ularni el-yurtimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish, bayram tadbirlarini xalqimiz qalbida chuqur taassurot qoldiradigan yuksak saviyada oʻtkazish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻn toʻqqiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Bu muqaddas Vatanda azizdir inson”, degan ezgu gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.
2. Ushbu dasturni tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
Oʻtgan oʻn toʻqqiz yillik mustaqil taraqqiyot yoʻli Oʻzbekistonimiz uchun siyosiy sohada, davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyot, ijtimoiy hayot va maʼnaviyat, sud-huquq tizimi, tashqi siyosat va xavfsizlikni taʼminlash borasida rivojlanish va yuksalish, jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallash davri boʻlganini chuqur ochib berish;
mustaqillik yillarida erishgan eng katta boyligimiz — xalqimizning tinch va osuda hayoti, jamiyatimizdagi oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va bagʻrikenglik kabi oliyjanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga uygʻun boʻlib yashash tamoyili tobora mustahkamlanib borayotganini targʻib etishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
shu oʻtgan davrda betakror merosimiz, boy tariximiz, dinu diyonatimiz, koʻhna urf-odat va anʼanalarimizning qayta tiklangani, odamlarimizning dunyoqarashi tubdan oʻzgarib, Vatan taqdiri va istiqboliga daxldorlik tuygʻusi maʼnaviy hayotimizning uzviy qismiga aylanib borayotganini har tomonlama ochib berish;
istiqlol xalqimiz uchun yangi-yangi imkoniyatlar tugʻdirib berayotganini, har bir yurdoshimizning oʻz isteʼdod va qobiliyatini namoyon etishi, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, hech kimdan kam boʻlmaydigan hayot barpo etishning mustahkam zamini boʻlib kelayotganini oʻtkaziladigan barcha tadbirlarning maʼno-mazmuniga teran singdirish;
biz tanlab olgan milliy taraqqiyot yoʻli asosida yurtimizda keng koʻlamli islohotlar yangi bosqichda davom ettirilayotgani, Oʻzbekistonning jahon moliyaviy inqirozi sharoitida iqtisodiyotning oʻsish surʼatlari, aholining hayot darajasini barqaror saqlab qolish borasida erishayotgan amaliy natijalari, taraqqiyotning oʻzbek modeliga xos ustuvor tamoyillar dunyo jamoatchiligi tomonidan keng eʼtirof etilayotganiga alohida eʼtibor qaratish;
mamlakatimizda qabul qilingan muhim ijtimoiy dasturlar, jumladan, “Barkamol avlod yili” davlat dasturining ijobiy samaralarini, yosh avlod taʼlim-tarbiyasi, ularning ham maʼnaviy, ham jismoniy sogʻlom boʻlib kamol topayotganini aniq va taʼsirchan hayotiy misollar yordamida yoritib berish.
3. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bagʻishlab aholining keng qatlamlari oʻrtasida maʼrifiy uchrashuvlar, jonli muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar oʻtkazish maqsadida taniqli olimlar, adiblar va sanʼatkorlardan iborat maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi taʼminlansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” va “Mahalla” jamgʻarmalariga Mustaqillik bayramining oʻn toʻqqiz yilligini munosib nishonlash uchun joylarda tegishli komissiyalar tuzish hamda respublika dasturida belgilab berilgan asosiy maqsad va vazifalarni amalga oshirish, bayram munosabati bilan shahar va qishloqlarda, mahalla va guzarlarda, koʻpqavatli uylar atrofida obodonlashtirish ishlarini olib borishni koʻzda tutadigan tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirilsin.
Mazkur reja va dasturlardan oʻrin olgan tadbirlarni rasmiyatchilik va balandparvozlik holatlariga yoʻl qoʻymasdan, keng jamoatchilikning vakillarini jalb etgan holda, oddiy odamlarning qalbi va ongiga yetib boradigan, ularning ruhi va kayfiyatini koʻtaradigan, yangi marralar sari ilhomlantiradigan taʼsirchan shaklda oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilsin.
5. Respublika komissiyasi oʻz yigʻilishlarida dasturda belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har qaysi hudud, vazirlik va idora rahbarlari hisobotini muntazam ravishda eshitib borsin.
6. Mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda oʻtkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar boʻyicha yuksak professional mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh sanʼatkorlar, folklor sanʼati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.
7. Madaniyat va sport ishlari vazirligi “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi, Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qoʻshiqlar, musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini oʻtkazsin. Tanlov gʻoliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida eʼlon qilinsin.
8. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan birgalikda avgust oyining oxirida mamlakatimiz mustaqilligiga bagʻishlangan “Eng ulugʻ, eng aziz” anʼanaviy tanlovining yakuniy bosqichini oʻtkazsin.
9. Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi va Bastakorlar uyushmasi yosh ijrochilar oʻrtasida “Nihol” mukofotiga nomzodlarning respublika saralash bosqichini hamda gʻoliblar ijrosidagi konsert dasturini avgust oyining birinchi yarmida yuqori darajada tashkil etsin.
10. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy budjetlar hamda joylardagi ishlab chiqarish korxonalari, xoʻjaliklar, jamgʻarmalar hisobidan;
Toshkent shahrida respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
11. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mustaqillikning oʻn toʻqqiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
12. Mazkur Qarorning ijrosini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 30-iyun,
PQ-1358-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 6-son, 257-modda)