Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAVROʻZ UMUMXALQ BAYRAMINI NIShONLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Umumxalq bayrami — Navroʻzni katta tantanalar bilan nishonlash mustaqil mamlakatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida anʼanaga aylanib borayotganligini, uning xalqimiz milliy gʻururini shakllantirish, ona tuproqni sevish, anglash maʼnaviyatini yuksaltirish, insonlarni hayotni qadrlashga, yurtimizda yashovchi barcha millatlar oʻrtasida doʻstlik, tinchlik, osoyishtalikni yanada mustahkamlashdagi ulugʻvor ahamiyatini eʼtiborga olib, 1994-yilda Navroʻz umumxalq bayramini keng nishonlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Tashkiliy qoʻmita bir hafta muddatda bayramni oʻtkazish tadbirlarini ishlab chiqsin va amalga oshirishga kirishsin.
Joylarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, Toshkent shahar va barcha viloyatlar hokimlarining shaxsan rahbarliklarida shunday tashkiliy qoʻmitalar tuzilsin. Mazkur komissiyalar bir hafta muddat ichida Navroʻz umumxalq bayramini oʻz hududlarida oʻtkazish rejalarini ishlab chiqib amalga oshirishga kirishsinlar.
2. Respublika korxonalari, muassasalari, jamoa va davlat xoʻjaliklari, shirkatlar, jamoat tashkilotlari oʻz ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, bayram tadbirlarini tegishli transport vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari, sanoat mollari va boshqa zarur ashyolar bilan taʼminlashni hal etsinlar.
Ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilgan sarf-xarajatlar ularning hisobidan boʻlishi nazarda tutilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga tegishli vazirliklar va jamgʻarmalar, ijodiy uyushmalar bilan birgalikda joylarda bayram madaniy tadbirlarini, ommaviy sport musobaqalarini, xalq oʻyinlarini, turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazishni keng tashkil etish rejasini ishlab chiqib, amalga oshirish topshirilsin.
Joylardagi tashkiliy qoʻmitalar bayram munosabati bilan mehnat va urush faxriylari, moʻtabar otaxon va onaxonlar, koʻp bolali oilalar, nogironlar va yetim-yesirlar, boquvchisiz qolgan xonadonlar hamda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining hol-ahvolidan xabar olish, ragʻbatlantirish, bayram tadbirlariga jalb etish, ularga sovgʻa-salomlar tortiq qilish ishlarini uyushtirsinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Navroʻz bayramida Respublikadagi barcha milliy madaniyat markazlarining oʻz dasturlari bilan ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoit yaratib bersinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat teleradiokompaniyasi, Davlat matbuot qoʻmitasi, Davlat kinokompaniyasi, barcha ommaviy axborot vositalari va ijodiy tashkilotlar xalqimizning qadimiy va saxovatli bayramining tarixiy-maʼnaviy ahamiyatini ochib berishga, ayniqsa, yosh avlodni milliy urf-odatlar negizida umuminsoniy qadriyatlarni ulugʻlash, Vatanga muhabbat, uni ardoqlash tuygʻularini shakllantirish, mehr-shafqat va ona tabiatni avaylab asrash ruhida tarbiyalashga qaratilgan dasturlar tuzib tadbirlar belgilasinlar.
6. Navroʻz umumxalq bayrami tadbirlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy budjetlar hisobidan qoplanishi koʻzda tutilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mamlakatimiz poytaxtida bayram tadbirlarini oʻtkazish munosabati bilan boʻladigan sarf-xarajatlarni Toshkent shahar hokimligi taqdim etgan moliyaviy hujjatlar asosida Toshkent shahar va respublika budjetlari hisobidan teng miqdorda qoplasin.
8. Joylarda Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda, shahar va qishloqlarni, mahallalarni obodonlashtirish va taʼmirlash, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni uyushtirishda respublika “Mahalla” va boshqa xayriya jamgʻarmalarining oʻz mablagʻ ulushlari bilan koʻmaklashish borasidagi takliflari eʼtiborga olinsin.
9. Respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasiga oʻz Nizomida belgilangan vazifalarni bajarish, shuningdek mehnat va urush faxriylari, koʻp bolali oilalar, nogironlar va yetim-yesirlar, boquvchisisiz qolgan xonadonlar hamda bolalar uylari tarbiyalanuvchilariga sovgʻa-salomlar berish, joylarda Navroʻz umumxalq bayramini oʻtkazishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasidan 1 milliard soʻm ajratilsin.
10. Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha Respublika tashkiliy qoʻmitasiga bayramning yuksak saviyada oʻtishini taʼminlashda faol ishtirok etgan idoralar, jamoalar hamda fuqarolarni ragʻbatlantirish haqida tavsiyalar tayyorlash topshirilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 22-fevral,
85-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 22-fevraldagi 85-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasining
TARKIBI
| Joʻrabekov I.H. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari— tashkiliy qoʻmita raisi |
| Umurzoqov M.B. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi— tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari |
| Qoraboyev M. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari— tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari |
| Abdulazizov Sh. | — | Vazirlar Mahkamasi boʻlimining mudiri — tashkiliy qoʻmitaning masʼul kotibi |
| Tashkiliy qoʻmita aʼzolari: | ||
| Joʻrayev X.R. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi |
| Ahrorov S.A. | — | “Oʻzdavkinokompaniya” raisining birinchi oʻrinbosari |
| Almatov Z . | — | Ichki ishlar vaziri |
| Vohidov E. | — | Oʻzbekiston xalq shoiri |
| Guskova T.N. | — | Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Jalolov A.S. | — | “Oʻzbekbirlashuv” raisi vazifasini bajaruvchi |
| Joʻraboyev A. | — | “Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo” gazetalarining bosh muharriri |
| Jabborov A.J. | — | Vazirlar Mahkamasi Ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat boʻlimining shuʼba mudiri |
| Jamolov H.B. | — | Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining raisi |
| Kenjaboyev M. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining yetakchi konsultanti |
| Karimov Sh.I. | — | Sogʻliqni saqlash vaziri |
| Oripov A. | — | Oʻzbekiston xalq shoiri |
| Rahimov B. | — | Oʻzbekiston urush va mehnat faxriylari kengashining raisi |
| Rahimov K. | — | Aloqa vaziri |
| Rasulov K. R . | — | Respublika Baynalmilal madaniy markazining raisi |
| Roʻziyev S. | — | Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi raisi |
| Saidov I.N. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining yetakchi konsultanti |
| Teshaboyev A. | — | Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy qoʻmitasining birinchi kotibi |
| Temurov Sh. | — | “Mahalla” jamgʻarmasining raisi |
| Usmonov M.Z. | — | “Oʻzbeksavdo” uyushmasining raisi |
| Fozilbekov A.I. | — | Toshkent shahar hokimi |
| Shodimetov Y.Sh. | — | Vazirlar Mahkamasining boʻlim mudiri, EKOSAN jamgʻarmasining raisi |
| Shogʻulomov R.Sh. | — | Oʻzbekiston davlat matbuot qoʻmitasi raisi |
| Yahyoyev Sh.Gʻ. | — | “Oʻzdavteleradio” kompaniyasi raisi |
| Qayumov N. | — | Qishloq xoʻjaligi vaziri |
| Hazratqulov M. | — | Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining Bosh direktori |
| Hayitboyev E.Q. | — | Madaniyat ishlari vaziri |
| Yusupova B.A. | — | Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari |
| Saidov N. | — | Andijon viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Xalilov A. | — | Buxoro viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Chilgashev Sh.B. | — | Jizzax viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Rahmonov R. | — | Qashqadaryo viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Fahriddinov X. B. | — | Navoiy viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Tursunov N.M. | — | Namangan viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Xudoyqulov A. | — | Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Rizoqulov X. | — | Sirdaryo viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Abdullayev M. | — | Surxondaryo viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Hamidov H. | — | Toshkent viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Qurbonov T. | — | Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Jumaniyozov M. | — | Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari |
| Jalilov Sh.I. | — | Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari |
| Shodmonqulov I.F. | — | Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari |