Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1997-YILDA NAQD PUL EMISSIYASINI QISQARTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Naqd pul muomalasini yanada mustahkamlash, respublika mintaqalarida naqd pul aylanishi tezlashishi uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar, shaharlar va tumanlarda umuman 1997-yilda va yilning 1 choragida naqd pul mablagʻlari emissiyasi darajasi prognozlariga va kassa rejasiga 1, 2, 3-ilovalarga* muvofiq rozilik berilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari naqd pul mablagʻlari emissiyasi darajasi prognozlari va kassa rejalari bajarilishi ustidan amaliy nazoratni taʼminlasinlar.
* Ilovalar berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga 1997-yilning keyingi choraklariga naqd pul emissiyasi darajasining aniqlashtirilgan parametrlarini va kassa rejalarini yilning navbatdagi choragi boshlanishidan kamida 10 kun oldin tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish tavsiya qilinsin.
3. “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi, Oʻzbekbirlashuv, “Oʻzmaishiyxizmatuyushma”, “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi, “Toshshaharyoʻlovchitrans” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi, Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, chakana savdo tarmogʻiga ega boʻlgan va aholiga pulli xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa vazirliklar va idoralar hokimliklar bilan birgalikda mahalliy bozorlarni xalq isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish va xizmatlar sohasini kengaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrsinlar.
Barcha darajalardagi kollegial organlar majlislarida mazkur qarorning qanday bajarilayotganligi muntazam ravishda koʻrib chiqilsin, belgilangan kassa rejalari bajarilishi uchun javob beruvchi mansabdor shaxslar va mutaxassislarni moddiy ragʻbatlantirish va ularning javobgarligi yuzasidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar keng qoʻllanilsin.
Vazirlar Mahkamasi majmuilari rahbarlari mazkur band amalga oshirilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsinlar.
4. Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan tovarlar sotilishi, ishlar bajarilishi va xizmatlar koʻrsatilishidan tushgan naqd pul tushumi oʻz vaqtida va toʻliq topshirilishi taʼminlanishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
Belgilangan tartib buzilganligi aniqlangan hollarda aybdorlarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlik choralari qoʻllansin.
5. Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasi:
mazkur qarorning bajarilishini har oyda koʻrib chiqsin va tegishli takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 2-iyuldagi 230-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika mintaqalarida naqd pul mablagʻlari emissiyasi darajasini pasaytirish prognozlari va kassa rejalari bajarilishi uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish va ularni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq emissiya darajasining belgilangan parametrlari va kassa rejalari bajarilishini baholashni amalga oshirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 6-yanvar,
3-son