LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari, korxonalari va muassasalarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga o‘z vaqtida tayyorlashni ta’minlash maqsadida:
respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha tadbirlar 1-ilovaga* muvofiq;
asosiy muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik uskunalarni, shuningdek ijtimoiy soha obyektlarini hududlar bo‘yicha 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash hamda kapital va joriy ta’mirlash topshiriqlari 2—4-ilovalarga* muvofiq;
asosiy yoqilg‘i-energetika resurslari va texnik tuzni hududlar bo‘yicha 2009/2010-yillar kuz-qish davri uchun tayyorlash topshiriqlari 5-ilovaga* muvofiq;
2009-yilda hududlar bo‘yicha budjet sohasi uchun ko‘mir yetkazib berish, O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasidagi birja savdolari orqali sotish, shuningdek aholi ehtiyojlari uchun ko‘mir ortib jo‘natish jadvallari 6* va 6a-ilovalariga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-6a-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun 7-ilovaga* muvofiq tarkibda Respublika komissiyasi tuzilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining kommunal xizmat ko‘rsatish masalalariga mutasaddi o‘rinbosarlari rahbarligida aynan shunday hududiy komissiyalar tuzsin.
* 7-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev) kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari, qozonxonalar, ko‘p kvartirali turar-joy binolari, maktabgacha tarbiya muassasalari, umumta’lim maktablari, o‘quv yurtlari, sog‘liqni saqlash muassasalari hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha joylardagi ishlarning ahvolini tanqidiy o‘rganib chiqsin va shu yilning 15-iyulidan kechikmay ushbu masala bo‘yicha komissiyaning maxsus majlisini o‘tkazsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek mas’ul vazirliklar va idoralarning rahbarlari zimmasiga iqtisodiyot tarmoqlarining 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlaydigan tadbirlar hamda ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev) respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarini 2009/2010-yillar kuz-qish davriga tayyorlash va ularning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha ushbu Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar va topshiriqlarni bajarish yuzasidan tashkiliy tadbirlar kompleksi belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlasin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.